113-modda. Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ajrimlar ustidan shikoyat qilish (protest keltirish)
Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ajrim ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.
Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ajrim ustidan xususiy shikoyat (protest) berish muddati ajrimning ko‘chirma nusxasi topshirilgan yoki yuborilgan kundan e’tiboran hisoblanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 114 — 115, 373, 400, 403, 422-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 14-sonli “Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 5-bandi o‘n birinchi xatboshisi.
114-modda. Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat (protest) berish oqibati
Sudning da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi ushbu ajrimning ijrosini to‘xtatmaydi.
Sudning da’voni ta’minlashni bekor qilish to‘g‘risidagi yoki da’voni ta’minlashning bir turini boshqasi bilan almashtirish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi ushbu ajrimning ijrosini to‘xtatib qo‘yadi.
115-modda. Da’voni ta’minlash natijasida yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash
Sud (sudya) da’voni ta’minlash bilan birga da’vogardan javobgarga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararning o‘rnini qoplashni talab qilishi mumkin.
Javobgar da’voni rad qilish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin da’vogardan da’vogarning iltimosnomasiga ko‘ra da’voni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida o‘ziga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqli.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 4, 109, 113 — 114, 188, 189–moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 14-sonli “Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 5-bandi o‘n birinchi xatboshisi.
Do'stlaringiz bilan baham: |