(1-q.)
Soliq toʻlovchi tomonidan ortiqcha toʻlangan yoki undan ortiqcha undirilgan soliq
summasi soliq toʻlovchining qarzi boʻlmagan taqdirda shu soliq toʻlovchiga
qaytarilishi yoxud
ushbu soliq boʻyicha kelgusi toʻlovlar hisobiga hisobga olinishi lozim.
(2-q.)
Soliq toʻlovchida soliq qarzi mavjud boʻlgan taqdirda, ortiqcha toʻlangan yoki
ortiqcha undirilgan soliq summasi ushbu qarzni uzish hisobiga quyidagi ketma-ketlikda hisobga
olinishi lozim:
1) mazkur soliq turining penyasi boʻyicha qarz hisobiga;
2) boshqa soliqlar va ularning penyalari boʻyicha qarzni uzish hisobiga;
3) soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun jarimalarni toʻlash hisobiga.
(3-q.)
Ortiqcha toʻlangan soliq summasi soliq toʻlovchining arizasiga koʻra soliq toʻlovchiga
toʻliq yoki qisman qaytarilishi mumkin.
(4-q.)
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismiga
muvofiq va uchinchi qismini
hisobga olgan holda qaytarilishi lozim boʻlgan summani soliq toʻlovchiga qaytarish ushbu
Kodeksning 104 va 105-moddalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(5-q.)
Soliqlarning ortiqcha toʻlangani ehtimolidan dalolat beruvchi faktlar aniqlangan
taqdirda, soliq organining yoki soliq toʻlovchining taklifiga koʻra soliqlar, penyalar va jarimalar
boʻyicha hisob-kitoblarni birgalikda oʻzaro solishtirish oʻtkazilishi mumkin.
(6-q.)
Soliqning ortiqcha toʻlangan summalarini hamda hisoblangan
foizlarini hisobga olish
yoki qaytarish milliy valyutada amalga oshiriladi.
(7-q.)
Ushbu bobda belgilangan qoidalar ortiqcha toʻlangan yoki ortiqcha undirilgan boʻnak
va joriy toʻlovlar, yigʻimlar, penyalar va jarimalarning summalarini hisobga olishga yoki
qaytarishga nisbatan ham qoʻllaniladi hamda soliq agentlari va yigʻimlarni toʻlovchilarga nisbatan
ham tatbiq etiladi.
(8-q.)
Ushbu bobda belgilangan qoidalar ortiqcha toʻlangan yoki ortiqcha undirilgan
yigʻimlar, penyalar va jarimalar summalarini boshqa vakolatli organlar tomonidan hisobga olishga
yoki qaytarishga nisbatan ham qoʻllaniladi.
(9-q.)
Ushbu bobda belgilangan qoidalar soliq organining qaroriga koʻra oʻrni qoplanishi
lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisobga olishga yoki qaytarishga nisbatan ham
qoʻllaniladi.
(10-q.)
Ushbu bobda belgilangan qoidalar notoʻgʻri toʻlangan soliq summasini, shuningdek
penyalar va jarimalarni hisobga olishga yoki qaytarishga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: