O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


O‘zbekiston Respublikasining amaldagi


Download 1.35 Mb.
bet15/130
Sana05.01.2022
Hajmi1.35 Mb.
#213513
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   130
Bog'liq
53511c77e324f

2.2. O‘zbekiston Respublikasining amaldagi

Jinoyat kodeksi «Umumiy» va «Maxsus» qismlari

mazmuni hamda tuzilishi
1994-yil 22-sentabrda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat kodeksi qabul qilindi. Ushbu Jinoyat kodeksi 1959-yilda qabul qilinib 1995-yil 1-aprelgacha amalda bo‘lgan Jinoyat kodeksidan tamomila farq qiladi.

Jinoyat kodeksi muayyan tizim asosida tuzilgan bo‘lib, u ikki – «Umumiy» va «Maxsus» qismlarga bo‘linadi. Ushbu ikki qism birgalikda bir butun yaxlitlikni tashkil etadi, ammo ayni paytda ular o‘z normalarining mohiyati, mazmuniga ko‘ra bilan tubdan farq qiladi.



«Umumiy» qism yetti bo‘lim, o‘n yetti bobdan iborat.

Birinchi bo‘lim – O‘zbekiston Respublikasining jinoyat qonunining umumiy qoidalari deb nomlanib, kodeksning vazifalari, prinsiрlari kodeksning amal qilish doirisini belgilovchi birinchi bob va kodeksning O‘zbekiston hududida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan amal qilishi, kodeksning O‘zbekiston hududidan tashqarida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan amal qilishi, qonunning vaqt bo‘yicha amal qilishini belgilovchi ikkinchi bobdan iborat.

Ikkinchi bo‘lim – «Javobgarlik asoslari» jinoyat tushunchasi, jinoyatlarni tasniflash, jinoyat uchun javobgarlik va uning asoslari, javobgarlikka tortilishi lozim bo‘lgan shaxslar, ayb va uning shakllari, jinoyatda ishtirokchilik, takroran jinoyat sodir etish, jinoyatlar majmuyi, retsidiv jinoyat tushunchasini ifodalovchi normalardan iborat.

Uchinchi bo‘lim – «Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar», ularning turlari, kam ahamiyatli qilmishlar, zaruriy mudofaa, oxirgi zarurat, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish, buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish, kasb yoki xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq asosli tavakkalchilik tushunchalarini ifodalovchi normalarni o‘z ichiga oladi.

Тo‘rtinchi bo‘lim – «Jazo va uni tayinlash» jazo tushunchasi va maqsadlari, jazo tizimi, jazo tayinlashning umumiy asoslari, jozani yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar, yengilroq jazo tayinlash, tamom bo‘lmagan va ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo tayinlash, bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash, bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash, jazolarni qo‘shishni hisoblash qoidalari, dastlabki qamoq vaqtini hisoblash, jazo muddatlarini hisoblash tartibini belgilovchi normalardan iborat.

Beshinchi bo‘lim – «Javobgarlik va jazodan ozod qilish» javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish, qilmish yoki shaxs ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish, aybdorning o‘z qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish, yarashganlik munosa­bati bilan jazodan ozod qilish, kasallik tufayli javobgarlikdan ozod qilish, amnistiya akt asosida javobgarlikdan ozod qilish, jazoni ijro etish muddati o‘tib ketganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish, shaxsning ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish, shartli jazo belgilash, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish, kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotishi oqibatida jazodan ozod qilish, sudlanganlik tushunchalarini ifodalovchi normalardan iborat.

Oltinchi bo‘lim – «Voyaga yetmaganlar javobgarligining xususiyatlari» jazo tizimi, jarima, axloq tuzatish ishlari, qamoq, ozodlikdan mahrum qilish, jazo tayinlash, majburlov choralarini qo‘llagan holda javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish, majburlov choralari, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishdan iborat.

Yettinchi bo‘lim – «Тibbiy yo‘sindagi majburlov choralari» majburlov choralarining maqsadlari, ularni qo‘llashning umumiy asoslari, turlari, tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini tayinlash, muddatini uzaytirish, o‘zgartirish va bekor qilish, alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka yo‘liqqan shaxslarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi choralarni qo‘llash tartiblarini belgilovchi normalardan iborat.

Jinoyat kodeksning «Maxsus» qismida jinoyat, deb hisobla­nuvchi muayyan ijtimoiy xavfli qilmishlar (harakat yoki harakat­sizlik) va ularni sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan jazo choralari ko‘rsatilgan. Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi ham muayyan bo‘lim va boblardan iborat. Mazkur bo‘linishlarning asosiy belgisi – ularning muayyan turga oid belgilariga taalluqliligi. Har bir bobda bir-biriga turdosh munosabatlar guruhining tarkibiy qismi bo‘lgan muayyan ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkazadigan barcha jinoyatlarning to‘la ro‘yxatini berish ko‘zda tutilgan. Shu o‘rinda A.S. Yakubovning «Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi tizimini tuzish uchun maxsus obyekt asos bo‘lishi kerak»1, fikri katta ahamiyatga ega.



Yuqoridagilardan kelib chiqib, «Maxsus» qismni quyidagi qismlarga bo‘lamiz. Jumladan:

Birinchi bo‘lim – «Shaxsga qarshi jinoyatlar». Bu avvalgi kodeks­lardan farqli ravishda jamiyatimizda huquqiy, demokratik tamoyillarini amalga oshirish yo‘lida jamiyat va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotida insonning mavqeyi yuqori darajaga ko‘tarilganligidan dalolat beradi. Respublikamiz Jinoyat kodeksi «Maxsus» qismida shaxs hayoti, sog‘lig‘i, ozodligi, sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi jinoyatlarning birinchi o‘ringa qo‘yilganligi va ular uchun ancha og‘ir jazolar belgilanganligi O‘zbekiston Respublikasining BMТ a’zosi sifatida 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan «Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasi»da ko‘rsatilib o‘tilganidek, inson haq-huquqlarini himoya qilish majburiyatiga amal qilayotganligi, shu bilan birga, Konstitutsiyamizning 2, 13, 18-moddalarida ko‘rsatilgan normalarga izchil rioya qili­nayot­ganligining yaqqol namunasidir. Bu bo‘lim quyidagi: «Hayotga qarshi jinoyatlar» (1-bob), «Sog‘liqqa qarshi jinoyatlar» (2-bob), «Hayot yoki sog‘liq uchun xavfli jinoyatlar» (3-bob), «Jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar» (4-bob), «Oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar» (5-bob), «Shaxsning ozodligi, sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi jinoyatlar» (6-bob), «Fuqarolarning Konstitut­siyaviy huquq va erkinliklariga qarshi jinoyatlar» (7-bob).

Ikkinchi bo‘lim – «Тinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar» – «Тinchlik va insoniyatning xavfsizligiga qarshi jinoyatlar» (8-bob), «O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar» (9-bob).

Uchinchi bo‘lim – «Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar» bo‘limida avvalgi Jinoyat kodekslaridan farqli o‘laroq, mulkning hamma turlariga nisbatan sodir qilingan jinoyatlar uchun bir xilda jazo belgilanadigan bo‘ldi. Bu bo‘lim quyidagi tartibda tashkil topgan: «O‘zgalar mulkini talon-taroj qilish» (10-bob), «O‘zgalar mulkini talon-taroj qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoyatlar» (11-bob), «Iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar» (12-bob), «Xo‘jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlar» (13-bob).

Тo‘rtinchi bo‘lim – «Ekologiya sohasidagi jinoyatlar» uchun Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismida birinchi marta alohida bir bo‘limda javobgarlik belgilandi. Buni esa, Jinoyat kodeksining alohida sifat belgisi deyishimiz mumkin. Bu bo‘lim quyidagi tartibda tashkil topgan: «Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi jinoyatlar» (14-bob).

Beshinchi bo‘lim – «Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlash­malari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar» – «Bosh­qaruv tartibiga qarshi jinoyatlar» (15-bob), «Odil sudlovga qarshi jinoyatlar» (16-bob).

Oltinchi bo‘lim – «Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar» – «Jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar» (17-bob), «Тransport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlar» (18-bob), «Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar» (19-bob), «Jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar» (20-bob).

Yettinchi bo‘lim – «Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlar» – «Bo‘ysunish va harbiy sha’nga rioya etish tartibiga qarshi jinoyatlar» (21-bob), «Harbiy xizmat o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlar» (22-bob), «Harbiy mulkni saqlash yoki undan foydalanish tartibiga qarshi jinoyatlar» (23-bob), «Harbiy mansabdorlik jinoyatlari» (24-bob).

Sakkizinchi bo‘lim – «Atamalarning huquqiy ma’nosi»da ayrim kiritilgan atamalarning huquqiy ma’nosi ochib berilgan.

«Maxsus» qism moddalari «Xususiy moddalar» deb ham nomlanadi. Chunki ularda ko‘zda tutilgan jinoyat turlarining belgilari va unga muvofiq jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan qo‘llanadigan jazo choralari ham o‘z aksini topgan.



Download 1.35 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   130




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling