Ҳозирги замон достонларида тарихий воқелик ва шахс талқини


Doston janri taraqqiyotida sharq mumtoz an’analar


Download 220 Kb.
bet4/7
Sana30.04.2023
Hajmi220 Kb.
#1413841
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Hozirdiiy mahorat

1.2. Doston janri taraqqiyotida sharq mumtoz an’analar


Omon Matjon badiiy mahoratning yuqori pog‘onalariga ko‘tarilayotgan va g‘oyaviy-badiiy kashfiyotlar yaratish uchun izlanishda davom etayotgan ijodkor. Shoirning “Haqqush qichqirig‘i” kitobi uslubiy izlanishlardagi, boshqacha aytganda, adabiyotimizdagi muhim badiiy kashfiyotlardan bittasi bo‘ldi. Bu asar badiiy mahoratning cheksiz imkoniyatlarini kash etish yo‘lidagi samaralardandir.
Afsonalarga murojaat etish tajribasi Omon Matjonning “Haqqush qichqirig‘i” kitobi dunyoga kelguncha ham mavjud bo‘lib, bu hol adabiy jarayonda insoniyatning ma’naviy o‘tmishiga murojaat sifatida yetakchilik qildi.
Insoniyatning ma’naviy o‘tmishi – bu uning bizgacha yetib kelgan yozma va og‘zaki adabiyoti durdonalaridandir. Ijodkorlarimiz davr talabi, ma’naviy ehtiyojlarimiz tufayli ana shu og‘zaki adabiyot durdonalariga murojaat etib, ular yordamida zamonaga zarur bo‘lgan xulosalar chiqarishga harakat qilishdi va ma’lum ijodiy yutuqlarga erishishdi. Bunday asarlarning ilk namunalari she’riyatda Abdulla Oripov («Jannatga yo‘l») va Erkin Vohidov («Ruhlar isyoni») qalamiga mansub edi.
Abdulla Oripov «Jannatga yo‘l» asarida jannat, do‘zax so‘roq kabi tushunchalarga murojaat etib, shular vositasida hayotimizga oralab, ma’naviy olamimizga rahna solish havfini keltirib chiqarayotgan jiddiy nuqsonlarni fosh etadi. Hayotdan, inson ma’naviy ehtiyojlaridan uzoq yashab, «samo, gul, bulbul, quyosh, nur»larni o‘zicha madh etuvchi, beparvo, loqayd shoirlarni tanqid etib, shular barobarida davrning dolzarb muammolari haqida fikr yuritadi. Shoir adabiyot kurashchanlik ruhidan mahrum bo‘lsa, bu nafaqat uning, balki butun insoniyatning fojiasi degan xulosani ilgari suradi. Erkin Vohidov esa “Ruhlar isyoni” dostonida afsona va rivoyatlar yordamida bengal shoiri Nazrul Islom, unga o‘xshagan fidoyilar taqdirini, fojiali qismatini va bu fojianing bosh aybdori notinch davrning illatlarini fosh etadi. Omon Matjonning «Haqqush qichqirig‘i» kitobi ham fosh etish qudratining o‘ziga xosligi jihatidan yuqoridagi asarlar bilan bir qatorda turadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, bu uchta ijodkor badiiy mahorati, mushohada quvvati jihatidan navqiron avlod o‘rtasidagi tayanch ustunlardan hisoblanadi. Chunki ularning ijtimoiy fikrlash tarzi, dunyoga qarashlari, hayot va inson munosabatlari masalasiga munosabatlari bir-biri bilan mushtarak, lekin bu mushtaraklikka ularning o‘z shaxsiy his-tuyg‘ulari, qalb, ruh manzaralari, nuqtai nazarlari singib ketgan. YA’ni har bir shoir asarida o‘zining aql va qalb dialektikasini yaratgan. Shu ma’noda Erkin Vohidov ijodiga shunday bir nazar tashlasak, uning lirik qahramoni muloyim, samimiy, ammo inson sha’niga, uning hayotiga, yurt shuhratiga ziyon yetkazadigan har qanday hodisaga yoki narsaga nihoyatda beshafqat. Abdulla Oripov lirik qahramoni esa tamoman boshqacha. U yaxshilikdan quvona oladi, go‘zallikdan zavqlanadi, odamlarga faqat ezgulik istaydi. Ammo hayotning nursiz tomonlariga sirayam chiday olmaydi. Ana shunday paytda uning qalb navolariga ko‘proq mung oralab qoladi. Hayot uning ko‘ziga quvonch koshonasi emas, balki g‘amxonaday ko‘rinadi. Bundan ozor chekkan lirik qahramon g‘azab va nafratini ona xalq qaddini bevakt bukib, sochiga qor bo‘lib yog‘ayotgan adolatsizliklarga beayov sochadi. Adolat, poklik yo‘lini to‘sayotgan har qanday kuchning yo‘lida mustahkam to‘g‘onga aylanadi. Ular bilan hech qachon murosa qilolmasligini ochiq aytadi. Xullas,ezgulik uchun kurash Abdulla Oripov lirik qahramoni hayotining bosh mezoni.
Omon Matjon lirik qahramoniga kelsak, u o‘ta o‘ychan, og‘ir va bosiq. Bir qaraganda u hayot muammolari haqida ko‘p ham kuyib-yonmayotgandek tuyuladi. Ammo lirik qahramon har bir fikri, mushohadasi mag‘zini o‘ziday bosiqlik, o‘ychanlik, fikrchanlik bilan chaqilsa, uning qalbidagi maqsadlar, umidlar ummonining benihoya teranligi, his-hayojon, tuyg‘ular kamalagi nurlarining behad o‘tkirligi ko‘rinadi. Shoirning hayotni, inson ma’naviy olamini tushunish, qalbini o‘qish iqtidori ulkan va chuqur, yuzasi osoyishta ko‘rinuvchi, ammo tubi notinch va tezoqar daryoni eslatadi.
Mana shu har bir shoirdagi o‘ziga xosliklar zarur paytda, ya’ni insondagi ma’naviy yetuklikni qalban poklikni, tabiatan tozalikni himoya qilish borasidagi kurashlarga qo‘zg‘alganda, tabiiy ravishda, bir-biriga suyangan, bir-birini quvvatlagan holda mushtaraklik kashf etib ketaveradi. Buni shoirning she’riyati, “Jannatga yo‘l”, “Ruhlar isyoni”, “Haqqush qichqirig‘i” asarlarini qiyoslash bilan bemalol ko‘rish mumkin. Lekin bu o‘ringa qiyosiy tahlilga zarurat yo‘q. Shuning uchun “Haqqush qichqirig‘i” haqidagi fikrlarimizni davom ettiramiz.
Omon Matjon “Haqqush qichqirig‘i”ga Xorazm xalq afsonalarini to‘plab, ularga “libosi mavzun” kiydirdi. Unutilib borayotgan milliy, ma’naviy boyligimizni tarix qatlamlaridan izlab topib, ularni avaylab zamondoshlari e’tiboriga havola qildi. Shoir “Afsonalar – bolaligimizning oq qanotli qushlari. Ular bugun ham, ana yaqinginamizda – nurli ko‘zlari bilan kuzatib turganga o‘xshaydi bizni! Bu hammaga tanish tuyg‘u. Lekin yurtning – tug‘ilgan maskanning afsonalari qayerda boshlanadi? Kim to‘qigan ularni?!” – deb yozadi kitob so‘z boshisida. Darhaqiqat, kim to‘qigan ularni? Afsonalar oq qanotli qushlar! Ular shoirga yonginamizda turgandek tuyuladi. Shundaymikan? Bu savolga ha yoki yo‘q deb keskin javob berish mushkul. Chunki ular juda-juda qadim tarixga ega. Uni hammaning ham yonginasida o‘zi bilan birga odimlayotganday his qilmog‘i qiyin. Afsonalarni bizga yaqinlashtirish, ular yog‘dusi bilan ma’naviyatimizni nurlantirish vazifasini ayni paytda so‘z san’atkorlari bajarishyapti. Omon Matjonning mana shu kitobni yaratishining o‘zi ana shu xayrli ishning amalga oshishidir. «Afsonalar eng uzoq umr ko‘radigan, eng ko‘p ma’naviy xizmat qiladigan faxriy vatandoshlarimiz!»— deganda shoir nihoyada haq. Zero, shu haqiqatga suyanilganda so‘z san’atkorlarining zamondoshlarimiz qalbida faxriy vatandoshlarimizni muqimlashtirish, ularni qadrlash, e’zozlash tuyg‘usini tarbiyalashga kirishishlari xalq, adabiyot va san’at oldidagi beqiyos xizmatlaridan hisoblanadi.
Omon Matjon Xorazm vohasida tug‘ilib voyaga yetgan. Tug‘ilgan joy tuprog‘ining har bir zarrasi qiziqtiradi kishini. Bu tuproq farzand uchun bir umr qadrli, sehrli va muqaddas. Shuning uchun ham Omon Matjon Xorazm xalqi madaniyati, tarixi va taraqqiyoti bilan hamisha qiziqib keladi. Qadimiy, ilm, madaniyat, san’at maskani bo‘lgan, jahonga qomusiy olimlar yetkazib bergan bu vohaning o‘tmishi, buguni va kelajagi hamisha shoirning diqqat markazida.
Omon Matjon professor Umarali Normatov bilan “O‘ziga xoslik va mushtaraklik” mavzuidagi suhbatida: “Xorazm dunyoda bitta. O‘zbekiston bitta. Xorazm ham kata, ham kichik tushunchadir. Biron narsa haqida eng ko‘p balsam bun – Xorazmdir, oz balsam, bu ham Xorazm. Men hamma xalqlarning san’atlarini hurmat qilaman. Undagi etnik jilolar men uchun yanada qadrli. Chunki san’atni bosh omillar qatorida milliy-mahalli kolorit, etnik jilolar, ayniqsa farqlantirib turadi. Shu rang-baranglik bo‘lmasa dunyoda hamma narsa g‘ishtlardek bir xil bo‘lib qolar edi”, - deydi. Darhaqiqat, shoir badiiy ijodida o‘zining ushbu fikrlariga muntazam amal qilib keladi. Uning asarlariga Xorazm xalqi madaniyatiga xos bo‘lgan milliy mahalliy xususiyatlar jilo berib, yanada go‘zallik, barkamollik va o‘ziga xoslik baxsh etib turadi. Shoir o‘zi tug‘ilib o‘sgan joy tarixi haqida iloji boricha ko‘proq bilishga intiladi. Bilgan va bilmagan ganjlarini yana va yana kashf etishga, ulkan ma’naviy madaniyat yaratganajdodlar merosini mehr bilan avaylab avlodlarga yetkazishga harakat qiladi.
Omon Matjon ona yurt, ona xalq tarixining har bir sahifasini qalb, aql ko;zi bilan o‘qiydi. Ulardagi turli sahifalarni zamondoshlari nazariga tutadi. Bu sahifalardagi nur yuqorida ko‘rganizmiz dramatic dostonlarida ilm va madaniyat tarixida charaqlagan aql yog‘dulari bo‘lib porlasa, “Haqqush qichqirig‘i” kitobida xalq ma’naviy merosi, tafakkur durdonalari – afsonalar bag‘ridagi haqiqat gavhari sifatida namoyon bo‘ladi.
Taniqli adabiyotshunos Georgiy Lomidze o‘zining “Buyuk mushtaraklik tuyg‘usi” kitobida: “Yozuvchi tuprog‘ining yaqinligini doim his qilib turmog‘i kerak, chunki ona tuproq uning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shadi, hayoti va faoliyati uchun oziq beradi”, - deb yozadi. Bu fikrlar zamiridan turib, Omon Matjon ijodiga, ayniqsa, uning “Haqqush qichqirig‘i” kitobi mohiyatiga chuqurroq kirib borsak, tug‘ilgan maskaniga, ona yurtga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘usining naqadar kuchliligini, benihoyaligini, so‘zsiz anglaymiz.
“O‘zbekiston to‘lin kamalak! Xorazm uning bitta o‘tkir rangi! Bu rangning o‘z hayoti, o‘z falsafasi bor. Bu hayot, bu falsafa xorazmliklarning o‘tmishida, bugungi o‘ziga xos turmush tarzida, shuningdek, bizgacha yetib kelgan tirik ertak va afsonalarida namoyon bo‘ladi…Men bu kitobga jamlagan afsonalarga ehtiyot va e’tiqod bilan bilan yondashib, sayqal berdim, har kungi va abadiy ma’naviy ehtiyojlarimizga mos libosi mavzun kiydirdim”, - deb yozadi shoir. Darhaqiqat, Omon Matjon afsonalarni qayta ijod qilib, o‘zining shaxsiy – shoirona tuyg‘ulariga yo‘g‘irib, yildan-yil boyish o‘rniga qashshoqlashib borayotgan ma’naviy ehtiyojlarimizni qondirish uchun amalga oshirilishi nihoyatda zarur bo‘lgan vazifani bajardi, burchini o‘tadi. Bunda shoir erishgan yutuqlar, uning har bir afsonada aniq sezilib, ko‘rinib turadigan shaxsiy qarashlari, o‘zi ta’kidlaanidek, afsonalarga kiydirishga muvaffaq bo‘lgan “Libosi mavzuni”dadir. Omon Matjon afsonalarga shunday “libosi mavzun” kiydirganki, natijada ularning har biri xalqimizning yaratilayotgan va kelajakda bunyod etilajak tarixida hamda ma’naviy kamolotida oq qanotli qushlardek bemalol parvoz eta oladigan darajada qudratga ega bo‘ldi.
Shoir “Haqqush qichqirig‘i”ni “Tabiatning ikkinchi siri”afsonasi bilan boshlaydi. O‘quvchi bu sirning qandayligi bilan qiziqadi. Ammo shoirning “ikkinchi sir” mana bu degan lo‘nda xulosasini topa olmaydi. Shoir bir go‘zal tog‘ qishlog‘i manzarasini va undagi fojiani tasvir etadi. Fojiadan omon qolgan tabiatning bir bo‘lagi bolalar qismatidan so‘zlaydi. Bundan o‘quvchi qalbida achchiq, alamli tuyg‘ular bosh ko‘taradi. Shoirning “Nega?”, “Nima uchun?” degan savollariga javob izlab teran jumboqlar yechimini axtaradi. Nega shunday? Bizningcha! shoir tabiat bilan inson bitta narsa demoqchi. Tabiatga ziyon yetkazish insonning o‘z- o‘zini xalok qilishi bilan barobar. Darhaqiqat, ba’zida qonida johillik, ustivor bo‘lib vijdoniy turg‘unlikni yo‘qotgan odamlar nimalar qilmaydi deysiz. Ular uchun yashillik, go‘zallik, kamalak, osmon, ona zamin, umuman, borliq kul sepgandek rangsiz, surursiz. Go‘zallikni his qilmagan, ona zamin, ona tabiat mehrini tuymagan odam atrofidagi kishilar qalbiga, intilishlariga zarracha e’tibor bermaydi befarq karaydi. Ular uchun hayotning umuman qizig‘i yo‘q, yashashdan maqsadning ma’nosi ham puch. Natijada, bunday odamlar yashagan joyda faqat janjal, dilozorlik, beqadrlik, nosamimiylik hukmron bo‘ladi.
Shoir bularni afsonalar bag‘ridan olib nima demoqchi? Shoirning maqsadi bu bilan inson uchun bolaligi, yoshligi kechgan damlar qanchalik shirin, aziz va qadrli bo‘lsa, tabiat ham ana shu darajada ekanligini anglatmoq. Zero, inson umrining ilk, mas’um bosqichlari hech qachon qaytmaydi. Tabiatda ham shu qonuniyat hukmron. Inson umrining to‘rt fasli birin-ketin o‘tadi, lekin ular qaytarilmaydi. Tabiatda fasllar har yili qaytalanib tursa ham, ammo uning ham ayrim go‘zalliklari, xususiyatlari qaytarilmas bo‘lib bormoqda, boyliklari, ehsonlari bizni tashlab ketmoqda. Chuqur o‘ylamaslik, loqaydlik oqibatida atrof-muhitda xato o‘zgarishlar qilinayotganligi, tabiat muhofazasi, umuman, sedan chiqarilganligi, unga kata ziyon yetkazilayotganligi bugun hech kimga sir emas. Ana shu ziyonni birgina Orol dengizining qurishi misolida olib qarashning o‘zi ko‘rsatadiki, bu tuzatish qiyin bo‘lgan nihoyat darajada kata fojia. Buni Omon Matjon afsonasi yaratilishidan ancha ilgari “Tilsiz narsalar” she’rida ogohlantirish sifatida aytgan ham edi.
Tabiiyki, inson bolaligini eslaganda yuragi qanchalik orziqib qalbida goh yoqimli, goh alamli og‘riq paydo bo‘ladi. Umrining o‘tib ketayotganligi ana shu payt esiga keladi. Shoirning tabiatga, uning go‘zalligiga inson bolaligini o‘xshatishdan maqsadi, har bir kishi bolaligini qanchalik sog‘inib, qo‘msab, eslasa, ruhan unga talpinib yashasa, tabiatni ham shunchalik sevmog‘i, uning har yilda takrorlanib turuvchi fasllaridagi go‘zallikdan zavq olmog‘i uni qadrlamog‘i, avaylab asramog‘i, buning uchun qalbida hamisha ezgulik urug‘ini undirib yashamog‘i shart degan g‘oyani o‘quvchi qalbiga muhrlamoqdir.
Bu fikrlar hozirgi tabiat va inson munosabati masalasi ko‘ndalang turgan davrda, ayniqsa, qadrli. Tabiat va inson masalasining adabiyotda ko‘ndalang qo‘yilayotganligiga sabab ona tabiatga munosabat keyingi yillarda ancha murakkablashdi. Unga qilinayotgan noxush ta’sirlar nihoyat darajada ko‘payib ketdi. Ilmiy-texnika inqilobi inson hayotini o‘zgartirib yuborganidek, tabiatning ham million yillar yurib kelgan yo‘llarini muammolarga ko‘mdi. Tabiatning esa inson ochgan yo‘llardan yurishi, unga moslashishi qiyin bo‘lyapti. Shuning uchun shoir «Tabiatning ikkichi siri» afsonasi bag‘rida turib, o‘quvchiga savollar bilan murojaat qilyapti. Ularning qalbini go‘zalliklar bilan, ezguliklar bilan, mehr tuyg‘ulari bilan to‘ldirishga intilyapti. Inson va tabiat o‘rtasida million yillar davom etgan azal-abad yaqinlikni, muvozanat va mutanosiblikni buzmaslik masalasini ko‘taryapti. Chunki o‘zimiz guvoh bo‘lanimizdek, tabiat va inson bir-biri bilan murosasiz yashashi qiyin. Har ikkalasi ham bir-birining mehriga zor. Bu mehr tabiatning aslida ongli, aqlli bo‘lagi bo‘lgan inson qalbida abadiy hukmron bo‘lgani ma’qul. Shuning uchun ham shoir tabiat va inson o‘rtasidagi ziddiyatlarni yo‘qotish tarafdori. Tabiat in’omlarining bezavolligi, inson zakovotining ulug‘vorligiga putur yetmasligini istaydi. Bu shu vaqtgacha amal qilganimiz “Biz tabiatdan in’om-ehson kutib yashamaymiz, uni o‘zimizga bo‘ysundiramiz” shoirning og‘ir oqibatlariga, ekologik fojialarga olib kelgan hozirgi kunida nihoyatda muhim ahamiyat kasb etuvchi fikr-xulosadir. Shu boisdan bu afsona shoirning keyingi afsonalaridan ma’naviyatimizga quyiladigan nur yo‘llarini ochish vazifasini o‘tay oladi deyishimizga huquq beradi. Chunki u qalbimizga tabiiylik muhrini bosib, tafakkurimizni tabiiylik tushunchasi bilan nurlantirib yashashga undaydi.
“Odamning yoshi” afsonasi ham mantiqan yuqoridagi afsona bilan uyg‘un. Bu afsona asosida ham tabiat va inson munosabatlari yotadi. Ammo bu munosabatda asosan inson va uning ma’naviyati masalasi yetakchilik qiladi. Tabiat boboning it va eshakdan qolgan yoshni insonga berib, aytgan:
Qirq yosh – asl o‘z yoshing,
Qirq – eng tikka quyoshing.
Shuni a’lo yashasang,
So‘ng ham egilmas boshing.
hikmati uning hayot yo‘lini belgilashda, umr mazmunini teranlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. boshqacha qilib aytganda, insonning har bir nafasi, kechayotgan har bir oni aql, zakovat nurlaridan oziq olishi kerak. Bo‘lmasa, u asl Yoshi – qirq yoshini ham nari-beri yashasa o‘zining qarilida kechadigan umri uchun tayanch ustunlarini yaratmasa, bu ustunlik vazifasini ado etuvchi farzandlarini komil inson darajasida tarbiyalay olmasa, jamiyat hayoti bilan o‘z hayotini uyg‘unlashtira bilmasa, it va eshakning kuniga tushishi, ular qismatiga “duch” kelishi, shubhasiz. Omon Matjon bu bilan insonni oqillikka, ma’naviy yuksaklikka, ruhan poklikka, tabiat bilan hamjihatlikka chorlaydi.
Kitobdagi «Alla» afsonasi o‘zining nihoyatda ta’sirchanligi bilan o‘quvchi qalbiga larza soladi. Bu afsona Vatan deb atalmish muqaddas tushunchaning ohanrabosi, mehrigiyosi haqida bitilgan. Yoshlik hoyu- havaslari, muhabbat tuyg‘ulariga bandi bo‘lib, xorijga ketgan, u yerda bir umr yashab qolishga majbur bo‘lgan. Roziya qismati kishida o‘z Vataniga, tug‘ilib o‘sgan tuprog‘iga bo‘lgan mehrini, sadoqatini yanada oshiradi.
Shoir, avvalo, afsonada Roziyaning bolaligi, o‘smirligi, yoshlik yillari, bu yillarning o‘ta shirin damlari, dugonalarining bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbatini pokiza nurlari tasvirini chizadi. Uning xorijlik yigitni sevib qolganligi, qanchadan-qancha mashaqqatlarni yengish evaziga muhabbatiga yetishganligini aytar ekan, o‘quvchida xalqimizning soddalik, samimiylik, pokizalikka boy o‘tmishiga nisbatan cheksiz mehr, havas uyg‘otadi. o‘zimizdan ortda qolib ketgan, qaytib kelmas bolaligimizni, yoshligimizni shirin bir orziqish, yengib bo‘lmas o‘kinch bilan eslatadi. Roziyaning dugonalari, hamqishloqlari o‘tkazgan quvonchli, tashvishli damlarrangi qalbga ko‘chadi. Bolaligimiz, yoshligimiz tomon o‘sha qalb, tafakkur tasavvur qanotlarida parvoz etganimizni sezmay qolamiz. bir muddat yoshimizni unutib, o‘zimini bolalikning erka, to‘kin, ma’sum bog‘larida his qilamiz. Undagi gullar, go‘zalliklar husni, tarovatini eslab, ruhan chanqoqlik tuyg‘usini tuyamiz. Bir muddat bola bo‘lib yashaymiz. Bu hayolotda jonlangan sururli damlar oromini Roziyaning xorijga jo‘nash paytidagi tuyg‘ular bo‘roni buzib yuboradi.
Roziya xorijga ketar paytida onasi agar farzand ko‘rsa, unga zinhor alla aytmaslikni o‘tinadi. Ammo bu bag‘ritoshlik tufayli aytilgan o‘kinch emas, balki farzandidan tirik judo bo‘layotgan onaning unga bo‘lgan benihoya va beqiyos mehrining belgisi edi. Chunki onaning hayotiy tajribasi farzandinikidan ulug‘. Ona allaning beqiyos qudratini yaxshi biladi, his qiladi. Chunki alla insonga ko‘p narsalarni: bolalikning ma’sum damlarini, yoshlikning sho‘xligiyu, yigitlikning shiddatini, qizlarning yetuklik pallalaridagi nafaqat o‘zgalar, balki o‘zlari ham sezadigan, his qiladigan latofatini, nazokatini, keksalikning hamdard istagan paytlarini, kindik qoni to‘kilgan maskanning hamma narsadan azizligini, eng asosiysi, onaning munis, mo‘tabar diydorini, haroratli mehrini esga soluvchi ma’naviy qudrat. Inson oan mehrini, diydorini sog‘indimi, demak, u do‘st-yorlarini, qarindosh-urug‘larini, qisqasi, Vatanini sog‘inadi. Shularni dil-dildan his qilgan ona yuragi qon bo‘lib, jigarporasini bir umrlik ayriliq girdobiga jo‘natar ekan, shunda ham o‘zining alam va iztiroblarini dilbandiga syezdirmaydi. Dilini vayron qilmaslik uchun, uning o‘zga elda qolib, ona yurtidagi yaqinlari dog‘idagi kuymasligi uchun o‘zini sipo tutadi va unga farzand ko‘rganda alla aytmaslikni nasihat qiladi. Roziyaga esa bu paytda ona dilidan kechayotgan faryodli tuyg‘ular, ruhiy iztiroblar hali butunlay yot edi. U onasining farzand ko‘rganda alla aytmaslikni haqidagi nasihatining mag‘zini chaqishdan, u haqda chuqurroq o‘ylab ko‘rishdan ham ancha uzoq edi.
Onasi nasihatlariga amal qilgan Roziya xorijda ikkita farzandiga alla aytmay, ulardan judo bo‘ladi. Uchinchi farzandiga alla aytib, uni hayotga qaytargan Roziya onalikning babaho baxtidan, mehridan bahramand bo‘ladi. Roziya farzandiga alla aytayotgan paytdagina tuyadi onasining beqiyos mehrini, otasining shafqatini, do‘stu dugonalarining sog‘ichchini. Shundagina u bola qalbi, ehtiroslari bilan suygan – ona yurtini, Xizreliyopning loyqa suvlarini bilan suygan – ona yurtini, Xizreliyopning loyqa suvlarini, yozda g‘arq pishib yotuvchi tut va o‘rik bog‘larini, hayitlarda gujumlarga solib uchgan arg‘imchoqlarini bir-bir eslaydi. Ularning sog‘inchi Roziya qalbiga, ruhiy olamiga dahshatli larza soladi. Roziyaning ana shu paytdagi ruhiy holati tasvirida shoir dramatizmini shu darajada kuchli va ta’sirchan beradiki, bundan qalblarga titroq kiradi, ko‘zlarga yosh qalqadi. O‘quvchi o‘zi Roziya bilan birga his qiladi, ruhida g‘alayon qo‘zg‘aladi. Mana Roziyaning o‘sha paytdagi ruhiy holati: “…Onasi-chi? SHo‘rlik qarib qolgandir?! YO…Xudo ko‘rsatmasin, kasalmand edi. Olamdan o‘tgan bo‘lsa-ya…Onajon! Dod, oyijonim! …Ukalarim katta bo‘lib ketgandir. Otam-chi? Bechora otaginam. Birgina ko‘rsam sizlarni armonim yo‘q edi! Birgina ko‘rsam! Robiya! Guljon! Ko‘ramanmi sizlarni endi?!” Bu Roziyaning qalbini pora-pora qilib tashlayotgan faryodga hech kim befarq qaray olmaydi. O‘quvchi o‘zi xohlasa, xohlamasa ham Roziyaning holatiga tushadi. Qalbida hayajonlar, tuyg‘ular po‘rtanasi boshlanadi.
Omon Matjon asarda Xarazm xalqining milliy-an’anaviy urf-odatlarini hech bo‘yamasdan, qanday bo‘lsa shundayligicha tasvirlaydiki, bu asarning ta’sir kuchini yanada oshirgan. Tasvirdagi tabiiylikni ta’minlagan. Ma’lumki, shoirning bolaligi, yoshligi kechgan davrlarda ham katta-katta maydonlarni egallagan o‘rik va oq tut bog‘lari saqlanib qolgan. Urush tufayli boshga tushgan dahshatli ocharchilik, yo‘qchilik yillarida xalq jonini omon saqlagan ham o‘sha bog‘lar edi. Ming afsuski, hozir o‘sha bog‘lardan asar ham qolmagan. Afsonada tasvirlanganidek, yig‘inlarda xalfalar (otinlar) kitoblar o‘qib, xotin-qizlarni o‘z sa’ati va mahoratlariga maftun qilishgan. Ayollarning esa oppoq doka ro‘mollarini ko‘zlarigacha tushirib, xalfalarni tinglaganlari haqiqat. Sumalak pishirishlar ham an’anaviy hodisa sifatida nihoyatda qadrlangan. Kechalari katta-katta qozonlarda sumalak qaynatib, ashula aytishlar, o‘ynab, ho‘qqalarda yurib, qiziqchilik qilishlar – bularning hammasi hayotiy an’analar edi. Yoki bo‘lmasa qizil sholi (ilgari vaqtlarda Xorazmda faqat qizil sholi ekishgan) tuyishlar, hayitlarda faqat qiizlarning qo‘llariga xinolar yoqib, gujum va qaromollarga arg‘imchoq solib uchishlari, ot qo‘shilgan aravalarga go‘shanga qurib, ichiga chiqor yoqib yor-yor aytib qiz uzatib borishlar – ularning ham barisi Xorazm xalqiga mos milliy urf-odatlar. Keyingi yillargacha ularning ayrimlari saqlangan bo‘lib, ular to‘y-hashamlarning bezagi edi. Shoirning o‘zi ham ularning ko‘pchiligini ko‘rgan, guvohi bo‘lgan. Buni ham ming afsus bilan qayd qilish kerakki, avloddan-avlodga o‘tib kelgan meros urf-odatlarning ko‘pchiligi hozirgi kunda unutilib boryapti, zamona zayli bilan ular xalq hayotidan surib chiqarishga hukm ham qilindi. Shu boisdan ham Omon Matjon afsoonada ana shu milliy urf-odatlarga murojaat qiladi va ularni xalq hayotida muqimlashtirish g‘oyasini ilgari suradi.
Omon Matjon “Alla” afsonasidagi voqealarni aynan o‘zi tug‘ilib o‘sgan joy – Bog‘olon qishlog‘iga ko‘chiradi. Yoshligida ko‘rgan, bilgan xalq udumlarini, ulardagi milliy o‘ziga xosliklarni, tabiiylikni sevadi va ularni sayqallamasdan asarga olib kiradi. Axir, “bolalik, yoshlik chog‘ing bilan bog‘liq bo‘lgan narsalarni sevmaslik mumkin emas” (Georgiy Lomidze).
“Alla” afsonasini yaratishdan, shoir ikkita maqsadni ko‘zlagan. Buning birinchisi, yuqorida ta’kidlanganidek, Vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ularini teranlashtirish bo‘lsa, ikkinchisi, o‘z vatanini sevmagan, milliy tuyg‘usi, g‘ururi bo‘lmaganlarga Roziya qismatini ibrat qilib ko‘rsatishdir. Shoir bundaylarga ona yurt mehrini butunlay boshqacha tarzda – she’r yoki publisistik maqola yordamida anglatishi ham mumkin edi. Ammo shoir bu yo‘ldan bormaydi. Vatan tuyg‘usini, qadrini, xalq mehrini oddiy soda, ammo qalbga chuqur o‘rnashadigan, o‘rnini hech qachon boshqa tuyg‘ularga bo‘shatmaydigan darajada ta’sirchan qilib tuydirishni maqsad qiladi. Shoirning bu maqsadiga afsonadan foydalanish juda mos tushadi. Bunda shoir yuqorida ko‘rganimizdek, milliy an’analarga juda katta urg‘u beradi, ularni shu qadar ta’sirchan qilib tasvirlaydiki, na faqat ona yurtdan uzoqda, balki shu zaminda yashab turgan har bir qalb allaqanday tushuntirishga til ojizlik qiladigan hislar, tuyg‘ular hayajonlar girdobiga tushib qoladi. Undan chiqib ketish yo‘llarini esa aslo izlamaydi.
Shoirning asarning “Alla! seni ilk bor dunyoda qaysi ona aytdi ekan?! So‘zlaringni yozgan sening qaysi bir shoir, bastakoring qaysi zamona?!” – deb boshlashining o‘zidayoq vujudga, jonga sehrli bir olov chirmashadi. Shu so‘zlarni o‘qish jarayonidayoq, qalb o‘ziga kirib kelayotgan kuchli larzani sezadi. Ammo hali uning qanday larza ekanligini bilmaydi. Asarning ichiga kira borgan sari kishi tafakkur olamiga bir tutam nur yo‘l oladi. Bu nur asar nihoyasida “Alla – onadan o‘tgan meros emas, bizga u – onalarimizga katta ona bo‘lgan ona tuproqdan kelayotgan sado” so‘zlaridan qudrat olib, olamga sig‘maydigan ulkan, beadad yog‘du manbaiga aylanadi. Bu yog‘du Vatan – ona tuproq, tug‘ilgan maskan, fidoyi xalq mehrigiyosi, ohangrabosi ekanligi dilga ravshanlik baxsh etadi.
Adabiyot – insonshunoslik. U qaysi davrda bo‘lmasin, insonning dunyoqarashi, intilish va kurash yo‘llarini, uning jamiyatdagi mavqei va o‘rnini, shular bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy, syyosiy va ma’naviy-ma’rifiy hodisalarni aks ettiradi. Bu bilan adabiyot insoniyat tafakkuri taraqqiyotida, ma’naviy olami kamolotida juda katta rol o‘ynaydi. U xoh salbiy hodisalarni, xoh ijobiy voqealarni tasvirlamasin, barchasi bilan inson ongiga ta’sir qiladi. Unda hayotga, jamiyat voqea-hodisalariga nisbatan ma’lum - munosabat uyg‘otadi. Davrning har bir nafasiga, odamlar kundalik hayotida kechayotgan, urf-odatlarimizdan chiqib ketayotgan, shu bilan birgalikda unga kirib kelayotgan hodisalarga o‘z vaqtida munosabat bildiradi. Adabiyotning hayotiylik ildizi ham xuddi ana shu xususiyatlarda tajassum topgan. Shu nuqtai nazardan Omon Matjonning «Yor tanlash» afsonasiga razm solsak, undan juda kat­ta hayotiy falsafa o‘qiymiz. Bunda tasvirlangan voqea bir tomondan afsonaviy, an’anaviy xususiyat kasb etsa, ikkinchi tomondan, unda davrning xalq taqdirida chigallik paydo qilayotgan muammolari borasida chuqur mulohaza paydo qilayotgan muammolari borasida chuqur mulohaza yuritilganligining guvohi bo‘lamiz.
Har bir kishining o‘ziga munosib yor – umr yo‘ldoshi tanlashi ota-bobolardan qolib kelayotgan meros, hayotiy zarurat. Shu bilan birgalikda o‘ta mas’uliyatli va murakkab ish. Ana shu murakkabliklar tufayli hayotda ko‘ngilli, ko‘ngilsiz hodisalar bo‘lib turadi. Shuning uchun ham Omon Matjon bu asarini yaratish bilan davrning juda katta ijtimoiy-ma’naviy, axloqiy masalalariga, shu bilan birgalikda urf-odatga aylanib, hayotga singib borayotgan g‘ayritabiiy hodisalarga e’tiborni tortadi.
Xalqimiz farovonligi oshib, ravnaq topib boryapti deb tasavvur qilib yashayotgan bir paytimizda, boylikka tuzoq qo‘yib, basma-basiga mulk yig‘ish, tilla, zeb-ziynatlarga mukkasidan ketish, bu yo‘l har qanday pastkashliklardan qaytmaslik, molparastlik, boshqacha qilib aytganda o‘ta “madaniyatlilik” singari kasallikning avj olishi, odat tusiga kirib borishi kishini afsuslantiradi. Shuning oqibatida bugungi kunda o‘g‘il uylantirish, qiz uzatishlarning ota-onalar uchun nihoyatda qimmatga tushayotganligi ham hech kimga sir emas. Zero, birov bu alg‘ov-dalg‘ov zamonda mol-mulkni oson, qandaydir qing‘ir-qiyshiq yo‘llar bilan to‘playdi, birovlar esa peshona teri, halol mehnati bilan topgan boyligining olg‘irlardan ortgan qismi bilan amal-taqal hayot kechiradi.
Shunday ota-onalar borki, ular farzandlarini ham o‘zlari singari boylikka o‘ch qilib, meshchanlik ruhida tarbiyalaydilar. Qizlarini katta molk-mulk bilan uzatadilar. O‘g‘illarini esa umr yo‘ldoshini xuddi ana shunday boy oiladan, “tagli-zotli” qizlardan tanlashga undaydilar. Bunday oila qurgan yoshlar hayotida muhabbat ikkinchi o‘rinda turadi, oilaviy turmushda u muhim rol o‘ynamaydi. Shuning uchun ham aksar hollarda ular oilasi mustahkam bo‘lmay, parokandalikka uchraydi. Qo‘l kuchi, mehnati bilan hayot kechiruvchi, halol umr o‘tkazuvchi xokisor kishilar katta molk-mulkni qanday qilib topadi, qiz uzatadi yoki o‘g‘il uylantiradi?!
Omon Matjon hayotimizga oralab qolgan ana shunday muammolarga afsonada zimdan ishora qiladi. Asarda shoir xuddi shu narsalarning o‘zini yozmaydi, balki zamonaviy mazmunni afsona shaklida an’anaviy yor tanlash hodisasi, “Qizil gul bayrami” tasvirida kuchli ehtiros bilan mujassam etadi. Xorazmda ilgari, qadimiy ana’anaga ko‘ra “Qizil gul bayrami” o‘tkazilgan. Bayramda xursandchilik, qiziqchiliklar qilishgan, sozanda, go‘yandalar o‘z san’atlarini namoyish etishgan. Yigitlar esa gul saylida o‘zlariga yor tanlashgan. Mazkur asar qahramoni – Yigit ham ana shu bayramlarning birida o‘ziga bir umrlik, sodiq yor tanlash uchun chiqadi. An’anaga ko‘ra qizlarning orzu-umidlari, kelib chiqishlari, maqsad-niyatlari boshiga ko‘tarib chiqqan narsalaridan ma’lum bo‘lar ekan. Yigit rizq-ro‘z timsoli – ko‘za ko‘targan, boshidagi chambari oltin kumush bilan to‘lgan, ya’ni “baland joydan chiqqan”, atir-upa koni, chet tilda gapirgan – “madaniyatli”, sandig‘ini meva-chevadan to‘ldirgan bir qator qizlarga duch keladi. Ular bilan savol-javob qiladi. O‘g‘li bilan birgalikda kelin izlayotgan ona esa uchragan har bir so‘zini yaxshilikka yo‘yadi. O‘g‘lini shu qizga uylanishga undaydi. Nihoyat, Yigit boshida hech narsasi yo‘q, ikki qo‘li bo‘m-bo‘sh qizni ko‘radi. Yigit unga intiladi, savol beradi, ona esa qizni noumidlikka ayblaydi. Qiz Yigitning savollariga: “Muhabbatim qozonmoq nasib etsa gar kimga, men bir umr o‘shani ko‘targayman boshimga”, - deb javob beradi. Qizning bu javobi – yor izlayotgan Yigit uchun ayni muddao, shoir uchun maqsad, asar uchun mantiq.
Shoir asarda go‘yoki afsonaviy mazmunni ifodalayotganday. Lekin ana shu jarayonda u o‘z oldiga hozirgi paytda ommalashib ketayotgan “baland joydan chiqqan” qizlardan kelin qilishga bo‘lgan urinishlarni, modaparastlikni, ona tilini qo‘yib, chet tilda gapirishni “madaniyat”, o‘z tilida gapirishni uyat deb tushungan kaltabinlarni fosh etishni aniq maqsad qilib olgan. Zero, shoirning asosiy niyati oila qurishning asl poydevori muhabbat emas, balki boylik, mansab deb hisoblayotgan yoshlarga ta’sir o‘tkazish. Ularning ongini, ma’naviy dunyosini zaharlayotgan molparastlik, xudbinlik tushunchalaridan tozalash. Oila mustahkamligining bosh omili — muhabbatning buyukligini, bu muqaddas tuyg‘uning mo‘jizakor qudratini anglatish. Asarning zamonaviy qimmati, shoirning bosh maqsadi xuddi ana shunda mujassam.
Omon Matjon afsonalari kelajakka xizmat qilish qudratiga ega deyilganda xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lmaydi. Chunki ularda bugunninggina emas, balki kelajakda ham jamiyat taraqqiyotiga halaqit berishi mumkin bo‘lgan illatlarning tub mohiyatini ochib tashlashga intilish kuchli. Sirasini aytganda, shoir ko‘rgan, bilgan va afsonalar tili bilan fosh etgan hodisalarni ko‘pchilik bilardi. Ammo hech kim hayotimizga, orzu-umidlarimiz, maqsadlarimiz to‘siq bo‘luvchi unsurlarga qarshi kurashish uchun o‘zimizda jur’at topa olganimiz yo‘q. Bunday paytda adabiyot va uning fidoyi zahmatkashlari esa o‘zimizdan olib, bugunning ma’naviy mulkiga aylantirilgan tanishayotganimiz afsonalari ana shu jasoratning mevalari hisoblanadi.
Omon Matjon afsonalarda ko‘pincha o‘zini bilimdon sanab, shuhrat izlovchi, mansab istovchi shaxslarni nishonga oladi. Ko‘pchilikning, ko‘pni ko‘rgan donolarning maslahatlarini nazarga ilmaydigan o‘zicha “kashfiyotlar” qilib hammani qoyil qilish yo‘lida urinib, ammo yo‘lidan adashib ketayotgan kishilarning ko‘payib ketayotganligi shoirni afsuslantiradi. Chunki o‘shalarning xatti-harakatlari tufayli hayotimizga turg‘unlik, sukunat hukmini o‘tkazib qo‘ydi. Lekin so‘z san’ati jim turolmadi. SHe’riyat bu sukunatga dosh berolmay, isyon bilan bosh ko‘tardi.
Omon Matjonning “Muallaq to‘rg‘ay” afsonasi ana shu isyon ruhining mahsulidir. Unda harakat qilgan, “katta faoliyat” ko‘rsatmoqchi bo‘lgan to‘rg‘ay, biz bilan birga nafas olayotgan, bemaqsad, beaql, ammo amal kursisida o‘rnashib olgan, kimlarningdir e’tiborini “qozongan”, xalq manfaatlari emas, o‘z manfaati nuqtai nazaridan “fikrlaydigan” shuhratparast shaxslarning majoziy obrazidir.
Havoyi hislar og‘ushida parvozdan qaytib, o‘z qavmini ko‘kda shahar yaratishga majbur etib, o‘zicha “yangicha fikrlab” qanchadan-qancha kuch, mehnatni zoye ketkazib, biron-bir natijaga erisholmay, ora yo‘lda muallaq qolib, sharmanda bo‘lgan to‘rg‘ay qismati o‘quvchini o‘ylantiradi. Bu qismat unga kerakli xulosani chiqarib olishga yordam beradi. Hayotga chuqurroq razm solib, qo‘yayotgan har bir qadamiga tanqidiy munosabatda bo‘lishga undaydi. Asarning tarbiyaviy ahamiyatini mana shular belgilaydi.
Bu jihatdan kitobdagi “Ajdar quduq” afsonasi ham diqqatga sazovor. Omon Matjon unda dilidagi muhim gapni, vijdonini o‘rtayotgan dardini aytish uchun folklor an’analariga murojaat etadi. Aslini olganda afsonalarning o‘zi folklore namunasi sanaladi. Ammo shoir bu afsonada bosh g‘oyaning asl mag‘zini davrdan olib, uni bugunning kerakli ma’naviy mulkiga aylantirgan holda og‘zaki ijod formasiga joylaydi. Omon Matjon asarni “Bir bor ekan, bir yo‘q ekan…” an’anaviy boshlanmasi singari “Bir bor ekan desammi, bir yo‘q ekan desammi” misralari bilan boshlaydi. Nega shoir shunday boshladi? Unda “Bir bor ekan, bir yo‘q ekan” degan qat’iy ta’kidni qo‘llamaydi. Bu savolga asarning o‘zi to‘laligicha javob bo‘ladi. Undagi voqealarni o‘quvchi xohlasa afsona deb tushunsin, xohlasa bu voqealarni o‘z zamonasi zamiridan axtarsin. Shuning uchun shoir ta’kiddan kechib, mulohaza bilan yo‘l tutadi.
Asarda g‘iybatchi kampir tilidan aytilgan voqealarning hayotiyligi sir emas. Bunday o‘ylab qaralsa, kampir g‘iybat qilgan insofsiz qassoblar hozir yo‘qmi? Ularning notanish odamlarga bir parcha go‘shtga uch baravar suyak, kalla-pochalarni qo‘shib tortishlari bor gap-ku, axir. Yoki bo‘lmasa, nafs bandalari, pul gadolari – otarchilarning san’at va san’atkorlar nomiga dog‘ tushirayotganligi haqiqat-ku. Yoxud g‘iybatchi kampirning madrasa domlasi haqidagi so‘zlariga diqqat qilaylik. Bu yerdagi “g‘iybat” zamirida hayotimizning tub haqiqatlari yotibdi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul vaqtidagi oshna-og‘aynigarchilik, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilayotgani rost gap. Oqibatda, iste’dodsiz, chalasavod yoshlarning institutlarni bir amallab tugatayotganliklari, olgan mutaxassisliklarining katta mohiyatini tushunolmay, hayotda o‘z o‘rnini topolmay sarson yurishlari, atrofdagilarni ham sarson qilayotganliklari haqiqat. Natijada, xalq jamiyat hayoti uchun zarur bo‘lgan moddiy ne’matlarni ishlab chiqarishda ju­da ko‘p nuqsonlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Eng yomoni chalasavod mutaxassislarning malakasiz, pala-partish, noto‘g‘ri «tarbiya»viy faoliyati hayotni, kelajakni nursizlantirishgacha borib yetish xavfi tug‘ildi. Shuning uchun Omon Matjonning g‘iybatchi kampiri bu voqealarni hammadan ilgari «g‘iybat qilib» qo‘ydi.
Jamiyat, xalq hayotini parokanda qiluvchi salbiy hodisalarga qarshi mavjud hokimiyat har doim ham keskin kurash olib bormadi. Bu esa badiiy adabiyotning ma’naviy kurashlar maydoniga dadilroq chiqishiga turtki ham bo‘ldi. Adabiyot, ayniqsa, she’riyat xalq diliga yaqin bo‘lganligi sababli unda ilgari surilgan fikrlar, ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatga molik g‘oyalar o‘quvchi diliga tez yetib boradi. Natijada, ommaning hayotga, jamiyat voqea-hodisalariga bo‘lgan munosabatlarida o‘zgarishlar tez paydo bo‘ladi. Omon Matjonning “Ajdar quduq” afsonasi davr, zamon haqidagi fikrlariga ravshanlik baxsh etuvchi, ba’zan qalbni qiynaydigan, uzoq o‘ylab, oxiriga yetolmaydigan savollarga javob beruvchi, kurashga chorlovchi xususiyatga ega.
“Ajdar quduq” afsonasining yakuni hayot qatlamlariga chuqurroq razm solishga, o‘ylashga majbur qiladi kishini. U afsonada aytilayotgan gaplar o‘zi ko‘rayotgan, guvoh bo‘layotgan voqealarning g‘iybatchi kampir tiliga ko‘chirilgan tasviri ekanligini anglaydi. Ayniqsa, kampirning “Biz bilgan ajdarlar butun-butun shaharlarni, davlatlarni egallab, qurbonlik so‘rar edi. Deyman, bu maxluqlar ham zamoniag qarab har xil bo‘lar ekan-da! Manov quduqda yashagan ajdar, deyman, fahm-farosatsiz, o‘z haqini tanimaydigan, hukmdorlarning tilsiz-zabonsiz xizmatkoriga aylanib qolgan, umri bo‘yi eshakdan battar xizmat qilib, oxirida yetishgani shu qorong‘u go‘r – sayoq itlar ham hazar qiladigan o‘ra – bir baxti qaro ajdar bo‘lsa kerak! Gapim noto‘g‘ri bo‘lsa bu jahannam qudug‘i “ajdar” degan ulkan nomga munosibmi, eh dunyo, dunyo! Men gapirsam – otim g‘iybatchi…” – so‘zlari juda qattiq fosh etish qudratiga ega. Bu qudrat hatto, qonunbuzarlarni jazolash huquqiga ega bo‘lgan tashkilotlardagi nohaqliklarning ham niqobini yirtadi. Omon Matjonning zamonaga moslashgan “baxti qaro” ajdar va u makon tutgan quduq haqidagi gaplari katta haqiqatlarni jasorat bilan aytishga yo‘l ochuvchi ma’naviy kurashlarning boshi bo‘ldi. Shoirning asarni “Bu voqea qayerda o‘tgan dersiz? Aytmayman! Buni o‘zingiz eslab ko‘ring: yashagn joyingizga yaqin yerda “ajina quduq”, “alvasti g‘or”, “Shayton o‘ra”, “jin teshik” kabi sirli, xilvat joylar bor! Ularning ko‘pchiligidan haligacha go‘ng‘illagan ovozlar eshitilib turadi. Ishonmasangiz borib ko‘ring…” deb yakunlashida ham juda katta ijtimoiy ma’no bor. Shoir afsonadagi voqeaning qayerda o‘tganligini o‘ylab topishni o‘quvchini o‘ziga havola qiladi. Sirasini aytganda, bunday “g‘or, teshik, o‘ra”lar hamma joyda paydo bo‘lib ulgurgan edi. Shoir bu bilan har kimni o‘zi yashayotgan joydagi voqealardan hamisha ogoh bo‘lishga chorlaydi. Ularning noxush, nojoiz ta’sirlariga qarshi kurash nihoyatda zararligini ta’kidlaydi. “Ishonmasangiz borib ko‘ring…” deyishi ana shu da’vatning o‘zi.
Shoirning “Davronshohning suvrati” afsonasi “ajdar quduq”da fosh etilgan “hokim” kirdikorlarining boshqacha, yanada ramziylashgan shakli bo‘lib, ana shu ramziylik zamiridagi katta haqiqatning tasviridir. Zero, hali bizda “Davronshohning suvrati” afsonasida tasvirlangan shoh tipidagi rahbarlar yo‘q emas. Ular turg‘unlik davrida rosa hukmini o‘tkazishdi, qo‘li yetgan joyda hayot ummonini chayqatishdi, xalqni talashdi, taraqqiyotning yo‘llarida katta to‘g‘onlarga aylanishdi. Bugungi oshkoralik, demoktariya kuchga kirgan kunlarda ular niqobini o‘zgartirgan holda yana haqiqatning yuziga zimdan loy chaplashayapti.
Omon Matjon asarda shohni fosh etadi. Lekin shu jarayonda o‘tmishni tanqid qila turib asosiy urug‘ni davr illatlarini ochib tashlashga qaratadi. Sir emas, o‘ta injiq, mansabparast, xudbin rahbarlar faoliyati xalq nomiga, uning tarixi va buguniga dog‘ bo‘lib tushganligi. Davronshoh o‘zining ma’naviy va jismoniy nuqsonlarini biladi, ammo uni tan olishni istamaydi. O‘zining xunuk basharasini, notekis fizionomiyasini to‘g‘ri tasvirlagan rassomlarning ham, o‘ta chiroyli qilib chizganlarning ham boshini oladi. Lekin aqllilik, o‘ychanlik bilan chizgan paysalchi rassomning ishi shohni mamnun etadi. Chunki quv rassom shohni suratda cho‘loq oyog‘ini toshga qo‘ydirib, ko‘r ko‘zini qisdirib, qo‘liga kamon ushlatib, bahodir ovchi qiyofasida tasvirlaydi. Bu qiyofadagi shoh go‘yo ov zavqiga cho‘milgan mard sayyod. Bu Davronshoh uchun ayni muddao. Chunki unga paysalchi rassomga o‘xshagan tadbirkor, makkorona ish yurituvchi, uning barcha nuqsonlarini ham fazilat qilib ko‘rsatadigan odamlar yoqadi. Shunday odamlar uning taxtu davlatini barbod bo‘lishidan asrashda benihoya zarur. Shu bois u afsonalarda kuylandi, rivoyatlarda aytildi, qo‘shiqlar mag‘ziga singdirildi, adabiyot va san’atning o‘q ildiziga, jon tomiriga aylandi.
Shoir «Samandar» afsonasida haqiqatning ana shu buyuk kuchi, qimmati haqida fikr yuritadi. Haqiqat ko‘kda, u Xudoning o‘zi deyuvchilarga munosabat bildiradi. Insoniyat ruhi timsoli, afsonaviy qush — Samandar sarguzashti orqali haqiqat uchun olib borilgan kurashlar haqida o‘yga toladi. Haqiqatni yerga, insoniyatga qaytarish uchun tangri bilan talashib, mangu olov ichra qolib ketgan Samandar qismatidan zamonaga zarur xulosalar chiqaradi. Bu jihatdan Omon Matjonning «Haqqush qichqirig‘i» afsonasi juda xarakterlidir. Bu asarida shoir, asosan haqiqatning yengilmas kuchini, tarixiy, hayotiy voqealarga tayanib turib tasdiqlaydi. Asar mohiyatida xalq donoligi —“Haqiqat egiladi lekin sinmaydi” maqoli yotadi.
“Haqqush qichqirig‘i»ning eng muhim, bosh fazilati shundaki, unda hayot va inson munosabatlari masalasi, unda insonning hayotdagi o‘rni va roli to‘g‘risida har tomonlama o‘ylab, xalq maqoli tili bilan ta’riflaganda ”yetti o‘lchab bir kesilgan» holda fikr yuritiladi.
Shunisi diqqatga sazovorki, afsonalar zamirida insonning o‘tmishi, bugungi hayot yo‘li va kelajagi mantiqan bir-biri bilan bog‘lanib ketadi. Shu bilan birgalikda bu kitob inson hayotiy zarurat tufayli o‘tmishdan bugunga nimalarni tadbiq qilishi lozim va bugundan kelajakka nimalarni eltishi, olib borishi zarur, nimalarni esa tashlab ketishi kerak degan, ammo hal qilinishi juda ham muhim bo‘lgan dolzarb masalalarni oldimizga qo‘yadi
Omon Matjon muqaddimada: “Haqqush qichqirig‘”ga qirqta afsonani jam etdim”, - deydi. Lekin shoir “Xotima o‘rnida” degan joyda “Xo‘sh, bu yog‘i o‘ttiz to‘qqizta-ku, qirqinchisi qani?!” dersiz?! Qirqinchisi sizga havola, muhtaram kitobxon. Xohlang, o‘zingiz to‘qing, xohlang, eshitgan yo o‘qiganlaringizdan birortasini qo‘shib qo‘ying. Axir hayotda kishining hech bo‘lmaganda birgina o‘z afsonasi bo‘lishi kerak!” – deydi. Bizning nazarimizda, qirqinchi afsona har bir kitobxon qalbiga o‘ttiz to‘qqiz afsona bag‘ridan to‘kilgan haqiqat gavharidir. Shu bilan birga bu afsona yana uning ana shu haqiqat gavharidan nurlangan ruhiy, ma’naviy boyligi, tafakkur takomili, hayotga, odamlarga bo‘lgan qarashlarida, munosabatidan paydo bo‘lgan o‘zgarish va faolligidir. Yaxshilikka intilish, yomonlikka qarshi kurash esa har bir odamning hayotidagi o‘zi yaratgan afsonasidir.

Download 220 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling