O‘zbekiston tarixi


Download 2.25 Mb.
Pdf ko'rish
bet29/180
Sana20.09.2023
Hajmi2.25 Mb.
#1682786
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   180
Bog'liq
@Kutubxona Elektron-O zbekiston tarixi maruzalar matni

 
 
3. 
XIII-XIV asrning birinchi yarmida O‘rta Osiyo
xalqlarining madaniy hayoti. 
Bosqinchi yovlar azaldan yuqori tsivilizatsiya o‘chog‘i sanalgan, ulug‘ ajdodlarimiz aql-
zakovati va donishmandligi bilan yaratilgan yuksak moddiy va ma’naviy madaniyat, betakror 
obidalar, asori-atiqalar makoni bo‘lgan bu azim yurtni qanchalik xonavayron etmasinlar, biroq 
xalq irodasini, uning buyuk bunyodkorlik, ijodkorlik salohiyatini sindira olmadilar. Aksincha bu 
yurtning mag‘rur va erksevar kishilari, bir tomondan, muqaddas Vatan tuyg‘usini dillariga 
mustahkam jo aylab, ozodlik va mustaqillik yo‘lida jonbozlik bilan kurash olib borgan bo‘lsalar, 
ikkinchi tomondan esa, ular asriy xalq an’analari, udumlariga sodiq qolib, yaratuvchilik ishlari 
bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Zero, o‘lmas xalq dahosi yangi-yangi salohiyatli ijodkorlar avlodini 
etishtira borgan. Shu bois uchun ham sahroyi mo‘g‘ullar xarobazorga aylantirgan kultepalar 
o‘rnida ko‘p o‘tmay yangidan ko‘rkam shaharlar, me’morchilik obidalari qad rostlab, hayot yana 
yangidan izga tushib bordi. Mahalliy xalq orasidan etishib chiqqan ajoyib me’morlar, naqqoshu-
hunarmandlar sa’y-harakati, mahorati bilan betakror moddiy madaniyat namunalari yaratilib, 
bundan o‘lka hayoti o‘zgacha fayzu manzora kasb etib bordi. Bu davrda bunyod etilib, gavjum 
savdo-sotiq, hunarmandchilik markazlariga aylana borgan Andijon, Qarshi, Urganch, qaytadan 
ta’mirlanib chiroy ochgan, oldingi mavqeini tiklagan Samarqand, Buxoro, Shosh, Termiz singari 
shaharlar, ularning o‘ziga xos me’morchilik qiyofasi shundan dalolat beradi. Ko‘hna Urganchda 
qad ko‘targan, balandligi 62 metrli ulug‘vor minora XIII asr arxitekturasining noyob 
yodgorligi hisoblanadi. Samarqanddagi Shohizinda majmui, Buxorodagi Bayonqulixon, 
Ko‘hna Urganchdagi Najmiddin Kubro, To‘rabek xonim, Muhammad Bashar maqbaralari, 
Xo‘janddagi Tubaxon maqbarasi va shu singarilar XIV asrning nodir me’moriy yodgorliklari 
sirasiga kiradi. 
Xalq amaliy san’ati, kulolchilik namunalarini, sirli naqshinkor sopolli idishlar, shu 
jumladan, ko‘zalar, chinni buyumlar, uy-ro‘zg‘or ashyolari, binolar peshtoqiga bitilgan, san’at 
darajasidagi nastalik bitiklari-bular O‘rta Osiyo moddiy madaniyatining XIII-XIV asrlarda ham 
rivojlanishda davom etganligidan shahodat beradi. Bu davrda ilm-fan, ayniqsa tarixshunoslik 
rivojida ham muayyan yutuqlar qo‘lga kiritildi. Tarixshunos Juvaniyning «Tarixi jahongusha» 
/Jahon fotihi tarixi/, Rashididinning «Jomeut-tavorix» /«Yilnomalar majmuasi»/ asarlari 
mo‘g‘ullar istilosi va hukmronligi davri tarixini chuqur o‘rganishda qimmatli manbalardan 
hisoblanadi. 
Shuningdek o‘lkada badiiy adabiyot sohasi ham anchayin ravnaq topdi. O‘rta Osiyo 
xalqlari orasidan badiiy adabiyotning ko‘plab yirik namoyandalari etishib chiqdi. Jaloliddin 
Rumiy, Muslihiddin Sa’diy, Xusrav Dehlaviy, Nosiriddin Rabg‘uziy, Pahlavon Mahmud, 
Xorazmiy, Qutb, Sayfi Saroyi singari xalq orasidan chiqqan mumtoz ijodkorlar ko‘plab 
umrboqiy, o‘lmas asarlar yaratdilar. Jumladan, XIII asrning ikkinchi yarmi hamda XIV asrning 
birinchi yarmida yashab, ijod etgan yurtdosh daho shoirimiz Pahlavon Mahmud ijodi bu jihatdan 


ibratlidir. Uning tug‘ilgan yili noma’lum bo‘lib, vafot etgan davri manbalarda
1322 yil deb ko‘rsatiladi. U hunarmand oilada dunyoga kelgan. O‘zi ham po‘stinduzlik bilan 
shug‘ullangan, o‘z zamonasining ilg‘or, ma’rifatparvar kishilaridan bo‘lgan. Pahlavon Mahmud 
nomi bilan zikr qilingan barcha tazkiralarda u g‘azal, ruboiy janrlarida samarali ijod qilgan shoir 
sifatida tilga olinadi. Biroq, Mahmudni elga mashhur etgan, avlodlar ehtiromiga sazovor qilgan 
narsa, bu, eng avvalo, uning otashnafas ruboiylaridir. Shoirning ijtimoiy, falsafiy qarashlari ham 
uning ruboiylari mazmunida aks etgan. Umuman Pahlavon Mahmud she’riyatida keng 
ma’nodagi hayotiy voqealar, insoniy kechinmalar, chuqur ahloqiy, falsafiy qarashlar 
ifodalanganki, bu hol shoirning o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy jarayonlariga faol munosabatda 
bo‘lganidan dalolat beradi. 
XIII asr oxiri va XIV asr birinchi choragida Turkistonda kechgan adabiy jarayonni 
Burxoniddin o‘g‘li Nosiriddin Rabg‘uziy ijodisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayniqsa bunda uning 
qalamiga mansub «Qissai Rabg‘uziy» asari adib nomini asrlar osha sarbaland etib kelmoqda. Bu 
asar ilk o‘zbek nasrining dastlabki namunasi sifatida ham qimmatlidir. Rabg‘uziy asaridagi 
dunyoviy ruh bilan sug‘orilgan ko‘plab she’riy parchalar g‘azalchilik janrining keyingi rivoji 
uchun ham ayricha ahamiyat kasb etadi. XIV asr turkiy (eski o‘zbek) adabiyotining yirik 
namoyandalari- Xorazmiyning «Muhabbatnoma», Qutbning «Xusrav va Shirin», Sayfi 
Saroyining «Suxayl va Guldursun», «Sinbadnoma», «Gulistoni bit-turkiy» she’riy asarlari-
dostonlari ham o‘sha davr ma’naviy madaniyatining bebaho durdonalari hisoblanadi. 
Shunday qilib, XIII-XIV asrlar davomida Movarounnahr hududi mo‘g‘ullar 
hukmronligi bilan bog‘liq tarzda qanday ziddiyatli, murakkab jarayonlarni o‘z boshidan 
kechirmasin, uning ko‘hna madaniyati, ilm-urfoni an’anaviy ravishda o‘ziga yo‘l topib, 
rivojlanishda davom etadi. Xalq dahosi, ijodkorligi uning salohiyatli namoyandalari sa’y-
harakatlari, tashabbuslari ila sayqal topib, yangi - yangi qirralar kashf etib boradi. Bu esa, 
shubhasiz o‘lka xalqlari ma’naviy merosi, qadriyatlarining mazmunan boyib, yuksalishiga ijobiy 
ta’sir ko‘rsatib borgan. 

Download 2.25 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   180




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling