12-modda. Jamoat birlashmasi ustavini ro‘yxatga olishni rad etish
Agar jamoat birlashmasining ustavi ushbu Qonunning 3, 4 yoki 10-moddalari qoidalariga zid bo‘lsa, yoxud ilgari xuddi shu nomdagi jamoat birlashmasi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, jamoat birlashmasi ustavini ro‘yxatga olishni rad etish mumkin.
Ustavni ro‘yxatga olish rad etilgan taqdirda bu haqda taqdim etilgan ustav qaysi qonunchilik qoidalariga zid ekanligi ko‘rsatilib, ariza beruvchiga yozma ravishda xabar qilinadi.
Jamoat birlashmasining ustavini ro‘yxatdan o‘tkazishning rad etilishi ustidan sudga shikoyat qilish mumkin va bu ish O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik protsessual qonunchiligida ko‘zda tutilgan tartibda qarab chiqiladi..
Xalqaro, jumhuriyat va viloyatlararo jamoat birlashmalarining ustavini ro‘yxatdan o‘tkazishning rad etilishi ustidan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga, mahalliy jamoat birlashmalari ustavini ro‘yxatdan o‘tkazish ishi ustidan esa — tegishli viloyat, Toshkent shahar sudiga shikoyat qilish mumkin.
13-modda. Jamoat birlashmalarining ramzlari
Jamoat birlashmalari ramz sifatida o‘z timsoliga, bayrog‘iga va vimpeliga ega bo‘lishi mumkin.
Jamoat birlashmalarining timsollari ustavga muvofiq, ularning rahbar idoralari tomonidan tasdiqlanadi. Jamoat birlashmalarining timsollari va vimpellari ushbu Qonunning 3-moddasi ikkinchi qismida ko‘rsatilgan maqsadlarni targ‘ib etishga xizmat qilmasligi kerak.
Bayroqlar va vimpellar belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
14-modda. Jamoat birlashmalari faoliyatining to‘xtatilishi
Jamoat birlashmalarining faoliyati ularni qayta tashkil etish (qo‘shilish, birlashish, ajralish) yoki tugatish yo‘li bilan to‘xtatilishi mumkin.
Jamoat birlashmalari ularning syezdlari (konferensiyalari) yoki umumiy yig‘ilishlari qarori bilan qaytadan tashkil etiladi. Jamoat birlashmalarini qayta tashkil etgandan so‘ng yangidan tuzilgan jamoat birlashmasining ustavi ushbu Qonunning 11-moddasida ko‘zda tutilgan tartibda ro‘yxatga olinadi.
Jamoat birlashmasi syezd (konferensiya) yoki umumiy yig‘ilish qaroriga muvofiq, yoxud ushbu Qonunning 22-moddasida ko‘zda tutilgan asoslarga muvofiq va tartibda tugatiladi.
Syezd (konferensiya) yoki umumiy yig‘ilish qaroriga muvofiq tugatilgan jamoat birlashmasining mol-mulki uning ustavida ko‘zda tutilgan maqsad yo‘lida sarflanadi.
Siyosiy partiyaning faoliyatini tugatish yoki to‘xtatib turish “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |