39-modda. Hisob palatasining standartlari
Hisob palatasining standartlari Hisob palatasi faoliyatini tashkil etish standartlaridan, shuningdek Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan tashqi audit va moliyaviy nazorat standartlaridan iboratdir.
Hisob palatasi faoliyatini tashkil etish standartlari, shuningdek Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan tashqi audit va moliyaviy nazorat standartlari Hisob palatasi tomonidan ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi.
Hisob palatasi faoliyatini tashkil etish standartlari Hisob palatasida uslubiy ta’minlashni, ishlarni rejalashtirishni, hisobotlar tayyorlashni, boshqa davlat organlari va o‘zga tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni hamda Hisob palatasining boshqa ichki faoliyat turlarini tashkil etish va amalga oshirish xususiyatlari, qoidalari hamda tartib-taomillarini belgilaydi.
Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan tashqi audit va moliyaviy nazorat standartlari nazorat faoliyatining umumiy talablari, xususiyatlari, qoidalari hamda tartib-taomillarini belgilaydi.
7-bob. Hisob palatasining mansabdor shaxslarini huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish
40-modda. Hisob palatasining mansabdor shaxslarini huquqiy jihatdan himoya qilish kafolatlari
Hisob palatasining mansabdor shaxslari davlat himoyasida bo‘ladi.
Hisob palatasining mansabdor shaxslari o‘z majburiyatlarini bajarish chog‘ida faqat bevosita yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri rahbarga bo‘ysunadi.
Bevosita qonun bilan vakolat berilgan shaxslardan tashqari hech kim Hisob palatasi mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga aralashish, shuningdek Hisob palatasining mansabdor shaxslarini Hisob palatasi zimmasiga qonun bilan yuklatilmagan vazifalarni bajarishga majburlash huquqiga ega emas.
41-modda. Hisob palatasi mansabdor shaxslarining daxlsizligi kafolatlari
Hisob palatasining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
Hisob palatasining mansabdor shaxslarini ma’muriy javobgarlikka tortish masalasi Hisob palatasining raisi tomonidan hal etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |