. Davlat xaridlari tizimini mustahkamlash
Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari samarali elektron xaridlar tizimini yangilash va ishga tushirishni nazarda tutadi.
Barcha davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshiriladigan davlat xaridlarining shaffofligi va maqsadliligini ta’minlash maqsadida buyurtmachilarning xaridlarini bosqichma-bosqich g‘aznachilik ijrosi bilan qamrab olish bo‘yicha choralar ko‘riladi.
Budjet jarayonida jamoatchilik ishtirokini ta’minlash
Budjet jarayonida jamoatchilik ishtirokini ta’minlash olib borilayotgan soliq-budjet siyosati maqsadlarining fuqarolar ehtiyojlariga mos kelishini va hukumatning hisobdorligini ta’minlaydi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish doirasida budjet jarayoniga jamoatchilikni jalb etishni yanada kengaytirish choralari ko‘riladi, shuningdek, fuqarolarning budjet jarayonidagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, o‘rta muddatda soliq-budjet siyosatining ustuvor va asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilishda fuqarolar ishtirokini ta’minlash mexanizmlari keng qo‘llaniladi (xususan, budjet mablag‘larining xarajatlari yo‘nalishida).
Budjet ma’lumotlarining ochiqligi, to‘liqligi va xalqaro standartlarga mosligini ta’minlash
Davlat resurslariga oid oshkora, ishonchli va keng qamrovli ma’lumotlarning mavjudligi davlat moliyasini boshqarish sohasida olib borilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
Davlat moliyasi ma’lumotlarining keng qamrovliligi, qiyoslanuvchanligi hamda yaxlitliligi soliq-budjet siyosatini shakllantirishga strategik yondashuvni joriy etishda, keyinchalik esa budjet mablag‘laridan foydalanishning samaradorligi va natijadorligini baholashga o‘tishda to‘liq, o‘z vaqtida va ishonchli axborot bazasini yaratishni ta’minlaydi.
Amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjetini tuzishda budjet tizimi budjetlari, davlat maqsadli jamg‘armalari va O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larining barcha daromadlari va xarajatlari hisobga olinsada, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari inobatga olinmaydi.
Natijada davlat sektorining ayrim xarajatlari, shuningdek, alohida pul oqimlari, shu jumladan davlat korxonalari faoliyati, davlat aktivlari va ayrim davlat majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar budjet hisobotida aks ettirilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |