O‘zbekiston Prezidenti Moskvaga jo‘nab ketdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 5 fevral kuni rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasiga jo‘nab ketdi.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik 2005 yili imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma ruhida rivojlanib bormoqda. Bunda mamlakatlarimiz rahbarlarining o‘zaro hurmat va ishonchi, hamkorlikni kengaytirish, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi qarashlari o‘xshash ekanligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston tashqi savdosining 30 foizdan ortig‘i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Eksport va import tarkibi ham boy – mashina va uskunalar, energiya manbalari, qora va rangli metallar, paxta tolasi, plastmassa, yog‘ochni qayta ishlash, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari. 2007 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 48 foizga ko‘paydi va 4,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.
O‘zbekistonda rossiyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan 527 korxona, Rossiya firma va kompaniyalarining 139 vakolatxonasi ishlab turibdi. Rossiyada esa O‘zbekiston sarmoyadorlari bilan birgalikda tuzilgan 293 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Moskvada bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarining bugungi ahvoli va istiqbollari, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka oid masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar muhokama qilinadi. Tashrif davomida turli sohalarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga doir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi mo‘ljallangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |