O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi o. Murtazayev, F. Axrorov
Download 1.77 Mb.
|
O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi o (1)
3.G’allachilikning iqtisodiy samaradorligini
oshirish imkoniyatlari O’zbekistonda sug’oriladigan g’alla maydonlarini kengaytirish uchun unumdorligi yuqori yer va suv resurslari chegaralangan. Lalmikor yerlarda g’allachilikni rivojlantirish barqaror samara bermaydi, ayniqsa, qurg’oqchilik yillari hosildorlik bozor iqtisodiyoti qonunlari va mexanizmlari talablariga mos kelmaydi. Respublika sharoitida g’allachilikning barqaror sosial-iqtisodiy samaradorligini oshirish uchun dastavval barcha turdagi g’alla ekinlari hosildorligini oshirishning real imkoniyatlaridan to’laroq foydalanish zarur. Bu borada ilg’or korxonalarda anchagina yutuqlar qo’lga kiritilgan. 2000-2002 yillarda Andijon viloyati bo’yicha sug’oriladigan maydonlarda o’rtacha hosildorlik 70-75 s.ni tashkil etgan, ilg’or shirkat va fermer xo’jaliklarida gektaridan 90 s. va undan ortiq bug’doy hosili olingan. Barqaror yuqori hosil olish kompleks texnologik ishlarni sifatli va qisqa muddatlarda bajarishni talab etadi. Kuzgi boshoqli g’alla sifatli haydalgan yerlarga optimal muddatlarda ekiladi. Ko’pchilik bug’doy navlarini sentyabrning oxiridan ikkinchi o’n kunligida ekish tavsiya etiladi. Ular ertaroq ekilganda qish tushguncha naychalash fazasiga o’tishi mumkin. Qish mavsumi nisbatan iliq kelgan yillari ular o’sishini davom ettiradi va boshoqlash fazasini tezlashtiradi. Odatda, respublikaning shimoliy mintaqalarida optimal ekish muddatlari erta, janubiy viloyatlarda kechroq bo’ladi. Bunda har bir viloyat, tuman uchun ayrim navlarning biologik xususiyatlarini hisobga olib optimal ekish muddatlariga aniqlik ham kiritilishi mumkin. Ko’plab o’tkazilgan tajribalar bir xo’jalikda bir necha serhosil navlarni ekish maqsadga muvofiqligini ko’rsatmoqda. Oldin biologik kuzgi navlar, keyin duvarak, baxorgi navlar ekiladi.Arpa bug’doydan keyin ekiladi, chunki arpa bug’doyga nisbatan tezroq rivojlanadi. Ekish muddati optimal muddatlarda o’tkazilishi mavjud texnika vositalaridan samarali foydalanishga sharoit yaratadi. Respublikamizda serhosil, kasalliklarga, zararkunandalarga, yotib qolishga, tabiatning boshqa noqulay omillariga chidamli, don sifati yuqori bug’doy va arpaning sug’oriladigan yerlarda ekishga mo’ljallangan intensiv tipdagi navlarini ekish tavsiya etiladi. Bunday navlar davlat reyestridan o’tkazilishidan oldin Davlat nav sinash tajriba stansiyalarida yoki uchastkalarida yagona uslub bo’yicha sinaladi, hamda oldindan ekib kelinayotgan navlardan hosildorlik va boshqa ko’rsatgichlari bo’yicha ustunlik qilsa, nav sinalgan tuproq-iqlim mintaqasida ekish uchun davlat reyestiridan o’tkaziladi. Xo’jaliklarda faqat Davlat reyestiridan o’tgan yoki istiqbolli navlar ekilishi lozim. 2000-2005 yillarda Davlat reyestiridan quyidagi yumshoq bug’doy navlari o’tgan va tumanlashtirilgan. Sangzor, Sherdor, Yonbosh, Marjon, Sangzor-4, Unumli bug’doy, Skifyanka, Yuna, Bezostaya-1, Spartanka, Intensiv, Sete-serros-66, qattiq bug’doy navlaridan- Aleksandrovka, Baxt va boshqalar, shuningdek, arpa navlaridan, Temur, Marokand, Bobur va boshqalar. Bu navlardan nav sinash uchastkalarida 40-50 sentnerdan 80-90 sentnergacha hosil olingan. Xo’jaliklarda har kanday nav uzoq yillar davomida ekilsa, urug’larning qimmatli xususiyatlari pasayib boradi. Shuning uchun har 3-4 yilda navlarni yangilash zarur. Bug’doydan yuqori hosil olishning real imkoniyatlaridan biri almashlab ekishdir. Kuzgi bug’doyni ikki yildan ortiq joylashtirish, dalada begona o’tlarning, kasalliklarning hamda zararkunandalarning ko’payishiga, tuproq unumdorligining, binobarin hosildorlikning pasayishga va don sifatining buzilishiga olib keladi. Ayniqsa kuzgi bug’doy urug’lik uchun ekilganda uni boshoqli don ekinlaridan keyin joylashtirishga yo’l qo’yib bo’lmaydi. Kuzgi bug’doy uchun beda va boshqa chorva ozuqa ekinlari, kartoshka, sabzavot va dukkakli don ekinlari samarali o’tmishdosh hisoblanadi. Ayni paytda shu ekinlar uchun kuzda ekilgan bug’doy ham o’z navbatida o’tmishdosh ekindir. Uzoq muddatlarda bug’doy-g’uza almashlab ekishining joriy etilishi tuproq unumdorligini pasayishiga olib keladi, natijada me’yordan ortiqcha mineral o’g’itlardan foydalanishga zaruriyat tug’iladi, yerning ekologik holatlari yomonlashadi va hokazo. Kuzgi bug’doy hosilini oshirish ilg’or sug’orish rejimidan foydalanishga bevosita bog’lik. Tuproqda nam to’plash maqsadida o’tkaziladigan sug’orishni yerni haydashdan oldin amalga oshirish yuqori samara beradi. Bunday dalalarda ekilgan urug’lar qisqa vaqtda bir tekis unib chiqadi, o’simlikning yer ustki qismi hamda ildiz qismi mustaxkam rivojlanadi va natijada hosildorlikning oshishiga olib keladi. Amaliyotda tuproqda nam to’plash uchun sug’orishni urug’ ekilgandan keyin o’tkaziladi. Bunday dalalarda, odatda tuproq yoriladi, ildizlar uziladi, o’simlikning rivojlanishi susayadi, natijada hosildorlik pasayadi, o’simlikning suvga bo’lgan talabi, uning hayotining dastlabki kunlaridanoq paydo bo’ladi. Suvga bo’lgan eng ko’p talab naychalash, boshoqlash fazalariga to’g’ri keladi. O’simlikning suvga talabini barqaror ta’minlash uchun tuproqning namlik sig’imi 70-80 % dan kam bo’lmasligi kerak. Bunig uchun, ya’ni tuproqda nam to’plash uchun sug’orish gektariga 1200 m3, o’sish davrida 700-750 m3 hajmida 3-4 marta sug’orishni o’tkazish tavsiya etiladi. Sut pishishining oxiri, mum pishish oldidan gektariga 250-300 m3 hajmida yugurtirib, yengil sug’orishni o’tkazishhosilni oshirishga qulay sharoit yaratadi. Ekish oldidan nam to’plash va o’simlikni o’sish davrida sug’orishning jo’yaklar orqali amalga oshirilishi, o’q ariqlar oralig’i 100 m dan oshmaganda, ham yuqori hosil olish imkoniyatini beradi. Kuzgi bug’doy 1 t. don hosil qilishi uchun o’rtacha 700 –10003 suv sarflaydi. Suv bilan ta’minlanish optimallashib borishi bilan 1t.don hosil bo’lishi uchun sarflangan suv miqdori ham kamayib boradi, natijada sug’oriladigan g’allachilik samaradorligi ko’tariladi. Yuqori hosil olish omillaridan yana biri uni qisqa muddatlarda yig’ib-terib olishdir.Masalan, kuzgi bug’doy pishib yetilgach 8-12 kunda o’rib-yanchib olinishi zarur. Agar uning muddati kechiktirilsa hosilning bir qismi nobud bo’ladi (dalalarda qolib ketadi). Ayrim xo’jaliklarda nobud bo’lgan hosil sifatli sug’orish va o’g’itlashdan olinadigan qo’shimcha hosildan ham ko’p bo’ladi va tarmoqning samaradorligini keskin pasaytiradi. Hosilni yig’ishtirishda kombaynlardan guruh usulida foydalanish samarali hisoblanadi. Ang’iz ekinlari tuprog’ini tayyorlash eng qulay muddatlarda o’tkaziladi, ularni ekish muddati qisqaradi va hosildorligi oshadi. Demak, yuqori hosil yaratish uchun barcha texnologik jarayonlar o’z vaqtida va sifatli o’tkazilishi zarur. Chunki, odatda samaradorlik hosilni yaratish, yig’ib olish bilan bevosita bog’liqdir. Ma’lumki, g’allachilik va uning mahsulotlarining iqtisodiy samaradorligi 1 s. mahsulotining to’liq tannarxi va uni sotish bahosi hamda rentabellik ko’rsatkichlari asosida baholanadi. Oddiy shaklda tahlil shuni ko’rsatadiki barcha turdagi 1 sentner g’allaning tannarxi qishloq xo’jalik korxonlarida, shu jumladan shirkatlarda va fermer xo’jaliklarida oxirgi yillarda oshib bormoqda. Bunday holat g’allachilikda ishlatiladigan asosiy va aylanma vositalarga ko’tara hamda chakana baholarning oshishi, nominal brutto mehnat xaqqi fondi, undan hisoblanadigan ajratmalar, soliqlar va to’lovlar hajmining ko’payishi hisobiga sodir bo’lmoqda. 1 s. g’alla tannarxi so’mning inflyasiya koeffisentining oshishi hamda jahon bozorida bahoning tashkil topish darajasini hisobga olib, barcha turdagi tovar g’alla mahsulotlariga davlat xarid baholari oshirilmoqda. 1 s. g’alla tannarxi va uning sotish bahosining o’sishi o’rtasida mutanosiblikning saqlanmasligi oqibatida tannarxga kiritilgan xarajatlarning rentabelligi ko’pchilik korxonalarda past darajada yoki ular zarar bilan ishlashmoqda. Korxonalarning moliyaviy ahvolini yaxshilash, shu jumladan ularning aylanma fondlarini tashkil etish maqsadida, fyuchers kontraktasiya shartnomasiga asosan davlat buyurtmasi buyicha sotiladigan mahsulot qiymatining 50 % hajmida avans beriladi. Ko’pchilik korxonalarda g’allachilikda mehnatni tashkil etish va unga haq to’lash oila pudrati asosida amalga oshiriladi, moddiy manfaatdorlik va javobgarlik tamoyillaridan foydalanish samaradorligi kuchaytiriladi. Ammo, g’allachilikda aniqlanadigan ko’pchilik samaradorlik ko’rsatkichlari bozor iqtisodiyoti qonunlari mexanizmlari va kategoriyalaridan oqilona foydalanish talablariga to’laroq javob bermaydi. Shuning uchun, mavjud real imkoniyatlardan oqilona foydalanishni tezlashtirish maqsadida bozor iqtisodiyoti sharoitidagi islohatlarni yanada chuqurlashtirish dolzarb vazifadir. Dastavval, tovar mahsulotlarining sotish baholarini erkin va shartnoma asosida tashkil topishiga, g’allakorlarni mehnat natijalariga qarab garantiyalangan xaq to’lanishiga erishish zarur. Tarmoqda mehnatga pul va natural shaklida xaq to’lashni joriy etish samarali hisoblanadi. Download 1.77 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling