Modellashtirish deganda, ijod ob’yektining har xil shakllarini moddiy va fikriy jihatdan yaratish usuli tushuniladi. Ilmiy ijodda ko‘proq ushbu usuldan ham foydalaniladi. Modellashtirish usulida predmetning o‘rniga boshqa, ya’ni o‘sha predmetning modeli yaratiladi va o‘rganiladi. Hozirgi vaqtda iqtisodiyotda bozor munosabatlariga o‘tishning turli modellaridan foydalaniladi. Modellar yordamida butunlay yangicha model paydo bo‘lishi mumkin. Bunga misol bozor munosabatlariga o‘tishning “o‘zbek modeli” paydo bo‘lishidir. Aslida iqtisodiyotda Shvetsiya, Xitoy, Yaponiya, Amerika, Tayvan, Janubiy Koreya, Turkiya modellari mavjud.
Model so‘zi namuna, timsol ma’nolarini anglatadi. Model- elementlar tizimi bo‘lib, bu tizim tadqiq etiluvchi narsaning (asl nusxasining) muayyan tomonlarini, aloqa va bog‘lanishlarini qaytadan yaratilishidir. Gipsdan, kartondan, plastmassadan, taxtadan va boshqa materiallardan yasaladigan, aynan insonlarning, muzeylarda, o‘quv yurtlarida va boshqa joylardagi maketlari modellarning namunalaridir. Ushbu modellar turli sohalarni o‘rganish uchun keng foydalaniladi. Hozirgi zamon fani narsa va hodisalarning xususiyat va xossalarini qaytadan yaratish uchun ko‘proq belgi modellarga, ya’ni matematik yoki mantiq belgilarining maxsus tuzilmalariga e’tiborni qaratmoqda. Masalan: agar biron-bir iqtisodiy tashkilot-korxona, sanoat tarmog‘i uchun xarakterli bo‘lgan aloqalar, jarayonlarni ifodalaydigan tenglamalar tizimi tuzilsa, xuddi ana shu narsa ayni tuzilmaning belgi (matematik) modeli bo‘ladi. Modellashtirish uchun muayyan o‘xshashlik (analogiya) tadqiq qilinuvchi ob’yekt bilan uning modeli o‘rtasidagi muvofiqlik asos qilib olinadi. Bu holat modeldan haqiqiy izlanayotgan ob’yektga o‘tishga, unda model yordamida olingan natijalardan foydalanishga yordam beradi. Modelning asl nusxasi bilan yaratilgan nusxasi o‘rtasida tafovut bo‘lishi mumkin. Bu tafovut izlanuvchi tomonidan aniqlanishi talab etiladi. Ushbu uslub tadqiqotchining mehnatini yengillashtiradi. Ma’lumki, shunday narsa va hodisalar borki, ularning kattaligi, uzoqligi yoki kichik bo‘lganligi sababli unga bevosita yondashib bo‘lmaydi. Shu munosabat bilan modellashtirish usuliga murojaat qilinadi. Modellashtirish ob’yekt haqida hissiy tasavvurni paydo qiladi. Bu ayniqsa, mavhum narsa yoki hodisani tadqiq qilishda yanada muhimdir. Masalan: N. Borning atom modeli atomning ko‘pgina xususiyatlarini, jumladan beqarorligini yoki uzoqlasha olishini bilishga yordam beradi. Modellashtirish usuli narsa va hodisalarning tarixiy, ya’ni bilib olingan tomonlarini izohlabgina qolmaydi va faqat shuning uchungina yaratilmaydi. Modellashtirish narsa va hodisalarning ma’lum bo‘lmagan tomonlarini anglashga, bilishga ham chorlaydi. Bilish imkoni bo‘lmagan jarayonlarning ham xususiyatlarini ochishga yordam beradi. Modellashtirishda hozirgi zamon texnikaviy yutuqlari qo‘l kelmoqda. Ayniqsa, bunga elektron hisoblash, kompyuterlashtirish sohalari misol bo‘la oldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |