O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
Download 20.65 Kb.
|
681-IV 07.01.2021
[OKOZ: 1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.08.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi / 01.08.03.00 Oliy Majlis Qonunchilik palatasi (quyi palata) / 01.08.03.04 Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi] [TSZ: 1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari] O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida bayon etilgan takliflar va xulosalardan kelib chiqadigan vazifalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi ta’kidlaydiki, Murojaatnoma jamiyatimizdagi barcha dolzarb masalalar va muammolarni qamrab olgan, shu bilan birga mamlakatni rivojlantirishga, jamiyatda barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladigan keng ko‘lamli vazifalarni ko‘zda tutuvchi yaxlit dasturiy hujjatga aylandi. Mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotida ustuvor ahamiyat kasb etuvchi Murojaatnomada butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham kuzatilgan o‘ta og‘ir pandemiya sharoitida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va sotsial hayotda amalga oshirilgan ishlar, O‘zbekistonning demokratik va iqtisodiy islohotlarni o‘tkazishdagi asosiy yutuqlari chuqur tahlil qilindi, bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotga ega demokratik davlat barpo etishning tamomila ochiq va shaffof fuqarolik jamiyati qurishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Unda bildirilgan chuqur tahliliy fikrlar, ilgari surilgan muhim tashabbus va g‘oyalar bugungi kunda o‘ta dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, yangi O‘zbekiston taraqqiyot bosqichining poydevori sifatida xalqimiz, jamoatchilik tomonidan keng e’tirof etilmoqda va qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda. Qayd etish lozimki, Murojaatnomada ko‘tarilgan g‘oya va tashabbuslar O‘zbekistonning milliy davlatchiligini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab beradi. Xususan, unda ijtimoiy-siyosiy jihatdan qayta qurish sohasidagi keng ko‘lamli va tub islohotlar ilgari surilgan hamda har tomonlama asoslab berilgan bo‘lib, ularni amalga oshirish jamiyat, davlat qurilishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasidagi asosiy maqsadlarimizga erishishga va pirovard natijada yurtimizning dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirishiga, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashishi muqarrar. Murojaatnomada ilgari surilgan aniq g‘oyalar, tashabbuslar, takliflar va belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar hamda ulardan kelib chiqib qabul qilinadigan Davlat dasturida ko‘zda tutiladigan vazifalarning ijrosi so‘zsiz ta’minlanishiga erishish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlar korpusi tomonidan ta’sirchan parlament nazoratini o‘rnatish va amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan barcha g‘oya, tashabbus va takliflarni har tomonlama muhokama qilib, demokratik islohotlarni chuqurlashtirishda va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning rolini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi: 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan barcha g‘oya, tashabbuslar va takliflar to‘liq qo‘llab-quvvatlansin hamda Qonunchilik palatasining kelgusi faoliyati uchun asos sifatida qabul qilinsin. 2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning fraksiyalariga: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarni atroflicha muhokama qilish; Murojaatnomada ilgari surilgan taklif hamda tashabbuslar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni saylovchilarga atroflicha yetkazish, bu borada keng tushuntirish ishlarini tashkil etish tavsiya etilsin. 3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mitalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni har tomonlama ko‘rib chiqib, ularni amalga oshirishga doir barcha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqsin. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan hamkorlikda fraksiyalararo debatlar tashkil etishga alohida e’tibor qaratsin. 4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Devoni: bir hafta muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida bayon etilgan barcha g‘oya, taklif hamda tashabbuslarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha media-reja ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Qonunchilik palatasi Kengashi muhokamasiga kiritsin; besh kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mitalarning 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi bo‘yicha takliflarini umumlashtirsin; bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mitalarning takliflari asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2021-yilga mo‘ljallangan Ish rejasi loyihasini tayyorlasin hamda Qonunchilik palatasi Kengashiga tasdiqlash uchun kiritsin. 5. Ushbu Qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatilsin. 6. Ushbu Qaror tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisiga kiritilsin. 7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N. ISMOILOV Toshkent sh., 2021-yil 7-yanvar, 681-IV-son Download 20.65 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling