O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


Download 1.35 Mb.
bet45/130
Sana05.01.2022
Hajmi1.35 Mb.
#213513
1   ...   41   42   43   44   45   46   47   48   ...   130
Bog'liq
53511c77e324f

Jinoyat sodir etish vositalari aybdorning ijtimoiy xavfli qilmish sodir etish vaqtida jinoyat obyektiga ta’sir etish uchun foydalangan predmet yoki qurollar, elektr toki, radiatsiya, ultratovush vosita­lari bo‘lishi mumkin. Jinoyat sodir etish qurollari deyilganda, aybdor jinoyatni sodir etish oldidan tayyorlangan va foydalangan har qanday predmet, masalan, sovuq qurollar, transport vositalari, asbob-uskunalar va hokazolar bo‘lishi mumkin.

Ko‘pchilik hollarda aybdorlar qurol va vositalardan jinoyat izini yashirish va jinoyatning sodir etilishini osonlashtirish uchun foydalanadilar. Jinoyat sodir etish quroli va vositasi bir sharoitda jinoyatni sodir etishni osonlashtirsa, boshqa bir sharoitda ularni qo‘llamasdan jinoyatni sodir etish mumkin emas. Vosita va qurolning jinoyat-huquqiy ahamiyati quyidagilardan iborat:


a) ular jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishga ta’sir qiladi;

b) ulardan foydalanish jazo tayinlash vaqtida javobgarlikni og‘irlashtirishi yoki yengillashtirishi mumkin.


Vosita va qurol jinoyat sodir etish usuli bilan uzviy bog‘liq, ayrim hollarda uning tarkibini belgilaydi. Ba’zan jinoyat tarkibining obyektiv tomoni zaruriy belgilari qatoriga vosita va qurolning kiritilishi, nafaqat, Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi moddalari dispozitsiyalarini shakllantirishda, balki «Umumiy» qism moddalari qoidalaridan ham kelib chiqadi. Vosita va qurol jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish, jinoyatni yashirish va hokazolar uchun jinoiy javobgarlikni aniqlashda inobatga olinadi.

Jinoyat vositalari va qurollari jinoyatni kvalifikatsiya qilishda ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, Jinoyat kodeksining 202-mod­dasi, 3-qismida ko‘rsatilgan hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlik uchun javobgarlik yer, suv yoki havoda ishlatiladigan mexanizatsiyalashtirilgan vositalardan yoxud portlatish qurilmalari, zaharli kimyoviy moddalardan foydalanish va hokazolar.

Bezorilik, sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘iga shikast yetka­zish mumkin bo‘lgan narsalarni namoyish qilish orqali sodir etilib, sog‘liqqa obyektiv xavf solganda, Jinoyat kodeksining 277-moddasi, 2-qismi bo‘yicha kvalifikatsiya etiladi. Bezorilik o‘q otish qurolini namoyish qilib, ularni qo‘llab yoki qo‘llash bilan qo‘rqitish orqali sodir etilsa, 277-moddaning 3-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.

Jinoyat sodir etish qurollari va vositalarini to‘g‘ri aniqlash, nafaqat, qilmishni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilishda, balki maxsus ushbu qurol va vositalarni musodara qilish masalasini hal etishda muhim ahamiyatga ega.



Jinoyat sodir etilgan joy deyilganda, jinoyat boshlangan yoki jinoiy oqibat ro‘y bergan muayyan hudud yoxud bino tushuniladi. Ayrim hollarda jinoyat sodir etilgan joy ijtimoiy xavfni qilmishning zaruriy belgisi hisoblanadi. Masalan, ozodlikdan mahrum qilish jazosini ijro etish muassasalarining ishini izdan chiqaruvchi harakatlar (Jinoyat kodeksining 220-moddasi) (bu qilmish faqat ozodlikdan mahrum qilish muassasalaridagina sodir etilishi mumkin); ozodlikdan mahrum qilish joylaridan qochish (222-mod­da) bunga misol bo‘la oladi.

Jinoyat sodir etilgan joy jinoyatni kvalifikatsiya qilishning zaruriy belgisi sifatida nazarda tutilgan bo‘lsa, jinoyat kvalifikatsiyasi ham shunga asosan hal qilinadi. Masalan, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tash joylarida, o‘quv yurtlarida yoki o‘quvchilar, studentlar o‘quv, sport yoxud jamoat tadbirlarini o‘tkazadigan boshqa joylarda sodir etilganida (Jinoyat kodeksining 273-moddasi, 3-qismi) joy jinoyatni kvalifikatsiya qilishning zaruriy belgisi sifatida qatnashadi.

Jinoyat sodir etilgan joyning aniqlanishi jinoyat qonunining hudud bo‘yicha amal qilish masalasini hal qilishda, jinoyat bir joyda sodir etilib, uning jinoiy oqibatlari boshqa joyda ro‘y bergan hollarda, O‘zbekiston hududidan tashqarida yoki boshqa chet davlat hududidan tashqaridagi havo, dengiz yoki daryo kemalarida sodir etilganligini hal etishda katta ahamiyatga ega.

Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etilgan vaqt deyilganda, nafaqat, yilning, kunning ma’lum bir vaqti tushunilmasdan, jinoyat sodir etgan shaxsning jinoiy javobgarligiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatadigan hodisalar yuz bergan muayyan davr tushuniladi. Masalan, jinoyatni harbiy xizmatni o‘tash vaqtida, favqulodda holat vaqtida sodir etganlik, shubhasiz, javobgarlikni kuchaytiradi. Onaning tug‘ish vaqtida yoki tug‘ishi hamon o‘z chaqalog‘ini o‘ldirganida vaqt qilmishni Jinoyat kodeksining 99-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish uchun ahamiyatga ega. Agar shaxs tuqqanidan ma’lum vaqt o‘tganidan keiyn o‘z chaqalog‘ini o‘ldirsa, u holda uning harakatlari Jinoyat kodeksining 97-modda bilan kvalifikatsiya qilinadi, aybdor qasddan odam o‘ldirganlik uchun javobgarlikka tortiladi Jinoiy bezorilik, ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 277-moddasi, 3-qismi, «v» bandi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi.

Jinoyat sodir etish holatlari muayyan jinoyat sodir etilayotganda mavjud bo‘lgan va jinoyat sodir etgan shaxsning javobgarligi masalasini hal etishga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarning yig‘indisi. Masalan, zaruriy mudofaa sharoitida jinoyat sodir etish, oxirgi zarurat, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish, buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish, kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq asosli tavakkalchilik holatlari jinoiy javobgarlikni istisno qiladi yoxud jinoyatchiga nis­batan tayinlanadigan jazoni yengillashtirish uchun asos bo‘ladi.

Jinoyatni sodir etilgan vaziyat ayrim hollarda, masalan, buyruqni bajarmaslik, jangovar vaziyatda sodir etilgan bo‘lsa (280-moddaning 2-qismi); boshliqqa qarshilik ko‘rsatish yoki uni xizmat vazifalarini buzishga majbur qilish jangovar vaziyatda sodir etilsa (280-moddaning 3-qismi), javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat hisoblanadi.


1. Jinoyatning obyektiv tomoni, deb nimaga aytiladi?

2. Jinoyat tarkibi element (tomon)lari tizimida obyektiv tomonning aha­miyati nimada?

3. Jinoyat obyektiv tomonining belgilarini bayon eting.

4. Jinoyat obyektiv tomonining zaruriy belgilari va ularning ahamiyatini izohlang.

5. Jinoyat obyektiv tomoni fakultativ belgilarining ahamiyati va zaruriy belgilardan farqi nimada?

6. Ijtimoiy xavfli qilmishni jinoiy, deb hisoblashning yuridik belgilari nima­larda ifodalanadi?

7. Harakat nima, harakatsizlik nima?

8. Ijtimoiy xavfli oqibat nima?

9. Jinoiy oqibatni jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishdagi ahamiyati nimalarda ifodalanadi?

10. Sababiy bog‘lanishning jinoyat huquqiy ahamiyatini tushuntiring.

11. Jinoyat obyektiv tomoni fakultativ belgilarini jinoyatni kvalifikatsiya   qilishdagi ahamiyati nimalarda ifodalanadi?

12. Jinoyat obyektiv tomonining   jinoyat tarkibi elementlaridan farqlovchi   o‘ziga xos xususiyatlari qanday?
7-bob. JINOYAТ SUBYEKТI


Download 1.35 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   41   42   43   44   45   46   47   48   ...   130




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling