O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi zarmed universiteti sirtqi ta`lim fakulteti
I.1.Hayvonlar haqidagi ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlari
Download 135.57 Kb.
|
I.1.Hayvonlar haqidagi ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlari
Hayvonlar haqidagi ertaklarning badiiyati, obrazlar tizimi, kompozitsion qurilmasi o‘ziga xos uslubiyatga ega. Uning xarakterli belgilaridan biri sujetning hayvon bilan hayvon, hayvon bilan odam to‘qnashuvi asosiga qurilganligi bilan belgilanadi.Uning tarixiy ildizlari qadimiy dunyoqarash, mifik tushuncha ibtidoiy hayot an’analari, xususan, dualizm qatlamiga kirib boradi. Uning zamirida hayot haqiqati, yashash uchun kurash, qadimgi urug‘, qabilalararo ziddiyatli hodisalar yotadi. Boshqacha qilib aytganda, urug‘, qabila totemi sanalgan hayvon va qushlar o’rtasidagi to‘qnashuvlarni hikoya qiluvchi voqealar urug‘ yoki qabilalararo dushmanlikning aks sadolari hisoblanadi1. Bunday ertaklarda doimiy ziddiyat, ma’naviy to‘qnashuv jang tusini olgan. Bir qabilaning ikkinchi bir qabiladan o‘zini yuqori qo‘yish an’anasi, kamsitishi, o‘ta go‘l, laqmalikda ayblashi bilan bog‘liq muxolafat badiiy ko‘chim jarayonida shartli personajlar, hayvon bilan hayvon to‘qnashuviga aylangan. To‘qnashuv ramziy ma’no kasb etib, estetik funksiyani ado etadi. Ko‘rinadiki, kishi e’tiborini tortgan, an’anaga aylangan mazkur muxolafat ilk bor ijtimoiy-maishiy ma’no kasb etib, badiiylik doirasida rivoj topgan, hayvon bilan hayvon to‘qnashuviga aylangan. Hayvonlar haqidagi ertaklar nutq motivi asosiga qurilgan bo‘lib, voqealar osoyishta kechishi bilan farqlanib turadi. Uning badiiyligi, shakliy tuzilishi barqaror emas, turli xil formada tovlanib turadi. Motiv vaqt, zamon jarayonida o‘zgara boradi, Biroq, mohiyat saqlanadi. Shartli ifodalangan asosiy motivlar sinov xarakteriga ega bo‘lib, voqealarni aks ettirishi mezoni bo‘rttirish, xayoliy uydirmalarda hikoya qilishga asoslanadi. Bunday talqin raqib personajning o‘ta go‘l, vahshiy, qonxo‘rligini oydinlashtiradi. Motiv voqealari maishiy, ayni paytda mafkuraviy funksiyani ado etgan. Ertak kompozitsiyasining o‘ziga xos xususiyati konfliktlar xarakteri bilan belgilanadi. Konflikt tasodifan yuz beradi va ijtimoiy-siyosiy, sof maishiy ma’no kasb etadi. Uning yechimi yovuzlik va zo‘ravonlikni fosh etib, kulgi yaratish, ma’naviy xulosa chiqarish tabiati bilan farqlanadi. Ba’zan u o‘git, pand-nasihat chiqarishga yo‘naltirilgan. Hayvonlar haqidagi ertaklarni mavzuiga ko‘ra uch xil tipga bo‘lish mumkin. 1. Oziq topish uchun kurash; 2. Do‘stlik, o‘ch olish uchun kurash; 3. Yaxshi natija uchun musobaqa. Bu xil ertaklarda muxolafat asosan hayvon bilan hayvon hamda hayvon bilan odam o‘rtasida yuz beradi. Konfliktlar mazmuni ijtimoiy-maishiy ma’no kasb etadi. 1.Oziq topish uchun kurash mavzuidagi ertaklarda konflikt maishiy ma’no kasb etib, to‘qnashuv hayvon bilan hayvon o‘rtasida sodir bo‘ladi. Raqib personaj vahshiy hayvonlar (sher, bo‘ri, tulki) dan tashkil topib, voqealar yechimi uning laqmalik, go‘llik kabi sifatlarini qoralab fosh etadi, voqealar hajviy xarakteri bilan ajralib turadi. Yetakchi obrazlar o‘ta ayyor, raqib personajlar sodda, o‘ta go‘l, laqma sifatlarni tashiydi. 2.Do‘stlik, o‘ch olish uchun kurash tipidagi ertaklarda to‘qnashuv vahshiy hayvon bilan uy hayvonlari o‘rtasida sodir bo‘ladi. Asosiy konflikt ijtimoiy ma’no tashib, muxolafat zulm, zo‘rlikka qarshi chiqish, qonxo‘r, beshafqat vahshiydan o‘ch olish, do‘stlik, o‘zaro yordamni ulug‘lash, yovuzlikni qoralash kabi g‘oyalarni tashiydi. Konflikt tasodifan paydo bo‘lib, yechim favqulodda yuz beradi. Bu xil ertaklar adolat va haqiqat uchun kurash mezonlarini belgilaydi. 3.Yaxshi natija uchun musobaqa tipidagi ertaklarda hayvon bilan hayvon, odam bilan hayvon to‘qnashadi. Bu ziddiyatda odam yetakchi figura, u faol harakati bilan ajralib turadi. Binobarin. U asosiy va hal qiluvchi rolь o‘ynaydi. Qarama-qarshi tomonlar sujet yaratadi, qolaversa, motivlar tizimini o‘zaro bog‘lash vazifasini ado etadi. Bu xil ertaklar aqliy sinov motivlariga asoslanib, raqib personajning o‘ta laqma, kaltabinlik xususiyatini fosh etadi, mehnat va to‘g‘rilikni ulug‘laydi. Ertak konflikti maishiy ma’no kasb etib, g‘oyaviy mazmunni oydinlashtiradi, ta’limiy-didaktik funksiyani bajarishi bilan farqlanib turadi. Yetakchi personajlar ikki xil tipda namoyon bo‘ladi. Biri o‘ta sodda, qo‘rqoq, ikkinchisi o‘ta ayyor, dono va omilkor. Biri passiv, ikkinchisi faol harakati bilan ajralib turadi. Har ikki tipdagi personajlarning funksional jihatlari asosan o‘zi va o‘zgalarni himoya qilishdan kelib chiqadi. Biri ishtirok etganda konflikt yordamchi personaj faolligi, dono va tadbirkorligi bilan yechiladi. Ikkinchisi ertakda hal qiluvchi kuchga aylanadi. U faol, o‘ta dono, shum, tidbirkor sifatida harakat qiladi (“Ovchi bilan bo‘ri” ertagidan.). Kumulyativ ertaklar alohida guruhni tashkil etadi. Bu xil ertaklarning sujet tuzilishi xarakterli bo‘lib, bir xil harakat yoki bir xil voqea, hodisalarning bir necha bor takroridan tashkil topadi. Bunda faqat bosh personaj boradigan joy yoki to‘qnashadigan raqib nomi o‘zgaradi, xolos. Birinchi voqea ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi marta takror kelgan hodisalarning yuzaga kelishida belgilovchi vositaga aylanadi. Bu hodisa kumulyativ ertaklarning asosiy xususiyatini yoritadi. Shuning uchun ham bu xil ertaklarni takror kelgan hodisalari o‘zaro zanjirsimon ulangan sujetli voqealar asosiga qurilgan ertaklar deyiladi. Mazkur tipdagi ertaklar shakl, mazmun e’tibori bilan tabiat voqea va hodisalarning sababiyati haqidagi ibtidoiy tushunchalarni ta’kidlaydi. Konflikt ma’rifiy ahamiyati bilan ajralib turadi. Hayvonlar haqidagi ertaklar voqealarni o‘ziga xos aks ettirish mezoniga ega. Shunga ko‘ra tasvirlash xayoliy uydirmalarga asoslanadi. Bu xil ertaklarning obrazlari ko‘chma ma’no, aniqrog‘i, ramziy ma’no tashiydi, hayvon personajlar insoniy nutqda so‘zlab harakat qiladi, o‘ylaydi, munosabatda bo‘ladi. Bo‘rining o‘ta go‘l, laqmalik sifatlari, tulkining ayyor, makkorona harakatlari, echkining oqil, dono tadbirkorligi hayotiy sifatlar emas, balki ibtidoiy tushunchalarning badiiy ijod doirasida shakllangan ramziy belgilaridir. Binobarin, bu xil personajlar shartli obraz sifatida namoyon bo‘ladi. Shunga qaramasdan, ularda hayvonlarning hayotiy sifatlari, real voqealar bilan aloqadorligi saqlangan. «Ot bo‘riga qarabdi, uni iskamoqchi bo‘lganida bo‘ri ot tumshug‘idan tishlab olib turaveribdi. Ot shuncha urinsa hamki, bo‘ri qo‘yib yubormabdi. Bu munosabatda ko‘chma ma’no yo‘q. Mazkur voqea o‘z ma’nosida kelgan. Otning soddaligi, bo‘rining ayyorligi hayotiy belgi. Ertakdagi bunday hodisalar mazkur tip ertaklarni majoziy emas, hayvonlar haqidagi ertaklar deb nomlanishi uchun huquq beradi. Hayvonlar haqidagi ertaklarning o‘ziga xos belgilaridan yana biri voqea va hodisalarning hayvon bilan hayvon to‘qnashuvidan tashkil topishidir. O‘zaro to‘qnashuv sababi ovqat topish, do‘stlik, birlashishga harakat, o‘ch olish, yovuzlikka qarshi chiqish, olam haqidagi tushuncha, tasavvurlar zamirida kechadi. Ertaklarda tabiat, fasllar aniq ko‘rinsa hamki, epik zamon noaniq, voqea va hodisalar o‘tgan zamonda, bir vaqtning o‘zida sodir bo‘ladi. Zamon va makon xayoliy, u yoki bu hayvon hayoti, munosabatida, voqea va hodisalar davomiyligida kechadi.Ertaklarda lirik ohangni kasb etgan she’riy parchalar obraz ruhiyatini belgilab, voqelikka munosabatini oydinlashtiradi. Asosiy vazifasi e’tiborni tortish va estetik zavq berish vazifasini ado etadi. Hayvonlar haqidagi ertaklarning ta’sir kuchini oshirishda ertakchining roli alohida ahamiyat kasb etadi. Ertakchi voqea va hodisalarni o‘zi ko‘rganday, ko‘proq bolalar auditoriyasiga moslashtirgan holda yoritadi. O‘rni bilan u yoki bu hayvon harakati, yohud ovoz, tovushlariga taqlid qiladi. Bu narsa ko‘proq ertak boshlamasi, kulminatsiyasida yuz beradi. Demak, asosiy personajlari ramziy ma’no kasb etib, ma’rifiy, ta’limiy-didaktik g‘oya tashuvchi hikoyalar hayvonlar haqidagi ertaklar deb ataladi. Mazkur tip ertaklar o‘ziga xos xususiy belgilari bilan farqlanadilar. Bu belgilar birinchidan, ertaklarda hayvon personajlarning shartli qo‘llanishi, ramziy ma’no kasb etishida ko‘zga tashlanadi, ikkinchidan, ertak motivlarining real hayvonlar harakati bilan uyg‘un kelganligida namoyon bo‘ladi, uchinchidan esa motiv voqealarida tarixiy haqiqat, patriarxal-urug‘chilik tuzumi, shart-sharoitlari hamda urug‘lararo muxolafatning aks etishida namoyon bo‘ladi. Bu xil ertaklar fantastika asosiga qurilganligi bilan alohida ajralib turadi. Hayvonlar haqidagi ertaklarda naql va hatto, masal janriga yaqinlashib, majoziy ma’no kasb etgan mumtoz namunalari ham joy olgan. Ana shu tipdagi ertaklar ta’limiy ahamiyati hamda pand-nasihat, salbiy xususiyatni fosh etish kabi vazifalarni ado etishi bilan ajralib turadi. Bu xil ertaklar asosan ertak-naql, shaklida ifodalanib, voqea va hodisalar sababini inkor etish yoki ma’qullash, uni o‘rnak deb tasdiqlashga moslashtirilgan. Ertaklarning majoziy ma’no kasb etgan namunalari keyingi davr, ijodkor ta’siri ostida shakllangan bo‘lsa, uning naqlga aylangan namunalari esa ertakni bolalarga moslashtirish, obraz va ta’limiy-didaktik g‘oyalarni kuchaytirish zamirida tashkil topgan. Hayvonlar haqidagi ertaklarning majoziy ma’no kasb etgan, ayni paytda naql janriga yaqinlashgan tipi kabilar ham ertak qolipida shakllangan ko‘chma ma’noli, majoz asosiga qurilgan ertak-naqllardir. Ertaklarning bu xil tipi o‘git asosiga qurilgan. Yuqoridagi fikrlardan quyidagi xulosalarga kelish mumkin: 1.Hayvonlar haqidagi ertaklarning yaratilishida ibtidoiy insonlarning qadimgi totemistik qarashlari asos bo‘lgan. Ularda hayvonlar yetakchi personajlar bo‘lib, insonlar qiyofasida tasavvur etilgan va badiiy jonlantirilgan. Shunga ko‘ra ularning sujetida inson obrazi keyingi o‘rinda turadi, ko‘p hollarda voqelikka inson aralashmaydi. 2.Mazkur turdagi ertaklar o‘ziga xos xususiy belgilari bilan farqlanadilar. Bu belgilar birinchidan, ertaklarda hayvon personajlarning shartli qo‘llanishi, ramziy ma’no kasb etishida ko‘zga tashlanadi. Ikkinchidan, ertak motivlarining real hayvonlar faoliyati bilan uyg‘un kelganligida namoyon bo‘ladi. Uchinchidan esa motiv voqealarida tarixiy haqiqat, patriarxal-urug‘chilik tuzumi, shart-sharoitlari hamda urug‘lararo muholafatning aks etishida namoyon bo‘ladi. 3.Hayvonlar haqidagi ertaklarning mumtoz namunalari asosan ramziy ma’no kasb etib, qayta ishlangan, naqlga yaqinlashganlari esa majoziy ma’no anglatadi.Mazkur tipdagi ertaklar tom ma’nodagi masal va naqllardan tamoman farqlanadilar. Bu farq obrazlar tizimi, voqealarning maqsad-vazifalari, badiiyati, g‘oyaviy mazmuni, vazifasi va hikoya qilish uslubiyatida ko‘rinadi. Ertak bilan masal janrlari voqealarga munosabati va badiiy aks ettirish mezonlari bilan o‘zaro ajralib turadilar. Naql, masal janri majozga asoslanib, voqealarga sabab hodisalarni izohlaydi. Hayvonlar haqidagi ertaklar esa asosan ramziy ma’noga asoslanib, voqealarni xayoliy uydirmalar yordamida aks ettiradi. Hayvonlar haqidagi ertaklarning personajlari tizimida raqib obraz alohida o‘rin tutadi. Raqib personajlar ertaklar sujetida yetakchi yoki yordamchi qahramonlar harakati va maqsadiga zid, ya’ni qarama-qarshi munosabatda turib harakat qiluvchi, talqinida salbiy xususiyatlarni mujassamlashtirgan muxolif yoki raqib kuch qiyofasida namoyon bo‘ladi. Biroq bu muxoliflik mohiyat e’tiboriga ko‘ra ijtiomiy-siyosiy ma’noda emas, balki maishiy-estetik mazmunni ifodalovchi voqelik sifatida aks etadi. Binobarin, mazkur turdagi ertaklarda konfliktlar xarakteri aynan shu holat bilan izohlanadi. Raqib personajlarning u yoki bu darajadagi xatti-harakatlari sujet tizimida alohidalik kasb etadi. Ularning funksional harakatlarida ko‘zga tashlanuvchi eng asosiy jihatlar sujet dinamikasini ta’minlovchi ziddiyat va to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishi bilan tavsiflanadi. Ayni hodisa yetakchi yoki yordamchi personajlar xarakterini ochishda, talqiniga xos ijobiy sifatlarini rivojlantirish va to‘ldirishda bosh vosita bo‘lib xizmat qiladi. Demak, to‘qnashuv ikki tomon sifatlarini belgilaydi va umumlashtiradi. Raqib personajlar tarkibi bo‘ri, shoqol, o‘rni bilan tulki, ilon, qarg‘a kabi parranda-darrandalardan iborat bo‘lib, bo‘ri shu guruh vakillari orasida faol harakati va o‘ziga xos qator xarakterli xususiyatlari bilan ajralib turadi. Turkiy xalqlarda, jumladan, o‘zbek folklorshnosligida bo‘ri obrazi, uning tarixiy kelib chiqish asosi – genezisi, ayniqsa, qadimiy turkiylar madaniyati, diniy-e’tiqodiy qarashlari tizimida tutgan o‘rni va ahamiyati bir qator ilmiy monografik hamda ilmiy-tarixiy tadqiqotlar mazmunida keng, va atroflicha yoritilgan1. Bo‘ri hayvonlar haqidagi ertaklarda, asosan, salbiy xislatlar bilan ko‘zga tashlanuvchi obraz sifatida mashhurdir. Ilmiy adabiyotlardan, yirik folklorshunoslarning tadqiqotlaridan ma’lum bo‘lishicha, bo‘rining ertaklardagi muayyan shaklga kirgan badiiy obrazi o‘zining afsonalardagi o‘tmishdoshidan farqli o‘laroq hech bir asosda ijobiylik kasb etmaydi2. Bundan sehrli ertaklar mustasno, albatta3. Chunki sehrli ertaklarda bo‘rining totemistik e’tiqodlar bilan bog‘liq jihatlari muayyan darajada saqlanib qolgan, ya’ni afsonalarda asos solingan mifologik totem sifatidagi umrini sehrli ertaklar tarkibida davom ettirib, yashab kelmoqda. Biroq e’tirof etish kerakki, uning badiiy ko‘chim doirasiga tushgan dastlabki, arxaik shakli va mazmuni sehrli ertaklar talabi hamda tabiatiga moslashgan holda voqelikka aylangan. Hayvonlar haqidagi ertaklarda esa bo‘riga bo‘lgan mifologik e’tiqod izlari saqlangan. U salbiy personaj sifatida namoyon bo‘ladi. Ertaklarda «Bo‘ri, – deb yozadi M.I.Afzalov «O‘zbek xalq ertaklari haqida» nomli monografik tadqiqotida, – eng ochko‘z, mug‘ombir, ahmoq, go‘l sifatida tasvirlanadi»1. K.Imomov ham xuddi shunday fikr bildirib, «Bo‘ri obrazi talqinida ikki xil belgi aniq ko‘rinadi. Biri, bo‘ri-qonxo‘r, ikkinchisi esa bo‘ri-laqma. Laqmalik belgisi ijtimoiy hayotning chorvachilik bosqichida vujudga kelgan uydirma. U zarar keltirgan hayvonlardan qasd olish, mazax qilish niyatida to‘qilgan va u an’anaga aylangan»2, ekanligini ta’kidlab ko‘rsatadi. Ko‘rinadiki, hayvonlar haqidagi ertaklarda bo‘rining salbiy personaj sifatida konkretlashuvi jamiyatdagi ijtimoiy -iqtisodiy jarayonlar mahsuli tariqasida yuzaga kelgan. Binobarin, avval ta’kidlaganimizdek, chorvachilik munosabatlari iqtisodiy tarmoq sifatida qaror topgach, totem-yaratiq – bo‘riga nisbatan ishonch va e’tiqod kuchsizlangan hamda yo‘qola borgan. Natijada mifik hodisalarning poetik transformatsiyasi o‘z mohiyatini xiralashtirib, maishiy-estetik ma’no kasb etgan va ibtidoiy chorvachilik munosabatlaridan kelib chiqadigan real voqelik, hayvonlar haqidagi hikoyatlar, fantastik uydirmalar vositasida aks ettirila boshlangan. Demak, bo‘ri qiyofasida salbiy xususiyatlarning yuzaga kelish hamda shakllanish jarayoni, asosan, chorvachilik munosabatlarining qaror topishi va totemik e’tiqodlarga bo‘lgan ishonchning yo‘qola borishi bilan aloqadordir. Uning raqib personaj sifatidagi faoliyati esa dual miflar ideologiyasi ta’sirida shakllangan. Bundan tashqari, uning mazmunida urug‘, qavm yoki qabilalararo ziddiyat va raqobatning ilkin izlari aks etadi. Shuning uchun ham mazkur personajning ertaklardagi badiiy talqini hamma vaqt salbiy xislatlarda gavdalanadi. «Undagi bu xislatlar satirik prinsip talablari asosida bo‘rttirilib tasvirlanadi»1. Ertaklarda bo‘ri ishonuvchan, laqma, ayni paytda, ochko‘z va yirtqich sifat ta’riflanadi, «... laqmalik esa uni mazax qilish uchun qo‘llangan belgi»2. Shu boisdan ham u o‘zidan kuchsiz, ojiz va zaif hayvonlardan har doim mag‘lub bo‘ladi. Jumladan, echki bor kuchi bilan suzib, boplab adabini beradi3, tulki uni tavbasiga tayantirib, jazoga giriftor etadi4, laqmaligi tufayli hatto qo‘zi, xo‘roz kabi beozor jonivorlar ham aldaydi...5 Shunisi qiziqki, yuqorida qayd etilgan ta’kidlarni hududiy, etnik va madaniy jihatdan yaqin bo‘lmagan, ya’ni bir-biridan tamomila farqlanuvchi hamda turli xil til oilasiga kiruvchi xalqlar ertaklaridagi bo‘ri obraziga nisbatan ham bemalol qo‘llash mumkin6. Mazkur o‘rinda R.K.Cholokoshvilining fikr va xulosalari diqqatga sazovordir. U hayvonlar haqidagi gruzin xalq ertaklarida ishtirok etuvchi bo‘ri personajini mazmun jihatdan olib qaraydi va tahlil asosida quyidagi uch guruhga bo‘lib tasniflashtiradi: 1) bo‘ri ayyor tulkidan yengiladi; 2) uy hayvonlari bo‘rini hech narsasiz qoldiradi; 3) bo‘ri uy hayvonlarining bolalarini o‘g‘irlagani uchun jazoga giriftor bo‘ladi7. Ko‘rinadiki, tadqiqotchi tasniflashtirish jarayonida, dastavval, bo‘ri obrazining funksional harakatlarini e’tiborga oladi. Ikkinchidan, uning salbiy obraz sifatidagi strukturasi va semantikasini hayvonlar haqidagi ertaklarning o‘ziga xos ichki xususiyatlaridan kelib chiqqan holda belgilaydi. Tabiiyki, bu o‘z navbatida bo‘rining harakat va holatini, u yoki bu personaj bilan qarama-qarshi, zid munosabatini ertaklar sujeti, konfliktida tutgan o‘rniga ko‘ra guruhlashtirish imkonini beradi. Shu jihatdan olganda e’tirof etish kerakki, R.K.Cholokoshvilining masalaga yondashish uslubi ertakshunoslikda ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda aytish joizki, olima talqinida ilgari surilgan guruhlashtirish prinsipini turkiy xalqlar, xususan, o‘zbek ertaklarida qatnashuvchi bo‘ri obraziga nisbatan ham tadbiq etish mumkin. Chunki bo‘ri bilan bog‘liq ertaklarning ilmiy asoslangan talqini gruzin, o‘zbek, rus va boshqa qator xalqlar folklorshunosligida umumiy asosda o‘xshash, mushtaraklik kasb etadi. Biroq e’tirof etish joizki, obrazlar tabiatida milliy o‘ziga xos xususiyatlar mavjud bo‘lib, bu esa muayyan xalqning madaniy, maishiy va ijtimoiy turmushi bilan bog‘liq hodisa hisoblanadi. Yuqorida aytilgan fikrlardan kelib chiqqan holda hayvonlar haqidagi o‘zbek xalq ertaklarida ishtirok etuvchi raqib personaj – bo‘ri obrazining mazmuni va funksional xususiyatlarini quyidagicha ichki guruhlashtirish va tadqiq etish mumkin: 1. Bo‘ri ayyor tulkidan yengiladi: a) dastlabki holatda bo‘ri tulkidan manfaatdor bo‘ladi. Ayni paytda uning hiylasiga ishonib, tavbasiga tayangunga qadar kaltak yeydi1; b) tulki bo‘rini kart dumba bilan mehmon qilish bahonasida shudgordagi qopqonga duchor qiladi. Ayyor tulkining hiylasiga ishongan ochko‘z va laqma bo‘ri jazoga giriftor bo‘ladi2. Biroq ayni daqiqada tasodifan kelib qolgan tulki vaziyatga o‘z ta’sirini o‘tkazadi: aql bilan tadbir qo‘llab, uning o‘zini o‘limga mahkum etadi1. 2. Uy hayvonlari bo‘rini hech narsasiz qoldiradi: a) bo‘rilar qo‘y, echki, eshak, ho‘kiz va xo‘rozni ko‘rib xursand bo‘lganidan «Xudo bizga go‘sht yetkazdi», deb qo‘shiq boshladilar2; b) biroq echkining siyosatidan qo‘rqib sarosimaga tushdilar3; v) bo‘ri qo‘zi, xo‘roz va otni yemoqchi bo‘ldi, ammo ot tuyog‘idagi xatni o‘qiyman, deb tepki zarbidan til tortmay o‘ldi4. 3. Bo‘ri uy hayvonlarining bolalarini o‘g‘irlagani uchun jazoga giriftor bo‘ladi: a) bo‘ri echki bolalarini yeb qo‘yadi; b) echki bo‘ridan ayovsiz o‘ch oladi5. Shunday qilib, tasnif mazmunidan anglashiladiki, bo‘rining ertaklardagi harakat doirasi har uch holatda ham salbiy ma’noni izohlaydi. U o‘zidan jismoniy ojiz bo‘lgan raqiblari oldida hamma vaqt ahmoqona holatga tushib qoladi va albatta, mag‘lubiyatga uchraydi. Shuningdek, uning to‘qnashuv jarayonida, ayniqsa, vaziyat ichidagi harakatlari nisbatan sodda, ayni paytda hajviy fonda tasvirlanadi. Binobarin, to‘qnashuv jarayonida yuzaga kelgan vaziyat raqib personaj – bo‘rining o‘ta go‘l, axmoq va laqmaligini umumlashtirib, yaxlit bir belgi sifatida namoyon etadi. Mazkur o‘rinlarda epizodlar ziddiyat asosiga qurilgan bo‘lib, u turli xil shakllarda takrorlanib keladi. Takroriy epizodlar esa bo‘rining harakati va holatiga urg‘u beradi hamda asosiy maqsadni aniqlashtiradi. Masalaning yana bir tomoni shundaki, ziddiyat asosiga qurilgan epizodlar qarshi qo‘yilgan personajlar (tulki, echki, qo‘y, qo‘zi, xo‘roz, xachir, ot...) xususiyatini tipiklashtirish va sujet tarkibida tutgan o‘rnini belgilash vazifasini ham ado etadi. Jumladan, tasniflashtirishning birinchi guruhida e’tirof etilgan holatlar raqib personaj (bo‘ri)ning o‘ta go‘l, qo‘pol va qizg‘anchiqligini bo‘rttirib ko‘rsatgani holda yordamchi personaj (tulki)ning o‘ta ayyor va dono sifatini belgilab beradi. Mazkur holatda bo‘rining funksional harakati passiv ifodalanadi. Ikkinchi guruh tahlilida bo‘ri chorvaning ashaddiy dushmani, qo‘y-qo‘zilarning ofati sifatida namoyon bo‘ladi. Bunda bo‘rining funksional harakatlari uning xarakteri bilan bog‘liq holda ifodalanadi. Shu boisdan to‘qnashuv epizodlarida asosiy urg‘u uning ochko‘zlik, qonxo‘rlik va yirtqichlik xususiyatlariga qaratilgandir. Masalan, «Bo‘ri bilan qo‘zi»1 ertagida qo‘zi, xo‘roz, xachir va otga «Seni yeyman», deb tahdid solishi, «Buzoq, echki va qo‘zi»2 ertagida esa: «... ularni ko‘rib, o‘ziga uch kunlik ovqat deb mo‘ljallab xursand ...» bo‘lishi yoki Susambil yaylovlarida erkin o‘tlab yurgan jonivorlarga hujum qilishi3 kabi epizodik hodisalar ikkinchi guruhdagi raqib personaj talqiniga mos tushadi. Mantiqan yondashganda, bunday to‘qnashuvlarda bo‘ri chorva mollarini, albatta, yengadi, mag‘lub etadi. Biroq ertaklarda mazkur hodisalarning aksi yuz beradi. Yuzaga kelgan vaziyat bo‘rining salbiy xususiyatlarini ochib tashlaydi va kulgi mo‘ljaliga nishon qiladi. U yetakchi qahramon (echki, qo‘y, xo‘kiz...) yoki yordamchi personaj (ot, eshak, sichqon...) hiyla-nayrangi va uydirmasiga aldanadi, ular siyosatidan qo‘rquvga tushib, qochib ketadi. Chunki bunday vaziyatlarda hiyla ishlatish, ayyorlik bilan tadbir qo‘llash yetakchi yoki yordamchi personajlar maqsadiga mos tushadi va raqibini aldash, sarosimaga tushirish, ahmoq qilib jazolash uchun qo‘l keladi. Shu motiv bo‘ri obrazining uchinchi tipi bilan bog‘liq ertaklarda ham uchraydi. «Echkining o‘ch olishi»4 ertagida hikoya qilinishicha, Ona echkiga tahdid solib, maqsadiga erisholmagan keksa, ochko‘z bo‘ri hiyla-nayrang ishlatib uning bolalarini yeb ketadi. Buning uchun ona echki bo‘ridan ayovsiz o‘ch oladi: ochko‘z bo‘ri jon talvasasida ming bir azobga duchor bo‘ladi. Anglashiladiki, ertakda bo‘ri o‘zidan kuchsiz bo‘lgan hayvon – ona echki bilan to‘qnashuvda mag‘lubiyatga uchraydi. Bu o‘rinda bo‘rininng mag‘lub bo‘lishi ertak sujetida tasvirlanayotgan voqealar yechimini ta’minlashga qaratilgandir. Qolaversa, bu holat «Bo‘ri bilan echki» turkum ertaklarining o‘ziga xos xarakterli xususiyatlarini ham belgilaydi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bo‘ri obrazining uchinchi tipi o‘ziga xos talqiniy asosiga ko‘ra tasniflashtirishning birinchi va ikkinchi tipiga kiruvchi bo‘ri personajlaridan bir muncha farqlanadi. Bu farqlilik, asosan, uning funksional harakatlarida ayyorlik va laqmalik xususiyatlarining zid holatda kelishida ko‘rinadi. Jumladan, yuqorida keltirilgan ertakda ham xuddi shu hodisaga duch kelamiz. Dastlabki holatda bo‘ri echki bolalarini qo‘lga tushirish maqsadida ayyorlik bilan ish tutadi. Biroq ertakning ikkinchi qismida yuzaga kelgan vaziyat bo‘ri obrazining funksional harakatlariga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Bunda bo‘ri qiyofasida mujassamlashgan ochko‘zlik, ayyorlik va mug‘ombirlik belgilari endilikda soddalik, o‘ta go‘llik va laqmalik sifatlari bilan almashadi. Shuni e’tirof etish kerakki, bo‘ri talqinidagi soddalik, laqmalik belgilari «Bo‘ri bilan tulki» turkumiga oid ertaklarda bo‘lgani kabi odatiy, an’anaviy xarakterdagi takroriy epizodlar mubolag‘ali tasvirlar vositasida ifodalanadi. Bu o‘rinda mubolag‘ali tasvirning maqsad, vazifasi raqib personaj – bo‘ri qiyofasidagi salbiy xususiyatlarni yanada bo‘rttirib, aniqlashtirib ko‘rsatishga qaratilgandiр. Shuningdek, mubolag‘ali tasvir ertakda fantastik va realistik xarakterdagi uydirmalar bilan birgalikda fosh etish funksiyasini ham bajarab keladi. Bu holat, ayniqsa, qarshi qo‘yilgan personajlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Jumladan, «Bo‘ri bilan echki» ertagida ona echkining bo‘rini suzib qornini yorishi, bo‘ri qornidan ikki echkichaning tirik chiqishi yoki bo‘rining hamma yog‘i kuyib, jizg‘anak bo‘lishi, garimdori va tuz surtib dodlashi, nihoyat, chaqir tikanak ustiga yumalab, ming azob ichida jon berishi kabi epizodik (ko‘rinishlar) hodisalar fikrimizni to‘la-to‘kis asoslaydi. Ularda mubolag‘a bilan uydirmaning uyg‘un kelishi, birinchidan, voqea va hodisalar mantiqiga mos ma’noni umumlashtiradi. Ikkinchidan, obrazlar talqinidagi ramziy ma’noni oydinlashtiradi. Uchinchidan, salbiy obrazlar, xususan, raqib personajlar qiyofasidagi ochko‘zlik, ayyorlik va zo‘ravonlik soyasida qolgan laqmalik hamda ahmoqlik kabi illatlarni fosh etadi. Ma’lum bo‘ladiki, hayvonlar haqidagi o‘zbek xalq ertaklarida bo‘ri obrazi raqib personaj sifatida faoliyat ko‘rsatadi va u funksional harakatlariga ko‘ra uch xil tipda namoyon bo‘ladi. E’tirof etish kerakki, har uch holatda qayd etilgan xulosalar u yoki bu asosda mazkur turga oid ertaklarda qatnashuvchi boshqa qator raqib personajlar (bo‘ri, shoqol, o‘rni bilan tulki, ilon, qarg‘a)ning o‘ziga xos talqiniy jihatlarini to‘la-to‘kis tavsiflaydi. Bu esa o‘z navbatida hayvonlar haqidagi o‘zbek xalq ertaklarining spetsifik xususiyatlarini (obrazlar tarkibi va talqini nuqtai nazaridan) belgilaydi. Binobarin, raqib personajning funksional xususiyati sujet tarkibida to‘qnashuv va ziddiyatlarni keltirib chiqarishi bilan xarakterlanadi. To‘qnashuvlar mohiyati esa mantiqan sof maishiy va ijtimoiy-maishiy ma’nolarni ifodalaydi. Sujet tarkibidagi to‘qnashuv va uning yechimi, asosan, raqib personajning mag‘lubiyati bilan xotimalanadi. Ayni holat hayvonlar haqidagi ertaklarda ishtirok etuvchi raqib personajning mohiyatini belgilaydi. XULOSA O‘zbek xalq ertaklari qadimiyligi va o‘ziga xosligi jihatidan ma’naviy qadriyatlarimiz tizimida alohida o‘rin tutadi. Ularda ajdodlarimizning badiiy-estetik va tarbiyaviy qarashlari, tushunchasi o‘z ifodasini topgan, shuningdek, xalqimizning hayot haqidagi eng yaxshi, go‘zal orzu-umidlari aks etgan. Hayvonlar haqidagi ertaklar – xalq badiiy ijodi janrlaridan biri sifatida hayot haqiqati bilan bog‘liq bo‘lib, falsafiy-ta’limiy g‘oyalar hamda hayotiy muammolar asosiga qurilgan badiiy to‘qima va uydirmalardan xoli bo‘lmagan og‘zaki hikoyalar hisoblanadi. Janr xususiyatlariga ko‘ra hayvonlar haqidagi ertaklar o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Hayvonlar haqidagi ertaklar mustaqil tur sifatida kompozitsion tuzilishi, sujet tarkibi, til uslubi, badiiy vositalarning qo‘llanilishiga ko‘ra alohida ajralib turadi. Ertaklar tarkibida ishtirok etuvchi personajlar tizimini ilmiy asosda o‘rganish, tahlil qilish folklorshunoslikning dolzarb masalalaridan hisoblanadi. Hayvonlar haqidagi ertaklar personajlari tizimini tadqiq etishda asar tarkibini ilmiy asosda yaxlit o‘rganish va tahlil qilish maqsadga muvofiqdir. Tahlil jarayonida chiqarilgan ilmiy-nazariy fikrlar bayonidan quyidagicha umumiy xulosalarga kelish mumkin: 1. Hayvonlar haqidagi ertaklar o‘zbek xalq ertaklarining ichki turlaridan biri sifatida o‘ziga xos qator personajlar tizimiga ega. Ertaklarda hayvon – personajlar voqelik talabiga ko‘ra turli xil vazifalarni bajarib keladi. Ana shu asos hayvon-personajlarning funksional tarkibini xususiyat va talqiniy jihatlariga ko‘ra muayyan guruh atrofida birlashtirish hamda harakat doirasini belgilash imkonini beradi. 2. Hayvonlar haqidagi ertaklarning personajlari tarkibi funksional xususiyatlariga ko‘ra bir butun yaxlit tizimni tashkil etadi. Ular o‘z mazmuni va amal qilish tartibiga ega. Binobarin, personajlar tarkibi o‘z o‘rnida asosiy sujet chizig‘ining rivojlanishiga monand joylashgan bo‘lib, ularning ayrimlari sujet chizig‘ida hal qiluvchi o‘rinni egallasa, ayrimlari ertak voqealari davomida muhim burilish yasay olmaydi, biroq sujet rivojlanishiga u yoki bu darajada turtki beradi. 3. Shunga muvofiq personajlar tarkibi sujet, konflikt va uning yechimida tutgan o‘rni hamda funksiyasiga ko‘ra asosiy va asosiy bo‘lmagan guruhlarga bo‘linadi. Asosiy personajlar guruhi yetakchi va raqib obrazlardan tashkil topadi. Ayni aytda asosiy bo‘lmagan personajlar ham ikki xil guruhni – yordamchi va hukmdor yoki hokim obrazlarni tashkil etadi. 4. Personajlar talqini fantastik uydirmalarga asoslanib belgilanadi. Binobarin, fantastik uydirmalar personajlar mantiqiga xos asosiy xususiyatlarni badiiy tasvir vositalari orqali umumlashtiradi. Shuningdek, uydirma voqea-hodisalar mazmuniga jonlilik baxsh etadi, ayni paytda personajlarning xatti-harakatlarida fosh etuvchi kulgi yaratadi va tanqidiy vazifa bajaradi. 5. Voqea-hodisalar, xususan, personajlar talqinida ramziylik bilan birga majoziylik o‘zaro uyg‘unlashib keladi. Biroq ertaklar tarkibidagi personajlarning aksariyati ramziylikka daxldor bo‘lib, ijrochi tomonidan ko‘proq ishlanganlari esa majoziylik kasb eta borgan. Anglashiladiki, hayvon personajlarning majoziy ma’no kasb etgan namunalari mazkur tipdagi ertaklar tabiati bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan. Shunday qilib, xalq ertaklarining obrazlari tarkibini tasniflashtirish va talqiniy jihatlarini o‘rganish murakkab masala bo‘lib, u ertakshunoslikda ichki turlar xususiyatini belgilashda katta ahamiyatga egadir. 6. Kelajakdagi ulug‘vor vazifalarga nazar tashlar ekanmiz, ularni amalga oshirishda o‘z milliy xususiyatlarimizni hisobga olishimiz, milliy-ma’naviy me’rosimiz va qadriyatlarimizga tayanib ish yuritishimiz zarurligini anglaymiz. Folklorning barcha janrlari ustida, xususan, xalq ertaklarining shu paytgacha to‘la o‘rganilmagan jihatlariga qayta va yana qayta murojaat etishimiz ana shu zaruratdan kelib chiqmoqda. Shunga ko‘ra, yuqorida zikr etilgan ilmiy-amaliy talqinlar mohiyatini chuqur o‘rganish va ta’limga tadbiq etish maqsadga muvofiqdir. Bu esa kelajagi buyuk mamlakatning kelajagi buyuk yoshlarini milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalab voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi tayin. Download 135.57 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling