Metamorfik jinslarning xossalari
Metamorfik jinslarning magmatik va cho‘kindi jinslardan asosiy farqi
ularning mineral tarkibida hamda strukturaviy va teksturaviy xususiyatlaridadir.
Metamorfik jinslar faqat yuqori harorat va bosim sharoitlarida barqaror
bo‘lgan minerallardan tarkib topgan bo‘ladi. Ularga magmatik jinslarning
ko‘pchilik minerallari: kvars, albit va boshqa plagioklazlar, kaliyli dala shpatlari
(mikroklin), slyudalar (muskovit va biotit), rogovaya obmanka, piroksen (avgit),
magnetit, gematit hamda cho‘kindi jinslarning xarakterli minerallari (kalsit) kiradi.
Bundan tashqari, metamorfik jinslarda faqat ulargagina xos bo‘lgan minerallar:
serpentin, granat, grafit va b. bo‘ladi.
Metamorfik jinslarning strukturasi. Umuman metamorfik jinslar uchun
slanetsli va kristalli struktura xarakterli. Slanetsli strukturada metamorfik jinslar
aniq ifodalangan varaqsimon ajralishga (slanetslar, gneyslar) ega. Kristalli
strukturada esa - kristalli tuzilishli (marmar, kvarsit va b.) bo‘lib, ayniqsa
donalarning varaqli, tangachali, ignasimon va tabletkasimon shakllari xarakterli,
ba’zi hollarda ular kristall-donalidir.
Metamorfik jinslarning teksturasi eng muhim aniqlovchi belgilari bo‘lib
sanaladi. Donalarning o‘zaro joylashuvi va turiga ko‘ra yaxlit, slanetsli,
linzasimon, gneysli, yo‘l-yo‘lli, tolali va tartibsiz teksturalar ajratiladi:
Alohidalik. Metamorfik jinslar magmatik jinslardan alohidalik shakllari
bo‘yicha farq qiladi. Ularda slanetslanishning rivojlanishi tufayli cho‘kindi
qatlamli jinslardagi alohidalikka o‘xshashlik saqlanib qoladi. Ularda klivaj, ya’ni
ko‘p qismi slanetslanishga parallel bo‘lgan mayda darzlanish alohidaligi keng
rivojlangan bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |