O'zbekiston respublikasi oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi mirzo ulug'bek nomidagi


II BOB Subyekt- obyekt muammosining ijtimoiy bilishda namoyon bo’lishi


Download 100.61 Kb.
bet6/8
Sana21.11.2023
Hajmi100.61 Kb.
#1792390
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
KURS ISHI NA\'MUNA 2

II BOB Subyekt- obyekt muammosining ijtimoiy bilishda namoyon bo’lishi
2.1 Bilishda obyekt va subyekt o’rnining turli talqinlari
XX asrda bu muammolar ustida M.M.Baxtin jiddiy mulohaza yuritgan. U bilish falsafasidagi vaziyatni o’zgartirish va mutlaqo yangicha yondashuv yaratishning bir qancha fundamental dasturlarini belgiladi. Uning eng samarali va ilhombaxsh g’oyasi yaxlit subyekt – biluvchi insonga nisbatan ishonchga asoslangan bilish haqidagi ta’limotni yaratishdir. Baxtin bizga ijtimoiy fanlarning falsafiy asoslari haqidagi mulohazalarni qoldirdi. «Bu erda mezon bilishning aniqligi emas, balki teranligidir. Bu erda bilish shaxsga qarab mo’ljal oladi. Bu kashfiyotlar, bilish va xabarlar sohasidir. Ijtimoiy fanlar predmeti – ifodali va so’zlovchi borliq»1.
An’anaviy gnoseologiya abstraksiyalari klassik tabiatshunoslik talablariga muvofiq subyektni butunlay e’tibordan soqit etish, «inson o’lchovi» ahamiyatsiz deb e’lon qilish yo’li bilan yaratilgan. Bu an’anada relyativizm bilan tenglashtiriluvchi psixologizm va tarixiylikni engishga «jarrohlik» usulida – bilish va uning natijalaridan insonni chiqarib tashlash yo’li bilan erishilgan. Hozirgi zamon gnoseologiyasi zamirida insonni mavhumlashtirish emas, balki insonga bilishning yaxlit subyekti sifatida ishonish yotishi lozim. Bu holda nafaqat bilishning nazariy modeli, balki umuman bilish gnoseologiya obyektiga aylanadi. Baxtin ta’biri bilan aytganda, bilish mas’uliyat bilan fikrlovchi ongning qilmishiga aylanadi va natija – haqiqat bilan uzviy manfaatdor tushunish sifatida namoyon bo’ladi. Bilimga nisbatan mavxum-nazariy yondashuvda muqarrar tarzda mavhumlashtirilgan yaxlit biluvchi inson hozirgi zamon gnoseologiyasida bilish imkoniyatining shartiga aylanadi. Bu bilish, subyekt va haqiqatni tushunishda antropologik an’ananing mohiyatini tashkil etadi, shu bois ijtimoiy fanlar metodologiyasida ham to’la ro’yobga chiqarilishi lozim.
Baxtin tarixan haqiqiy ongning yangi dunyosini yaratadi va unga yaxlit insonning axloqiy va estetik qadriyatlarga asoslangan yangicha munosabatlarini ham kiritadi. «Muallif va estetik faoliyat qahramoni» asarida u mavxum gnoseologik subyektni o’zaro bog’langan muallif va qahramon bilan almashtiradi, subyekt go’yo ikkiga – bilish ustida refleksiyani amalga oshiruvchi, u haqda «yozuvchi» va shu tariqa «muallif»ga aylanuvchiga va bilishning «qahramoni» sifatida uni yaratuvchiga ajratadi. «Nazariylik dunyosi»da ko’rinmaydigan ikki shaxsdan iborat yagona subyektning ichki strukturasi namoyon bo’ladi. U o’zini kognitiv munosabat qadriyatlar, xususan axloqiy va estetik qadriyatlar bilan boyigan holda namoyish etadi.
Bilish faoliyatining qadriyatlarga asoslangan shakllarini kiritib va ijtimoiy matnlarda odatdagi subyektni muallif va qahramon bilan almashtirishni taklif qilib, Baxtin ijtimoiy bilim uchun «subyekt – obyekt» gnoseologik qarshi-qarshilikdagi oppozitsiyasidagi subyektning ma’nosi va ahamiyatini sezilarli darajada o’zgartirdi. Shu bois u obyekt bilan teng munosabatlarga qo’yilgan subyektning o’zi ham qandaydir «moddiylik» kasb etuvchi va o’ziga xoslik – onglilik, ma’noni tushunish va qadriyatlar tizimini yo’qotuvchi «simmetriya» xavfini bartaraf etdi5.
Jamiyatning ijtimoiy-gumanitar bilish obyekti sifatidagi muhim xususiyati shundaki, uning mazmuni va tarkibiga ongli va faol bilish subyekti o’rganilayotgan ijtimoiy borliq va «inson dunyosi»ning muhim elementi sifatida kiradi. Demak, tadqiqotchi alohida borliq - inson ongining mazmuni, ma’nolar va mazmunlar sohasi bilan ish ko’radi, bu esa tabiiy fanlarda mavjud bo’lmagan maxsus metodologik usullarni talab qiladi. Ayni holda obyektni o’rganish doim subyektning harakatlarida muhim ahamiyat kasb etuvchi muayyan qadriyatlar, mo’ljallar va manfaatlar nuqtai nazaridan amalga oshiriladi. Bundan ijtimoiy-gumanitar bilishning nafaqat obyekti, balki subyektini ham ko’rsatish lozim, degan xulosa kelib chiqadi. Aslida, ijtimoiy bilish ijtimoiy jihatdan shakllangan va manfaatdor subyekt tomonidan amalga oshiriladi, u mazkur subyektning dunyoqarashi bilan belgilanadi.
Tabiatshunoslikda falsafiy, mafkuraviy va boshqa jaoayonlar ilmiy kashfiyotlarning mazmuniga emas, balki ulardan kelib chiquvchi nazariy falsafiy xulosalarga, shuningdek bilimlarning amalda qo’llanilishiga ta’sir ko’rsatsa, ijtimoiy fanlarda subyektning maqsadi – bilim olish, uning yordamida u yoki bu ijtimoiy munosabatlar va tuzilmalarni nafaqat tushuntirish, balki asoslash, mustahkamlash yoki qoralash, o’zgartirishdir. Bu erda bilimning mazmuni biluvchi subyekt ijtimoiy nuqtai nazarining tarkibiy qismi hisoblanadi, binobarin, ijtimoiy g’oyalar va nazariyalarning asl mazmunini tushunish uchun ularni nafaqat bilish obyekti, balki ijtimoiy guruhlarning haqiqiy manfaatlari bilan taqqoslash, ya’ni obyektni o’rganishning qo’shimcha mezoni – subyekt-subyekt munosabatlari (subyektlararo munosabatlar)ni ham kiritish lozim.
Tabiatshunoslikda bilishning o’ziga xos xususiyatlari, shuningdek nisbatan mustaqil va erkinligini avvalo shu bilan izohlash mumkinki, bu holda subyekt obyektni bevosita, u amalda qanday bo’lsa, shunday aks ettirishga qarab mo’ljal oladi. O’z-o’zidan ravshanki, bilish obyekti amaliy faoliyatning qaysi tarixiy va ijtimoiy muayyan shakllarida berilgan bo’lmasin, uning xossalari, munosabatlari, funksiyalari va boshqa ko’rsatkichlari muhim ahamiyat kasb etadi va subyektga bog’liq bo’lmaydi. Bunda ba’zan tadqiqot maqsadlaridan qat’iy nazar obyektiv natija beruvchi eksperimental faoliyat moddiy jarayoni muhim rol o’ynaydi. «Obyektga qarab mo’ljal olish» va eksperimentning pirovard natijalariga subyekt ancha kam ta’sir ko’rsatishi subyektning obyekt va u haqidagi bilim o’rtasidagi «vositachilik» xizmatidan ma’lum darajada voz kechish imkonini beradi. Bundan tashqari, muayyan tadqiqotchi ishining natijalari umumiy ahamiyat kasb etishi ham subyektdan uzoqlashishga imkoniyat yaratadi. Bu ma’lumki, natijalarni e’lon qilishning «shaxssiz» usulida, olingan barcha ma’lumotlar va xulosalarni tadqiqot metodlari va yo’nalishlariga bog’lamasdan bayon etish imkoniyatida o’z ifodasini topadi. Ko’rsatilgan omillarning barchasi tadqiqotchilarning obyektiv haqiqiy bilim olish, tadqiqot obyekti va natijalariga xolisona yondashish kasbiy-axloqiy mo’ljali bilan amalda u yoki bu tarzda mustahkamlanadi6.
Subyekt obyektga qadriyat sifatida yondashishi muqarrar bo’lgan ijtimoiy va gumanitar bilishda boshqacha obyektiv vaziyat yuzaga kelishi nazarda tutiladi: obyektni nafaqat bilish, balki bir vaqtning o’zida va hatto birinchi navbatda unga baho berish amalga oshiriladi. Baho berishning kiritilishi obyekt «o’z holicha» subyektni qiziqtirmasligini anglatadi; u subyektni faqat maqsadga mos kelgan va subyektning ma’naviy yoki moddiy ehtiyojlarini qondirgan holda qiziqtiradi. Qadriyatni belgilash obyektni ayrim andozalar (ideal, etalon, me’yor) bilan taqqoslash va bu andozaga muvofiqlik darajasini aniqlash tarzida amalga oshiriladi. Andozalar u yoki bu madaniyatda shakllanadi, «estafeta» (an’ana) tarzida avloddan avlodga o’tadi, subyekt uni ta’lim jarayonida va kundalik hayotda aniqlaydi.
Shunday qilib, subyekt obyektga qadriyat sifatida yondashishdan boshqa maqsadni ko’zlaydi, tabiiy fanlarda odatda e’tibordan soqit etishga harakat qilinadigan omillar esa bu erda obyektiv zarur xususiyat kasb etadi. Subyekt-obyekt munosabatlarining bu tipida bilish ikkinchi o’ringa tushadi, biroq amalda uning natijalari baho berish uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Baho berish, maqsadlar va ideallarni tanlash amallarida subyektning xohish-irodasi, tanlash borasidagi faolligi, moyilliklari va mo’ljallari namoyon bo’ladiki, ular intuitiv, irratsional va boshqa omillarni ham o’z ichiga olishi mumkin. Natijada qadriyatlarga asoslangan munosabat bilishga qarama-qarshi, umuman obyektiv haqqoniy bilishga yot munosabat sifatida namoyon bo’ladi va tegishli ravishda bunday baholar ijtimoiy-gumanitar bilishga nisbatan tatbiq etiladi. Biroq subyekt-obyekt munosabati «neytral» va qadriyatlarga asoslangan tiplarining bunday farqlanishi mavhumlashtirgandagina mumkindir, haqiqiy bilish jarayonida esa munosabatlarning ikkala tipi ham uzviy bo’lib, nafaqat ijtimoiy-gumanitar bilishda, balki tabiiy-ilmiy bilishda ham muayyan darajada mavjuddir.
Ijtimoiy borliq obyektiv jarayonlar va qonuniyatlarni o’zida aks ettirgan darajada u tabiat dunyosi bilan o’xshash bo’lib, tabiiy fanlarning metodlariga yaqin ilmiy metodlar yordamida o’rganilishi mumkin. Binobarin, bilishning har qanday turida empirik va nazariy darajalarni va ularga mos metodlar va shakllarni farqlash mumkin bo’lib, ular, tabiiyki, ijtimoiy-gumanitar tadqiqotlarda foydalanishda ma’lum darajada moslashtirish (modifikatsiyalash)ni nazarda tutadi. Shu sababli quyida ijtimoiy-gumanitar bilishda umumiy ilmiy metodlarning amal qilish xususiyatlari to’g’risida emas, balki asosan bilishning shu tipiga xos bo’lgan metodlar to’g’risida so’z yuritamiz. Ulardan eng muhimlari matn bilan ishlash metodlari va usullari bo’lib, ularning ilmiy mazmunini maxsus falsafiy-metodologik tahlil bilan boyitish talab etiladi.
Shunday qilib, insoniylik ruhi bilan sug’orilgan matnlarning o’ziga xos xususiyatlari va muammolarining falsafiy-metodologik tahlili ijtimoiy-gumanitar bilimning muhim vazifasi – bilim ortida turuvchi subyektni nazariy rekonstruksiya qilish, bunday subyektni yaratgan madaniyatni ijtimoiy-tarixiy talqin qilishni echish yo’llari va usullarini aniqlash imkonini beradi.
Falsafiy metodologiya va adabiyotshunoslik metodologiyasining rivojlanishini tavsiflovchi tendensiyalarda muayyan o’xshashlik mavjud. Adabiyotshunoslikda bu – tor lingvistik yondashuvdan uni falsafiy-estetik, dunyoqarashga oid va madaniy-tarixiy omillar bilan to’ldirish sari harakatlanishdir. Bilish nazariyasida ham subyekt va mantiqiy-gnoseologik tahlilning o’ta mavhumligi muammosini echish, bilishning ijtimoiy-madaniy va umuman qadriyatlar bilan bog’liq asoslarini hisobga olish uchun tushunchalar apparatini yaratishga nisbatan muayyan intilish mavjud. Biroq bunda yuzaga keluvchi metodologik qiyinchiliklar ma’lum ma’noda qarama-qarshi xususiyat kasb etadiki, bu ayniqsa mavhumlashtirishlarning shakllanishi va ularning tanlanishida namoyon bo’ladi. Adabiyotshunoslik mavhumlashtirlar darajasini «oshirib yuborish»dan cho’chiydi, chunki falsafiy ta’riflarning universalligidan farqli o’laroq uning tushunchalari hodisalarning muayyan xususiyatlarini aks ettiradi. Bilish nazariyasi, o’z navbatida, bilishning o’ta mavhum mantiqiy darajasidan uzoqlashishi, biroq mavhumlik darajasi o’rinsiz pasayishidan ehtiyot bo’lishi lozim, chunki bu erda umumlashtirish, ya’ni gnoseologik yondashuv imkoniyatining butunlay yo’qolish xavfi yashirin holda namoyon bo’ladi. Shunday qilib, muammo mavhum va hissiy-muayyan narsalar, hodisalar va jarayonlar sintezining shakli, me’yori va chegarasini topishdan iboratdir7.
Tabiatshunoslik ideallariga ko’ra yaratiluvchi falsafiy matnlarda mavhumlashtirishlarni nafaqat formal-mantiqiy vositalar bilan, balki ijtimoiy-gumanitar fanlarda foydalaniluvchi har xil vositalar, chunonchi: majozlar, o’xshatishlar, takrorlar, ramzlar, mo’ljal-andozani qo’llash, matn tuzilishi, bayon etish uslubi yordamida emotsional kayfiyat yaratish orqali ham yaratish mumkinligi ko’pincha e’tibordan chetda qoladi. Bu va boshqa shunga o’xshash ijtimoiy vositalardan germenevtikada, fenomenologik, ekzistensial matnlarda keng foydalaniladi va ular bilish falsafasida o’zlashtirilishi lozim.
Dekart va Nyuton ta’sirida shakllangan gnoseologiyada vaqtdan va tarixdan tashqaridalik haqiqiylikning va relyativizmni engishning shartlari sifatida qabul qilingan. Bugungi kunda, I.Prigojin va I.Stengers fikriga ko’ra, o’ziga xos «konseptsal inqilob» yuz bermoqda – «fan o’zi uchun vaqtni yangidan kashf etmoqda». «Ikki madaniyat»ni qarama-qarshi qo’yish zamirida asosan klassik fanning vaqtni e’tibordan soqit etuvchi yondashuvi hamda ijtimoiy va gumanitar fanlarning vaqtga qarab mo’ljal oluvchi yondashuvi yotadi. Vaqtning roli va ma’nolariga nisbatan munosabatning o’zgarishi gnoseologiya oldiga ham makon va zamon tushunchalarini bilish haqidagi yangicha tasavvurlar majmuida kontekstida qayta o’zlashtirish vazifasini qo’yadi.
Tabiiy-ilmiy bilim ideallari, mezonlari va andozalarining ta’sirida vujudga kelgan odatdagi bilish nazariyasida vaqt amalda mavhumlashtirilgan. Uning zamirida yotuvchi dunyoning nyutoncha manzarasi kabi, o’tmish, hozir va kelajakdagi vaqtning istalgan lahzasi boshqa har qanday vaqt lahzasidan farq qilmagan. Shu bois, hissiy va mantiqiy bilish, subyekt va obyekt kategoriyalari, haqiqatning tabiati va boshqa muammolarni o’rganish bilish nazariyasida, odatda, vaqtni hisobga olmasdan amalga oshirilgan. Bu vaqtning barcha belgilari, xossalari mavhumlashtirilishini anglatgan. Bilishning vaqtda o’zgarishi – tarixiylik bilish nazariyasidan tashqarida, asosan fan tarixi, falsafa tarixida yoki antropologiyaga oid tadqiqotlar doirasida o’rganilgan.
Bu erda yana ijtimoiy-gumanitar bilishda makon va zamonni mutlaqo yangicha g’oya sifatida ilgari surgan Baxtin tajribasiga murojaat etish mumkin. I.Kant, A.Bergson va germenevtika vakilarining vaqt haqidagi g’oyalarini bilgan holda, Baxtin makon va zamon kategoriyalarining o’z talqinini izlaydi va topadiki, u bilishda temporallik va makonlilik tabiatining hozirgi talqininitopadi. Baxtin amaldagi ong va «fikrlanuvchi barcha makon va vaqt munosabatlari»ni yagona markaz – «arxitektonik yaxlitlik»ka birlashtiradi. Bu erda odatdagi gnoseologizmning bayrog’iga aylangan fizik ko’rsatkichlar va «subyekt-obyekt»ning qarama-qarshi qo’yilishi o’rniga qarshimizda inson va dunyoning o’zaro bog’liqligi haqidagi butunlay boshqacha tasavvurlar namoyon bo’ladi. Bu g’oyalar germenevtikaga yaqin bo’lib, uning tajribasi vaqt tabiatini bilish nazariyasida tavsiflash usullarini tushunish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bu erda vaqt har xil nuqtai nazardan: hayotning temporalligi sifatida, muallif (matn) va talqinchi o’rtasidagi muvaqqat masofaning roli sifatida, «tarixiy tafakkur» ko’rsatkichi, biografik metod elementi, an’ana va yangilanuvchi ma’nolar, andozalarning unsuri sifatida anglab etiladi. Baxtin «vaqtdagi yaxlit qahramon»ga, «ichki inson» muammosiga murojaat etar ekan, hayotning temporalligi muammosini bevosita tahlil qiladi va «yashash – hayotning har bir lahzasida qadriyatlarga asoslanish demakdir», degan xulosaga keladi.
Baxtinning tarixiy poetikasi va xronotoplar badiiy ahamiyatining aniqlanishi kontekstida vaqt bilan, makon va zamon imkoniyatlari bilan subyektiv o’yin deb belgilangan hodisa e’tibordan chetda qolmasligi lozim. Badiiy, umuman ijtimoiy-gumanitar borliqqa xos bo’lgan bu hodisa – «san’atkorning qudratli xohish-irodasi» ta’sirida vaqt yoki xronotopning o’zgarishidir. Fan va sog’lom fikr rag’batlantirmaydigan bu tajribani gnoseolog qanday baholashi va tushunishi lozim? Sirtda aniq ko’rinib turgan to’g’ri ma’no zamirida nima yashirin? Axir vaqt bilan o’yin – bu faqat badiiy asar yoki xalq og’zaki ijodi namunasi uchun ahamiyatli bo’lgan badiiy usul-ku? «Subyektiv o’yin»ga Baxtin alohida e’tibor bergani va bunda aniqlangan vaqt shakllarining boyligi badiiy usul ortida muhimroq xossalar va munosabatlar yashirinib yotadi, deb taxmin qilishga majbur etadi. «Vaqt tuyg’usining bir xususiyati» - tarixiy inversiyaga Baxtin ayni shu nuqtai nazaridan yondashadi. Uning fikricha, bunda «amalda yuz berishi mumkin bo’lgan yoki faqat kelajakda yuz berishi lozim bo’lgan voqea o’tmishda yuz bergandek tasvirlanadi»8. Ideal, barkamollik, inson va jamiyatning uyg’un holati haqidagi tasavvurlarga «borliq to’nini kiydirish» uchun ehtimol tutilgan kelajak o’tmishga ko’chirilib, ular xuddi ilgari bo’lgandek fikrlanadi.
Baxtinning badiiy va ijtimoiy-gumanitar matnlardagi zamon va makon shakllari haqidagi matnlari ustida mulohazalar xronotop universal, fundamental kategoriyaga aylanishi mumkinligi haqidagi fikrlarga olib keladi. Xronotop bilim va bilish faoliyatining muayyan makon va vaqt ko’rsatkichlarini hanuzgacha to’la o’zlashtirmagan va hatto ularni chetlab o’tadigan epistemologiyaning mutlaqo yangi asoslaridan biriga aylanishi mumkin. Baxtin g’oyalari ijtimoiy-gumanitar fanlarning hozirgi epistemologiyasini yangilash va yanada takomillashtirish imkoniyatlariga nisbatan ishonch bilan qarash imkonini ham beradi. Uning shu subyekt sifatidagi borlig’ida ilmiy bilim, hatto inson, uning hayot faoliyati haqida mukammal ilmiy bilimni olish mumkinligi faraz qilingan taqdirda ham, barcha holatlarni qamrab ololmaydi.
Inson bilimining noklassik talqini taklif qilingan bo’lib, u mavxum subyekt-obyekt munosabati bilan cheklanmaydi, biroq uni nafaqat kognitiv, balki qadriyatlar bilan bog’liq etik va estetik, shuningdek makon va vaqtga oid, xronotopik munosabatlar ham sintezlanuvchi fundamental yaxlitlikning bir qismi sifatida o’z ichiga oladi. Bilishning yangi arxitektonikasi markazida tarixan mavjud, faol harakat qiluvchi, mas’uliyat bilan fikr yurituvchi inson turadi. Nafaqat tabiatshunoslik ideallarini, balki dunyoning badiiy talqini va madaniyat haqidagi fanlarning boy tajribasini ham o’z ichiga olgan XXI asr falsafasi ayni shu zaminda qurilishi lozim. Insonni tashqi dunyodagi narsalar uning faoliyatining obyektlari holida emas, subyekt tomonidan foydalanilayotganligi va o’zgartirilayotganligi uchun qiziqtiradi. Bu qoida inson faoliyatining natijasi, mahsuli bo’lgan narsalar uchungina to’g’ri bo’lib qolmasdan, balki inson ishtirokisiz, tabiiy yo’l bilan paydo bo’lgan narsalarga tegishlidir. Bugungi kunda bilimni tahlil qilishning asosiy tamoyili individual subyektning unga qarshi turgan obyektga munosabatini o’rganish sifatida emas, balki ijtimoiy, subyektlararo bilish faoliyati tizimi mavjudligi va uning taraqqiyotini tadqiq etish sifatida tushunishdir.



Download 100.61 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling