Ilmiy ijodda tavsif etish (xarakterlash) muhim ahamiyatga ega. Ma’lumki, har bir narsa yoki hodisa o‘zining tuzilish mazmun, ichki va tashqi faoliyati, bog‘lanishi, o‘zaro munosabatlariga ega. Ana shu tomonlarni tavsiflash uchun ham bilim kerak. Tadqiqotchi o‘z ob’yekti haqida bilimga ega bo‘lmasa, u izlanishi jarayonida boshi berk ko‘chaga kirib qolishi mumkin. Demak, tadqiqotchi o‘zining ob’yekti haqida ma’lum bir tasavvurga ega bo‘lgandagina uni tavsiflay oladi. Tavsiflashda biryoqlamalikdan uzoqlashish zarur. Narsa yoki hodisaga turli tomondan yondashib, u haqida batafsil bilimga ega bo‘lishini ta’minlash tavsif etishdir. Masalan: biror kishining faoliyatini tavsiflash uchun, uni qayerda, qanday oilada tug‘ilganligi, kasbi kori, bilim darajasi, oilaviy holati, tevarak atrofga bo‘lgan munosabati, jamiyatga bo‘lgan qarashlari, siyosiy munosabatlarda o‘zini tutishi, qiziquvchanligi va boshqa tomonlarini mukammal bilish kerak. Ushbu xislatlarning hisobga olinishi natijasida o‘sha kishiga nisbatan to‘laroq tavsif beriladi. Demak, tavsiflashda dialektik yondashish yaxshi natijalarni beradi. Dialektik yondashishda narsa va hodisalarning holatiga yaqindan kirib boriladi. Bunday qilish tavsiflash jarayonida xatolardan saqlab qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |