423-modda. Nazorat tartibida protest keltirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar
Apellatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud hujjatlari quyidagilarning protestlariga ko‘ra nazorat tartibida qayta ko‘rilishi mumkin:
O‘zbekiston Respublikasi har qanday sudining hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari ustidan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining protestlariga ko‘ra;
O‘zbekiston Respublikasi sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari ustidan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosarlarining protestlariga ko‘ra, bundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining qarorlari mustasno;
O‘zbekiston Respublikasi sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari ustidan — O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosarlarining protestlariga ko‘ra, bundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining qarorlari mustasno.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 374-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining 29.08.2001-yildagi “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonuni 4-moddasi yettinchi xatboshisi, 33 — 36, 38-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining 02.09.1993-yildagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 26-moddasi birinchi, uchinchi xatboshilari, 27-moddasi birinchi qismi birinchi, ikkinchi xatboshilari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 01.06.2001-yildagi “Fuqarolik ishlarini apellatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti haqida”gi 4-sonli qarori 15-bandi.
424-modda. Ishni nazorat tartibida ko‘radigan sud
Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati — Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan apellatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni (protestlarni);
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellatsiya yoki kassatsiya yoxud nazorat tartibida ishlarni ko‘rish natijalari bo‘yicha chiqarilgan ajrimlari ustidan keltirilgan protestlarni nazorat tartibida ko‘radi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 374 — 382, 430 — 432, 436-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining 02.09.1993-yildagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni 24-moddasi birinchi, ikkinchi xatboshilari, 25-moddasi birinchi, ikkinchi xatboshilari, “Fuqarolik ishlarini apellatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti haqida”gi 4-sonli qarorning 15-bandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |