Mavzuning o‘rganilganlik darajasi. O‘zbek mumtoz poeziyasida teran mazmun va betakror badiiyat yuksak darajada uyg‘unlashgan nazmiy asarlari bilan munosib mavqega ega shoira Nodiraning ijodi XX asrning ko‘pgina adabiyotshunoslari va shoirlari diqqatini o‘ziga tortib keldi. Jumladan, Sadriddin Ayniy, X.Zunnun, M.Alaviya, To‘xtasin Jalolov, Vohid Zohidov, Lutfulla Olim, O‘tkir Rashidlarning shoira tarjimai holi, ijodiy merosiga oid dastlabki tadqiqotlari ma’lum bo‘lsa, Nodira hayoti, she’riyatining o‘ziga xosligi va badiiyati, devoni qo‘lyozmalari tom ma’noda Aziz Qayumov, Mahbuba Qodirova, Nusratullo Jumayevlar tomonidan keng ilmiy doiraga ma’lum qilingan.
Xususan, A.Qayumov tomonidan birinchi marta shoira ijodiy merosidan iborat saylanma nashr ettirilgan. M.Qodirovaning Mohlaroyimning Nodira, Komila va Maknuna taxalluslari bilan bitilgan o‘zbek va fors-tojik tilidagi she’rlaridan iborat devonlari qo‘lyozmalari, she’rlarining g‘oyaviy-badiiy jihatlari yuzasidan amalga oshirgan tadqiqot va nashrlari e’tiborli. N.Jumaxo‘ja birinchi bor Nodira asarlarini milliy istiqlol nuqtai nazaridan tahlil etgan.
Tadqiqotning maqsadi. Nodira ijodidagi tarixiy obrazlarning shoira poetik fikrini ifoda etishdagi o‘rni, ularning manbalari, mazmun-mohiyati, genetik kurtaklari, shoira ijodidagi o‘ziga xos jihatlari, mazkur obrazlar asosida yaratilgan asarlar badiiyatini tadqiq etish va ilmiy-nazariy umumlashmalar chiqarish kurs ishining bosh maqsadidir.
Tadqiqotning vazifalari:
- Nodira ijodidagi tarixiy obrazlar tizimini aniqlash va tahlil etish;
- tarixiy obrazlarning o‘zbek adabiyotidagi genetik kurtaklarini ko‘rsatib berish;
- ijodkor nazmiy asarlari tahlili asosida tarixiy va mifik obrazlar munosabatini tadqiq qilish;
- shoira ijodidagi tarixiy obrazlar tasvirlangan asarlarning mazmuni va poetik fikr uyg‘unligi, badiiy tasvir vositalarining ijodkor tafakkurini aks ettirishdagi o‘rni, ijodkor badiiy mahorati masalalarini tahlildan o‘tkazish;
- ilmiy tadqiqot natijalaridan nazariy umumlashmalar chiqarish.
Do'stlaringiz bilan baham: |