311-modda. Arizaning mazmuni
Fuqaroni muomala layoqati cheklangan deb topish to‘g‘risidagi arizada spirtli ichimliklar, giyohvandlik moddalari va psixotrop moddalarni suiiste’mol qiluvchi shaxs o‘z oilasini moddiy jihatdan og‘ir ahvolga solib qo‘yayotganligidan dalolat beruvchi holatlar bayon etilishi kerak.
Fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish to‘g‘risidagi arizada shaxsning ruhiy holati buzilganligi (ruhiy kasalligi yoxud aqli zaifligi), shuning oqibatida u o‘z xatti-harakatlarini anglay olmasligidan yoki boshqara olmasligidan dalolat beruvchi holatlar bayon qilinishi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 310-moddasi.
312-modda. Ishni sud muhokamasiga tayyorlash
Sudya arizani olgach, ishni sud muhokamasiga tayyorlash tartibida fuqaroning ruhiy holati buzilganligi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) to‘g‘risida yetarli ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, uning ruhiy ahvolini aniqlash uchun sud-psixiatriya ekspertizasini tayinlaydi.
Fuqaro sud-psixiatriya ekspertizasini o‘tishdan bosh tortganda sud uni majburiy tarzda ekspertizaga yuborish to‘g‘risida ajrim chiqarishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 201, 202, 204-moddalari.
313-modda. Ishni ko‘rib chiqish
Sud fuqaroni muomala layoqati cheklangan deb topish to‘g‘risidagi ishni albatta mazkur fuqaroning, prokuror hamda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokida ko‘radi. Agar fuqaro sud majlisiga kelmasa, ushbu Kodeks 186-moddasining qoidalari qo‘llanadi.
Sud fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish to‘g‘risidagi ishni prokuror hamda vasiylik va homiylik organining vakili ishtirokida ko‘rib chiqadi. Ishi ko‘rib chiqilayotgan fuqaro, agar uning sog‘lig‘i holati imkon bersa, sud majlisiga chaqiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 50, 225, 245, 233, 240-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 32-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasi o‘n uchinchi xatboshisi.
Do'stlaringiz bilan baham: |