9-mavzu. O’zbek xonliklarining Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi.
Mustamlakachilik zulmiga qarshi milliy-ozodlik harakati. Jadidchilik
Reja:
1.Turkistonning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi. Mustamlakachilik idora usulining joriy etilishi.
2.Turkiston general-gubernatorligi. Mustamlakachilik boshqaruv tizimi.
3.Turkiston xalqlarining mustamlakachilikka qarshi milliy-ozodlik kurashlari.
4. Turkistonda jadidlar harakatining vujudga kelishi, ularning islohotchilik faoliyati.
Tayanch so‘z va iboralar: «Sharqni egalla» siyosati. Rossiya harbiy ekspeditsiyalari. Angliya—Rossiya raqobati. Harbiy istehkomlar. Oqmasjid qal’asi. Toshkentga hujum. Mulla Alimqul. Turkiston gene- ral-gubernatorligi. Fon Kaufman. Zirabuloq jangi. Samarqand qo‘z-g‘oloni. Xivaga yurish. Gandimiyon shartnomasi. Qo‘qon xonligi - ning tugatilishi. Boshqaruv tizimi. Mustamlakachilik siyosati. Tosh- kent qo‘zg‘oloni. Dukchi eshon. 1916-yilgi qo‘zg‘olon. Jadidchilik. Mahmudxoja Behbudiy.
Turkiy xalqlar yashovchi bepoyon hududlarni bosib olish Rossiya podshohlarining azaliy orzusi edi. Bu boradagi amaliy harakat Ivan Grozniy zamonidan boshlangan edi. U Qozon (1552), Astraxan (1556), Sibir (1581-1590) xonliklarini bosib oladi va endi Turkiston to’g’risida ma’lumotlar to’plashga kirishadi. Shu maqsadda 1558-1559-yillarda Antoni Jenkinson boshliq elchilarni Buxoroga yuborib josuslik ma’lumotlari to’plagani ma’lum. Rusiya hukumati XVII asr davomida 9-marta elchi yuborib, Buxoro va Xiva xonliklarining iqtisodiy va harbiy ahvolini o’rganadi.
«Sharqni egalla» siyosati. Rossiya podshohi Pyotr I zamonida (1689-1725) «Sharqni egalla» siyosati yuritildi. Bu siyosatning tarkibiy qismlaridan biri Turkistonni egallash edi. Turkistonni bosib olish rejasi tuzildi. Xiva, Buxoro, Qo’qon xonliklarining g’arbiy, shimoliy, sharqiy chegaralarida harbiy istehkomlar qurish, xonliklarni Rossiya tobeligiga olish maqsadida katta harbiy ekspeditsiyalar uyushtirildi. 1715-yilda sharqiy chegaralarda Buxgolts rahbarligida, 1716-1717-yillarda Xiva xonligida Bekovich-Cherkasskiy rahbarligida harbiy ekspeditsiyalar tajovuzkorona harakat qildilar. 1721-1724-yillarda Florio Beneveni boshliq elchilar Buxoroda josuslik faoliyatini yuritdi. XVIII asr davomida Rus davlati qozoq va qirg’izlarning Kichik Juz, O’rta Juz, Katta Juz hududlarini o’ziga bo’ysundirib, ularning hududida o’zbek xonliklariga bostirib borishda foydalanish maqsadida 46 ta katta va 96 ta kichikroq harbiy qal’a va istehkomlar qurdiradi, ularga qo’shinlarini joylashtiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |