Paxta tolasi tarkibidagi mumsimon moddalar miqdorini aniqlash
Reaktiv va asboblar: maydalangan paxta tolasi (3-5 g), 30 % li xlorid kislota, Sokslet apparati, etil yoki izopropil spirti, kolba, ajratgich voronka, xloroform, distillangan suv, stakanlar, ektraksion aparat, byuklar, analitik va texnik tarozilar, byukslar, quritish shkafi, 250 va 500 ml li kolbalar, termometr, suv hammomi.
Ishning borishi: Tola tarkibidagi mumsimon moddalarni aniqlash, ularning organik erituvchilarda turlicha erishiga asoslangan. 3- 5 g atrofida o’lchab olingan tola 250 ml li kolbada 30 % li xlorid kislota bilan ho’llanadi va Sokslet aparatida etil yoki izopropil spirtida 6 soat davomida ekstraksiya qilinadi. Kolbada 75-80 ml spirt qolguncha ortiqcha erituvchi haydaladi. Eritma 500 ml ajratgich voronkaga quyiladi, kolba bir oz spirtda chayilib, yana voronkaga quyiladi. Ajratgich voronkadagi eritma hajmi 100 ml dan oshmasligi kerak. Eritma ustiga 100 ml xloroform qo’shib voronkani chayqatib turib, uning ustiga 75 ml distillangan suv quyiladi. Bunda eritma ikki qismga ajraladi. Eritma chegarasining tepa qismi spirt+suv+ shakarsimon moddalar aralashmasi, pastki qismi xloroform+mumsimon moddalardan tashkil topgan. Eritmaning pastki tiniq qismi boshqa ajratgich voronkaga quyib olinadi, ustki qismiga 50 ml xloroform quyib tindiriladi. Eritmaning yana pastki qismi 2-voronka ustiga quyiladi. Ikkinchi voronkadagi eritma distillangan suv bilan bir necha marta yuviladi. Ortiqcha xloroform ekstraksion aparatda haydab olinadi. Xloroform+mumsimon moddalarning konsentrlangan eritmasidan byuksga solinib, suv hammomida qaynatish orqali xloroform haydaladi. Byuks quritish shkafida massasi o’zgarmay qolguncha 105ºC da quritiladi. Mumsimon moddalar miqdori (%) quyidagicha hisoblanadi: X = A·100/B
A – mutloq quruq mumsimon modda massasi, g;
B - mutloq quruq tola massasi, g.
Do'stlaringiz bilan baham: |