O`ZBEKISTON XALQLARI MADANIYATI TARIXI
fanidan
(MA`RUZA MATNI)
TO`M-19/1, TO`M-19/2, TO`M-19/3, guruh uchun
5-Mavzu: Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrida madaniyat (XIX asrning birinchi yarmi - XX asrning boshlari)
“Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrida madaniyat” mavzusini yoritish jarayonida o`qituvchi Rossiya imperiyasining Turkistonda ustamlakachilikni kuchaytirish siyosatiga e‘tibor qaratadi. Ular bu ishni turli vosita va usullar bilan olib bordi. Ana shu usullardan biri Turkiston o`lkasiga rusiyzabon xalqlarni ommaviy suratda ko`chirish, mahalliy halqni qorong`ulik va zabunlikda saqlash edi.
Xalq maorifi tarmoqlari qattiq nazorat ostiga olindi, ruscha tartib-qoidalar joriy qilindi. Imperiyaning Turkiston xalqlariga nisbatan «ma‘rifatparvarlik» siyosatini Tashqi ishlar vazirligi amaldoridan birining e‘tirofi aniq ifodalab beradi. U «O`rta Osiyo xalqlari o`z jaholatlari qorong`uligida tentirashlari uchun ularni madaniyatdan yiroq tutish lozim», deb yozgan edi. (K.YE. Bendrikov. Ocherki po istorii narodnogo obrazovaniya v Turkestane (1865-1924). M., I960. Str. 27.)
Rus ma‘muriyati mahalliy musulmon aholisining diniy e‘tiqodi, his-tuyg`usiga nisbatan dushmanlik ko`zi bilan qarab, ularni «tuzemets» deb ataganlar va ikkinchi toifadagi fuqarolar sirasiga kiritganlar.
Rossiya imperiyasi ta‘lim, fan va madaniyat sohasidagi siyosatini mustamlakachilik manfaatlariga buysundirgan edi.
XIX asrning ohirgi choragidan Turkistonda rus-tuzem maktablari tashkil topa boshladi. Ularni ochishdan asosiy maqsad mustamlaka o`lkalari uchun tarjimonlar tayyorlash bo`lib, rus amaldorlariga ruschani yaxshi bilgan kadrlar kerak edi. Shuning uchun bu maktablardagi asosiy ta‘lim mahalliy bolalarni keng bilimdon qilib tarbiyalash emas, balki faqat rus tilini egallashga qaratilgan.
Rus-tuzem maktablarida o`quv kuni ikki qismdan iborat bo`lib, birinchi kismda ikki soatlik mashg`ulotni rus o`qituvchisi (o`quv, yozuv, hisob buyicha), ikkinchi qismda saboqni o`zbek muallimi olib borgan. Birinchi rus-tuzem maktabi 1884 yil 19 dekabrda Toshkentda tashkil etilgan. 1917 yil boshlarida hozirgi O`zbekiston hududida shunday maktablarning 84 tasi faoliyat ko`rsatgan. Mahalliy aholi uchun eski maktab hamda madrasalar asosiy ta‘lim o`choqlari bo`lsada, ular bilan bir qatorda rus mustamlakachilari va musulmon mutaassiblari hohish va irodasidan qat‘i nazar, yangi usul - jadid maktablari tashkil topa boshladi.
Turkistonni Rossiya imperiyasi bosib olganidan so`ng nima uchun rus olimlari o`lkaning tabiati, tabiiy boyliklari, iqtisodi va tarixini o`rganish ishlarini ko`paytirganlar, degan savol bilan talabalarga murojaat qilinadi. So`ngra ularning javoblari umumlashtirilib, mustamlakachi ma‘murlarning bu sohani o`rganishdan manfaatdorligini asoslab berish bilan birga, ilmiy jamiyatlar, muassasalarning tashkil topishi va o`lkaning ilmiy jihatdan tadqiq etilishi ilm-fanning rivojiga turtki bo`lganligi ta‘kidlab o`tiladi.
Umuman, bu davr ilm-fani, adabiyoti va san‘atida Yevropa madaniyatining ta‘siri ko`zga tashlana boshladi.
Adabiyotning mazkur davriga nazar solinsa, iste‘dodli o`zbek shoir va adiblaridan Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Avaz O`tar, Xamza, Behbudiy, Fitrat, Abdulla Qodiriy kabilar yashab ijod qildilar. Qoraqalpoq adabiyotining yorqin namoyandalaridan Ajiniyoz va Berdaq shular jumlasidandir. Ular jamiyat illatlari- jaholat, nodonlik, qoloqlikka qarshi kurashib, o`z asarlarida mustamlakachilik sharoitidagi halqning irodasini, milliy va ijtimoiy ozodlikka erishish yulidagi his- tuyg`ularini ifodalashga intildilar. Proza va publitsistka paydo bo`ldi. Shuningdek, ma‘rifatchilik mafkurasi, milliy - ozodlik g`oyasi, milliy ruh bu yangi adabiyotning muhim xususiyatiga aylandi.
asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Turkiston tasviriy sanati o`zining yangicha shakllanish davriga asta-sekin kirib kela boshladi. Asosan bu davrga Yevropaning ilg`or tasviriy san‘ati ananalari rus va boshqa halqlarning vakillari orqali o`z ta‘sirini o`tkazdi. Asta-sekin mahalliy an‘analar bilan uyg`un rivojlangan tasviriy san‘atimiz rivojiga M. Novikov, L. Bure, S. Yudim, I.Kazakov,
P. Kuznetsov, T. Nikitin, O. Tatevosyan singari rassomlar salmoqli hissa qo`shdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |