O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta
Jinoyatlarning ideal jami
Download 1.35 Mb.
|
53511c77e324f
12.4. Jinoyatlarning ideal jami
Yuridik adabiyotlarda jinoyatlar majmuyi ideal jami bilan birgalikda real jami ham o‘rganiladi. Ushbu tushunchalarning ikkalasi ham bir qancha jinoyat sodir etish tushunchasiga kiradi. Jinoyatlar majmuyi 1845-yildayoq jinoyatlarning ideal va real jamiga bo‘lingan edi, ya’ni bir vaqtda sodir etilgan qilmishlar jinoyatlarning ideal jami va «turli vaqtlarda» sodir etilgan qilmishlar jinoyatlarning real jami, deb tushunilgan. Jinoyatlarning ideal jamiga quyidagicha ta’rif berish mumkin: Jinoyatning ideal jami deganda, Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi turli moddalarida nazarda tutilgan ikki yoki bir necha jinoiy qilmishni bir vaqtning o‘zida bitta jinoiy harakat bilan sodir qilishga aytiladi. Murakkab aybli jinoyatlar (Jinoyat kodeksining 23-moddasi) bu bir tarkibli jinoyatlar bo‘lib, o‘zining belgilari, xususiyatlariga ko‘ra, jinoyatlarning ideal jamidan farq qiladi. Jinoyat kodeksining 23-moddasida: «Agar shaxsning qasddan jinoyat sodir etishi natijasida ehtiyotsizlik orqasida boshqa ijtimioiy xavfli oqibatlar yuz bergan va shunday qilmishni qonun qattiqroq javobgarlik bilan bog‘lagan bo‘lsa, bunday jinoyat qasddan sodir etilgan, deb topiladi», deyiladi. Jinoyat kodeksida shunday normalar mavjudki, ularda ijtimoiy xavfli harakat aybning qasd shaklida sodir etilgan bo‘lishi mumkin, kelib chiqqan oqibatlar esa ehtiyotsizlik orqasida yuz berishi mumkin. Masalan, qasddan badanga shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa (Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 3-qismi, «d» bandi). Bu jinoyatni sodir etishda shaxs qasddan badanga og‘ir shikast yetkazadi, o‘limga nisbatan esa, ehtiyotsizlik munosabatida bo‘ladi, chunki aybdor sog‘liqqa tajovuz qilganda uni o‘ldirish niyati yo‘q bo‘lgan. Umuman, bu jinoyat aybning qasd shaklida sodir etilgan jinoyat, deb qaraladi. Moddiy tartibli ijtimoiy xavfli qilmish sodir etilgan har bir muayyan holda shaxsning aybini, qilmishga nisbatan emas, yuz bergan oqibatga nisbatan belgilash lozim. Shuning uchun agar oqibat yuz bersa, unda shaxsning ehtiyotsizlikdan kelib chiqqan oqibatning yuz berishida aybi bo‘lmasa, uni yuz bergan oqibatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortish mumkin emas. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, murakkab aybli jinoyatlarda ehtiyotsizlik faqat kvalifikatsiya qilinadigan oqibatlarga nisbatan bo‘lishi mumkin, lekin yuqorida ta’kidlanganidek, ular umuman qasddan qilingan jinoyat, deb hisoblanadi. Demak, murakkab aybli jinoyatlardan Jinoyat kodeksining ikki yoki undan ortiq moddalari bilan kvalifikatsiya qilinadigan bir qancha jinoyatlar sodir qilishning farqini aniqlash, qilmishni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish va adolatli jazo tayinlashning muhim shartidir. Ma’lumki, sodir etilgan qilmishni ideal jami tariqasida kvalifikatsiya qilishda sud-tergov amliyotida ma’lum bir qiyinchiliklar uchrab, Oliy sud plenumi qarorlarida ushbu masala o‘z aksini topgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 1996-yil 20-dekabridagi «Qasddan odam o‘ldirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori 21-bandida shunday deyiladi: «Aybdorning hokimiyat yoki xizmat vakolati doirasidan chetga chiqib, sodir etgan qasddan odam o‘ldirish harakatlari odam o‘ldirish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalar va Jinoyat kodeksining 206-moddasi tegishli qismlari bilan tasnif qilinishi kerak». Ushbu qarorning 22-bandida esa, «ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan shaxs tomonidan ozodlikdan mahrum qilish jazosini ijro etish muassasalarining ishini izdan chiqaruvchi harakatlari bilan bog‘liq holda qasddan odam o‘ldirishni Jinoyat kodeksining 220-moddasi dispozitsiyasi jabrlanuvchini hayotidan mahrum etishni qamrab olmasligi sababli, Jinoyat kodeksining qasddan odam o‘ldirish va ozodlikdan mahrum qilish jazosini ijro etish muassasalarining ishini izdan chiqargan harakatlari uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi moddalari bilan tavsif qilinishi kerak»ligi ko‘rsatib o‘tilgan. Shuni ta’kidlash lozimki, shaxsning qilmishida jinoyatlar ideal jamining mavjudligi yoki yo‘qligi tegishli jinoyat tarkibining qanday belgilarni o‘zida mujassamlashtirishiga bog‘liqdir. Muayyan jinoyat tarkibiga qo‘shimcha qandaydir belgilarning kiritilishi yoki ularni chiqarilishi qilmishda jinoyatlarning ideal jami mavjudligi yoki yo‘qligini namoyon qilishi mumkin. Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi moddalarini tuzishda jinoyat tarkibining belgilari qanchalik to‘liq aks ettirilsa, amaliyotda qilmishni ideal jami tariqasida kvalifikatsiya qilish uchun ehtiyoj nazarimizda shuncha kam bo‘ladi.
Download 1.35 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling