412-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining ishni shikoyat (protest) bilan birga olganidan keyingi harakatlari
Zarur hollarda, kassatsiya instansiyasi sudi:
ishda ishtirok etuvchi shaxslarga shikoyat (protest) yuzasidan tushuntirishlar (e’tirozlar) taqdim etishni taklif qiladi;
ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasi bo‘yicha dalillarni talab qilib olishga ko‘maklashadi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 411, 416-moddalari.
413-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) to‘ldirish, o‘zgartirish, shikoyatdan voz kechish va protestni qaytarib olish
Kassatsiya shikoyati bergan shaxs kassatsiya instansiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar uni to‘ldirishga, o‘zgartirishga yoki undan voz kechishga haqli. Bunday voz kechish qonunga zid bo‘lmasa yoki boshqa birovning huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga xilof bo‘lsa, sud uni qabul qilishi mumkin.
Kassatsiya protesti keltirgan prokuror, shuningdek yuqori turuvchi prokuror kassatsiya instansiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar protestni to‘ldirishga, o‘zgartirishga yoki qaytarib olishga haqli.
Shikoyatdan voz kechish qabul qilinganligi to‘g‘risida va protest qaytarib olingan taqdirda, kassatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi va unga ko‘ra kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatadi.
Kassatsiya shikoyatidan (protestidan) voz kechilganligi (uning chaqirib olinganligi) sababli u bo‘yicha ish yurituvning tugatilishi, agar tegishli sud qarori ustidan boshqa shaxslar tomonidan shikoyat qilingan bo‘lsa, boshqa kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 403-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining 29.08.2001-yildagi “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunining 36-moddasi.
414-modda. Da’vogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi, javobgarning da’vogar talablarini tan olishi va taraflarning kelishuv bitimi
Kassatsiya shikoyati yoki protesti berilganidan keyin da’vogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi, javobgarning da’vogar talablarini tan olishi va taraflarning kelishuv bitimi tuzishi yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida kassatsiya instansiyasi sudiga topshirilishi kerak. Agar ishning muhokamasi vaqtida da’vogar arz qilingan talablaridan voz kechsa, javobgar bildirilgan talablarni tan olsa yoki taraflar kelishuv bitimi tuzsa, bu haqda sud majlisining bayonnomasiga yozib qo‘yiladi.
Kassatsiya instansiyasi sudi da’vodan voz kechishni qabul qilishdan yoki kelishuv bitimini tasdiqlashdan oldin da’vogarga yoki taraflarga bunday protsessual harakatlarning oqibatlarini tushuntiradi.
Da’vogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi qabul qilingan yoki taraflarning kelishuv bitimi tasdiqlangan taqdirda kassatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini bekor qiladi va ish yuritishni tugatadi.
Agar da’vogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi yoki taraflarning kelishuv bitimi qonunga zid bo‘lsa yoxud boshqa birovning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan bo‘lsa, sud voz kechishni qabul qilmaydi yoki tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etadi hamda ishni kassatsiya tartibida ko‘radi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 166, 168, 169, 226, 403-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |