Kattaqo‘rg‘on suv ombori. O‘zbekistonda birinchi bo‘lib qurilgan suv ombori hisoblanadi. U Zarafshon vodiysining o‘rta qismida joylashgan Kattaqo‘rg‘on shahri yaqinidagi tabiiy botiqda barpo etilgan. Kattaqo‘rg‘on suv ombori Zarafshon vodiysidagi ekin maydonlarini suv bilan ta’minlaydi va Zarafshon daryosining rejimining tartibga soladi. Ko‘pincha uni O‘zbekiston dengizi deb ham atashadi.
Kattaqo‘rg‘on suv ombori 1940-1951 yillar davomida hashar yo‘li bilan qurilib foydalanishga topshirildi. Qurilishda Samarqand va Buxoro viloyatlaridan minglab mehnatkashlar ishtirok etganlar.
1941 yilda suv omborining uzunligi 4 km va balandligi 28 m bo‘lgan tuproq to‘g‘oni ko‘tarildi. 1961 yilda bu ob’ektni rekonstruksiya qilinishi natijasida to‘g‘onning balandligi 31,5 m ga etkazildi.
Kattaqo‘rg‘on suv ombori 1951 yilda to‘laravishda foydalanishga topshirilgandan keyin, uning suv xajmi yildan-yilga ko‘paytirilib borildi va 1954 yilda loyihada ko‘rsatilgan miqdorga etib 662 mln.m3 ga etkazildi. SHu bilan birga sel va toshqin suvlarini jamg‘arish hamda vegetatsiya davrida ekin maydonlarini o‘z vaqtida suv bilan ta’minlash maqsadida uzunligi 28 km, suv sarfi 43 m3/sek suv keltiruvchi kanal va uzunligi 15,2 km, suv sarfi 125 m3/sek suv chiqaruvchi kanal qurildi.
Keyinchalik Kattaqo‘rg‘on suv omborining hajmini ko‘paytirish maqsadida keng ko‘lamda rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Buning natijasida suv omborining umumiy suv sig‘imi 1 mlrd.m3, suv yuzasining maydoni 90 kv.km, uzunligi 22 km, kngligi 12 km, maksimal chuqurligi to‘g‘on yonida 31 m ga etadi. 1956 yilda suv keltiruvchi kanal rekonstruksiya qilinib, uning o‘zani kengaytirildi va beton yotqizildi, suv o‘tkazish qobilyati 100 m3/sek. ga etkazildi. Kanal yo‘nalishi to‘g‘irlanib, uning uzunligi 21,2 km bo‘ldi.
Kattaqo‘rg‘on suv ombori Samarqand va Buxoro viloyatlarida ekin maydonlarini kengaytirishga va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga katta yordam ko‘rsatib kelmoqda. Suv ombori 65 ming gektar yerni sug‘orib, 384 ming gektar yerni suv ta’minotini yaxshilaydi. Kattaqo‘rg‘on suv ombori Zarafshon suvi bilan to‘ldiriladi. Suv keltiruvchi kanal Qoradaryoda qurilgan Damxo‘ja gidrouzelidan suv oladi. Suv omborida baliqchilik yaxshi rivojlangan bo‘lib, yiliga o‘rta hisobda 240-250 s baliq ovlanadi. Suv ombori va uning tevarak-atroflari rekreatsion maqsadlarda ham keng foydalaniladi, dam olish zonalari barpo etilgan. Suvni taqsimlash uzoqda turib telemexonika boshqarish sistemasi yordamida amalga oshiriladi. Bu sistema suvini behuda sarf bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |