O‘zbekiston respublikasi xalq ta’limi vazirligi o‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi nizomiy nomidagi toshkent davlat pedagogika universiteti


-1991-yillarda o‘zbek oilaviy turmushi va ijtimoiy hayotidagi etnodemografik jarayonlar


Download 80.57 Kb.
bet7/10
Sana19.06.2023
Hajmi80.57 Kb.
#1599683
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
namuna

2.2. 1980-1991-yillarda o‘zbek oilaviy turmushi va ijtimoiy hayotidagi etnodemografik jarayonlar
XX asr 80-yillarida sovet ittifoqida yuzaga kelgan murakkab va ziddiyatli millatlararo munosabatlar ana shu siyosatning natijasi hamda mantiqiy yakuni boʼldi deyish mumkin. Bu davrning muhim xususiyati shundan iborat boʼlganki, xalq xoʼjaligining turli sohalarida avj olgan qoʼshib yozishlar, poraxoʼrliklar tufayli sovet iqtisodi inqiroz holatiga kelib qolgan edi. 80-yillarning oʼrtalaridan boshlangan “qayta qurish” siyosati natijasida xalqlar oʼz manfaatlari uchun kurash yoʼlini tutib, kuchayib borayotgan milliy manfaatlarni himoya qilish sari otlangan. Biroq, bu siyosatning ijtimoiy ongga chuqur taʼsir etganligi natijasida eʼtiqodiy, madaniy kelishmovchiliklar portlash darajasiga kelib qolgan. Buning ustiga KPSS MKning 1985 yil aprel plenumidan boshlangan, aniq dasturga ega boʼlmagan xalq xoʼjaligini “qayta qurish” tufayli mamlakatda milliy muammolar yanada koʼproq yuzaga qalqib chiqqan va ayni paytda sovet davlatining yemirilishi aniqligini ham koʼrsatib qoʼygan edi. Chunki, 80-yillarning 2-yarmidan boshlab milliy mustaqillik yoʼlidagi kurashlar oldini olib boʼlmaydigan ijtimoiy-siyosiy kuchga aylanib, milliy birlikni mustahkamlash uchun boʼlayotgan harakatlarga boshchilik qilayotgan yetakchilar atrofida birlashish jarayoni tezlashib ketgan [18]. Eng muhimi shundaki, 80-yillardan boshlab milliy mustaqillikka erishish yoʼlidagi bu harakatlar xalqlarning mamlakatda oʼzining mustahkam oʼrnini saqlab qolishga imkon beradigan kuchli omilga aylanib boʼlgan edi.
Oʼzbekistondagi ijtimoiy, iqtisodiy va millatlararo munosabatlarda keskinlikning avj olishiga ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirishdagi biryoqlama yondashuvlar, xalq xoʼjaligini, uning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirishdagi nomutanosibliklar sabab boʼlgan. Respublika ishchi va xizmatchilarining ijtimoiy rivojlanishida “qayta qurish”ning soʼnggi yillarida murakkab va ziddiyatli jarayonlar sodir boʼlgan. Ishchi kuchining ancha ortiqcha boʼlib qolishiga, ular miqdor jihatidan oʼsishida sifat oʼzgarishlarining yuz bermaganligi, hamda bu koʼrsatkich aholining tabiiy oʼsishidan orqada qolganligi sabab boʼlgan. Bunday vaziyat, ayniqsa, Fargʼona vodiysi viloyatlarida jiddiyroq tus ola boshlagan. Bunday ziddiyatli jarayonlarni hatto, yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi ham yumshata olmagan. Kadrlar tayyorlashda ularning ish haqi darajasi, mehnat sharoitlari, turli mutaxassisliklardagi xodimlarning nufuzi va hokazolar kabi talablar qondirilmagan. 80-yillarning oxiriga kelib qariyb 20 ming oliy maʼlumotli mutaxassis va 140 mingdan ortiq oʼrta maxsus maʼlumotli mutaxassislar aqliy mehnat bilan emas, balki jismoniy mehnat bilan band boʼlganlar37.
Mahalliy millat kishilaridan ishchi kadrlarni shakllantirish avvalgidek keskin muammo boʼlib, sanoatda band boʼlganlar orasida ularning salmogʼi nihoyatda kam boʼlgan. Jumladan, 80-yillarning oxirida “Etalon” ishlab chiqarish boshqarmasida oʼzbek ishchilarining salmogʼi qariyb 22 foizni, Toshkent traktor zavodida 17 foizni tashkil etgan. 1985 yilga nisbatan sanoatda oʼrta hisobda mehnat unumdorligining rejalashtirilgan 18 foiz oʼsishi oʼrniga faqat 12 foiz, qurilishda 7 foiz boʼlgan boʼlsa, yengil sanoat tarmoqlarida esa hatto 2 foiz kamayib ketgan. Sanoat ishlab chiqarishining yuqori darajada rivojlanishiga mustabid tuzum davrida qaror topgan ijtimoiy-iqtisodiy ishlab chiqarish munosabatlari obʼektiv ravishda toʼsiq boʼlgan.
Shuni taʼkidlash lozimki, hali mustabid tuzum hukmronlik qilib turgan vaqtda ham, yaʼni 1989 yilda XIX Butunittifoq partiya konferentsiyasida milliy masalaga birinchi rasmiy tanqidiy yondashuv bildirilgan edi. Chunki, 80-yillarning oʼrtalaridan boshlangan “qayta qurish” siyosati tufayli “yangicha fikrlash”, demokratiya hamda oshkoralik jarayonining oʼsib borishi, hukmron mafkura tazyiqining boʼshashuvi natijasida milliy oʼzlikni anglashning oʼsishiga, tarixiy haqiqatning tiklanishiga ijtimoiy zarurat tugʼilgan edi. Sobiq ittifoq rahbariyati “qayta qurish”ni eʼlon qilgan vaqtda “ittifoq” federatsiyasini demokratik yangilashning huquqiy kontseptsiyasi ishlab chiqilmagan edi. Partiyaning oʼsha vaqtdagi yetakchisi M.S.Gorbachyov joylardagi maʼmurlarga qarata “Koʼproq huquqqa ega boʼling!” deb oʼrtaga tashlagan shior ikki tigʼli qurol edi38. Markaz demokratik milliy kuchlarning rivojlanib borishiga, shu jumladan, kommunistlar oʼrtasida ham avj olishiga qarab, respublikalarning oʼzlariga koʼproq mustaqillik berish haqidagi talablariga yon bosadi. Lekin, milliy respublikalarga yon bosish aynan millatlararo nizolarning kuchaygan paytiga toʼgʼri kelgan boʼlib, markaz bu nizolarni hal qilishdan dastlab oʼzini ataylab “chetga” oldi. Soʼngra bu nizolarni qurol bilan bostirdi (Fargʼona, Oʼsh-Oʼzgan, Togʼli Qorabogʼ, Sumgait va hkz.) hamda, shu yoʼl bilan respublikalarning huquqlarini kuchaytirish haqidagi gʼoyani qadrsizlantirdi. Bu markazning eskilik tarafdori ekanligini yana bir bor tasdiqladi. Ittifoq rahbariyatining barcha kuch gʼayratiga qaramasdan Litva, Latviya, Estoniya hamda Gruziya SSSR tarkibidan chiqib ketishadi. 1990 yil oxirlaridan boshlab xoʼjalik aloqalarining uzilishi kuchayadi, davlat buyurtmalarini va respublikalar oʼrtasidagi iqtisodiy bitimlarni muvofiqlashtirib turishning iloji boʼlmay qoladi. Mamlakat sekin- asta iqtisodiy tartibsizlik tomon keta boshlaydi.
Mustabid tuzum davrida yillar davomida toʼplanib qolgan salbiy illatlarning yuzaga chiqishiga respublikada tobora kuchayib borayotgan demokratik jarayonlar sabab boʼldi. Butun mamlakatda, shu jumladan, Oʼzbekistonda ham katta shov-shuvga sabab boʼlgan hamda respublikada siyosiy vaziyatning keskinlashuviga olib kelgan 1989 yil may-iyunь oylarida Fargʼona, Toshkent viloyatlarida va Аndijon shahrida millatlararo mojarolar roʼy berdi. Bu toʼqnashuv oddiy bezorilikdan iboratdek koʼrinsa-da, aslida uning zamirida mustabid sovet tuzumi yillarida toʼplanib, pishib yetilgan, ertami-kechmi “portlashi” kutilgan milliy, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy muammolar yotgan edi. SSSRda milliy masala “rivojlangan sotsializm” davriga kelib “butunlay hal qilindi” deb eʼlon qilingan edi. Biroq, 1989 yil 24 mayda Quvasoy shahrida yoshlar oʼrtasida boʼlgan bezorilikning millatlararo toʼqnashuvni keltirib chiqarishi va bu mojaroning butun Fargʼona vodiysida ommaviy tus olishi, bularning barchasi quruq gap ekanligini hamda safsatadan boshqa narsa emasligini yaqqol namoyon qildi. Shu vaqtdagi respublikaning siyosiy rahbariyati yuzaga kelgan bu murakkab vaziyatni oʼz vaqtida toʼgʼri baholay olmaganligi natijasida, oddiy mojaro Fargʼona, Margʼilon, Qoʼqon, Аndijon, Toshloq, Namangan, Toshkentda aholining, ayniqsa, yoshlarning ommaviy chiqishlariga, millatlararo toʼqnashuvlarga sabab boʼldi 39. Umuman 3-12 iyunь kunlari yuz bergan toʼqnashuvlar va ularning harbiylar tomonidan oʼqqa tutilishi oqibatida 103 kishi halok boʼlgan, 1009 kishi jarohatlangan va 650 xonadonga oʼt qoʼyilib, vayron qilingan.Bu mojarolarning yuzaga kelishi mesxeti turklari uchun mustabid tuzum aybi bilan urush davrida majburan tashlab chiqqan vatanlariga qaytish imkonini bergan boʼlsa, mahalliy aholi bunga tabiiy ravishda qoʼshilib ketgan. Chunki mahalliy yoshlar orasida ishsizlik koʼpayib, aholining turmush darajasi pasayib borgan, joylarda aholining ijtimoiy- iqtisodiy muammolariga eʼtibor berilmagan, uy-joy bilan taʼminlash masalalari yaxshi yoʼlga qoʼyilmagan, paxta yakkahokimligi, ekologiya muammolari hal qilinmagan, qonunbuzarlik, poraxoʼrlik, koʼzboʼyamachilik avj olgan. Bu muammolar toʼplanib, oxir- oqibatda millatlararo toʼqnashuvlarni yuzaga keltirgan, natijada begunoh qurbonlar berilgan. Ushbu fojiali voqealardan soʼng tez orada respublika KP MQ, Oliy sovet rayosati va hukumatning qoʼshma majlislarida Oʼzbekiston iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasining ahvolini xolisona, tanqidiy nuqtai nazardan baholashga urinib koʼrilgan. Oʼzbekistonda hukumat tepasiga yangi rahbariyat kelgach, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani davlat yoʼli bilan boshqarish organlari mustahkamlandi, soliq nazorati va joylarda hokimlar lavozimlari joriy qilindi. Oʼzbekistonning yangi rahbariyati Fargʼona voqealaridan soʼng, millatlararo munosabatlarni takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. 1990 yilning oxirida Oʼzbekiston Prezidenti Kengashida milliy-madaniy markazlar va ularning ishini takomillashtirish toʼgʼrisidagi masala muhokama qilindi. Vazirliklar, idoralar va mahalliy kengashlarga milliy-madaniy markazlar tomonidan qoʼyilayotgan muammolarni hal etishda yordam berish va har bir xalqning madaniyatini, oʼziga xosligini saqlab qolish va rivojlantirishga millatlararo munosabatlarni takomillashtirishning muhim omili sifatida qarash tavsiya etildi. Oʼzbekiston SSR Prezidenti devonida Millatlararo munosabatlar boʼlimi tashkil etildi. Bunday boʼlimlar Qoraqalpogʼiston Аvtonom Respublikasi Ministrlar Kengashida, viloyatlar va Toshkent shahar ijroiya qoʼmitalarida ham tuzildi. Oʼzbekiston birinchi Prezidenti I.А.Karimov butun mamlakatdagi chuqurlashib ketgan milliy munosabatlarga baho berib, shunday degan edi: “...bu – teran milliy qadriyatlarni, odamlarning oʼziga xos xususiyatlari va anʼanalarini saqlab qolish yoʼlidagi tabiiy intilish, ijtimoiy, maʼnaviy, tarixiy taraqqiyotning subʼekti boʼlgan millatni saqlab qolishga qaratilgan obʼektiv, butunlay asosli ehtiyoj edi” 40. Shu jihatdan Markaziy Osiyo mintaqasida, xususan, Oʼzbekistonda milliy mustaqillik yoʼlidagi harakatlar oʼziga xos yoʼldan bordi. Shunday qilib, SSSRdagi 80-yillarning ikkinchi yarmi – 90 yillarning boshlarida yuz bergan “qayta qurish” jarayoni avvalboshdanoq xomxayollardan iborat ekanligi aniq koʼrindi va shunga koʼra u amalga oshmadi. Bu holat nafaqat sobiq ittifoq hududiga, shu qatori, sharqiy Yevropa mamlakatlariga ham taalluqli edi.
“Qayta qurish” bergan asosiy tarixiy saboq shundan iborat boʼldiki, sotsializm jamiyatning asosini tashkil etadigan birdan-bir va barcha jabhalarni qamrab oluvchi tuzum boʼlishga qodir emasligini koʼrsatdi. Koʼpgina mamlakatlarning tajribasi shuni koʼrsatdiki, hozirgi zamon jamiyati – bu koʼproq cheklovchi va tenglashtiruvchi tamoyillarning, kapitalizatsiya va sotsializatsiyaning turlicha uygʼunlashib ketishi, klassik markscha nazariyaga sigʼishmaydigan ijtimoiy printsiplar elementlarining faqat chatishib ketishidan iborat boʼlishi mumkin. Bunda esa biron-bir mafkura yoki siyosiy kuchning yakkahokimligiga oʼrin boʼlmaydi. Ikkinchi saboq – erkinlik va demokratiya alohida qismlarga boʼlinishi mumkin emas. Erkinlik va demokratiya shaxsning va siyosiy guruhlarning ijtimoiy, millatlar va milliy davlatlarning tabiiy ehtiyojlarini qondirish uchun faqat toʼliq boʼlishi lozim. Lekin, shunday boʼlsa-da, “qayta qurish” sobiq ittifoq xalqlari milliy oʼzligini anglash jarayonini tezlashtirdi, ularning siyosiy faolligini oshirdi. Obʼektiv jihatdan olganda, “qayta qurish” mustaqillikka erishish uchun tayyorgarlik tadbirlari edi. Koʼpmillatli Oʼzbekiston jamiyati mustaqillik gʼoyasini qabul qildi, bu tarixan buyuk va uzoq kutilgan voqeaning muqarrarligini his etdi. Oʼzbekistonni markaz bilan oʼn yillar mobaynida bogʼlab turgan zanjir uzib tashlandi. Oʼzbekistonning mustaqil taraqqiyot yoʼliga kirish jarayonini toʼxtatib qolish yoki orqaga burib yuborish mumkin emasdi. SSSR inqirozga yuz tutgan edi.
Xulosa
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, tadqiq qilinayotgan davrda Oʼzbekistondagi aholi milliy tarkibi shakllanishiga tarixiy jarayonlarning taʼsirini izchil tarzda tahlil etish hozirgi vaqtda amalga oshirilayotgan milliy siyosatni takomillashtirishga, respublikada yashab turgan barcha millat va elatlarni birlashtirish, qadimgi va shu bilan birga navqiron davlatimizda fuqarolar hamjihatligi, osoyishtaligi va barqarorligini mustahkamlash vazifasini hal etish yuzasidan asosli takliflar ishlab chiqishga imkon beradi. Bu esa, tanlangan mavzuning nafaqat ilmiy, shu bilan birga, amaliy va siyosiy ahamiyati ham mavjudligini koʼrsatadi. Etnodemografiyaga bagʼishlangan adabiyotlarning tahlili shuni koʼrsatadiki, dastlab aholishunoslik muammolarini oʼrganish markazi Toshkent davlat universitetining geografiya fakultetida shakllangan. Oʼzbekiston aholishunosligi mavzusida birinchi tadqiqotni ToshDU iqtisodiy geografiya kafedrasining mudiri N.V.Smirnov olib borgan. Shundan soʼng, Respublika geograf va iqtisodchi olimlari tomonidan aholishunoslik muammolari keng tarzda oʼrganila boshlandi. Etnodemografik tarixni oʼrganishga boʼlgan eʼtibor XX asr 50-yillarining ikkinchi yarmidan kuchaya boshlagan. Shu davrdan boshlab aholishunoslik masalalariga doir tadqiqotlar rivojlanib, faqatgina 1965-1971 yillar mobaynida turli miqyosdagi 12 ta ilmiy konferensiyalar oʼtkazilgan.1960-1970 yillarda dunyo aholisi, Oʼzbekiston aholisining tarkibi, respublika yangi shaharlarida aholining oʼsishi va ularning mintaqaviy joylashuvi muammolariga bagʼishlangan bir qator ilmiy maqola va adabiyotlar nashr etildi. Ushbu adabiyotlar ilmiy- ommabop tarzda, maʼlumotnoma shaklida yozilgan edi. Shu tufayli, ularni ilmiy va mafkuraviy jihatdan tahlil qila bilish ham demografik tarix fanining dolzarb vazifalari sirasiga kiradi. Shu oʼrinda taʼkidlash joizki, Oʼzbekiston aholishunosligini rivojlantirishda iqtisodchi va geograf olimlarning munosib hissasi boʼlgan. Mustaqillik yillarida chop etilgan nashrlarda Oʼzbekiston aholisi milliy tarkibi shakllanishi va sovet tuzumi tomonidan olib borilgan milliy siyosat tarixiga yangicha nuqtai nazardan yondashishga harakat qilingan.

Download 80.57 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling