Davlat sektorida budjet hisobi standartlarini birxillashtirish
Davlat sektorida budjet hisobi va moliyaviy hisobot tizimining lozim darajada yo‘lga qo‘yilishi davlat hokimiyati organlari tomonidan soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha qaror qabul qilish uchun ularni davlat moliyasi to‘g‘risidagi shaffof, ishonchli va keng qamrovli ma’lumotlar bilan ta’minlash imkonini beradi.
Bu yo‘nalishda budjet hisobi standartlarini bosqichma-bosqich Davlat sektorida buxgalteriya hisobining xalqaro standartlariga (IPSAS) moslashtirishni nazarda tutuvchi choralarni amalga oshirish ustuvor ahamiyatga egadir.
Shundan kelib chiqib, Moliya vazirligining axborot tizimiga yagona schyotlar rejasi hamda yangilangan hisobot shakllarini joriy etish orqali davlat boshqaruvi sektori uchun Yagona schyotlar rejasi amaliyotga tatbiq etiladi.
. Ichki nazorat va ichki audit tizimini takomillashtirish
Moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini va natijadorligini oshirish maqsadida xalqaro standartlarga mos ichki nazorat va audit xizmatini, shuningdek, lozim darajadagi moliyaviy nazoratni amaliyotga joriy etish zarur.
Ushbu chora-tadbirlar doirasida, avvalambor, budjet mablag‘lari taqsimlovchi (oluvchi)larining, jumladan, ularning rahbarlarining mas’uliyatini va javobgarlik hissini oshirishga qaratish lozim bo‘ladi.
O‘rta muddatli davrda barcha vazirlik va idoralarda — budjet mablag‘larini taqsimlovchi (oluvchi)larda ichki audit xizmatini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Davlat moliyasi ustidan tashqi nazoratni kuchaytirish
Soliq-budjet sohasidagi shaffoflikni, nazoratni va budjet hisobi sifatini oshirish uchun tashqi auditdan o‘tkazish funsiyalarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, shuningdek, budjet mablag‘larini aniq vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlash orqali parlament nazoratini kuchaytirish lozim.
Soliq xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish
Soliq ma’murchiligini va qoidalarini takomillashtirish orqali yashirin iqtisodiyotni ulushini qisqartirish hamda budjet daromadlarini oshirish.
Soliq turlari bazasini takomillashtirish, resurs soliqlarini samaradorligini oshirish. Soliq imtiyozlarini maqbullashtirish jarayonini yakunlash orqali faoliyatning barcha ishtirokchilariga bir xil sharoit yaratish va raqobatni rivojlantirish.
Soliq xizmatlarini rivojlantirish va soliq ma’murchiligiga raqamli texnologiyalarni kiritish. Bunda soliq xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha mobil ilovalar sonini ko‘paytirish, onlayn nazorat-kassa apparati va virtual kassa tizimini qo‘llashni ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rish, birlamchi hisob-kitob hujjatlarini (elektron hisob-fakturalar tizimini to‘liq joriy etish) raqamlashtirish va birxillashtirish kabi choralar ko‘riladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |