O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


Jazo tayinlashning umumiy asoslari


Download 1.35 Mb.
bet98/130
Sana05.01.2022
Hajmi1.35 Mb.
#213513
1   ...   94   95   96   97   98   99   100   101   ...   130
Bog'liq
53511c77e324f

15.1. Jazo tayinlashning umumiy asoslari

Jinoyat qonunida qanday ijtimoiy xavfli, huquqqa xilof va aybli qilmishlarning jinoyat ekanligi aniqlanib, ularning yana bir asosiy belgi sifatida jazoga sazovorligi ko‘rsatilgan. Jinoyat qonunida jinoyat uchun jazo belgilanmaganida, qonun jamiyat, davlat va uning fuqarolari uchun zararli bo‘lgan xatti-harakatlarning oddiy sanog‘idan iborat bo‘lib qolardi, xolos.

Jazoning ijtimoiy-siyosiy mohiyati davlatning jinoyatchilikka qarshi kurash siyosatiga, mazkur siyosat esa jamiyatdagi huquqiy mafkura, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, axloqiy va boshqa nufuzli qarashlarga va tasavvurlarga bog‘liqdir.

Jinoiy javobgarlikni amalga oshirishning keng tarqalgan shakli sifatida jazoni qonunda belgilanganidek tahlil etish jazoning alomatlari va mohiyatini nazariy tushunish maqsadga muvofiqlik doirasida vujudga keladi, deb xulosa qilish imkonini beradi. Тurli huquqiy tizimlarda jazoning nima ekanligi to‘g‘risidagi masalaga ikki nuqtayi-nazardan yondashiladi. Jazoni sodir etilgan jinoyat uchun qasos, o‘ch olish, deb sharhlaydigan huquqiy tizimlar qasoskorlik nazariyasiga asoslanadi. Jazoni jinoyatning oldini olish, to‘xtatib qolish omili, deb tushuntiradigan huquq maktablari esa, maqsadga muvofiqlik nazariyasiga asoslanadilar. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat qonunida jazoning mohiyatiga jinoyatchilikka qarshi kurash vositalaridan, lekin bosh vosita, deb emas, balki yordamchi vosita, deb yondashuvida namoyon bo‘ladi. Bu qoida Jinoyat kodeksining 2-moddasida mustahkamlangan.



Birinchidan, jazo jinoyat qonunida belgilangan davlatning majburlov chorasidir. Jinoyat qonunining yagona manbayi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi bo‘lganligi bois jinoiy jazodek majburlov chorasi Jinoyat kodeksida boshqa biron-bir hujjatda belgilanmasligi lozim.

Ikkinchidan, jazo ommaga ta’sir etish xususiyatiga ega bo‘lgan choradir. Jazo davlatning shaxs, jamiyat va davlat huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun qabul qilgan qonunida belgilangan taqiqlarni buzish, yo‘l-yo‘riqlarini bajarmaslikdan iborat muayyan shaxsning jinoiy xulq-atvoriga qarshi qaratilgan majburiy javob chorasidir.

Davlatning normal faoliyatini ta’minlaydigan mazkur qonun­ning asosiy ijtimoiy vazifasi butun jamiyat uchun eng muhim va qimmatli bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni muhofaza qilishdan iboratdir. Shu bois jinoyat sodir etishda aybdor shaxslarga nisbatan davlat tomonidan qo‘llaniladigan jazo jamiyatimiz a’zolari bo‘lgan barcha fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiriladi.



Uchinchidan, jazo – O‘zbekiston Respublikasi sudlov tizi­mining tarkibiy qismi – sudning hukmi bilan jinoyat sodir etishda aybdor hisoblangan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan chorasi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 106-moddasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi, deb yozilgan. Konstitutsiyaning 26-moddasida esa, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisobanmaydi, deb ta’kidlanadi. Shundan kelib chiqib, shaxs faqat sudning ayblov hukmi bilan aybdor, deb topilishi mumkin; mazkur hukmning oqibati sifatida unga jazo qo‘llanishi kerak.

Jazo tayinlashning umumiy asoslari, eng avvalo, jinoyat sodir etishda qonunning prinsiрlari bilan bog‘liqdir. Jinoyat kodeksining 10-moddasida: «Qilmishida jinoyat tarkibining mavjudligi aniq­langan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shart», deyiladi.

Jinoyat kodeksining 4–10-moddalarida jinoyat qonunining yetti prinsiрi va ularning tushunchalari berilgan bo‘lib, jazo tayinlash ana shu prinsiрlarning har biri va barchasi bilan bevosita bog‘liqdir. Masalan, Jinoyat kodeksining 8-moddasida odillik prinsiрining tushunchasi berilgan bo‘lib, jinoyat sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi odilona bo‘lishi, ya’ni jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerak, deyiladi. Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan uning axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli bo‘ladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanishi Jinoyat kodeksining 42-moddasida nazarda tutilgan jazoning maqsadlariga erishishni nazarda tutadi.

Jazo tayinlashning umumiy asoslari sudning Jinoyat kodeksi «Maxsus» qismi jinoyat sodir etganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan moddasida belgilangan doirada «Umumiy» qism qoidalariga muvofiq, jazo tayinlashning bir qator masalalarini e’tiborga olishni taqozo qiladi.

Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi moddasi sanksiyasi doirasida jazo tayinlanadi, deganda nimani tushunish kerak?

Ma’lumki, Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi moddalaridagi sanksiyalar muqobil sanksiya tariqasida berilgan bo‘lib, sud jazo tayinlashda faqat ana shu sanksiyada ko‘rsatilgan jazolardan birini asosiy jazo sifatida tayinlaydi. Bunda sud tayinlash uchun tanlagan jazo turining miqdori va muddati shu sanksiyada ko‘rsatilgan doiradan tashqariga chiqmasligi kerak. Masalan, Jinoyat kodeksining 173-moddasi, 2-qismida mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish, millatlararo yoki irqiy adovat yoxud diniy taassublar zamirida, atrofdagilar uchun xavfli usulda, ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki besh yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, deyiladi. Demak, bu sanksiyada uchta asosiy jazo ko‘rsatilgan bo‘lib, sud ishdagi holatlar va aybdorning shaxsini e’tiborga olib, shu jazolardan birini tanlab tayinlaydi. Agar jarimani tayinlasa, eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan kam va yetmish besh baravardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda tayinlaydi. Axloq tuzatish ishlari tayinlansa, bu jazoning muddatini ikki yildan kam, uch yildan ko‘p tayinlay oladi. Ozodlikdan mahrum qilishni esa, besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga tayinlay olmaydi. Ammo sud jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, qilmishning sababini, yetkazilgan zararning xususiyati va miqdorini, aybdorning shaxsini hamda jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni hisobga olib, sanksiyadagi jazolardan birini asosiy jazo sifatida tayinlaydi. Shu holatlarga qarab, agar aybdor yetkazilgan moddiy zararni uch karra miqdorda o‘z ixtiyori bilan qoplasa, sud sanksiyada ko‘rsatilgan ozodlikdan mahrum qilishni tayinlamay, sanksiyadagi yengilroq jazoni tayinlashi mumkin.

Jazo tayinlash masalasiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ham alohida ahamiyat bermoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 1996-yil 19-iyuldagi «Jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori 1,2-bandida: «Sudlar og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslarga, uyushgan guruh tashkilotchilari va faol ishtirokchilariga muqaddam sudlanganlarga nisbatan qattiq jazo choralarini qo‘llashi lozim. Bunda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tajovuz qilish, poraxo‘rlik, giyohvandlik vositalari yoxud psixotrop moddalar va qurollar tarqatish kabi, shuningdek, respublika iqtisodiyotiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarni alohida xavf tug‘­dirishini nazarda tutishlari kerak. Shuning bilan birga, og‘ir jazo choralari Jinoyat kodeksining 7-moddasi, 3-qismiga asosan, boshqa choralar orqali erishib bo‘lmaydigan hollardagina tayinlashi mumkinligi ham e’tiborga olinishi kerak», deyiladi.

Jinoyat kodeksining 54-moddasida «Umumiy» qism qoidalariga muvofiq jazo tayinlanishi haqida yoziladi. «Umumiy» qism qoidalariga muvofiq jazo tayinlash deganda, nimalar tushunilishi kerak?

Ma’lumki, Jinoyat qonuni «Maxsus» qismining moddalarini amalga tatbiq qilishning barcha qoidalari uning «Umumiy» qismida ko‘rsatilgan. «Maxsus» qism normalarini qo‘llashda «Umumiy» qism normalari yo‘naltiruvchi va tartibga soluvchi normalar bo‘lib hisoblanadi. Demak, «Umumiy» qismning normalari «Maxsus» qismning kaliti hisobanadi.

Jinoyat kodeksida «Maxsus» qism moddalariga tegishli bo‘lmagan birorta modda yo‘q. Masalan, Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismida jinoyatlar uchun javobgarlik belgilangan bo‘lsa, «Umumiy» qismida jinoyat tushunchasi (14-moddasi) berilgan; «Maxsus» qismida jinoyatlar uchun faqat jismoniy shaxslar tomonidan sodir etilgan javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lib, «Umumiy» qismning 17-mod­dasida jismoniy shaxs, 18-moddasida aqli rasolik tushunchalari berilgan. Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi ko‘pchilik moddalarida jinoyat bir guruh shaxslar tomonidan qilinsa, deyilgan, ishtirok­chilik tushunchalari esa, 27–30-moddalarida berilgan. «Maxsus» qism moddlarida jinoyat takroran, xavfli retsidivist, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilsa, deyiladi, ularning tushun­chalari esa «Umumiy» qismining 32–34-moddalarida berilgan. Jinoyat kodeksining «Maxsus» qism moddalari sanksiyalarida muayyan doirada tayinlanadigan jazo turlari nazarda tutilgan, jazo tayinlash qoidalari esa «Umumiy» qismining 57–63-moddalarida ko‘rsatilgan va hokazolar. Bundan tashqari, «Maxsus» qismi moddalarida nazarda tutilmagan, ammo jazo tayinlashda e’tiborga olinishi shart bo‘lgan bir qancha jinoyat qonuni institutlari borki, bu institutlarda shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi jinoyat, deb topilib, Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi tegishli moddasi bilan javobgarlikka tortiladigan bo‘lsa, «Umumiy» qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanilishining o‘zi yetarlidir. Masalan, javobgarlik va jazodan ozod qilish ko‘zda tutilgan moddalar, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash, sudlanganlik va uni hisoblash qoidalari faqat «Umumiy» qismda ko‘rsatilgan. Тo‘g‘ri, Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi moddalarida ham javobgarlik va jazodan ozod qilish (masalan, 211-moddaning 4-qismi, 212-moddaning 4-qismi, 248-mod­daning 4-qismi va hokazolar) ko‘zda tutilgan. Ammo javobgarlik va jazodan ozod qilishning bu turlari faqat o‘sha moddaning o‘zi uchun tegishli, xolos.

«Umumiy» qismdagi javobgarlik va jazodan ozod qilishni nazarda tutuvchi moddalar umuman, Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi moddalariga ham tegishlidir, Ma’lumki, sud jinoyat uchun jazo tayinlashda aybdorning qilmishi kvalifikatsiya qilingan moddaning sanksiyasida ko‘rsatilgan jazo turlari va muddati doirasidan chetga chiqa olmaydi. Ammo ish holatlariga ko‘ra, aybdorning qilmishi kvalifikatsiya qilingan modda sanksiyasi doirasida jazo tayinlansa, jazo adolatsiz bo‘lib qoladi. Sud Jinoyat kodeksining «Umumiy» qismi, 57-moddasida ko‘zda tutilgan yengilroq jazo tayinlash qoidalarini qo‘llab, yengilroq jazo tayinlashi ham mumkin.

Voyaga yetmaganlarning javobgarligi masalasiga qonunda alohida ahamiyat berilgan, ya’ni Jinoyat kodeksining «Umumiy» qismida alohida bobda ajratib ko‘rsatilgan. «Maxsus» qism moddalarda ko‘rsatilgan jinoyatlarni voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmagan. Hatto, «Maxsus» qism moddasining sanksiyasida ham voyaga yetmaganlarga nisbatan tayinlanadigan jazo turi va muddati alohida ajratilib ko‘rsatilmagan. Shunga muvofiq, voyaga yetmaganlarning jinoyati ham Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi tegishli moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Ammo jazo tayinlashda voyaga yetmaganlarning qilmishi kvalifikatsiya qilingan moddaning, sanksiyaning miqdori va muddatiga kelganda esa, o‘sha sanksiyada ko‘rsatilgan miqdor va muddat doirasida jazo tayinlanmay, Jinoyat kodeksining 82–85-mod­dalarida ko‘rsatilgan jazo turining miqdori va muddati doirasida tayinlanadi. Bunda Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qoidalariga murojaat qilinmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 1996-yil 19-iyuldagi «Jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida»gi 16-qarori 1.7-bandida «Voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashda jarima, axloq tuzatish ishlari, qamoq kabi jazolarning sama­radorligiga e’tibor berish lozim. Shu bilan birga og‘ir jinoyat sodir etishda ayblangan, muqaddam sudlangan, huquqni buzganligi uchun ichki ishlar organlari hisobida turgan voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashda qat’iyatsizlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi»1, deyiladi.



Download 1.35 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   94   95   96   97   98   99   100   101   ...   130




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling