O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligi buxoro davlat universiteti umumiy psixologiya


Hozirgi zamon oilasining asosiy funksiyalari


Download 0.65 Mb.
bet41/54
Sana11.02.2023
Hajmi0.65 Mb.
#1190255
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   54
Bog'liq
maruza matni

Hozirgi zamon oilasining asosiy funksiyalari
Har bir oila ijtimoiy tizim struktura sifatida jamiyat oldida ma’lum bir funksiyalarni bajaradi. Oilaning ijtimoiy funktsiyalari haqida gapirganda, bir tomondan, jamiyatning oilaga ta’sirini, ikkinchi tomondan, umumiy ijtimoiy tizimda oilaning o‘rnini, oilaning hal qiladigan ijtimoiy (jamoatchilik) funksiyalarini hisobga olish lozim.Barcha oldingi jamiyatlarda oila quyidagi asosiy funksiyalarni bajargan: iqtisodiy, reproduktiv, tarbiyaviy, rekreativ, kommunikativ, regulyativ (boshqaruv). Bu haqida Sharq allomalari Abu Nasr Forobiy, Yusuf Xos Hojib, Ibn Sino, Amir Temur, Alisher Navoiy, Ahmad Donish va boshqalar o‘z asarlarida yozib qoldirganlar. Albatta, bu sanab o‘tilganlar hozirgi zamon oilasi asosiy funksiyalarining yagona klassifikasiyasini tashkil eta olmaydi. Chunki ayrim manbalarda: naslni davom ettirish, tarbiyaviy, xo‘jalik va o‘zaro yordam kabi funksiyalar hozirgi zamon oilasining muhim funksiyalari sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Sosiolog olimlar (U.M.Sverdlov, V.A.Ryasenkov, V.P.Klyuchnikov) inson naslini davom ettirish, bolalarni tarbiyalash va xo‘jalik funksiyalarini; S.D.Laptenok xo‘jalik-maishiy, aholi sonini qayta tiklash, tarbiyaviy va oila a’zolarining dam olishi — hordiq chiqarishini tashkil etishni; N.G.Yurkevich — ma’naviy muloqot, seksual, bolalarni dunyoga keltirish, tarbiya jarayonidagi hamkorlik, uy xo‘jaligini yuritish uchun zarur vositalar bilan ta’minlash, dam olishni tashkil qilish, o‘zaro moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni; A.G.Xarchev — aholi sonini qayta tiklash, ijtimoiylashuv, xo‘jalik, iste’mol va dam olishni tashkil qilish kabilarni farqlaydi. Mana, yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, qator oilashunos mutaxassislar tomonidan oilaning asosiy funksiyalari turlicha klassifikasiya qilinmoqda. Bu o‘rinda oila funksiyalarini shunchaki sanab o‘tish emas, balki ularni, bir tomondan, odamlarning moddiy, xo‘jalik-maishiy va ikkinchi tomondan, emosional va ijtimoiy-psixologik ehtiyojlarini qondiruvchi funksiyalarini farqlash muhim.
Shuni ham aytib o‘tish joizki, hozirgi zamon oilasida emosional va ijtimoiy-psixologik jarayonlarni qondirish funksiyasining ahamiyati ortib bormoqda. Hatto sof moddiy xarakterga ega bo‘lgan funksiyalarda ham hissiylik ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Hissiy, emotsional kontaktlarning ahamiyati shahar oilalarida kuchliroq sezilmoqda. Qishloq oilalari esa uy hayvonlari va tomorqa yorlarining borligi evaziga shahar oilalariga qaraganda jamiyatning ishlab chiqaruvchi bo‘g‘ini sifatida ishlab chiqarish funksiyasini ko‘proq, saqlab qolmoqda.
Insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida hozirgi zamon oilasining asosiy funksiyalari qatorida quyidagilarni sanab o‘tish mumkin: iqtisodiy, reproduktiv, tarbiyaviy, rekreativ, kommunikativ, regulyativ (boshqaruv), feliositologik kabilar.
Oilaning iqtisodiy funksiyasi uning asosiy funksiyalaridan biri hisoblanadi. Oila iqtisodi, byudjeti, daromadni rejali sarflash, kundalik harajatga, zarur buyumlarga pul ajratish, bir necha yildan so‘ng olinadigan narsalarga mablag‘ yig‘ish, tejab ro‘zg‘or yuritish er-xotinning katta tajriba, malakaga ega bo‘lishlariga bog‘liq. Shuningdek, oilada o‘sayotgan bola ham mana shu malaka va ko‘nikmalarga ega bo‘lib borishi zarurligini unutmagan holda bolaga iqtisodiy masalalarni hal etishni o‘rgata borish lozim.Oila o‘zining shu funksiyasi tufayli jamiyatga, davlatga katta iqtisodiy foyda keltiradi. Masalan, bola tarbiyasi, bolani iqtisodiy ta’minlash borasidayoq uning jamiyatga keltirgan foydasi katta miqdorni tashkil etadi. Agar davlat tomonidan davlat muassasalarida (bolalar uylarida) bir bolani 16-18 yil tarbiyalab, ishchi kuchi sifatida yotishtirish uchun (uni boqish, qiyintirish, o‘qitish, moddiy ta’minlash va sh.k.) har bir bolaga sarflanadigan mablag‘ va aynan shunday ishchi kuchini oilada tarbiyalash uchun beriladigan nafaqa pullari miqdorini solishtiradigan bo‘lsak, o‘rtadagi farq birinchilar foydasiga bir necha yuz ming so‘mni tashkil qiladi.
Tasavvur qilish osonroq bo‘lishi uchun aytish mumkinki, har bir bolani voyaga yotkazish uchun oila davlatga kamida bitta «Neksiya» avtomashinasi qiymati miqdorida iqtisodiy foyda keltiradi. Shuning uchun har tomonlama kamol topgan ma’naviy-ahloqiy yotuk, jismoniy-psixologik sog‘lom shaxsni etishtirishning ma’naviy-ahloqiy jihatlarini hech qanday iqtisodiy mezon bilan o‘lchab bo‘lmaydi.
Bu oila iqtisodiy funksiyasining atigi birgina shaxsni shakllantirishdagi foydasini ko‘rsatadi, xolos. Oilada xo‘jalik ishlarini yuritish, moddiy ne’matlar ishlab chiqarish, fermer xo‘jaligi, shaxsiy ishlab chiqarish kabilar uning jamiyat oldidagi iqtisodiy funksiyasi ahamiyatini bundanda oshiradi.
Oilaning muhim bo‘lgan funksiyalaridan yana biri bu uning reproduktiv (jamiyatning biologik uzluksizligini ta’minlash, bolalarni dunyoga keltirish) funksiyasidir. Bu funksiyaning asosiy mohiyati inson naslini davom ettirishdan iborat. Oila faqatgina yangi avlodni dunyoga keltiribgina qolmasdan, ularni insoniyat paydo bo‘lgan davrdan boshlab yashab kelayotgan ilmiy va madaniy yutuqlar bilan tanishtirish, ularning salomatligini saqlab turishdan ham iboratdir. Tabiatan berilgan avlod qoldirish instinkti odamda farzand ko‘rishga, ularni o‘stirishga va tarbiyalashga bo‘lgan ehtiyojga aylanadi. Bu ehtiyojlarni qondirmasdan turib, kishi odatda o‘zini baxtiyor his qila olmaydi. Shuningdek, er-xotinda farzand tug‘ilishi bilan bog‘liq holda butunlay yangi hissiyotlar: ayolda — onalik, erkakda — otalik hissi paydo bo‘ladi. Farzand er-xotin munosabatlarini yanada mustahkamlovchi asosiy omil hamdir.
Oilaning jamiyat oldidagi reproduktiv funksiyasi va uning bajarilishi deyilganda aholi sonining qayta tiklanishi uchun har bir oilada nechtadan farzand bo‘lishi lozimligi nazarda tutiladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, agar har bir oilada bittadan farzand bo‘ladigan bo‘lsa, bunday nasl sakkizinchi avloddan keyin yo‘q bo‘lib ketishi mumkin ekan. Har bir oilada ikkitadan farzandning bo‘lishi ham aholi sonini saqlab turishni ta’minlay olmaydi. Demograflarning ta’kidlashlaricha, oila o‘zining reproduktiv funksiyasini bajarishi uchun har bir oilaga o‘rtacha 2-6 ta farzand to‘g‘ri kelishi kerak.
Albatta, faqat oilagina jamiyat oldidagi funksiyalarini bajarib qolmasdan, balki jamiyat ham oilalarga funksiyalarini muvaffaqiyatli bajarishi uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlarni yaratib berishi lozim. Bunga hukumatimiz tomonidan yuritilayotgan demografik siyosat, iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy tadbirlar yaqqol misol bo‘la oladi. Bunday siyosatning asosiy yo‘nalishlari onalik va bolalikni muhofaza qilish, ko‘p bolali va kam ta’minlangan oilalarning moddiy ahvolini yaxshilash, yosh onalarga, oilalarga imtiyozlar yaratish va shu kabilardan iborat.
Oilaning muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir funksiyasi tarbiyalash funksiyasidir. Bolalarning aqliy, jismoniy, axloqiy, estetik salohiyatiga oilada asos solinadi. Oila inson deb ataluvchi binoning faqat poydevorini qo‘yish bilan cheklanmasdan, balki uning so‘nggi g‘ishti qo‘yilgunicha javobgardir. Ota-ona — san’atkor, bola — san’at asari, tarbiya jarayoni esa san’atning o‘zidir. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng milliy qadriyatlarimizning tiklanishi va xalqimizning azaldan saqlab kelayotgan milliy urf-odatlari, an’analari (bola tarbiyasida ota-onadan tashqari, buvi-buva, qarindosh-urug‘, mahallaning ham ta’siri) bu borada katta ahamiyatga ega. Lekin ba’zan oilaning tarbiyaviy funksiyasining susayishi va targ‘ibot-tashviqot ishlarining kamligi natijasida oila a’zolari xulqida yomon odatlarning (ichish, chekish, narkomaniya, turli diniy oqimlar ta’siriga berilish, ma’naviy buzuqlik yo‘liga kirish) paydo bo‘lishi tashvishlanarli hollardan biridir. Jamiyatning komil fuqarosini shakllantirish, tarbiyalash hozirgi zamon oilasining mazkur funksiyasi darajasiga kiradi. Chunki shaxsning ijtimoiylashuvi dastavval oilada amalga oshadi. Oiladagi tarbiya orqali shaxsga ma’lum bir siyosiy-g‘oyaviy dunyoqarash, ahloqiy me’yorlar va xulqiy namunalar, jismoniy sifatlar singdiriladi. Halqimizda «qush uyasida ko‘rganini qiladi» deb bejiz aytilmagan. Oilada amalga oshadigan ijtimoiylashuv jarayoni natijasida shaxs ijtimoiy me’yorlar va qadriyatlarni o‘zlashtiradi, ijtimoiy hayotga kirib boradi. 
Oilaning kommunikativ funksiyasi oila a’zolarining o‘zaro muloqot va o‘zaro tushunishga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi. Psixologik tadqiqotlarda ta’kidlanishicha, turli ijtimoiy orientatsiyalar, ustanovkalar, hissiy madaniyat, odamning ahloqiy, ma’naviy va psixologik salomatligi — oiladagi o‘zaro, ichki muloqot xarakteri, katta a’zolarning muloqotda psixologik ustanovkalarni namoyon qilishlari, oiladagi ahloqiy-psixologik iqlimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqdir.
Insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida fan-texnika taraqqiyotining yuksalib, odamlar kundalik hayoti urbanizatsiyalashuvining (radio, televidenie, video, kompyuter va boshqalar) ortib borishi tufayli oilalarning tobora nuklearlashib borishi, oila kommunikativ funksiyasining, shuningdek, oila a’zolarining bir-birlari bilan «odamlarcha» suhbatlashib olishining ahamiyati tobora kuchaymoqda. Bu o‘rinda o‘zbek oilasining o‘ziga xos xususiyati - ko‘p avlodlilik, ko‘p farzandlilik kabilar bunday oilalar a’zolari o‘rtasida o‘zaro muloqot to‘laroq amalga oshishiga asos bo‘ladi, ularning o‘zaro muloqotga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishda muhim rol o‘ynaydi. Biroq so‘nggi yillarda ba’zi oilalarda ota-onalar va bolalar o‘rtasida muloqotning kamligi, bir-biriga e’tiborning pasayishi, oila a’zolari o‘rtasida fikr erkinligining cheklanganligi (ayniqsa qishloq oilalarida) holatlari ham mavjud, hatto oiladagi o‘zaro munosabatlarning yomonlashuvi natijasida oila a’zolarining ayrimlarida stress (asabiy tanglik), suitsid (o‘z joniga qasd qilish) kabi noxush holatlarning kelib chiqishi ham kuzatilmoqda. Bunday noxushliklarning oldini olish uchun eng avvalo oila a’zolari o‘rtasida oshkora, yaqin, o‘zaro tushunarli, ishonchli muloqotning amalga oshirish maqsadida zarur shart-sharoitlarni yaratish, lozim bo‘lsa, bu borada yoshlarga tegishli bilimlarni berish, aholi uchun psixologik maslahatxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, treninglar tashkil etish, «Ishonch telefonlari», «Qalb markazlari» kabilarni tashkil etib, ular faoliyatini takomillashtirish lozim. 
Nikoh-oila munosabatlari yuzaga kelgan dastlabki ibtidoiy zamonlardan buyon uning uchun xarakterli bo‘lib kelgan xususiyatlardan, undagi shaxslararo munosabatlar talablaridan biri uni o‘z a’zolarining ahloqiy-psixologik himoyalanishini ta’minlash, shuningdek, bolalarga va mehnatga yaroqsiz, keksa qarindoshlarga moddiy va jismoniy yordam ko‘rsatish kabilardan iborat bo‘lib kelgan. Bu holat o‘z navbatida oilaning asosiy funksiyalaridan yana birini, uning rekreativ funksiyasini tashkil qiladi. Oilaning rekreativ funksiyasi — o‘zaro jismoniy, moddiy, ma’naviy va psixologik yordam ko‘rsatish, bir-birining salomatligini mustahkamlash, oila a’zolari dam olishini tashkil etish funksiyasidir. Bu funksiya keyingi yillarda yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Oila a’zolari salomatligini mustahkamlash, ularining dam olishlarini tashkil etish, oila a’zolarining bevosita mehnat, o‘qish va boshqa ijtimoiy faoliyatlaridan xoli holda bo‘sh vaqtlarni birgalikda o‘tkazishlarini qanday tashkil qilishlari, unda bularning o‘zaro munosabatlari xarakteri qanday ekanligi bugungi kun oilasi mustahkamligi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan omillardan hisoblanadi. Bo‘sh vaqt jamiyatning nihoyatda muhim ijtimoiy qadriyatlaridan biridir. Bu qadriyatdan odamlar turlicha foydalanadilar. Bo‘sh vaqtini muntazam ravishda qanday o‘tkazishiga qarab har bir odamning yotuklik darajasiga, ma’naviy dunyosiga baho berish mumkin. Bu borada erishilgan yutuqlarimizdan biri shuki, dam olish va sog‘lomlashtirish ishlariga davlat miqyosida ahamiyat berila boshlandi. Lekin ko‘pchilik turli sabablar bilan (ularning o‘zlari ko‘proq moddiy sababni ko‘rsatishadi) madaniy dam olishga e’tibor bermay qo‘yganligini ham aytib o‘tish lozim. Hozirgi vaqtda oilaviy dam olish, oilaviy turizm va qator oilaviy tadbirlar doirasi kengayib bormoqda.
Shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, hozirgi vaqtda oilaning rekreativ funksiyasini davlat va ijtimoiy tashkilotlar o‘z zimmasiga olmoqda. Odamlarning xavfsizligini ta’minlash, qariyalarga bepul tibbiy yordam ko‘rsatish (bizning milliy xususiyatlarimizga yot bo‘lsa-da, qariyalar uylarining ochilishi), odamlar dam olishlari va o‘z sog‘liqlarini tiklab olish imkoniyatlarini beradigan dam olish uylari, sanatoriylarning ochilishi kabilar shular jumlasidandir. Lekin shu bilan birga oilaning o‘z a’zolari ahloqiy-psixologik himoyalanganligini ta’minlashdagi roli tobora ortib bormoqda.Chunki odam faqat o‘z oilasidagina va faqat o‘z yaqinlari qurshovidagina o‘zini tom ma’noda xotirjam, erkin his qila olishi mumkin. Bu borada oilaning o‘rnini hech bir ijtimoiy muassasa bosa olmaydi.

Download 0.65 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   54




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling