O’zbekistonning eng yangi tarixi kafedrasi
Ilm-fan va ilmiy texnika sohasining rivojlanishi
Download 0.52 Mb.
|
УМК Ўзб.энг янги тарихи 2021-22
- Bu sahifa navigatsiya:
- Karimov I.A. O‘zbekiston buyuk kelajak sari. -T.: O‘zbekiston, 1998. B. 625.
- O‘zbekiston iq
- T.: O‘zbekiston Milliy ensiklo
2.Ilm-fan va ilmiy texnika sohasining rivojlanishi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi. Mamlakat va millat kelajagi ko‘p jihatdan ilm-fan hamda jamiyatning intellektual salohiyatiga bog‘liq. Eng zamonaviy ilmlarni egallamasdan, mamlakat milliy manfaatlariga xizmat qiluvchi fan sohalarini rivojlantirmasdan, fundamental, nazariy tadqiqotlar olib bormasdan jamiyatni taraqqiy ettirish mumkin emas. Islom Karimov respublikaga rahbar bo‘lib tayinlangan kundanoq boshqa sohalar singari ilm-fan sohasiga ham muhim e’tibor qaratdi O‘zR Fanlar akademiyasi respublika taraqqiyotida amalga oshirilayotgan va barcha sohalarda sodir bo‘layotgan islohotlar samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutadi. 1989 yil 28 noyabrda O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Islom Karimov ilm-fanni yuksaltirish borasida mavjud muammo va vazifalarga atroflicha to‘xtalib, fan sohasidagi kadrlarni ko‘paytirish va yoshartirish zarurligini alohida ta’kidlagan edi. Respublika rahbariyati tomonidan 1990 yildan boshlab mamlakat va chet ellardagi nufuzli ilmiy markazlar doktoranturalarida amaliyot o‘tash uchun yosh olimlarimizga yuzta o‘rin ajratish masalasini SSSR Fan va texnika davlat komiteta oldiga qo‘yilishi bu boradagi ulkan amaliy tadbirlarning debochasi edi. Mazkur taklifda biotexnologiya, molekulyar genetika, robototexnika sistemasi, mashinasozlik texnologiyalari, demografiya iqtisodiyoti kabi sohalarda, fan-texnika taraqqiyotining boshqa asosiy yo‘nalishlarida ilmiy kadrlar tayyorlash ko‘lamini kengaytirish masalasi ham ilgari surilgan edi. Unda ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish, olimlar faoliyatini respublika xo‘jaligi taraqqiyoti uchun ustuvor bo‘lgan sohalarga yo‘naltirish belgilandi. "Fanga iste’dodli yoshlarning kirib kelishini ta’minlash uchun oliy maktabning, hatto, umumta’lim maktablarining faoliyati takomillashtirilishi rejalashtirildi. Ushbu rejalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun quyidagi vazifalar belgilandi: -iste’dodli va iqtidorli yoshlarni izlab topish, qo‘llab-quvvatlash hamda ularning qobiliyatini rivojlantirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish; -maxsus respublika fondini tashkil etish hamda iqtidorli bolalar uchun maktablar va internatlar tarmog‘ini vujudga keltirish, yosh olimlar uchun turli mukofotlar ta’sis etish; -fanni mablag‘ bilan ta’minlash muammolarini puxta ishlab chiqish, yangi institutlar tashkil etish, mavjud institutlarni o‘zgartirish; -suv muammolari va atrof muhitni muhofaza qilish instituti va boshqa bir qancha institutlarni tuzish; -respublikada uzog‘i bilan 2010 yilgacha ilmiy siyosat konsepsiyasini xamda O‘zbekistonda fan va texnikani rivojlantirishning tegishli dasturini ishlab chiqish. O‘zbekiston rahbari jamiyat taraqqiyotida olimlarning o‘rni masalasiga to‘xtalib o‘tar ekan, "Hozir har bir olim, ayniqsa, jamiyatshunos olim o‘z ilmiy faoliyatini respublika muammolariga, o‘z xalqi va butun mamlakatimiz taqdiriga muvofiqlashtirishi lozim. Ravshanki, bunday intilish jamiyatshunos olimlar ilmiy va ijtimoiy faoliyatining birligi xarakterini, ularning respublika ijtimoiy hayotidagi amaliy ishtirokini belgilab berishi kerak", deb ta’kidlash bilan birga, ilmiy xodimlar o‘z fikrlarini erkin, mas’uliyat bilan ifoda etishlari uchun sharoit yaratish, ularning ijodiy va ijtimoiy faolligini rag‘batlangirish, ilmiy tadqiqotlarni bajarish uchun davlat buyurtmalarining tanlov tizimini shakllantirishini ham bayon etdi. O‘zbekistonda mustaqillik yillarida ilm-fanning rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Iqtisodiy qiyinchiliklar, o‘tish davri muammolariga qaramasdan, mavjud ilm-fan infrastrukturasi bir tomondan saqlab qolindi, boshqa tomondan esa uning yanada rivojlanishi uchun huquqiy, ma’naviy, iqtisodiy asoslar yaratildi. Ilm-fan rivojiga mamlakat rivojlanishining ustuvor yo‘nalishi sifatida qaraldi. O‘zR rahbari ta’kidlaganidek, "Mamlakatni jadal rivojlantirish borasidagi dasturiy vazifalarni amalga oshirishda fanni va ilmiy infrastrukturani rivojlantirish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Tarixan O‘zRda shakllangan intellektual salohiyat XXI asr bo‘sag‘asida o‘zining rivojlanish darajasi jihatidan, innovatsion kashfiyotlar imkoniyatlari bilan hozirgi vaqtda jahondagi ko‘pgina rivojlanayotgan mamlakatlardan ilgarilab ketgan" (Karimov I.A. O‘zbekiston buyuk kelajak sari. -T.: O‘zbekiston, 1998. B. 625.) Mustaqillikning dastlabki yillarida respublika Fanlar akademiyasi oldida qisqa vaqt ichida ilmiy tadqiqotlarni rejalashtirish sohasida zamonaviy talablarga mos tizimni yaratish, O‘zbekistonda ilmiy tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik ishlarini mablag‘ bilan ta’minlashning samarali tizimini shakllantirish, ilmiy-tadqiqot muassasalarining moddiy texnikaviy hamda tajriba bazasini rivojlantirish kabi aniq va muhim vazifalar turardi. 1991 yilga kelib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasida asosiy fondlarning 34 foizi, fondlar faol qismining 46 foizi yemirilib, ishdan chiqib bo‘lgandi. Ularni sotib olish uchun berilgan talabnomalar SSSR Fanlar akademiyasining moddiy-texnika ta’minoti idoralari tomonidan atigi 25-28 foizga qondirilgandi, xolos. Mazkur ehtiyojlar uchun valyuta mablag‘lari deyarli ajratilmagandi. O‘zbekiston hukumati bunday ziddiyatli vaziyatni o‘z vaqtida anglab yetdi. 1992 yil yanvarda O‘zbekistonda fan-texnika taraqqiyotini yanada jadallashtirish maqsadida Respublika Kengashi tashkil etildi. Ilm-fanning ustuvor ahamiyagga ega ekanligini e’tiborga olib, mamlakat Prezidenti 1992 yil 3-4 mart kunlari bo‘lib o‘tgan Fanlar akademiyasining yig‘ilishida qatnashdi va nutq so‘zladi. Shuningdek, 1991-1992 yillarda O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirish, uni xalkdro andozalar darajasida taraqqiy etishini ta’minlashga oid qator tadbirlar o‘tkazildi. Bu o‘rinda O‘zRning birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1992 yil 18 fevraldagi Farmoniga binoan O‘zR Fan va texnika Davlat qo‘mitasi tuzilganini alohida ta’kidlash lozim. Shuningdek, mamlakat rahbarining 1992 yil 31 martdagi Farmoniga binoan Oliy Attestatsiya Komissiyasi (OAK) ham tashkil etildi O’zR Prezidentining 1992-yil 8-iyuldagi „Ilm-fan va innovatsiya faoliyatini rivojlantirishni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash to‘g‘risida“gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining mazkur farmonning ijrosini ta’minlashga yo‘naltirilgan qarori ilm-fan taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Respublika Fanlar akademiyasi qoshida Ilmiy ishlanmalarni ichki va tashqi bozorda targ‘ib etuvchi va tarqatuvchi innovatsiya tijorat markazi tashkil etildi. 1997-yilda Prezident farmoni bilan Xorazm Fanlar akademiyasi qayta tiklandi. 1992 yil 5 mayda O‘zR Fanlar akademiyasi umumiy majlisida yangi Nizom qabul qilindi. O‘zR Vazirlar Mahkamasi 1992 yil 14 avgustda o‘z qarori bilan mazkur Nizomni tasdiqladi. Shuningdek, O‘zR Fanlar akademiyasi muassasalari va tashkilotlari xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlari O‘zR Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 26 dekabrdagi yagona tarif jadvaliga muvofiq qayta ko‘rib chiqildi. Yangi Nizomga binoan, ilmiy-tadqiqotlar mavzulari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi muassasalari va tashkilotlarining takliflari asosida, fundamental tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish va saviyasini oshirishni, ilmiy ishlanmalarning amaliy ahamiyatini, ularning ustuvor yo‘nalishlarga muvofiqligini hisobga olgan holda shakllantirilishi belgilandi. O‘zRning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1992 yil 8 iyuldagi "Fan va innovatsiya faoliyatining rivojlanishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi Farmoni, uni amalga oshirish yuzasidan O‘zR Vazirlar Mahkamasining "Fanning rivojlanishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tadbirlari va innovatsion faoliyat haqida"gi qarori mamlakat ilmiy salohiyatini yanada oshirishda muhim omil bo‘ldi. O‘zbekistonda ilm-fanni yanada rivojlantirish, bu boradagi ish samaradorligini oshirish maqsadida O‘zR Vazirlar Mahkamasining 1992 yilda "Fan va innovatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat Fanlar akademiyasi faoliyatini tubdan yaxshilash, umuman, ilm-fanning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etdi. Fanlar akademiyasi institutlarining 64 ta ishlanmalari xalq xo‘jaligi turli tarmoqlariga joriy etildi, yana 55 ta ishlanma amalda foydalanishga tayyorlab qo‘yildi. Ilmiy-tadqiqot ishlari rejasini bajarish uchun 1992 yilda davlat byudjetidan 440,1 mln. so‘m ajratildi. Bu 1991 yildagiga nisbatan 366,4 mln. so‘m ko‘p edi. O‘zRning birinchi Prezidenti Islom Karimov 1993 yil 5 noyabrda Respublika Fanlar akademiyasining 50 yillik yubileyiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda nutq so‘zlab, mazkur ilmiy dargoh oldida turgan muhim vazifalarni belgilab berdi. O‘zR Fanlar akademiyasi tarkibida 107 nafar akademik bo‘lib, ulardan 8 nafarini ayollar tashkil etadi. O‘zbek olimlari tomonidan topilgan ixtiroga Prezidengimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan "Samarkand" nomi berildi. 2010 yil 27 mayda Garvard Xalqaro kichik sayyoralar markazi olimlari bu yangilikni e’tirof etishdi va bu yangilik 70135 sirkulyari orqali butun dunyoga e’lon qilindi. Ta’lim muassasalariniig ilm-fanga oid faoliyati. O‘zbekistonda ilm-fanni, xususan, uni oliy ta’lim tizimida rivojlantirish yo‘lida qator konseptual muammolar mavjud edi. Birinchidan, SSSR tomonidan milliy respublikalarda ilm-fanning barcha sohalarini xar tomonlama rivojlantirishdan manfaat yo‘q edi, zero, bu narsa milliy kadrlarning shakllanishiga, pirovard natijada milliy o‘zlikni anglash jarayoniga ta’sir etar edi. Ikkinchidan, sobiq markaz milliy respublikalarda asosan xom ashyo sohasini rivojlantirishga, faqat qishloq xo‘jaligida zarur bo‘lgan ilmiy ishlanmalarni tadqiq etishga e’tibor qaratdi. Uchinchidan, oliy ta’lim tizimida ijtimoiy-gumanitar fanlar asosan "ijtimoiy buyurtma" asosida "rivojlandi". 1990 yilda O‘zbekistonda 44 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, mustaqillikning dastlabki yillaridanoq, ularning soni va sifatini oshirishga e’tibor berildi. Prezidentning 1992 yil 28 fevraldagi Farmoni bilan 8 ta viloyatdagi pedagogika institutlari universitetlarga aylantirildi. Shu bilan birga, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Toshkent moliya instituti, Navoiy konchilik instituti va boshqa eng zarur zamonaviy mutaxassisliklar bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari ochildi. 1997 yilda oliy ta’lim tizimidagi 58 ta oliy o‘quv yurti, jumladan, 16 ta universitet va 42 ta institut da 164 ming talaba ta’lim oldi. 16 ta universitetning 12 tasi mustaqillik yillarida tashkil etildi. Oliy o‘quv yurtlarida ishlayotgan 18,5 ming professor-o‘qituvchilarning 52 foizini fan doktorlari va fan nomzodlari tashkil etdi. Oliy o‘quv yurtlarining 14 tasi texnik, 3 tasi iqtisodiy, 15 tasi gumanitar, 6 tasi pedagogik, 7 tasi tibbiy, 4 tasi agrar, 12 tasi tarmoq mutaxassisliklarini tayyorlashga ixtisoslashgan (O‘zbekiston iqtisodiyoti asoslari. -T.: O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi. 2006. B. 51.). Kuchli ilmiy asosga ega bo‘lgan ilmiy maktablar haqida so‘z yuritganda, O‘zbekiston Milliy universitetini alohida ta’kidlash lozim. 1990 yilda bu muassasada 1563 nafar kishi ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullandi. Ularning 116 nafari fan doktorlari, 911 nafari fan nomzodlari edi. 1990 yilda ilmiy-tadqiqot ishlari 43 bo‘lim, laboratoriya va ilmiy guruhlar tomonidan amalga oshirildi. Vaholanki, 1986 yilda ularning soni 12 ta edi, xolos. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Milliy universiteti "Yevroosiyo Universitetlar Assotsiatsiyasi" a’zosi bo‘ldi. Universitetning Fizika fakulteti Rossiya, Yaponiya, Germaniya, Turkiya, Isroil kabi davlatlar bilan ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Ximiya fakulteti Rossiya Fanlar akademiyasi, Belgrad, Stambul universitetlari bilan jiddiy hamkorlikda ilmiy-tadqiqotlar olib bordi. 2000 yilda O‘zR Prezidentining Farmoniga binoan, Toshkent Davlat universitetiga "O‘zbekiston Milliy universiteti" nomi berildi. Samarqand davlat universiteti ilmiy jamoasi ham universitetda ishlab chiqilgan yangilik va ixtirolarni ishlab chiqarishga joriy etishda muayyan yutuqlarga erishdi. Bunda "Biologiya", "Ximiya", "Fizika", "Amaliy matematika" va "Geografiya" fakultetlari faollik ko‘rsatdi. Birgina 2000-2002 yillarda universitetning ilmiy kutubxonasiga 100 ming AQSH dollari hajmida turli tillardagi adabiyotlar olindi. Farg‘ona Politexnika instituti olimlari Moskva Aviatsiya instituti, Sankt-Peterburg Iqtisod-muhandislik, Texnologiya institutlari, Saratov davlat texnika, Qozon davlat energetika, Tyumen davlat universitetlari, Belgiyaning Mone politexnika instituti, Bryussel universiteti kabi nufuzli ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. 2011 yil 20 mayda O‘zR Prezidentining "Oliy ta’lim muassasalarining moddiy texnik bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarori qabul qilindi. Unda oliy ta’lim muassasalarini modernizatsiya qilish, ularni zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash, ta’lim jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, ilg‘or pedagogik texnologiyalar hamda o‘qitish shakllarini joriy etish, o‘qituvchi kadrlar mehnatini rag‘batlantirishni kuchaytirish asosida iqtisodiyotning soha va tarmoqlarida talab qilinadigan oliy ma’lumotga ega mutaxassislarni tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash maqsadlarini amalga oshirish nazarda tutildi. Qarorga binoan 2011-2016 yillarga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqildi va uni amalga oshirish uchun 277 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltiriddi. 2012 yil 10 dekabrda imzolangan "Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident Qarorida chet tillarni o‘qitishning kompleks tizimi, ya’ni uyg‘un kamol topgan, yuksak ma’rifatli, zamonaviy fikrlaydigan yosh avlodni shakllantirish, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuviga yo‘naltirilgan tizimni yanada kuchaytirish nazarda tutilgan. Ushbu qarorda yoshlarni chet tillarga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, uni egallashlariga zamin yaratish maqsadida 2015-2016 o‘quv yilidan boshlab oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonida kirish testlari blokiga chet tilining kiritilishi belgilab qo‘yildi. 2012 yil 16-17 fevral kunlari poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida "Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti" mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazildi, unda davlatimiz rahbari ma’ruza qildi. Xalqaro konferensiyada dunyodagi 8 ta nufuzli xalqaro tashkilot va moliya institutlari, shuningdek, 48 ta davlatdan olim va mutaxassislar ishtirok etib, uzluksiz ta’lim sohasini rivojlantirish va yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashning milliy modelini yaratish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rgandilar. Bugungi kunda Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorida ta’lim yo‘nalishlari soni 139 tadan 195 taga, mutaxassisliklari soni 1145 tadan 1395 taga ko‘paydi. O‘zbekistonda ilmiy-texnika va innovatsiya siyosatining takomillashib yanada jadal tus olishiga O‘zR Prezidentining 2006 yil 7 avgustdagi "Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlapggirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi va 2008 yil 15 iyuldagi "Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tadbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorlari katta turtki berdi. 2008 yil 30 aprel - 2 may kunlari respublikamizda ilk marotaba "Innovatsion g‘oyalar va loyihalar" yarmarkasi tashkil etildi. Mazkur yarmarkada 559 ta shartnoma va protokollar imzolandi. Ularning umumiy qiymati 22119,05 mln. so‘mni tashkil etdi. Shulardan 278 tasi xo‘jalik shartnomalari, 281 tasi esa hamkorlik bayonnomalari. Tuzilgan 559 ta shartnomaning 109 tasi tog‘-metallurgiya, neft-gaz va kimyo tarmoqlari, 42 tasi farmatsevtika va tibbiyot, 47 tasi mahsulotlarni qayta ishlash, 99 tasi energetika, yangi materiallar va qurilish, 220 tasi qishloq xo‘jaligi, 10 tasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, 32 tasi mutaxassisliklar tayyorlash, marketing sohalariga tegishli edi. 2009 yil aprel oyida Toshkentda II Respublika innovatsiya g‘oyalari, texnologiyalari va loyihalari yarmarkasi o‘tkazildi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi va Iqtisodiyot vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda mamlakatimiz olimlarining iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha rivojiga xizmat qiluvchi eng istiqbolli ishlanmalari namoyish qilindi. Yarmarka davomida 13 mlrd. so‘mlik 300 ta shartnoma va bayonnomalar imzolandi. Jami 600 ta yangiliklar taqdim etilgan bo‘lsa, ularning 80 foizi o‘zbek olimlari tomonidan so‘nggi ikki-uch yil ichida yaratilgan loyihalar edi. 2013 yil 24-26 aprel kunlari VI Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi bo‘lib o‘tdi, unda olimlar va mutaxassislar tomonidan yaratilgan yangi ishlanmalarni joriy etish bo‘yicha qiymati 12 mlrd. 300 mln. so‘mdan ortiq 360 dan ziyod shartnomalar imzolandi. Mamlakatimizda 2016-2017 yildan boshlab Prezidentimiz SH.Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm fan va texnologiyalarni rivojlantirish borasida tub o‘zgarishlar amalga oshirila boshlandi. Sifat jihatidan yangicha mazmundagi qonun, qaror va farmon-farmoyishlar qabul qilindi. Ularni xronologik ketma-ketlikda ko‘rsatib o‘tamiz. 2016 yil 30 dekabrda SH.Mirziyoyev mamlakatimiz ilmiy jamoatchiligi vakillari bilan uchrashdi va “Ilm-fan yutuqlari Vatanimiz ravnaqiga xizmat qilsin” deb nomlangan ma’ruza qildi. 2021 yilga kelib Respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari soni 142 taga yetdi. Jumladan, davlat oliy ta’lim muassasalari 96 ta, nodavlat oliy ta’lim muassasalari 10 ta, xorijiy OTMlar va filiallari 25 tani tashkil etmoqda. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda kuchli ilmiy-texnik va innovatsiya jarayonlari yuz berdi. Ilmiy-texnika va innovatsiya siyosati tufayli respublikada ilmiy salohiyat oshdi. Ilmiy salohiyat fundamental ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish shart-sharoitlari va resurslarining mujassami sifatida respublika ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy ravnaqiga o‘zining sezilarli ta’sirini ko‘rsatdi. Download 0.52 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling