Quyimozor suv ombori. Mazkur suv ombori Zarafshon daryosining quyi qismida mavjud bo‘lgan tabiiy suvsiz botiqda barpo etilgan. Bu botiqda suv keltirish uchun dastlab uning atrofi dambalar bilan ko‘tarilgan, to‘g‘on qurilgan va undan keyin Zarafshon daryosidan kanal orqali suv keltirilgan. Natijada Quyimozor suv ombori hosil bo‘lgan. U Quyimozor va Kogon temir yo‘l stansiyalari oraligida joylashgan.
Quyimozor suv ombori 1957 yildan qurilib foydalanishga topshirilgan. Suv ombori botig‘ining litologik tarkibi qumtosh aralash yotqiziqlardan tashkil topgan. Uning qirg‘oqlari ko‘pchilik joylarda past va yotiq, faqat shimoliy-sharqiy qirg‘oqi baland va jarsimon. Dastlabki foydalanishga topshirilgan paytda suv omborining suv hajmi 280 mln.m3, suv sathining maydoni 16,2 kv.km ga teng bo‘lgan. Eng keng joyi 5 km, o‘rtacha chuqurligi 17 m, eng chuqur joyi 40 m bo‘lgan. 1968 yilda suv ombori rekonstruksiya qilinib, uning qirg‘oqlari yana 2 m dan yuqori ko‘tarilgan. Natijada uning suv hajmi 350 mln m3 ga, suv sathining maydoni 17,3 kv.km ga etgan.
SHunday qilib, Quyimozor suv ombori Zarafshon daryosi vodiysi etagidagi 25 ming gektar ekin maydonining suv ta’minotini yaxshilash va yangi yerlarni o‘zlashtirish imkonini byeradi. Quyimozor suv omboriga maxsus kanal orqali Zarafshon daryosidan suv olib kelinadi. SHu bilan birga Amu-Buxoro kanalidan sekundiga 40 m3 suv keltirib quyadigan irrigatsion tarmoq chiqarilgan. Quyimozorda jamg‘arilgan suv uzunligi 70 km keladigan va sekundiga 100 m3 ga qadar suv sarf qiladigan kanal orqali irrigatsiya shoxobchalariga tarqatiladi. Suv omborining suv sathi fasillarga qarab o‘zgarib turadi. Vegetatsiya davrining iyul-sentyabr oylari davomida jamg‘arilgan suvning asosiy qismi madaniy ekinlarni sug‘orishga sarflanadi. Quyimozor suv omboridan va uning sohillaridan rekreatsion maqsadlarda keng foydalaniladi (O‘zbek Sovet ensiklopediyasi, 1980).
Do'stlaringiz bilan baham: |