86-modda. Yozma dalillarni taqdim etish majburiyati
Ishda ishtirok etmayotgan fuqarolar va tashkilotlar sud talab qilayotgan yozma dalillarni taqdim etish imkoniga ega bo‘lmasa, bu haqda sudni xabardor qilib, sababini ko‘rsatishi shart.
Agar shaxs, sud undan talab qilayotgan yozma dalilni taqdim etish yoki sud tomonidan belgilangan muddatda taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, u sudning so‘rovini olgan kundan e’tiboran besh kunlik muddat ichida buning sabablarini ko‘rsatgan holda sudni xabardor qilishi shart.
Sud xabardor qilinmagan taqdirda, shuningdek yozma dalilni taqdim etish uzrli sabablarsiz rad qilingan taqdirda, sud tashkilotlarning aybdor mansabdor shaxslariga, shuningdek fuqarolarga ushbu Kodeksning 146-moddasida belgilangan tartibda jarima soladi.
Jarima solinishi tegishli mansabdor shaxslarni va fuqarolarni sud talab qilayotgan yozma dalilni taqdim etish majburiyatidan ozod qilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 73, 87-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 2-oktabrdagi 11-sonli “Fuqarolik ishlarini ko‘rishda sudlar tomonidan dalillarga oid qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 23-bandi.
87-modda. Yozma dalillarning aslini taqdim etish
Qoida tariqasida, yozma dalillarning asli yoki tegishli tarzda tasdiqlangan ko‘chirma nusxasi taqdim etiladi. Agar hujjatning ko‘chirma nusxasi taqdim etilgan bo‘lsa, sud zarur hollarda, uning aslini taqdim etishni talab qilishga haqli. Agar ko‘rib chiqilayotgan ishga hujjatning faqat bir qismi taalluqli bo‘lsa, undan tasdiqlangan ko‘chirma nusxa taqdim etilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 86-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 2-oktabrdagi 11-sonli “Fuqarolik ishlarini ko‘rishda sudlar tomonidan dalillarga oid qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori 23-bandining uchinchi xatboshisi.
88-modda. Yozma dalillarni ular saqlanayotgan joyda ko‘zdan kechirish va tekshirish
Yozma dalillarni sudga taqdim etish ularning ko‘pligi yoki ulardan faqat bir qismi ish uchun ahamiyatli ekanligi oqibatida qiyinlashgan taqdirda, sud ularning tegishli ravishda tasdiqlangan ko‘chirmasini talab qilishi yoki dalillarni ular saqlanayotgan joyda ko‘zdan kechirishi va tekshirishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 233, 239-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |