35-modda. Sudlovga tegishlilikning alohida hollari
Imoratga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi, mol-mulkni xatlashdan chiqarish haqidagi, yer maydonidan foydalanish tartibini belgilash to‘g‘risidagi da’volar imorat, mol-mulk yoki yer maydoni joylashgan yerdagi sudning sudloviga taalluqlidir.
Meros qoldiruvchining kreditorlari vorislar tomonidan meros qabul qilinguniga qadar taqdim etgan da’volar meros mol-mulk yoki uning asosiy qismi joylashgan yerdagi sudning sudloviga tegishlidir.
Yo‘lovchilarni, yuklarni yoki bagajni tashish shartnomalaridan yuk tashuvchilarga nisbatan kelib chiqadigan da’volar belgilangan tartibda talabnoma taqdim etilgan transport tashkilotining organi davlat ro‘yxatidan o‘tgan yerda taqdim etiladi.
36-modda. Kelishilgan sudlovga tegishlilik
Taraflar o‘zaro kelishib, muayyan ish uchun hududiy sudlovga tegishlilikni o‘zgartirishi mumkin.
Ushbu Kodeksning 35-moddasida belgilangan sudlovga tegishlilik taraflar kelishuvi bo‘yicha o‘zgartirilishi mumkin emas.
37-modda. Qarshi da’voning sudlovga tegishliligi
Qarshi da’vo sudlovga tegishliligidan qat’i nazar, dastlabki da’vo ko‘rilayotgan joydagi sudda taqdim etiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 199 va 200-moddalari.
38-modda. Jinoyat tufayli yetkazilgan zararlar to‘g‘risidagi fuqarolik ishining sudlovga tegishliligi
Jinoyat ishidan kelib chiqadigan fuqarolik da’vosi, agar jinoyat ishi ko‘rilganda ushbu da’vo arz qilinmagan yoki hal etilmagan bo‘lsa, fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida ko‘rib chiqish uchun fuqarolik ishlarining sudlovga tegishliligiga doir umumiy qoidalar bo‘yicha taqdim etiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 75-moddasi to‘rtinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 27.12.2016-yildagi “Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplashga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori.
6-bob. Fuqarolik sud ishlarini yuritish ishtirokchilari
Do'stlaringiz bilan baham: |