13-modda. Vakolatli davlat organi faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash
Vakolatli davlat organi o‘z faoliyatini ochiq va shaffof, boshqa davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolar, shuningdek ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
Vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga quyidagilar joylashtiriladi:
auditorlik faoliyatining standartlari;
Auditorlik tashkilotlarining reyestri hamda xalqaro auditorlik tashkilotining yoki xalqaro assotsiatsiyalarning a’zolari bo‘lgan auditorlik tashkilotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
malaka imtihonini topshirishiga ruxsat berilgan, shuningdek xalqaro buxgalter sertifikatiga yoki kamida o‘n yillik uzluksiz auditorlik ish stajiga ega bo‘lgan talabgorlar ro‘yxati;
auditorning sertifikatning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
ushbu Qonun 44-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan Auditorlar reyestridan ma’lumotlar;
malaka imtihonini topshirish, auditorning malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish hamda uning dublikatini berish uchun taqdim etiladigan hujjatlarning ro‘yxati va arizalarning namunalari;
auditorning malaka sertifikati blankasining shakli;
auditorlar malakasini oshirishning namunaviy dasturi;
auditorlik tashkilotlarining ishi sifatini tashqi nazoratdan o‘tkazish tartibi;
majburiy auditorlik tekshiruvini o‘tkazgan auditorlik tashkilotlarining ishi sifatini tashqi nazoratdan o‘tkazish natijalari;
auditorlik xizmatlarini rivojlantirish to‘g‘risidagi axborot.
Vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida qonunchilikka muvofiq boshqa axborot joylashtirilishi mumkin.
14-modda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘z vakolatlari doirasida:
banklarni va boshqa kredit tashkilotlarini auditorlik tekshiruvidan o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilaydi;
banklarning auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish huquqi uchun auditorning malaka sertifikatini berish tartibini belgilaydi va uni beradi;
banklarning auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish huquqi uchun auditorning malaka sertifikatiga ega bo‘lgan Auditorlarning reyestrini yuritadi va uni o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |