Ilmiy ijodda induksiya va deduksiya usullaridan ham foydalaniladi. Induksiya - juz’iylikdan umumiylikka qarab borish jarayonini o‘zida mujassamlashtirgan tushuncha. Induksiya ijod sohasida ham amal qiladi. Unda ob’yekt haqida xulosa chiqariladi. Induktiv xulosa chiqarishda bilimning xususiy muhokamalaridan umumiy qoidalariga qarab harakat qilinadi. To‘liq va noto‘liq induksiya mavjud bo‘lib, to‘liq induksiyada bir turkumdagi ob’yektlar haqida umuman shu turkumdagi ob’yektlarning hammasini qamrab olish asosida xulosa hosil qilinadi. Noto‘liq induksiyada esa ob’yektlarning ba’zilarini qarab chiqishga asoslanib xulosalar chiqariladi, ya’ni bunda ob’yektning asosiy belgilari, aloqa va munosabatlari tahlil qilinib xulosalar olinadi. To‘liq induksiya amaliyotda kamroq qo‘llanilsa, noto‘liq induksiya kengroq foydalaniladi. Ammo noto‘liq induksiyada to‘la ma’lumot olib bo‘lmaydi. Shu sababli ikkala jihatni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Ushbu usullarni fan tarixida ishlab chiqishda Arastu, F.Bekon, R.Dekart, Dj. S. Mill va boshqalarning o‘rni katta bo‘lgan.
Induksiya usuli hamma fanlarda qo‘llaniladi. Masalan: induktiv yo‘l bilan rus olimi D.I.Mendeleyev kimyoviy elementlarning davriy tizimi qonunini kashf etgan. Induksiya deduksiya bilan bog‘langan. Deduksiya umumiy xulosa chiqarish ma’nosini beradi, ya’ni xulosalar umumiylikdan juz’iylikka tomon boradi. Bu deduksiyaning asosiy tamoyilidir. Masalan: “hamma metallar elektr o‘tkazuvchilardir” degan xulosalar umumiy xulosalar bo‘lsa, temir o‘tkazuvchi, deyilganda u xususiydir. Deduksiyada isbot yoki asoslardan natija chiqarish tushuniladi. Bunda xulosa mantiqiy qonunlarga suyangan holda chiqarilganligi sababli u ishonchli bo‘ladi. Aniqroq aytilganda deduktiv xulosa hukmlar yig‘indisidan iboratdir. Ushbu uslub bilimning ma’lum sohasida dalilli ashyoni to‘plangandan so‘ng mazkur materialni (ashyoni) chuqurroq o‘rganish, uni tizimlashtirish, butun natijalarini jiddiy sur’atda xulosa qilib chiqarish va shu kabi vazifalarni bajarish maqsadida qo‘llaniladi. Endilikda deduktiv uslub turli shakllarda, asosan aksiomatik, gipoteza-deduktiv usullar shaklida qo‘llaniladi. Mavjud dalilli ashyodan deduktiv nazariyalar yaratiladi. Nazariya chiqarishda boshlang‘ich qoidalar majmui tanlab olinadi va ulardan fan qonun-qoidalaridan foydalanish yo‘li bilan qolgan butun bilim xulosa qilib chiqariladi. XX asrning boshlarigacha deduksiya yordami bilan matematika va mantiq nazariyalari tuzilgan bo‘lsa, hozirgi paytda fizika, biologiya, lingvistika, sotsiologiya, pedagogika, psixologiya, iqtisodiyot va boshqa fanlarning nazariyalari ham ishlab chiqilishi uchun qo‘llanilishiga harakat qilinmoqda.
Xususiy xulosalardan umumiy xulosalarga o‘tish abstraksiyasiz bo‘lmaydi. Umumiy qonunlardan foydalanish uchun esa abstraksiyadan aniq bo‘lgan holatga o‘tish lozim. Umumiy fikrdan, qonundan xususiy qonunlarni mantiqiy ravishda keltirib chiqarish, kashf etish, ijod qilish deduksiyaning asosiy vazifasidir. O‘z vaqtida buyuk alloma al- Xorazmiy har xil xususiy hollardan induksiya yo‘li bilan o‘zining “uch kvadratli” tenglamasini tuzgan. Induksiya va deduksiya o‘zaro bog‘lanish munosabatida bo‘lganda ijod ravnaq topadi. Hozirgi paytda induksiya va deduksiya usullari fan va texnikada, iqtisodiyotda keng qo‘llanilmoqda va turli nazariyalarni ishlab chiqishda qo‘l kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |