Rektal shamchalarning diametri 1,5 sm gacha bo‘lib, shakli konus, silindr, torpedo yoki sigaretsimon, bitta shamchaning o‘rtacha og‘irligi 1,1 g dan 4 g gacha bo‘lishi mumkin. Uzunligi esa 2,5 sm dan 4 sm gacha, shuningdek bolalar uchun mo‘ljallangan shamchalarning o‘rtacha og‘iriligi 0,5-1,5 g oralig‘ida bo‘ladi.
Vaginal shamchalar sferik (globuli), tuxumsimon (ovula) va tilsimon (pessaria) bo‘lib, bitta vaginal shamchalarning o‘rtacha og‘irligi 1,5-6 g oralig‘ida bo‘ladi.
Tayoqchalar o‘tkir uchli, silindrsimon shaklli bo‘lib, uning diametri 2-5 mm, uzunligi esa 10 sm gacha bo‘lishi mumkin.
Shamchalar fizik-kimyoviy tuzilishi jihatidan dispers tizimli bo‘lib, dispers muhit (asos) va dispers faza (dori moddasi) dan iborat. Dori moddasining fizik-kimyoviy xususiyatlariga ko‘ra shamchalar har xil dispers tizimlarni hosil qilishi mumkin.
Agar dori moddasi asosda erisa gomogen tizimli, agar erimasa geterogen tizimli (emulsion yoki suspenzion) shamchalar hosil bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |