O`zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta`lim vazirligi


TEMURIYLAR TARIXI DAVLAT MUZEYI


Download 1.01 Mb.
bet6/9
Sana07.01.2023
Hajmi1.01 Mb.
#1083350
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
Mustaqillik yillarida Ozbekistonda shakllangan muzeylar va ularning ahamiyati

TEMURIYLAR TARIXI DAVLAT MUZEYI
Ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy, madaniy, tarixiy merosni o’rganish orqali Al-Farg’oniy, Al-Beruniy, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Mirzo Ulug’bek, Alisher Navoiy, Amir Temur, Muhammad Rahimxon – Feruz, Najmiddin Kubro kabi allomalar qomusiy bilimga ega, yuksak insoniy fazilatli siymolar bo’lganligini anglaymiz.
Mamlakatimiz hayotida o’rta asr uyg’onish davri faoliyati, fan va madaniyatning yuksak cho’qqiga erishgan davri sifatida e’tirof etiladi. Jumladan, Amir Temur va uning ajdodlari hukmronlik qilgan davrda joylarda juda katta ma’naviy o’sish, yuksalish, madaniy taraqqiyot ko’zga tashlanadi. Shu davr tarixidan hikoya qiluvchi muzeyning tashkil etilishi esa u haqdagi tarixiy hujjatlar hamda asarlarda aks etgan hayot haqiqatlaridan atroflicha ma’lumot beradi, kelajak avlodga yangi va farovon hayot qurish ishlarida katta ahamiyat kasb etadi.
“Temuriylar tarixi” Davlat muzeyi Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, maorif va madaniyatning yuksak darajadagi taraqqiyotini haqqoniy aks ettirish va keng targ’ib qilish, chuqur insonparvarlik ruhi bilan sug’orilgan tarixiy yutuqlarimiz va an’analarimiz asosida va avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 1996 yil 14 martdagi 99-sonli qarori bilan juda qisqa vaqt ichida Toshkent shahridagi Amir Temur hiyobonining Shimoliy-g’arbiy chekkasida barpo etildi.
Muzey xalqimiz, vatandoshlarimiz vakillari va xorijiy davlatlardan kelgan mehmonlar ishtirokida 1996 yil 18 oktyabrda tantanali ravishda ochildi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov uning ochilish marosimida nutq so’zlab, jumladan shunday dedilar: “Kimki o’zbek nomini, o’zbek millatining kuch-qudratini, adolatparvarligini, cheksiz imkoniyatlarini, uning umumbashariyat rivojiga qo’shgan hissasini, shu asosda kelajakka ishonchini anglamoqchi bo’lsa, Amir Temur siymosini eslash kerak”.
Muzey qurilishiga Toshkent shahar hokimligi, O’zbekiston Fanlar akademiyasi, Toshkent shahar qurilish boshqarmasi, “Torsoik” qurilish firmasi va boshqa tashkilotlar katta hissa qo’shdilar. Binoni qaysi tarhga binoan qurish tanlash yo’li bilan hal qilindi. Natijada binoni M. Rasulov boshchiligidagi mualliflar guruhi A. Turdiev, A. qosimov, A. N. Marin, T. A. Niyozxo’jaevlar ish rejasi asosida Amir Temur davrining an’analariga mos tarzda bunyod etildi.
Aylana shaklda qurilgan binoning tashqi ko’rinishiga alohida e’tibor berilgan. Salobatli moviy gumbaz, ustunlari va har biri keng ma’noni tashuvchi arabcha yozuvlari (itoat, adolat, zarofat, ma’rifat, diyonat, oqibat, marhamat, qadriyat, sadoqat, muvaffaqiyat, matonat, muruvvat, shijoat mazmunidagi) unga o’zgacha husn bag’ishlaydi.
Uch qavatli binoning birinchi qavatida xazinaxonalar, kutubxona, majlislar zali, do’konchalar, chiptalar sotish, echinish, ma’muriyat, texnik vositalar uchun bir qator xonalar joylashgan.
Binoning ikkinchi qavatida esa ekspozitsiyalar uchun o’rin ajratilgan. Undagi eksponatlarda tariximizning asoslari, qadim zamonlarga borib taqalishi hikoya qilinadi. Bu qavat devoriga “Usta” birlashmasi naqqoshlari va “Sanoi nafisa” musavvirlari tomonidan ishlangan rangli tasvirda Amir Temur va uning vorislari hayotidan hikoya qiluvchi lavhalar berilgan. U erdagi ikki yuz o’rinli majlisxonada turli anjumanlar, o’quvchi yoshlar Bilan ilmiy uchrashuvlar o’tkaziladi, ekran orqali turli mavzularni yorituvchi ko’rsatuvlar namoyish etiladi.
Muzey binosining qoq markazida hamma yoqni yoritib turgan 2 tonnayu 70 kg.lik ulkan lyustra joylashtirilgan, uning tagida VII asrga mansub “Usmon qur’oni” mushafi qo’yilgan. To’g’rida, ya’ni devorda Amir Temur Saroy ayonlari bilan majlis o’tkazayotgani, xalq bilan suhbat qurayotgani hamda to’rtta fasl o’ziga xos tarzda tasvirlangan. Ikkinchi qavatda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning muzey uchun sovg’asi, ya’ni Amir Temur portretini ko’rishimiz mumkin. Bundan tashqari Eron Islom respublikasidan berilgan sovg’alar, Amir Temur yozishmalari, Temur davridagi cholg’u asboblari, Amir Temurning otda turgan holati gilamda tasvirlangan, bu qoraqalpog’iston Respublikasi hukumatidan sovg’a, Samarqand viloyati hokimiyatidan, Toshkentdagi Sultonova Sanobar ayadan, Hindistondan, Turkiyadan, Siyob tumani mahalla ahlidan taqdim etilgan sovg’alar ham eksponat sifatida namoyish etilgan. “Amir Temur jang oldidan” – muallifi B. Aitmurodov, “Hindistondagi jang” – muallifi A. Jo’raev tomonidan chizilgan rasmlar, AqSh va boshqa mamlakatlarda Chop etilgan Temuriylar tarixiga oid kitoblar ham bor.
Uchinchi qavat Islom Karimovning “Mustaqillik o’zbek xalqiga o’z yurtida qadr-qimmatini bo’y-bastini, o’z madaniyatini va an’analari, dinu e’tiqodini, tili va ma’naviyatini qayta tiklab olishga, milliy g’urur va milliy tafakkur, vatanga muhabbat tuyg’ularini kamol toptirishga zamin tug’diradi”, - degan so’zlari bilan boshlanadi.
Shoh Jahon buyrug’i bilan 1632-50 yillarda samarqandlik usta Muhammad Sharif, olik usta Ota Muhammad boshchiligida bunyod etilgan Mumtozmahal maqbarasi, Go’ri Amir, Ulug’bek rasadxonasi, Ahmad Yassaviy, Oqsaroy me’moriy yodgorliklari maketlari ham tartib bilan joylashtirilgan.
Amir Temur va temuriylarga oid qadimiy obidalar, tarixiy qo’lyozmalar, turli xil tasvirlar va boshqa-boshqa yodgorliklar muzeyga o’zgacha chiroy bag’ishlagan. Uchinchi qavatdagi ekspozitsiyalar Amir Temur va temuriylar tarixi bilan bog’liq eksponatlar (me’moriy obidalar, kulolchilik, misgarlik, zargarlik buyumlari, qo’lyozmalar) namoyishga qo’yilgan.
Istiqlol davrida qurilgan nodir yodgorliklardan bo’lgan muzey binosi hozirgi zamon me’morchiligining ham noyob namunalaridan hisoblanadi. Mutaxassislar, musavvir va muhandislar uning tasvirini Samarqanddagi Go’ri Amir maqbarasidan tasviriy nusxalar olish, milliy an’analarni uyg’unlashtirgan holda Temuriylar tarixini aks ettiruvchi sharqona usulda chizganlar.
Muzey binosining chor atrofini marmar va ganchdan o’ymakorlik Bilan gul solingan o’ttizdan ortiq naqshinkor ustunlar o’ragan, tepa qismi moviy gumbaz bilan yopilib, atrofiga qadimiy qal’a devorlarini eslatuvchi qabariq gullar solingan. Muzeyning uzoqdan ko’zga tashlanib turuvchi mahobatli binosi beixtiyor podshohlar boshidagi tojni eslatadi.
Muzey birinchi qavatining sahni va devorlari g’ozg’on marmari Bilan bezatilgan bo’lib, o’ng va chap tomonlardagi rangli marmar zinapoyalar esa o’ziga xos go’zalligi bilan maftun etadi. Ikkinchi qavatdagi aylana markaziy zal atrofii kornus shaklida yigirmadan ortiq ustun bilan o’ralgan, ustunlar keramik panellar, ba’zi joylari esa oq marmar bilan hozirgi zamonaviy usulda bezatilgan.
Markaziy zal tepa qismining doira shaklidagi shiftiga islimiy usulda gullar ishlangan, sakkiz qirrali son-sanoqsiz yulduzlarga O’zbekistonning oliy navli sof oltinidan jilo berilgan. Pastroqda aylana devorga naqshli yozuvlar bilan o’zbek, arab va ingliz tillarida sohibqironing “quvvat adolatda”, “Kuch birlikda” kabi hikmatli so’zlari bitilgan.
Muzeyga kiraverishda zal devorining qirq kvadrat metr maydoniga O’zbekistonning mohir musavvirlari tomonidan Amir Temur davrini ifodalovchi “Tug’ilish”, “Yuksalish”, “Meros” kabi uch qismdan iborat rasmlar ishlangan. “Tug’ilish” bo’limidagi rasmlarda buyuk insonning dunyoga kelishi, gullagan bog’, musiqa chalib alla aytayotgan ayollar aks ettirilgan.
Rasmning o’rta qismida hayot ramzi bo’lgan sarv daraxti va gumbaz ustida uzoqlarga ko’z tikkan lochin qushi, yuqoriroqda esa baxt qushi – Humo tasvirlangan. Rasmning yuqori qismida yulduzlar olami, undagi jadiy va mushtariy yulduzlarining bir-biriga to’g’ri kelgan payti muhrlangan.
Tasvirning ikkinchi bo’limida taxtda o’tirgan sohibqiron Amir Temur va uning ikki tomonidan kengashga yig’ilgan vaziru ulamo, amiru umarolar, sarkarda, beklar, elchilar kengashi tasvirlangan. Kengashning quyi tomonidagi tasvirda Temuriy hukmdorlar Sulton Muhammad, Mirzo Ulug’bek, Sulton Husayn Boyqaro va Zahiriddin Muhammad Boburlar suhbati ifoda etilgan. Amir Temur o’tirgan taxtning orqa fonida hukmdor o’zi bunyod etgan dunyoga mashhur obidalar, Bibixonim masjidi, Shohi-zinda masjidi, Oqsaroy va Xo’ja Ahmad Yassaviy majmuasi ko’zga tashlanib turadi.
Bundan anglanadiki, sohibqiron hukmronligi davrida hadis ilmi zukkolariga, tariqat va fiqh ilmi donishmandlariga, aziz-avliyolarga kata hurmat bilan qaralgan. Amir Temur o’z himoyasiga olgan shu ulug’ insonlarga atab maqbaralar va madrasalar qurdirgan. Ular yaratgan ma’naviy boyliklar, axloqiy o’gitlar, ilmiy-falsafiy qarashlari va ularning shaxsiy ibratli hayotlari sabog’ini kelajak avlodlarga etkazishga harakat qilingan.
Rasmning “Meros” deb ataluvchi bo’limida temuriylarning oxirgi sulolasi tasvirlangan. Undagi charxpalak vaqt – zamon ma’nosini anglatsa, katta Eman daraxti qudrat va donolik ramzidir. Rasadxona qurilishida Mirzo Ulug’bek davridagi fan va madaniyatning taraqqiyoti aks etadi.
Shoir Alisher Navoiy qiyofasida esa avlodlarga o’zining tabarruk asarlarini meros qilib qoldirgan buyuk mutafakkir timsoli namoyon bo’ladi. Musulmon olamining eng mashhur, muqaddas kitobi Xalifa Usmon qur’oni marmarlar ustida varaqlari ochilgan holda butun muzey zallariga fayz va ulug’vorlik baxsh etib turibdi.
Amir Temur va uning ajdodlari hayoti va faoliyatidan xabar beruvchi ulkan, hashamatli muzey nafaqat xalqimiz, millatimiz vakillarini, balki boshqa qardosh, horijiy mamlakatlar fuqarolarini ham o’ziga jalb qilib, ularda juda katta taassurot qoldirmoqda. Shahar markazining eng so’lim go’shasida joylashgan muzey imorati o’zining talqi viqori, muhtasham ko’rinishi, atroflaridagi favvoralar, yam-yashil manzaralar Bilan birgalikda shahrimiz chiroyiga chiroy qo’shib, kishilar ma’naviyatini yuksaltirish, iftixor va milliy g’urur tuyg’ularini shakllantirish ishida ham beqiyos vazifani amalga oshirmoqda. Zero, Amir Temur hayotining mazmuni, betakror faoliyatining asosiy ma’nosi – Vatan ozodligi, Vatanga muhabbat degan oliy qadriyatlardan iboratdir.

Download 1.01 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling