O‘zbekiston tarixi


Somoniylar va Qoraxoniylar o‘rtasidagi kurash


Download 1.88 Mb.
bet28/100
Sana23.11.2023
Hajmi1.88 Mb.
#1794963
1   ...   24   25   26   27   28   29   30   31   ...   100
Bog'liq
Murtazaeva R - O\'zbekiston tarixi. 2005

Somoniylar va Qoraxoniylar o‘rtasidagi kurash

Qoraxoniylar davlati Yettisuv hududidagi Qarluq (756-940) davlati o‘rnida tashkil topdi. Uning asoschisi Sotuq Bug‘roxon (915-955) hisoblanadi. U 942 yili Bolasog‘un hokimini mag‘lub etib, o‘rniga o‘zini xoqon deb atadi. Qoraxoniylar davlatiga ikki qabila-Yag‘mo va Chigil qabilalari birlashdilar. Sotuq zamonida Qoraxoniylar davlati ikkiga bo‘linib ketadi. Birining poytaxti Bolasog‘un bo‘lib, oliy hokimiyat yoshi katta bo‘lgan hoqon tomonidan boshqarilgan; ikkinchi davlatning poytaxti Taroz, keyinchalik Qoshg‘ar bo‘lib, kichik hoqon tomonidan boshqarilgan. Qoraxoniylar Somoniylar davlatidagi milliy nizolardan ustalik bilan foydalandilar. Hasan Bug‘roxonning 992 yili Somoniylarga qarshi yurishi oldidan somoniylar lashkarboshchisi Xuroson hokimi Abuali Simjuriy u bilan muzokara olib borgan. Somoniylarning boshqa lashkarboshchisi, Balx hokimi Foyiq Raboti Malik yaqinidagi Bug‘roxonga qarshi jangda, har tomonlama ustunlikka ega bo‘lishiga qaramay taslim bo‘ladi. Iloq hokimi Mansur ibn Ahmad esa, hoqonga tobe’lik bildirib, uning nomiga pul zarb etadi. Buxorodan Qoshg‘arga ketayotganda Bug‘roxon kasallanib vafot etadi. Bundan foydalangan Nuh ibn Mansur taxtni qayta egallaydi.


996 yili Qoraxoniylar xoni Nasr Buxoroni yana bosib oladi. Somoniylar lashkarboshisi Abul Ibrohim Ismoilning (Muntasir) Buxoroni ozod etish yo‘lidagi urinishlari 1005 yilda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Somoniylarning G‘aznadagi noibi Sabuktegin 997 yilda vafot etdi. O‘rniga uning o‘g‘li Mahmud G‘azna hokimi bo‘ldi. Somoniylar amiri Mansur ibn Nuh (997-999) uning ta’sirida edi.
1001 yilda, Sulton Mahmud Qoraxoniylar xoni Nasr bilan shartnoma tuzib, Amudaryoni ikki o‘rtadagi chegara qilib belgiladi. Somoniylar davlati o‘rnida ikki ulkan davlat tashkil topdi:
Birinchisi-Qoshg‘ardan Amudaryogacha cho‘zilgan Sharqiy Turkistonning bir qismida, Yettisuv, Shosh, Farg‘onaning qadimgi hududlarini o‘z ichiga olgan Qoraxoniylar davlati.
Ikkinchisi-Shimoliy Hindiston sarhadlaridan Kaspiy dengizining janubiy qirg‘oqlarigacha cho‘zilgan hamda hozirgi Afg‘oniston va Shimoli sharqiy Yeronni o‘z ichiga olgan G‘aznaviylar davlati edi.
Iloq hokimlari nomigagina qoraxoniylarga qaram bo‘lib, o‘z yurtlarini mustaqil ravishda boshqarganlar. Iloqdagi dehqonlar sulolasining asoschisi Mansur ibn Ahmadning o‘g‘li Muhammad ibn Mansur (1004-1008) bo‘lgan. Uning o‘g‘li Abushujo Solor ibn Muhammad (1008-1009) qoraxoniylar xoni Ahmad ibn Aliga qaram bo‘ldi. Iloqda Nasr ibn Alining uchinchi ukasi Muhammad ibn Ali (1010-1015) Inoltegin laqabi bilan pul zarb qilgan. Unga Iloq, Xo‘jand, Taroz mulklari tobe’ bo‘lgan. Chug‘rotegin Husayn ibn Mansur (1016-1030), Muhammad Yusuf Bug‘roxon (1032-1057)ning poytaxti Shosh edi. To‘g‘rultegin Qoraxon Yusuf (1068-1075) zamonida Iloq Sharqiy Qoraxoniylar davlatiga qaram bo‘lgan.
XI asr o‘rtalarida tamg‘ochxon unvonini olgan qoraxoniy Ibrohim ibn Nasr g‘arbiy Qoraxoniylar davlatining poytaxtini O‘zgandan Samarqandga ko‘chirdi.
1068 yilda, Movarounnahrda qoraxoniy Ibrohim ibn Nasr o‘g‘illari o‘rtasida taxt uchun kurash boshlandi. Kurashda Shamsulmulk g‘alaba qozondi. Shamsulmulk Abulhasan Nasr ibn Ibrohim (1068-1080) davrida Buxoroda katta qurilish ishlar olib borilgan.
1080 yilda Shamsulmulk vafotidan keyin Movarounnahrda hokimiyat uchun kurash avj oladi. Bundan foydalangan saljo‘qiy sulton Malikshoh 1089 yili Movarounnarga bostirib kirdi. Buxoro va Samarqandni zabt etib, xon Ahmadni asir oldi. Ammo, Ahmad bilan sulh tuzib uni o‘z taxtida qoldiradi. Qoraxoniy Ahmadning saljo‘qlarga itoatkorligi amirlar va ruhoniylar noroziligiga sabab bo‘ldi. Natijada u 1095 yilda o‘ldirildi.
Ahmaddan so‘ng taxtga o‘tirgan Arslonxon (1102-1130) zamonida qoraxoniylar garchi yarim mustaqillik sharoitida siyosat yurgizgan bo‘lsalar ham, Samarqand shahrining obodonligi bo‘yicha katta ishlar qildilar. Harbiy qo‘mondonlar va ruhoniylar Arslonxon hokimiyatidan norozi edilar. Arslonxon betobligi tufayli hokimiyatni o‘g‘li Nasrga topshiradi. Lekin fitnachilar Nasrni o‘ldiradilar. Arslonxon Marvdan Sulton Sanjarni yordamga chaqiradi. Bundan foydalanib, Sanjar 1130 yili Samarqandni egallaydi.
XII asr boshlarida qoraxitoylar Bolasog‘unni egallaydilar. 1138 yilda qoraxitoylar go‘rxoni Sulton Sanjarning qarindoshi, Samarqand hukmdori Mahmudni Xo‘jand yaqinida mag‘lub etadi. Shahar talanib katta tovon undirilgan bo‘lsa-da, bosib olinmadi.
1141 yilda qoraxitoylar yana Movarounnahrga bostirib kirdilar. Bu gal jang Samarqand yaqinidagi Qatvon cho‘lida bo‘ldi. Jangda sulton Sanjar bilan Mahmudning birlashgan kuchlari tor-mor keltirildi. Har ikki tomondan 30 mingga yaqin kishi o‘dirildi. Sulton Sanjar va Mahmud Termiz tomon chekindilar. Sulton Sanjar xazinasi, uning xotini Turkon xotun go‘rxon qo‘liga o‘lja tushdi. Qoraxoniylar Samarqand va Buxoroni egalladilar.
Samarqandning qoraxoniylar sulolasiga mansub bo‘lgan keyingi xonlari, ya’ni elekxonlar quyidagilardir:
Muhammad ibn Husayn (1170-1176), Muhammad Oqtosh Tafg‘ochxon (1176-1179), Ibrohim ibn Husayn (1178-1202), Usmon ibn Ibrohim (1102-1212).
O‘zganda Qodirxon ibn Ibrohim ibn Husayn (1183-1210), Iloq (Shosh)da (poytaxti Binkat) Shoh Qilichxon (1177-1183), Tafg‘och Hoqon (1195-1197), Oqdosh Chag‘rixon (1197-1206) hokim edi.
So‘nggi qoraxoniylar qoraxitoylarga tobe’likdan qutulgan edilar. Biroq, 1212 yilida Alovuddin Muhammad Xorazmshoh g‘arbiy qoraxoniylar davlatining hoqoni Usmonni o‘ldirib, Samarqandni o‘z mulklariga qo‘shib oldi.
Qoraxoniylarda Qoshg‘ar va Bolasog‘un poytaxt sanalib, ulug‘ xon shu shaharlardan birida qarorgohda o‘tirgan. Ulug‘ hoqon yoki ulug‘ xon ul-hoqon degan nomda yuritilgan. Arab manbalarida mazkur unvon sulton ul-salotin, fors tarix asarlarida shahanshohga muvofiq keladi. Aynan yuqoridagi oliy unvon qoraxoniylar davri kitoblarida tamg‘ochxon deb ham yutirilgan.
Qoraxoniylarga qarashli yerlar tamg‘ochxon tomonidan uning o‘g‘illari, qarindoshlari o‘rtasida taqsimlangan edi. Shu bois yer-mulk masalasida ota-o‘g‘il, amaki, jiyanlar hamda aka-uka-yu amakivachchalar o‘rtasida doimiy nizolar yuz berib, u siyosiy ahvolga salbiy ta’sir ko‘rsatib turgan.
Yettisuvdan turib Movarounnahrni boshqarish qiyin bo‘lgan. Qoraxoniylar davrida Samarqand elikxoni ancha kuchayib ketgan edi. Saroyda somoniylar davlatida bo‘lganidek vazir, sohibbarid, mustavfiy, hojib, rayis-muhtasib kabi amaldorlar bo‘lgan. Qoraxoniylar davlatida imom, sayyid, shayx, sadrlar mavqei kuchli edi.
Qoraxoniylar davlati boshlig‘i lavozimi, xoqonning taxti merosiy sanalgan. Ma’muriy idoralar ikkiga bo‘lingan: dargoh va devonga. Xoqonning ulug‘ hojibi xoqon bilan fuqaro o‘rtasida vositachilik qilgan. Xoqon saroyida quyidagi amaldorlar bo‘lgan: og‘ichi-shoyi kiyimlar xazinachisi; biruk-mehmonlarni qabul qilish bo‘yicha mutasaddi; oshchi-xoqon oshxonasi boshlig‘i (bog‘archi); bitikchi-munshiy; kotib-mirza; qushchi-hoqon ovining tashkilotchisi.
Xoqon harbiy qo‘shinlari cherik deyilgan, unga suboshi, yoki sipohsolor qo‘mondonlik qilgan. Kichik zobit chovush, sipohiylar to‘dasi qo‘mondoni xaylboshi deyilgan. Qo‘shin o‘nlik, yuzlik, mingliklarga bo‘lingan. Qoraxoniylar xoqoni qo‘shi (harbiy lager) xonto‘y deyilgan. Xoqon qo‘shida doim 9 ta sariq bayroq xilpirab turgan. Hoqonlikda elchini yalavoch yoki yalafar deb atalgan.
Xoqonlik hududlari el, viloyatlarga bo‘lingan. Ijtimoiy tuzumda mavqei ancha baland hisoblangan yirik zamindorlar-dehqonlar qatlami qoraxoniylar davrida o‘z ahamiyatini yo‘qotdi. O‘rta Osiyo ko‘hna zodagon toifasining bunday ahvolga tushishiga asosiy sabab siyosat maydonida yuz bergan sulolalar o‘rtasidagi taxt almashuvi, eng ta’sirli jihati esa ko‘chmanchilik sharoitiga moslashgan el-uluslarining o‘troq aholi hududlarining ishg‘ol etishidir.
Somoniylar zamonida mazkur sulola uchun xos markazlashgan davlat tuzumidan qoniqmagan aslzoda dehqonlar qoraxoniylarni qo‘llab-quvvatlagan edilar. Yirik xonadon sohiblari-qoraxoniylar hokimiyatda uzoq davr turisha olmadilar va vaqti kelib biz hududimizning asosiy hukmdorlari bo‘lib qolamiz deb o‘ylashgan edi. Ularning bunday rejalarini tushungan yag‘mo va chigillarning boshliqlari zodagonlarni quvg‘in qila boshladilar. Buning oqibatida keksa boy qatlam vakillari o‘z ekinzorlari, uy-joylari, mulklari va boyliklaridan mahrum bo‘ldilar. Dehqon degan nom endilikda faqat oddiy jamoatchiga nisbatan aytiladigan bo‘lib qoldi. Aslzodalar o‘zlarining daromad manbayi-er-mulkdan mahrum bo‘la boshlagan sari oddiy jamoatchi ziroatkorlar ijarachilarga aylana bordilar. Bu paytda yerlar egasiz va qadrsiz bo‘lib qoldi. Unumdor joylar yaylovlarga aylandi. Biroq keyingi voqealar jarayonida Movarounnahr ijtimoiy hayotida jonlanish yuz berganligi haqida ma’lumotlar bor.
Qoraxoniylarda oddiy xalq budun deyilgan. Soliq to‘lovchi fuqaro rayiyyat deb atalgan. Qabila boshliqlari bek deyilgan, savdogarlar sart deb atalgan. Qoraxoniylar davlatida hunarmandchilik (kulolchilik, to‘quvchilik, shishasozlik, temirchilik, zargarlik), shuningdek ziroat va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlovchi sohalar taraqqiy etgan. Shuningdek, qimmatbaho toshlar, oltin, mis, temir qazib olingan. Shaharsozlik inshootlari pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan. Xonlikda yer egaligining iqta’ shakli keng tarqalgan. Manbada shunday deyiladi: “Iqtaga sohib bo‘lganlar (muqtalar) shuni bilishlari lozimki, ular faqatgina rayiyyatdan haq molini yaxshilik bilan olishga haqlidirlar va odamlar o‘z tanuv mollari, bola-chaqalari, asbob-uskunalari bilan xavfsiz bo‘lishlari shart. Agar odamlar saroyga kelib, o‘z hollarini ma’lum qilmoqchi bo‘lsalar, ular qarshilik qilmasinlar va qaysi bir muqta shunday qilsa qo‘lini qisqartirib, iqtasini tortib olish, o‘ziga jazo berib, boshqalarga ibrat etib ko‘rsatish kerak. Ularga shuni bildirib qo‘yish lozimki, mulk ham, rayiyyat ham xonnikidir. Muqtalar va valiylar ularni boshlarida shahnadek turib, podshohni rayiyyat bilan birga xavfsizlikdan saqlaydilar (“Siyosatnoma”). Xoqon, vaqf, jamoa mulklari qoraxoniylar tasarrufidagi asosiy yer-mulklar hisoblanadi.
Qoraxoniylar davlatida saljuqiylarda bo‘lgan kabi iqta’ egasi o‘z mulkida ishlayotgan ziroatkorlardan belgilangan miqdorda qonun bilan qayd etilgan soliqdan boshqa ortiqcha mahsulot yoki haq olishga huquqi bo‘lmagan. Majburiy ravishda biror-bir mahsulot tortib olinsa, bunday vaziyatda iqta’ning ma’lum miqdori qirqib olingan, yoki umuman tortib olingan.



Download 1.88 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   24   25   26   27   28   29   30   31   ...   100




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling