178-modda. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladigan davlat moliyaviy nazorati
Davlat soliq xizmati organlari davlat moliyaviy nazoratini soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
179-modda. Davlat moliyaviy nazorat organlarining o‘zaro hamkorligi
Budjet tashkilotlarini nazorat qilish rejalari davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat moliyaviy nazorat organlari moliyaviy nazorat obyekti mansabdor shaxslarining harakatlarida jinoyat alomatlari, shu jumladan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning alomatlari bo‘lgan huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda nazorat materiallarini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi.
(179-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvardagi O‘RQ-456-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son)
Moliyaviy nazorat obyekti mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklarga doir materiallar sudlarga yoki tegishli vakolatli davlat organlariga topshiriladi.
27-bob. Davlat moliyaviy nazoratini tashkil etish
180-modda. Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazorati
Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazorati nazorat rejasiga ko‘ra amalga oshiriladi va davlat moliyaviy nazorat organining qarori asosida o‘tkaziladi.
Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxs davlat moliyaviy nazorat organi qarorining ko‘chirma nusxasiga va xizmat guvohnomasiga ega bo‘lishi kerak.
Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirishda davlat moliyaviy nazorat organlarining mansabdor shaxslariga qo‘yiladigan talablar vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
181-modda. Davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan ekspertlar va mutaxassislarni jalb etish
Davlat moliyaviy nazorat organlari maxsus kasbiy bilimlarni talab etadigan masalalarni ko‘rib chiqish uchun davlat boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning ekspertlari va mutaxassislarini jalb etishga haqli.
Do'stlaringiz bilan baham: |