O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


Download 1.35 Mb.
bet24/130
Sana05.01.2022
Hajmi1.35 Mb.
#213513
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   130
Bog'liq
53511c77e324f

Jinoyat tushunchasidagi aybli harakat yoki harakatsizlik – ijtimoiy xavfli qilmishning qasd yoki ehtiyotsizlik orqasida sodir etilishini bildiradi.

Aybdorlik jinoyat belgisi bo‘lishi bilan birga jinoiy javobgar­likning asosiy belgilaridan biri ham hisoblanadi.

Quyidagi holatlardan kelib chiqib shaxsning aybdorligini yoki aybsizligini aniqlash mumkin:
1. Shaxsning o‘zi sodir qilayotgan qilmishining ijtimoiy xavf­liligi, uning darajasi va xususiyatini tushunishi;

2. Shaxsning sodir etayotgan qilmishi tufayli vujudga keladigan oqibatning ijtimoiy xavfliligini tushunishi;

3. Shaxsning o‘z harakatlarini boshqara olishi.
Shaxs o‘z qilmishining faktik tomonidan tashqari ijtimoiy ahamiyatini ham ongli ravishda anglay olishi kerak. Demak, aybning mavjudligi jinoiy xulq-atvor uchun javob­garlikka tortish uchun asos, aniqrog‘i, jinoyat subyekti aybdorligini aniqlashning muhim sharti hisoblanadi.

Aybdorlik – jinoiy javobgarlik yoshi sifatida jinoyat subyektining o‘zi sodir etgan qilmishiga munosabatini ifodalash bilan birga aybning belgilaridan biri hisoblanadi, ayb esa shaxsning o‘z qilmishiga bo‘lgan ruhiy munosabatini ifodalaydi.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib aytish kerakki, shaxs sodir qilgan jinoyatida aybning shakli qasd yoki ehtiyotsizlikning mavjudligi va faqat shaxsning aybli xulq-atvorigina jinoyat, deb hisoblanadi. Aybning ruhiy tushunchasi shaxs xulq-atvorining ma’lum bir turi sifatida uning muhim belgisi bo‘lib hisoblanadi.

Jinoyat kodeksining 14-moddasi, 1-qismida jinoyat tushun­chasiga berilgan ta’rifdan kelib chiqib aytish mumkinki, jinoyat qonunida ijtimoiy xavfli qilmish (harakat yoki harakatsizlik) sodir etishni taqiqlabgina qolmasdan, ular uchun jinoiy jazoni ham belgilab qo‘ygan. Bu esa, o‘z navbatida jinoyatning «jazoga sazovorlik» belgisini keltirib chiqaradi. Bu belgi jinoyat huquqining «javobgarlikning muqarrarligi prinsiрi»dan kelib chiqadi.

Jinoyatning jazoga sazovorlik belgisi – har qanday jinoyat uchun jazo tayinlanishining muqarrarligini bildiradi. Jazo esa sud hukmi bilan tayinlanadigan davlatning majburlov chorasidir. Jinoyat kodeksining 42-moddasida jazoga «Jazo jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan shaxsga nisbatan davlat nomidan sud hukmi bilan qo‘llanadigan va mahkumni qonunda nazarda tutilgan muayyan huquq va erkinliklardan mahrum qilish yoki ularni cheklashdan iborat majburlov chorasidir», deb ta’rif berilgan.

Lekin bu qoidadan «Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jazolar majburiy va barcha hollarda sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo qo‘llanishi kerak», degan xulosaga kelmaslik kerak. Chunki Jinoyat kodeksida jazo belgilangan aybli ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni jazodan ozod qilish ham nazarda tutilgan (Jinoyat kodeksining 69–76-moddalari).

Biroq, yuqoridagi holat, Jinoyat kodeksining 14-moddasi, 1-qis­mida ko‘rsatilgan normadan kelib chiqqan holda jinoyat tarkibi mavjud barcha ijtimoiy xavfli qilmishlar uchun jazo qo‘llanilishi kerakligini rad etmaydi. Shu bilan birga, jazoga sazovorlik – bu faqat jinoyatning oqibati emas, bunday oqibatga aniq jinoyat uchun qo‘llaniladigan davlatning majburlov chorasi sifatidagi jazo ham kiradi. Jazoga sazovorlik yuqoridagilardan tashqari, jinoyat huquqiy sanksiyadan iborat huquq normasini ifodalovchi keng ma’nodagi tushuncha hamdir.

Har bir huquq sohasi kabi jinoyat huquqida ham sanksiyalar mavjud bo‘lib, ular jinoyat huquqi normalarini buzganlik uchun jinoyat huquqiy ta’sir choralari ko‘rinishidagi jazolarni o‘zida aks ettiradi.

Aynan jinoiy jazo jinoyat sodir etishning oqibati sifatida javob­garlikning muqarrarligini keltirib chiqaradi va asosiy ogohlan­tiruvchi vosita hisoblanadi. Shuning uchun ham «jinoyat jazoni keltirib chiqaradi», degan qoida javobgarlik muqarraligining kafolati hisoblanadi.

Jazo qo‘llash tahdidini ifodalovchi sanksiyasi bo‘lmagan huquqiy norma jinoyat huquqiy taqiqni anglatmaydi.

Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi moddalarida nisbiy-muayyan va alternativ sanksiyalar nazarda tutilgan bo‘lib, ular sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, jinoyatni amalga oshirishda aybning darajasi va shu bilan birga boshqa holatlarni ham e’tiborga olib jazo tayinlash imkoniyatini beradi.

Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilish holatlari qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar uchun ham muayyan jazo turi yoki turlari ko‘zda tutilgan. Agar sodir etilgan qilmish uchun Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi normasida sanksiya, ya’ni muayyan jazo turi nazarda tutilmagan bo‘lsa, u jinoyat hisoblanmaydi. Masalan, Jinoyat kodeksining 223-moddasi, 3-qis­mida: «O‘zbekiston Res­pub­likasining Konstitutsiyasida nazarda tutilgan siyosiy boshpana huquqidan foydalanish uchun kirish hujjatlarini tegishli darajada rasmiylashtirmasdan O‘zbekiston Respublikasiga kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar javobgarlikdan ozod qilinadilar», deyiladi. Jinoyat kodeksining 211-moddasi, 4-qismida: «Basharti, shaxsga nisbatan pora so‘rab tovlamachilik qilingan bo‘lsa yoki bu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilgandan keyin bu haqda o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, bunday shaxs javobgarlikdan ozod etiladi», deyiladi. Bu keltirilgan ikki normaning birinchisida shaxsning qonunga xilof ravishda chet elga chiqishi yoki respublikamizga kirishi jinoyatining tarkibi, ikkinchisida esa pora berish jinoyatining belgilari mavjud. Ammo qonunda belgilangan asoslar bo‘lgani uchun bunday qilmishlari uchun shaxsga jazo qo‘lanilishi nazarda tutilmagan. Shunga ko‘ra, bunday shaxs jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.

Demak, jazoga sazovorlik jinoyatning belgisi sifatida jinoyat qonuniga xilof qilmish uchun jazo mavjudligini hamda jinoyat va jazo tushunchalari bir-biri bilan doimo o‘zaro aloqadorlikda ekanligini bildiradi. Jazoga sazovorlik – Jinoyat kodeksiga tegishli moddalari dispozitsiyasida ko‘rsatilgan belgilarning mavjudligi ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etan shaxsga nisbatan jinoiy jazo qo‘llash lozimligini ko‘rsatadi.

Xulosa qilib aytganda, jinoyat belgilari qilmishning jinoiyligini belgilovchi asosiy mezon bo‘lib, jinoyatning moddiy (tashqi) belgisi – «ijtimoiy xavflilik» bo‘lsa, jinoyatning formal belgisi – «huquqqa xiloflilik», deb hisoblanadi, shuningdek, jinoyatning «aybning mavjudligi» va «jazoga sazovorlik» belgilari huquqqa xiloflilik belgisidan kelib chiqadi.

Demak, yuqorida sanab o‘tilgan to‘rt belgining barchasi qil­mish­da bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘lsagina, qilmish jinoyat, deb topiladi va, aksincha, ana shu belgilardan bittasi bo‘lmasa, qilmish jinoyat, deb hisoblanmaydi.


Download 1.35 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   130




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling