O‘zbekiston tarixi


Download 2.25 Mb.
Pdf ko'rish
bet27/180
Sana20.09.2023
Hajmi2.25 Mb.
#1682786
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   180
Bog'liq
@Kutubxona Elektron-O zbekiston tarixi maruzalar matni

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 


6-mavzu: Mo‘g‘ullar istilosi va zulmiga qarshi kurash.
Jaloliddin Manguberdi  
REJA: 
1. Chingizxon boshchiligida mo‘g‘ullarning Movarounnahrga bosqini. Ozodlik 
kurashi. Jaloliddin Manguberdi. 
2. Chig‘atoy ulusining tashkil etilishi, uning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayoti. 
3. XIII-XIV asrning birinchi yarmida O‘rta Osiyo xalqlarining madaniy hayoti. 
 
Adabiyotlar: 
1. Karimov I.A. Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligiga bag’ishlangan 
tantanali marosimda so’zlangan nutqi. T.8.-T.: O’zbekiston, 2000, 72-78 
betlar. 
2. Usmonov Q. va boshqalar O’zbekiston tarixi. Darslik.. –T.: Iqtisod-moliya, 
2006, 146-163-betlar. 
3. Buniyatov Z. Anushtegin Xorazmshohlar davlati (1097-1231). -T.: G’afur 
G’ulom, 1998, 134-150-betlar. 
4. Shahobiddin Muhammad an-Nasaviy. Sulton Jaloliddin Manguberdi. -T.: 
O’zbekiston, 1999. 7-68 betlar. 
5. Usmonov Q., Sodiqov M. Oblomurodov N. O’zbekiston tarixi. O’quv 
qo’llanma. - T.: Meros, 2002, 151-171 betlar. 
6. Murtazaeva R.X. O`zbekiston tarixi. Darslik -T.: 2003. 
 
1.Chingizxon boshchiligida mo‘g‘ullarning Movarounnahrga bosqini .
Ozodlik kurashi. Jaloliddin Manguberdi. 
O‘z dovyurakligi ustakorligi, makkorligi bilan mashhur bo‘lgan Temuchin (1155-1227) 
XII asrning oxirlariga kelib nafaqat mo‘g‘ullarning ko‘p sonli urug‘-qabilalarini, shu bilan birga 
ular bilan yonma-yon, qo‘shni yashab kelgan ko‘plab turkiy elatlar, chunonchi, jaloirlar, oyratlar, 
qaraitlar, naymanlar, qoraxitoylar, qirg‘izlar, uyg‘urlar, qorluqlar va boshqalarni ham birin-ketin 
bo‘ysundirib, kuchli davlatga asos soldi. Bu davlat harbiylashgan tizimga asoslanganligi bilan 
ajralib turardi. Qo‘shinlarga: o‘n jangchiga bir boshliq – o‘n boshi, shuningdek yuz boshi, ming 
boshi va tumanboshilar boshchilik qilardi. Tuman deganda o‘n minglik qo‘shingina emas, balki 
shu qo‘shin safini to‘ldirishi kerak bo‘lgan butun bir tuman, ya’ni besh – o‘n ming o‘tovli yoki 
50 mingga yaqin aholini jamlagan hudud nazarda tutilardi. har bir shunday tuman tepasiga tayin 
qilingan tumanboshi faqat o‘n ming jangchining qo‘mondoni bo‘libgina qolmay, ayni zamonda 
o‘z tasarrufidagi minglab fuqarolarning taqdirini ham hal etuvchi hokimi mutlaq hisoblanardi. 
Mazkur tumandagi barcha sudlov, jinoiy – javobgarlik va fuqarolik ishlari ham to‘laligicha uning 
tasarrufida bo‘lgan. 
Temuchin oliy hokimiyat muruvvatlarini o‘zining o‘g‘illari va eng yaqin kishilariga 
topshiradi. Jumladan, uning yaqin safdoshlaridan Subitoy, Xubiloy, Jebe, farzandlari: Jo‘jixon, 
Chig‘atoy, O‘qtoy, To‘luyxonlar birinchi bo‘lib tuman sohiblari bo‘lganlar. 
Temuchinning mo‘g‘ullarning ulug‘ xoqoni sifatidagi o‘rni va mavqeini har jihatdan 
mustahkamlash, bunga qonuniy tus berishda 1205 yili poytaxt Qoraqurumda bo‘lib o‘tgan 
umummo‘g‘ul Qurultoyi alohida ahamiyatga molik bo‘ldi. Qurultoyda Temuchin barcha mo‘g‘ul 
- tatar xonlarining ulug‘ xoni /qooni/ deb e’lon qilindi va unga Chingizxon laqabi berildi. 
(Chingizxon laqabi turli mualliflar tomonidan turlicha, chunonchi, «kuchli», «qudratli», «toza» 
yoki dengizlar /Dengizxon/, okeanlar hukmdori va xokazo ma’nolarda talqin qilinib kelinadi).
Qurultoy tomonidan qabul qilingan «Yaso» hujjati /mo‘g‘ullar davlatining asosiy qonunlari 
majmuasi/ ulug‘ xon hokimiyatini yanada mustahkamladi. «Yaso» mo‘g‘ul jamiyatidagi mulkiy 


tengsizlikning ifodasi sifatida ko‘zga yaqqol tashlanadi. U yangi paydo bo‘lgan hukmron tabaqa 
- tarxonlarga katta imtiyozlar berilishini ko‘zda tutardi. 
Chingizxon ulug‘ hoqon deb e’lon qilingan birinchi kundayoq o‘zining eng yaqin 
kishilaridan 95 nafarini bahodur, mingboshilar etib tayinlaydi va bir necha ming kishiga 
tarxonlik yorliqlari beriladi. Chingizxon ayni paytda 10 ta oliy hokimiyat lavozimlarini ta’sis 
etadi va 150 kishidan iborat shaxsiy gvardiya hamda mingta «dovyurak» jangchilardan tarkib 
topgan shaxsiy drujina tuzadi (Keyinchalik uning soni 10 ming kishiga etkaziladi). Butun 
mamlakatda kuchli temir intizom, qattiqqo‘l tartib o‘rnatilib, jangovar harbiy safarbarlik ishlari 
avga oldirib borildiki, bu hol Chingizxoning xorijiy ellarni zabt etishdan iborat o‘z oldiga 
qo‘ygan yovuz, agressiv maqsadlarini tez orada amalga oshirishga imkon yarata bordi.
XIII asr boshlariga kelib Chingizxon qo‘shni davlatlar va xonliklarni birin - ketin bosib 
olishga kirishadi. Agar 1206 yilga qadar bepoyon G‘o‘bi sahrosidagi qavm - qabilalar itoatga 
keltirilgan bo‘lsa, 1206 - 1211 yillar davomida Sibir va Sharqiy Turkiston xalqlari /buryat, 
yoqut, oyrat, qirg‘iz va uyg‘urlar/ bo‘ysindiriladi. Mo‘g‘ul sarkardasi Xubiloy Ettisuvning 
shimoliy hududlarini ishg‘ol etib, bevosita Xorazmshohlar davlati chegaralariga yaqinlashib 
boradi. 1211 yilda uyg‘urlar eri istilo etilgach, Chingizxon Xitoyga hujum boshlaydi. 1215 yil 
boshlariga kelib Shimoliy Xitoy poytaxti Pekin ishg‘ol etiladi. 1217 yilda Xuanxe daryosining 
shimolidagi barcha erlar mo‘g‘ullar tasarrufiga o‘tadi. 1218 yilga kelib esa Ettisuv hududining 
qolgan qismi ham mo‘g‘ullarga tobe bo‘ladi. Endilikda Chingizxonning asosiy bosh maqsadi 
uning jahonga hukmron bo‘lishiga katta to‘g‘onoq bo‘lib turgan buyuk Xorazmshohlar
qo‘shinini tor-mor keltirib, uning erlarini o‘z qo‘l ostiga kiritish edi. 
Bu davrda Xorazmshohlar davlatining ichki ijtimoiy - siyosiy hayoti g‘oyatda murrakab, 
ziddiyatli kechayotgan edi. Bu davlat tashqaridan ulug‘vor, keng hududlarga yoyilgan, qudratli 
saltanat tarzida ko‘rinsa-da va uning hukmdori Muhammad Xorazmshoh o‘zini «Iskandari 
soniy», «xudoning erdagi soyasi» deb bilsa-da, biroq haqiqatda esa mamlakat allaqachonlardan 
buyon ichdan emirilishga, tanazzullikka yuz tutgan edi. Avvalo, oliy hokimiyat boshqaruvida 
chuqur ixtiloflar mavjud edi. Bir tomondan, Muhammad yurgizayotgan rasmiy siyosatga 
nisbatan uning onasi Turkon Xotun va uning qavmlaridan iborat nufuzli siyosiy kuchlar
doimiy muxolifatchilik munosabatida bo‘lib kelmoqda edi. Ikkinchi tomondan, mahalliy 
hududlar beklari va hokimlari markaziy hokimiyat bilan hisoblashmay o‘zboshimchalik qilar, 
xalqqa haddan ziyod jabr - zulm o‘tkazardi. Bu davrda Xorazmshohlar davlati oliy devonida 
ham, mahalliy hokimlar, amaldorlar o‘rtasida ham poraxo‘rlik, xoinlik, sotqinlik holatlari avj 
olib borayotganligi sir emasdi. Uchinchidan, xalqning hokimiyatdan noroziligi ko‘plab 
g‘alayonlarni keltirib chiqarmoqda edi. Bunday qaltis vaziyat, shubhsiz, mamlakat birligiga 
raxna solayotgan, uni tobora zaiflashtirayotgan edi. 
Buning ustiga Muhammad Xorazmshohning xalifalik hududlarini qo‘lga kiritish da’vosi 
bilan 1217 yilda Bag‘dod sari qo‘shin tortishi ham xalifalikdagi hukmdorlarni qahru g‘azabga 
keltirgandi. hatto xalifa an-Nosir Chingizxonga elchilar orqali maxsus noma yo‘llab, undan 
yordam so‘raydi, mo‘g‘ul qo‘shinlarini Movarounnahr mulklariga bostirib kirishiga ham ishora 
qilgan edi. 
Chingizxon qo‘shni davlatdagi bu xil siru – sinoatlardan to‘la xabardor edi. U Xorazm 
davlatidan Mo‘g‘ulistonga qatnaydigan bir guruh yirik savdogarlardan iborat o‘z josuslik 
mahkamasini tashkil qilib, ular xizmatidan foydalanib kelardi. Mahmud Yalovach, hasan Xoji, 
Yusuf O‘troriy singari kishilar shular jumlasidan edi. Shu bois Chingizxon va uning o‘rdasi 
Xorazmshohlar davlatida kechayotgan barcha ziddiyatli voqealardan, uning zaif nuqtalaridan 
xabardor edi. Chingizxon barcha vositalarni ishga solib, kerak bo‘lsa shuhratparast shoh 
Muhammadni tinchlantirib, amalda Movarounnahr ustiga yurishga puxta hozirlik ko‘radi. Ayni 
chog‘da urushga bahona izlash harakatida bo‘ladi. Xuddi shunday qulay bahona 1218 yilda sodir 
bo‘ldi. Shu yili Chingizxon amri bilan Xorazm davlatiga 500 tuyada qimmat baho sovg‘alar, 
tillo-kumush bisotlar, savdo mollari ortilgan, asosiy tarkibi musulmon savdogarlaridan iborat 
450 kishilik karvon yuborildi. Biroq karvon O‘trorga kelib qo‘nishi bilanoq Xorazmshohning 
maxsus topshirig‘i bilan O‘tror hokimi uni yo‘q qilishga buyruq beradi. Shu tariqa, karvon 


butunlay talanib, qirg‘in qilinadi. Chingizxon uchun endi Movorounnahrga bostirib kirish fursati 
etgan edi. Bu vaqtga kelib Chingizxon va uning lashkarboshilari tasarrufida 60 tumanli /ya’ni 
600 ming nafarli/ jangovor qo‘shin tayyor holga keltirib qo‘yilgandi. 
Chingizxon qo‘shinining hujumi xavfi yaqinlashib kelayotganligini Muhammad 
Xorazmshoh va uning arkoni davlati ham yaxshi bilardi. Shoh muayyan harbiy tayyorgarliklar 
ko‘rish, shaharlarning mudofaa istehkomlarini mustahkamlash, qo‘shinlar safini kupaytirish 
harakatida bo‘ldi. Biroq asosiy harbiy strategik masalalarda u o‘ta no‘noqlik, nodonlik va 
kaltabinlik qildi. U o‘zining sarkarda o‘g‘li
Jaloliddin, Xo‘jand hokimi, dovyurak bahodir Temur 
Malik singari etuk kishilarning harbiy kuchlarni asosiy nuqtalarda to‘plab, dushmanga hal 
qiluvchi zarbalar berish kerakligi to‘g‘risidagi to‘g‘ri, dono maslahatlarining ahamiyatini 
tushunmadi, ularga quloq solmadi. Sulton o‘z qo‘shinlarini turli shaharlarda alohida-alohida 
joylashtirishdan iborat xato taktikani qo‘lladi. Chingizxonning son-sanoqsiz qo‘shinlari 
mamlakatga bostirib kira boshlagach, Xorazmshoh o‘z tinchi, halovatini ko‘zlab, mamlakat 
taqdirini o‘z holiga tashlab, yaqin xeshu aqrabolari bilan janubga tomon siljishi (qochishi) ham 
xoinlik bo‘ldi. Bunday holat tez orada butun mamlakat uchun fojiali oqibatlarga olib keldi, yurt 
himoyachilari taqdiri, ruhiyatida o‘chmas, asoratli iz qoldirdi. Xalqning sog‘lom, vatanparvar 
kuchlari esa yurt ulug‘larining bunday ikkilanishi, xiyonatiga qaramay, muqqadas ona zaminni 
ko‘krak kerib himoya qilish, bosqinchilarga qarshi qahramonlarcha kurashga tashlandilar. Bu 
mislsiz jangu jadallarda ularning qancha - qanchasi o‘zlarini yurt ozodligi uchun qurbon qildilar.
Mo‘g‘ullarning birinchi hujumiga duchor bo‘lgan hudud O‘tror shahri bo‘ldi. Chingizxon 
va uning lashkarlarining o‘trorliklardan alohida o‘chi borligi avvaldan ma’lum. Negaki Chingiz 
yuborgan savdo karvoni huddi shu erda saronjom qilinganligi ularning yodidan ko‘tarilmagandi. 
Chig‘atoy va O‘qtoyning son-sanoqsiz kuchlari shahar qal’alariga bosqin uyushtirgan kezlarda 
O‘trorliklar ularga qarshi mardonavor jang qildilar, qattiq qarshilik ko‘rsatdilar. Shahar aholisi 
G‘oirxon /Inalchuq/ va Qorachor bahodirlar etakchiligida tengsiz dushman bilan uzoq vaqt jon 
berib, jon olishdilar. Shahar mudofaasi 5 oydan ziyod davom etdi. Xalq qarshiligi mislsiz bo‘ldi. 
Biroq shahar dushman tomonidan egallandi. 
Mirzo Ulug‘bekning «To‘rt ulus tarixi» kitobida ta’kidlanganidek: «... O‘trorning butun 
aholisini sahroga haydab chiqdilar va qatl qildilar. …O‘tror xisorini qo‘lga kiritib, er bilan 
barobar qildilar. Tirik qolganlardan, ra’iyat va hunarmandlarning ba’zilarini hibsga oldilar, 
ba’zilarni esa qul qilib haydadilar». 
Mo‘g‘ul bosqinchilari Movarounnahrning boshqa hududlarida ham ko‘z ko‘rib, quloq 
eshitmagan yovuzliklarni sodir etdilar. Buning yaqqol ifodasini ularning gullab-yashnagan 
Buxoro, Samarqand, Xo‘jand singari shaharlar va ularning aholisiga nisbatan qilgan behad 
yovuzliklari misolida ham ko‘rish mumkin. Masalan, Chingiz qo‘shini 1220 yilning ilk bahorida 
musulmon Sharqining yirik islom markazlaridan sanalgan Buxoro ustiga balo-qazodek yopirilib 
keladi. Buxoro xalqi bir necha kun davomida dushmanga matonat bilan qarshilik ko‘rsatadi. Bu
esa Chingizxonni darg‘azab etadi. Natijada u shaharni yakson qilish, boyligini talash, xalqini 
qirg‘in qilishga buyruq beradi. Buxoro qamali 12 kechayu-kunduz davom etdi. Mo‘g‘ullar 
yondirilgan, 
kuli 
ko‘kka 
sovurilgan 
shaharni 
egallagach, 
ko‘ngillariga 
siqqan
noma’qulchiliklarni amalga oshirdilar, shahar himoyachilari butunlay qirib tashlandi.
Chingizxon galalari Xorazmshoh davlatining eng yirik va obod shaharlaridan biri 
Samarqandni qo‘lga kiritish uchun ham barcha makkorona tadbirlarni qo‘lladilar. 100 mingdan 
ziyod sara qo‘shinlar to‘plangan, mustahkam istehkomlar barpo qilingan nuqtalarga o‘z 
kuchlarini tashlab ko‘rdi,
atrof joylarni oldin bosib olib, shaharni tashqi dunyodan ajratishga 
harakat etdi yoxud boshqa bahodirlar qo‘shinidan qo‘shimcha kuchlar chorlab, bu joyga son-
sanoqsiz jangovar lashkar to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa, uch kunlik qattiq jangdan 
so‘ng Chingizxon qo‘shini shaharga yorib kirish va uni butunlay o‘ziga bo‘ysundirishga erishadi.
Mo‘g‘ul istilochilariga qarshi ulug‘ ajdodlarimizning qahramonona kurashida Xo‘jand 
himoyachilari ko‘rsatgan favqulodda jasorat alohida o‘rin tutadi. Temur Malik boshchiligidagi 
mudofaa kuchlari qariyib 5 oy davomida ko‘ksilarini qalqon etib, yovuz dushman hamlasini daf 
etib, behisob qurbonlar berib o‘z yurtini himoya qildilar, ilojsiz qolgan paytdagina olov ichida 


yonayotgan shahar qal’asini tark etdilar. Shunda ham Temur Malik bir qism dovyurak, qo‘rqmas 
jangchilari bilan Sirdaryoga yo‘nalib, maxsus orolda joylashib dushman bilan mardlarcha 
olishadi. Nihoyat, ular maxsus kemalarda mo‘g‘ullar hujumiga bardosh berib, yo‘l-yo‘lakay 
jang qilib, Xorazm sari harakatlanadilar. Xalq qahramoni Temur Malikning bundan keyingi 
vatanparvarlik faoliyati Xorazm va ona yurtning boshqa hududlarini himoya qiluvchilar safida 
davom etdi. 
Mamlakatning Buxoro, Samarqand, Xo‘jand singari hayotiy markazlarining qo‘ldan 
ketishi Xorazmshoh va uning arkoni davlatini shu qadar larzaga soldiki, buning natijasida 
hukmdor o‘z saltanatining janubiy-g‘arbiy hududlariga tomon chekinib bordi. O‘zining kaltabin 
siyosati, qat’iyatsizligi, qo‘rqoqligi orqasida kechagi «qudratli» xukmdor endilikda ojizu notavon 
bir kimsaga aylanib qoldi. Ilojsiz qolgan shoh oxiri Kaspiy dengizidagi Ashura oroliga qochadi. 
O‘sha erda katta o‘g‘li Jaloliddinni taxt vorisi etib tayinlab, 1220 yilning dekabrida xoru-
zorlikda bandalikni bajo etadi. Uning boshqa o‘g‘illari: Ozloqshoh va Oqshohlar ham 
mo‘g‘ullar tomonidan asir olinib, qiynab o‘ldiriladi. Podshoh bilan ko‘p yillar muxolafatchilik 
qilib, mamlakatning parokandalikka, chuqur ziddiyatlarga yo‘liqishiga sababchi bo‘lgan, o‘ziga 
haddan ziyod bino qo‘ygan, saltanat ichida saltanat qurgan Turkon xotun qismati ham oxir-
oqibat fojiali yakun topdi. U ham mo‘g‘ullar tomonidan asir olinib, behisob molu dunyosi 
talanib, o‘zi Mo‘g‘ulistonga haydab ketiladi. Tarixiy manbalarda Turkon xotunning Chingizxon 
xotinlaridan biriga cho‘ri sifatida tortiq qilingani aytiladi.
Xorazm poytaxti Gurganch mudofaasi ham mo‘g‘ullar istilosi tarixining alohida bir 
fojiali sahifasi bo‘lgan desak xato bo‘lmaydi. Gurganch qamali 7 oy davom etdi, hadsiz-hisobsiz 
qurbonlar berildi. Shahar egallangach, mo‘g‘ullarning bu erda sodir etgan mislsiz yovuzliklarini 
bayon etishga qalam ojizlik qiladi. Barcha erkaklar, bolalar qilichdan o‘tkaziladi. Xotin-qizlar 
qip-yalang‘och qilinib, bir-biri bilan urishishga majbur etiladi, so‘ngra mo‘g‘ul jangchilari 
tanloviga beriladi, qolganlari qirib tashlanadi. hech kimga shafqat ko‘rsatilmaydi. Shaharning 
o‘zini er bilan barobar qilish uchun Amu to‘g‘oni ochib yuborilib, Gurganch suv ostida qoladi. 
Shahardagi uzoq asrli ma’naviyat durdonalari, qimmatli qo‘lyozmalar, kitoblar saqlanib kelgan 
kutubxonalar, barcha asori-atiqalar er bilan yakson etiladi. 
Movarounnahrning asosiy shaharlarini bosib olgan, behisob boyliklarga ega bo‘lgan, o‘z 
g‘alabalaridan g‘ururlangan mo‘g‘ullar 1221 yil davomida Xuroson o‘lkasi hududlari tomon 
hujum boshlab, birin-ketin Balx, Termiz, Marv, Nishopur, hirot, Mozandaron singari boy 
shaharlar, qal’alarni bosib oldilar. Biroq shuni aytish joizki, mo‘g‘ul bosqinchilari 
Movarounnahr va Xuroson erlarini osonlikcha qo‘lga kiritgan emaslar. Ular bu erlarda mahalliy 
xalq va uning qo‘rquv bilmas, sheryurak farzandlarining tillarda doston bo‘lgilik mardlik 
jasoratlariga duch keldilar, katta talofatlar berdilar. Shu o‘rinda Xorazmshohning to‘ng‘ich 
o‘g‘li, jasur lashkarboshi Jaloliddin Manguberdi faoliyatiga to‘xtalib o‘tmoqlik joizdir. U 
mo‘g‘ullar istilosi boshlangan kundanoq doimo yurt himoyachilari tomonida turdi, ularga 
rahnamo bo‘ldi. Ona Vataniga bo‘lgan cheksiz mehr hissi, farzandlik burchi uni shu qadar elga 
mashhur qildiki, hatto uning nomini eshitgan Chingizxonning ham sochi tik bo‘lib, yuzi 
tundlashar, uni qo‘lga tushirish yoxud jismonan yo‘q qilish chora-tadbirlarini izlardi. Jaloliddin 
o‘zining botir jangchilari bilan o‘n yillar davomida hali Movarounnahr, hali Afg‘on va hind, hali 
Eron yoki Kavkaz orti hudularida paydo bo‘lar, yangidan xalq lashkarlarini jamlab, mo‘g‘ul 
bosqinchilari zulmi va hukmronligiga qarshi tinim bilmay jang qilar, xalq erki, ozodligi va 
hurligi yo‘lida sabot bilan kurashardi.
Ayniqsa shu o‘rinda uning Chingizxonning katta qo‘shini bilan Sind daryosi 
qirg‘oqlarida yuz bergan tengsiz jangdagi mislsiz jasoratini keltirib o‘tish joizki, bunga mo‘g‘ul 
hukmdorining o‘zi ham tan berib, lol qolgan edi. Bu hayot – mamot jangida Xorazm bahodiri, 
uning yigitlari arslonlardek jon berib, jon olardi. «Qaysi tomonga ot choptirmasin, tuprog‘ni 
qonga bo‘yar edi. Agar bu jangni Zolning o‘g‘li ko‘rsa edi, u sulton Jalol (uddin) ning qo‘lini 
o‘pgan bo‘lardi».
1
1
Мирзо Улуғбек. Тўрт улус тарихи., Т., Чўлпон, 1994,182-бет. 
2
Мирзо Улуғбек. Тўрт улус тарихи. Т., 183-184 бетлар. 


Ammo Chingizxon lashkari hisobsiz edi. Uning jang maydonidagi asosiy kuchlari 
parokanda holiga tushib qolgandi. Biroq pistirmadagi 10 ming nafar sara lashkar jang oqibatini 
Chingizxon foydasiga hal qiladi. Nochor, tang ahvolga tushib qolgan Jaloliddin qora to‘riq otiga 
minib, so‘nggi bor mo‘g‘ullarga hamla qilib, so‘ng ot jilovini ortga tortadi.
Sovutini elkasidan tashlab, otiga qamchi bosadi va balandlikdagi qoyadan o‘zini Sind 
daryosiga otadi. Jaloliddin bahaybat daryo to‘lqinlarini shiddat bilan kesib o‘tib narigi sohilga 
o‘tib oladi. Uning etti jangchisi ham bunga muvaffaq bo‘lishadi. 
Bu g‘aroyib manzarani o‘z ko‘zi bilan kuzatib turgan Chingizxon hayratdan tang qolib, 
o‘g‘illariga qarata shunday degan ekan: «Otadan dunyoda hali bunday o‘g‘il tug‘ilmagan. U 
sahroda sher kabi g‘olib jangchi, daryoda esa nahang (akula) kabi botir. Qanday qilsinki, hali 
hech kim taqdir bilan, hech bir mojaroda teng kelolmagan. Lekin u mardlikning dodini berdi. 
Qazoyi qadar qarshisida qudrat qo‘lini (mardona) ochdi. Mardlik bilan undan (qazo) qutulib 
bo‘lmaydi. Nima qilsin-qilmasin bu ulug‘ xudo ishidir»
2
.
Jaloliddin goh zafar quchdi, goh mag‘lubiyat alamini tortdi, biroq kuchli dushman oldida 
bosh egib, mag‘lub bo‘lmadi. Lekin ne ko‘rgilikki, Jaloliddin Manguberdining aziz umri yovlar 
bilan jang maydonida, yakkama-yakka olishuvda emas, balki bir alamzada qurdning banogoh 
tig‘idan xazon bo‘ldi. Bu mudhish voqea 1231 yilning 17-20 avgustlarida Ozarbayjon hudularida 
sodir etildi. 
Jaloliddinning el - ulus, vatan ozodligi va mustaqilligi yo‘lidagi fidoyiligi, mislsiz jasorati 
mangulikka daxldordir. Istiqlol nashidasini surayotgan mustaqil O‘zbekistonda ulug‘ ajdodlar 
ruhining e’zozlanayotgani, jumladan, Jaloliddin Manguberdi qutlug‘ tavvaludining 800 yillik 
yubileyi umummamlakat miqyosida keng nishonlanganligi ham buning yaqqol ifodasidir.
Shunday qilib, mo‘g‘ul istilochilari qisqa davr ichida goh beadad qirg‘inliklar keltirish, 
goh mahalliy xalqlar orasida g‘ulg‘ula, havf-xatar solish, yoxud ular orasidagi xiyonatkor, sotqin
unsurlarni ishga solish orqasida Movarounnahr va Xuroson erlarini egallab, bu hududlarga 
mislsiz moddiy va ma’naviy zarar etkazib, o‘z hukmronligini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldilar. 
Kechagina gullab-yashnagan vodiylar, yam-yashil, obod qishloqlar, suv inshootlari, to‘g‘onlar 
yakson etildi, ekin maydonlari suvsizlikdan qovjirab qoldi. Buyuk ipak yulining shuxrati so‘ndi, 
shaharlar hayoti fayzsiz bo‘lib qoldi. Xalqning ko‘p asrlik ma’naviy bisoti, noyob asori atiqalari, 
qadriyatlari oyoq osti qilindi.

Download 2.25 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   180




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling