IV. Pedagogik jarayonga ijodkorlik nuqtai nazaridan yondoshish. Har bir o‘qituvchi – tarbiyachi eng avvalo o‘z pedagogik faoliyatiga tadqiqotchilik nuqtai nazarida ko‘rib, unga izlanuvchanlik asosida yondoshsa, tadqiqotchilik malakalariga ega bo‘lsa, shaxsiy tajribasini pedagogik tashxislar, tajribalar asosida yaratsa, mahoratga erisha oladi. Chunki, bunda o‘qituvchi ilg‘orlikdan ijodkorlikka o‘tadi va kunlik ish faoliyatini tahlil qiladi, yo‘l qo‘ygan nuqson va kamchiliklarini aniqlab, uni tuzatishni loyihalashtiradi. Bunda ijodkorlikning muhim omillari tafakkur va faoliyat, iroda va qobiliyat izlanish hosilasi sifatida pedagogik mahoratni tarbiyalashga ko‘maklashadi. O‘qituvchi ijodkor bo‘lgan taqdirdagina ta’lim-tarbiyaviy ishlarini tashkil etishning noan’anaviy yo‘lidan bora oladi.
Amaliy faoliyatning ijodkorlik darajasini o‘quvchilarni o‘qitish va tarbiyalashning mazmunan va mohiyatan yangi, samarali majmuasini yaratish tashkil etadi, u ishning samarasi hamda istiqbolini ta’minlaydi.
V. Ta’limning tarbiyaviy imkoniyatlaridan foydalana olish. Har bir fan o‘qituvchisi yosh avlodga fan asoslarini o‘rgatar ekan, u, avvalo, berilayotgan ma’lumotlar asosida o‘quvchilarda ilmiy dunyoqarash asoslarini shakllantiradi, ularning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini tarbiyalaydi, ularni mehnat va kasbga yo‘llab, ijtimoiy foydali faoliyatga tayyorlaydi. Shuning uchun ta’lim va tarbiya yaxlitligini ilmiy jihatdan tushunish, ta’lim va tarbiyaning imkoniyatlaridan o‘rinli va maqsadli foydalanish orqali mumkin. Bu qolaversa, har bir fan o‘qituvchisining oldidagi insoniy burchi va pedagogikaning umumiy qonunidir. Ta’limning tarbiyaviy imkoniyatidan foydalana olish, o‘z navbatida, o‘qituvchiga pedagogik g‘oyalarni hayot bilan, ishlab chiqarish va fan bilan, taraqqiyotning ijtimoiy munosabatlari bilan, ijtimoiy ongni ijtimoiy taraqqiyot qonuniyatlari bilan bog‘lash imkonini beradi. Fanning tarbiyaviy imkoniyatlari kengayib, ta’lim samaradorligi oshadi, shuning uchun pedagogik mahorat sari intilayotgan har bir o‘qituvchi buni chuqur his qilishi, teran anglay olishi va o‘z o‘quv fani doirasidagi bilimlar yordamida darsning tarbiyaviy maqsad, vazifa, yo‘l hamda vositalarini aniq belgilab, ulardan o‘rinli foydalanish ko‘nikmasini o‘zida shakllantirgan bo‘lmog‘i lozim. Bu pedagogik mahoratni takomillashtirishning muhim shartlaridan biridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |