P. Qodirovning Uch ildiz romanida davr va qahramon tasviri


Qodirovning "Uch ildiz romanida davr va qahramon tasviri


Download 109.79 Kb.
bet4/6
Sana11.09.2023
Hajmi109.79 Kb.
#1675924
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
P. Qodirovning Uch ildiz romanida davr va qahramon tasviri

2.2 Qodirovning "Uch ildiz romanida davr va qahramon tasviri
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarorida yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning «Uch ildiz» romanini mutolaa qilgan yosh kitobxonlarning ma’naviy olami shunga yarasha bo‘ladi. Ushbu nashrning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, unda bugungi yosh kitobxonlarga ayrim so‘z hamda iboralar yanada tushunarli bo‘lmog‘i uchun tegishli va zarur izohlar ham berilgan.
ADIBNING MA’NAVIY ILDIZLARI
 Betakror asarlari bilan millionlab kitobxonlar qalbidan mangu joy olgan atoqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov 1928 yil 25 oktyabrda tavallud topgan. 1951 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni tamomlab, Moskvadagi Maksim Gorkiy nomidagi Adabiyot instituti aspiranturasiga kirgan, “Abdulla Qahhorning urushdan keyingi ijodi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1954-1963 yillarda u sobiq ittifoq Yozuvchilar uyushmasi qoshida o‘zbek adabiyoti bo‘yicha maslahatchi, 1963-1983 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi, 1989-1994 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi Davlat mukofotlari qo‘mitasi raisi lavozimlarida ishlagan. 1990-2000 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati bo‘lib, parlamentning Fan, madaniyat va ta’lim qo‘mitasida faoliyat ko‘rsatgan.
Adibning “Uch ildiz” (1958), “Qora ko‘zlar” (1966), “Olmos kamar” (1977), “Yulduzli tunlar” (“Bobur”) (1979), “Avlodlar dovoni” (1988), “Ona lochin vidosi” (1997) romanlari, “Qadrim” (1961), “Erk” (1968), “Yayra institutga kirmoqchi” (1970), “Meros” (1974), “Akramning sarguzashtlari” (1974), “Najot”, “Baxillar va botirlar” (1980) qissalari, “Qalb ko‘zlari” (2001) badialar kitobi adabiyot ixlosmandlarining ma’naviy mulkiga aylandi.
“Qadrim” qissasi asosida “Sening izlaring” badiiy filmi, “Yulduzli tunlar” romani asosida ko‘p seriyali videofilm suratga olingan. Qator yillar “Bobur” pesasi O‘zbek milliy akademik drama teatrida, “Insof” pesasi viloyatlar drama teatrlari sahnalarida namoyish etilgan.
Filologiya fanlari nomzodi Pirimqul Qodirov “Til va el” (1972), “Xalq tili va realistik proza” (1973), “Til va dil” (2005) risolalar yaratgan, u ikki jildli “Adabiyot nazariyasi” kitobining “Adabiy asarning tili”, “Adabiy jarayon” boblarini yozgan. Adib va adabiyotshunos olimning “Til va el” (2005) ilmiy badiasi mumtoz ona tilimizga, “Amir Temur siymosi” (2007) ilmiy badiasi Sohibqiron Amir Temurning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan.
***
1980 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) Jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgach, “Uch ildiz” romanini ishtiyoq bilan mutolaa qilar ekanmiz, bu asar go‘yo bizning talabalik davrimiz haqida yozilgandek taassurot qoldirardi. Asar voqealarida o‘zimizning ikki toifadagi domlalar va talabalarni ko‘rgandek bo‘lardik.
Oradan necha o‘n yillar o‘tayotganiga qaramay asarda tasvirlanganga o‘xshash voqealar hamon davom etayotgandek; talabalarga chinakam ilm berib mehrini qozonayotgan, yosh iste’dodlarni ezgulikka chorlayotgan o‘qituvchilar bir yon va ilmdan yiroq, faqat o‘z manfaatini o‘ylab, o‘zlariga o‘xshash ba’zi yoshlarni xatarli yo‘llarga boshlab yuradiganlar bir taraf bo‘lib kurashayotganlari bor gap… Talabalarimiz ham asar qahramonlaridan qolishmaydi. Ular orasida umidli yoshlarni ko‘rganda quvonsak, tarbiyasi haminqadarroqlari uchraganda befarq qaramaymiz. Romandagi Temur Akbarov, Abdurahmon Toshevdek fidoyi ustozlardan andoza olishga va yoshlar qalbiga yo‘l topishga intilamiz.
Romanning yana bir muhim jihati – talabalarga kitob o‘qish, dars tayyorlash mas’uliyati va madaniyatini, hayotda munosib o‘rnini topish yo‘llarini o‘rgatsa, o‘qituvchilarga o‘z ustida qanday ishlash, yosh ilm toliblari bilan qay tarzda munosabatda bo‘lish borasida katta saboq beradi.
Asarni qunt bilan mutolaa qilayotgan o‘quvchi XX asr o‘rtalarida yashagan avlodning bilim va saviyasi, ilm olishga intilishi, dunyoqarashi bilan o‘z zamondoshlarini qiyoslab ko‘rish hamda xulosa chiqarish imkoniga ega bo‘ladi.
Zotan, bu romanni teran nigoh ila o‘qiganlar ma’nan boyib, hayotda oqu qorani ajratishda, ezgulik yo‘lini tanlashda adashmaydilar.
Sobiq mustabid tuzum davrida Pirimqul Qodirovni respublikamiz rahbarlaridan biri nohaq ayblaganida biz, muxlislari ham ruhan aziyat chekkan edik. Adibni ko‘rganda o‘zini olib qochadiganlar ko‘paygan (bu insonga qanchalik ruhiy ta’sir ko‘rsatishini izohlashga hojat yo‘q) paytda – 1987 yili Qibray tumani tahririyatida Pirimqul Qodirov bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazish jasorat bilan teng edi. Uchrashuvda ishtirok etgan kitobxonlar bilan savol-javob, samimiy suhbatlardan ustozning ko‘ngli ko‘tarilganini ko‘rib yengil tortgan edik.
Atoqli adib bilan o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvlar, suhbatlar (ular gazeta-jurnallarda yoritilgan) katta saboq bo‘lardi. So‘nggi suhbat ijodning mashaqqatli yo‘llari, “Uch ildiz” romani va uning yangi nashri haqida edi. Bu suhbatni mazkur kitobga so‘zboshi o‘rnida havola etdik.
***
Pirimqul aka, har bir adibning ijod bo‘stoniga kirib kelishi muxlislarini qiziqtiradi. Yoshlikda qalbga muhrlangan lahzalar haqida so‘zlab bersangiz.
– Tojikistonning Kengko‘l qishlog‘ida tug‘ilganman. Taqdir taqozosi bilan 1944 yili Bekobodga ko‘chib keldik va men metallurgiya zavodi radiouzelida muxbirlik qila boshladim. Yoshlikda she’r yozardim (Ba’zilari “Uch ildiz” romaniga kiritilgan – muallif izohi). Urushdan keyin o‘qishga bo‘lgan ishtiyoq O‘rta Osiyo davlat universitetiga yetakladi. Sharqshunoslik fakultetiga kirib, keyinroq o‘qishni tarix bo‘limida davom ettirdim.
1945-1946 yillarda universitetda ham hayot juda og‘ir bo‘lsa-da, kelajakka ishonch ma’naviy madad baxsh etardi. Bugun biz o‘zimiz kutgan dorilomon kunlarni ko‘ryapmiz.
– “Studentlar” degan hikoyalar to‘plamingiz o‘sha kezlarda chop etilgan-a?
– Bu hayotimdagi eng unutilmas voqealardan biridir. 1950 yili tahsil olib yurgan kezlarimda chop etilgan bu to‘plamda universitetimiz talabalarining hayotini badiiy bo‘yoqlarda aks ettirishga harakat qilganman.
Ochig‘i, universitet men uchun katta adabiyot eshigini ochib bergan. O‘sha damlardan ilhomlanib yozgan “Uch ildiz” romanida ustozlarim va tengdoshlarim hayotini, ularning orzu-umidlari va ruhiy olamini tasvirlashga intilganman.
Roman nega «Uch ildiz» deb nomlangan?
– «Uch ildiz» nomi zamirida yoshlarning kamolotga erishishi yo‘lida avvalo uchta ma’naviy ildiz otishi g‘oyasi yotibdi. Birinchisi, puxta bilim olish, ikkinchisi, haqiqiy inson bo‘lish va uchinchi ildiz – muhabbatga asoslangan oila qurish. Har bir inson shu tariqa baxt-iqbolga erishishi mumkin. O‘ylaymanki, bugungi yoshlar ham avvalo ana shunday ma’naviy ildizlar otishga intiladilar.
Talabalar dunyoqarashi shakllanishi va yetuk insonlar bo‘lib kamol topishida ustozlarning o‘rni beqiyos ekanini romanda juda ta’sirli tasvirlagansiz. O‘sha ustozlar haqida so‘zlab bersangiz.
– Asar qahramonlaridan biri professor Abdurahmon Toshev ig‘vogarlar tomonidan fakultetdan quvilgan. U Oybek akani yodga soladi. Bu ulug‘ adibning hayotida shunga o‘xshash voqelar yuz bergan. Oybek akaning nasablari Toshmuhammad ekani nazarda tutilib, asar qahramoni – Toshev bo‘ldi. Abdulla Qahhor domlamizga «Qo‘shchinor» romanini yozgani uchun juda adolatsiz hujumlar bo‘lgandi. Bu hol Temur Akbarov degan domla timsolida ko‘rsatilgan. Boshqa obrazlarni universitetimizda kuzatganman.
Romandagi yosh qahramonlarning prototiplari kimlar edi?
– Bu asarning asosiy qahramonlari – bizning avlodga mansub yoshlar, aniqrog‘i, universitetimiz talabalari edi. Shu o‘rinda bir oilaviy sirimizni ochishga to‘g‘ri keladi. Asardagi Mahkam va Ochil obrazlari orqali o‘zimning hayotga qarashlarim, orzu-umidlarim o‘z ifodasini topgan bo‘lsa, Gavhar va Zamira obrazlarida menga baxt ato etgan umr yo‘ldoshim Sofiyaxonning siymosi aks etgan. Romanda yosh shoir Ochil Samadov o‘z domlasi Temur Akbarovga o‘qib bergan she’rni 1950 yilni kutgan kechamizda kursdoshlarim davrasida o‘qib bergan edim. Xullas, talabalik davrimizda qalbda kechgan tuyg‘ular “Uch ildiz” romanida o‘z aksini topgan, deb o‘ylayman.
O‘sha davrdagi ba’zi salbiy illatlar romanda ayovsiz fosh etilgan. Shunday dadillik bilan yozilgan asar chop etilishiga to‘sqinliklar bo‘lmaganmi?
– Bunday asarlar chop etilishiga bittasi qarshi chiqsa, uni himoya qiladigan zakovatli adiblar, adabiyotshunoslar ham shunga yarasha bo‘ladi. O‘sha kezlarda menga ulug‘ ustozlar ma’naviy qalqon bo‘lishgan. Ulardan biri Muxtor Avezov 1959 yilda Moskvada bo‘lgan O‘zbek adabiyoti va san’ati dekadasining ijodiy muhokamalarida qatnashib, ajoyib nutq so‘zladi. O‘shanda Muxtor Avezov og‘alarcha g‘amxo‘rlik va hassoslik bilan tahlil qilgan asarlarning biri «Uch ildiz» edi. Ulkan adibning bu nutqi «Mahorat maktabi» degan kitobda bosilgan, keyinchalik uning Olmaotada chiqqan asarlari to‘plamida nashr etilgan.
Muxtor Avezov o‘shanda, «Uch ildiz»ni adolatsiz tanqidlardan dadil himoya qilmaganda urkaltak ko‘tarib yuradigan noxayrixohlar menga «hayotni buzib ko‘rsatgan yozuvchi» degan tamg‘ani bosib, yo‘limni bekitishlari mumkin edi.
Toshkentda romanning qo‘lyozmasi muhokama qilinganda Abdulla Qahhor uni qo‘llab-quvvatlagan, Konstantin Simonov «Uch ildiz»ni satrma-satr tarjimasini o‘qib ijobiy fikr bildirgan edi. Moskvada romanni «Drujba narodov» jurnali ma’qul ko‘rgan va dekada sonida chop etmoqchi bo‘lib tayyorlayotgan edi.
Lekin dekada arafasida yuqoridan berilgan ko‘rsatma bilan «Uch ildiz»ni «Drujba narodov» jurnalining navbatdagi sonidan chiqarib tashlashibdi. Buning sababi – shaxsga sig‘inish davrida halol ziyolilarni badnom qilib obro‘ va martaba orttirgan Hakimov va Eshonboyev tipidagi odamlarning nafratni keltiradigan qiyofalarda tasvirlangani edi. 1959 yilda bu toifa odamlar hali ko‘p, ammo ularning shaxsga sig‘inish davridagi kirdikorlarini ochib beradigan romanlar deyarli yo‘q edi.
Mana shu toifa odamlar «Uch ildiz»ning tarjimasini Anna Karavayeva degan adibaga o‘qishga beradilar.
Moskvada bizga yon bosadigan adolatli yozuvchilar ham bor edi. Dekadaning ijodiy muhokamalari boshlanishidan bir kun oldin Lidiya Grigorevna Bat (Alisher Navoiyning bolaligi haqida qissa yozgan, adabiyotimiz uchun astoydil jon kuydiradigai adiba) menga telefon qildi:
– Anna Karavayeva sizning romaningiz to‘g‘risida salbiy fikrda ekan. Men yarim soat munozara qildim, ijobiy tomonlarini aytdim. Biroq fikrimga qo‘shilmadi. Kimdir sizning to‘g‘ringizda yomon fikr tug‘dirganga o‘xshaydi. «G‘oyaviy jihatdan sog‘lom yozuvchi emas» deydi. Siyosiy ayb qo‘ymoqchi bo‘ladi! Bunga hech ham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi! «Endi o‘ttiz yoshga kirgan adib, o‘zingiz bir uchrashib, gaplashib ko‘ring!» dedim. Oxiri shunga rozi bo‘ldi. Ertaga ertalab soat to‘qqizda Vorovskiy ko‘chasidagi adabiyotchilar uyiga boring. O‘zingiz ham unga tushuntiring!
Anna Karavayeva yoshi oltmishdan oshgan, sochlari oqargan yirik gavdali, salobatli ayol ekan.
– Siz nega bunaqa roman yozdingiz?– dedi dabdurustdan.
– Men o‘zim ko‘rgan bilganlarimni yozdim, Anna Aleksandrovna. Bu mening birinchi katta narsam, tajribam yetishmagan bo‘lishi mumkin. Kamchiliklari bo‘lsa ayting, hisobga olaman.
– Studentlarni ko‘rsatibsiz, mayli. Lekin Hakimov, Eshonboyev deganlarni jirkanch qiyofada tasvirlash nega kerak bo‘ldi?..
– Endi bu shaxsga sig‘inish oqibatlarini tugatish uchun kerak deb o‘yladim.
– Siz shunday katta maqsadlarni ko‘zlagan bo‘lsangiz nega yuqori tashkilotlar adolatni tiklash uchun olib borgan kurashni ko‘rsatmagansiz. Nega bitta fakultet miqyosi bilan cheklanib qolgansiz?
– Chunki… quyosh qatrada ham aks etishi mumkin-ku. Fakultet bir qatra bo‘lsa, men unda tarixning harakati qanday aks etganini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. Fakultet hayotiga qanday o‘zgarishlar kirgani romanning oxirgi boblarida berilgan, shekilli…
Shu tarzda yarim soatcha gaplashdik. Men ham bo‘sh kelmaganimni ko‘rib, Anna Qaravayeva sal shahdidan tushganga o‘xshadi.
Lekin adibani yuqoridan qo‘llab-quvvatlab turganlar bor ekan, chamamda. Dekadaning ijodiy muhokamalarida birinchi bo‘lib unga so‘z berildi. Oybek akaning «Oltin vodiydan shabadalar», Abdulla Qahhorning «Sinchalak», Sharof Rashidovning «Bo‘rondan kuchli» asarlari muhokama qilinishi kerak edi. Hali ular haqida so‘z ochilmasdan Anna Karavayeva «Uch ildiz»ning tanqidiga tushib ketdi: «Romanda voqea bitta fakultet doirasi bilan cheklanib qolgan, yuqori tashkilot vakillari ko‘rsatilmagan, voqelik tasviri bir tomonlama chiqqan, faqat Zamira nomli student qizning obrazi yaxshi ko‘rsatilgan»…

Bu tanqidlarni mantiqan davom ettirib, «romanda voqelik buzib ko‘rsatilgan» degan g‘oyaviy aybga aylantirish mumkin edi. «Uch ildiz»ni urkaltak tanqid yordamida yomonga chiqaradigan odamlar o‘zimizda ham topilardi. Hakimov va Eshonboyevlarga o‘xshab halol ziyolilarni badnom qilishga uringan mustabid tuzum malaylari bunday romanning xalq orasida tarqalishini hech ham istamas edilar. Ular «Uch ildiz»ni yozgan Pirimqul Qodirov qamaladi» degan mish-mishlar tarqatib yurganini o‘sha paytda bir talaba shoir menga aytib bergan edi.


Mana shunday vaziyatda Muxtor Avezov yozuvchi Anna Karavayevaga qarshi gapirgani va romanni dadil himoya qilgani ajoyib bir jo‘mardlik bo‘ldi.
Muxtor Omarxonovich Anna Karavayevaning «yuqori tashkilot vakillari ko‘rsatilmagan», degan talabi asossiz ekanini, rektorlar, vazirlar boshqa romanga mavzu bo‘lishi mumkinligini, bu yerda esa yosh ziyolilar avlodining shakllanish jarayoni ishonarli tasvirlanganini, studentlar mavzusi atroflicha ochib berilganini dalilu isbotlari bilan ko‘rsatdi. Keyinroq so‘z olgan Lidiya Grigorevna Bat Muxtor Omarxonovich bildirgan fikrlarni qo‘llab-quvvatlab, Anna Karavayevaning da’volariga qarshi chiqdi.
Shu bilan mening boshim ustiga yig‘ilgan qora bulutlar tarqab ketganday bo‘ldi. Muhokamalar tugagandan keyin Muxtor og‘aga minnatdorchilik bildirmoqchi bo‘ldim, lekin yoniga borishga tortindim. Chunki Muxtor og‘a hali meni tanimas edilar. Shu payt Muxtor og‘aning yonida turgan Yashin aka meni imlab chaqirdi, yaqin borganimda kimligimni unga aytdi. Muxtor og‘a kulimsirab menga qo‘l berdi, so‘ng «Uch ildiz»ning o‘zbekcha nashridan bir nusxa so‘radi.
O‘sha paytda qo‘limda kitob yo‘q edi. Xijolat bo‘lib:
– Uydan keltirib beraman!– dedim. Biz u vaqtda Moskvada turar edik.– Mehmonxonagami, qayerga desangiz, shu bugunoq olib boraman!
Muxtor og‘a vaqtini chamalab, bir lahza o‘ylanib oldi-da, ertasi kuni kechki payt Qozon vokzaliga, Olmaota poyezdiga olib chiqishim mumkinligini aytdi.
Fevral oyi, kun sovuq, yerlar toyg‘oq. Qor uchqunlab turibdi. Lekin men uchun bahor quyoshi porlab turganday tuyulardi. Aytilgan soati minutida Olmaota poyezdining beshinchi vagonini qidirib topdim. Romanning dekada munosabati bilan chiroyli ko‘k muqovada nashr qilingan nusxasi ichiga eng iliq minnatdorlik so‘zlarimni yozib, Muxtor og‘aga tutdim. Esimda bor: qorako‘l yoqali palto va qorako‘l telpak kiygan Muxtor og‘a kitobni qimmatli sovg‘adek avaylab qo‘liga oldi va muqovasini kafti bilan silab qo‘ydi. Bu menga ulug‘ ustoz boshimni otalarcha silaganday tuyulib, ko‘nglimni ko‘tardi.
Poyezd jo‘naguncha aytgan uch-to‘rt og‘iz so‘zdan shuni sezdimki, Muxtor og‘a mening ilk romanimni jo‘mardlarcha qo‘llab-quvvatlash bilan kelajagimga ishonch bildirgan va zimmamga katta mas’uliyat yuklagan…
Oradan yillar o‘tdi. Muxtor Avezovni ikkinchi marta ko‘rish menga nasib qilmadi. Lekin uning «Abay» romani Oybek akaning «Navoiy»si bilan birga, ayniqsa, murakkab tarixiy mavzuda ishlagan yillarimda men uchun ulug‘ bir namuna bo‘lib, doim ko‘z o‘ngimda turdi.
Yetmishinchi yillarda Olmaotada o‘tkazilgan yozuvchilar anjumaniga meni ham taklif qilishdi. Lolaqizg‘aldoqlar ochilgan ko‘klam payti edi. Shaharniig markaziy maydonlarini yolg‘iz kezib yurganimda baland granit tagkursiga o‘rnatilgan salobatli haykalni ko‘rib, dilimni birdan quvonch, sog‘inch va qandaydir mung chulg‘ab oldi. Muxtor Avezovga shunday ajoyib haykal o‘rnatilgani men uchun yangilik edi. Qozoq do‘stlarimizning bu ishiga dil-dilimdan tahsin aytib, haykal yonida uzoq turib qoldim. Tirik ko‘rolmaganimning mungi va ixlosmandlik sog‘inchidan tashqari uning o‘lmas ruhi oldida burchli ekanim meni haykal oldidan ketgani qo‘ymas edi. Agar haykal ochiq joyda bahor yomg‘irlari ostida turgan bo‘lmasa, uning poyiga so‘nggi o‘n yilliklarda yozgan kitoblarimni e’zoz bilan qo‘yib ketgan bo‘lardim.
Yuqorida aytganimdek, ulug‘ adib Konstantin Mixaylovich Simonov O‘zbekiston bo‘ylab safar qilgan kunlarida qattiq shamollab qoldi, isitmasi ko‘tarilib ketdi. Biz uni Moskvaga kasal ahvolda kuzatib qo‘ydik. Men Do‘rmonda qolib, «Uch ildiz» romanini tugalladim, qo‘lyozmani muhokamaga berdim. Shu orada Moskvadan – Konstantin Simonovdan xat kelib qoldi. Mashinkalatilgan uch betlik kattagina maktub, 1957 yil 17 oktyabrda yozilgani oxirida qayd etilgan. Maktub shunday boshlanadi:
«Qadrli o‘rtoq Qodirov! Men hali ham sog‘ayganim yo‘q, ko‘rpa-to‘shak qilib yotganim uchun, afsuski, Sizning romaningizni qo‘lda qalam bilan o‘qiyolmadim, shu sababli Sizga eng umumiy tarzdagi fikrimni yozib yuboryapman».
Ulkan adib kasal bo‘lib yotganiga qaramay, yosh bir qalamkashning asariga shunchalik e’tibor bergani kishini hayron qoldiradi. «Umumiy tarzdagi fikrim» deb, o‘z xatiga o‘ta kamtarona baho bergan bo‘lsa ham, maktubda men uchun juda muhim bo‘lgan quyidagi mulohazalar bitilgan edi:
«Siz Mahkamni oq, ya’ni yaxshi odam qilib tasvirlaganingizda men bunga ishonaman, chunki uning fazilati ichdan olingan, men uning yaxshiligini ichdan ko‘raman… Mannonovni qalamga olganingizda men uning yomon kirdikorlariga sabab bo‘lgan ichki mantiqni ilg‘ayman, chunki u ham ichdan olingan. U o‘zining yomon qilmishlariga qanday kelayotgani menga tushunarli. Ammo Siz dekanni yoki Eshonboyevni tasvirlaganingizda, ularni faqat tashqaridan qora qilib ko‘rsatgandek bo‘lasiz… Ulardagi yomon qilmishlar qanday tug‘ilishi, qanday mantiqdan kelib chiqayotgani menga ko‘rinmaydi, shu boisdan obraz sifatida ular menga zaif tuyula boshlaydi…»
Konstantin Simonov o‘z tanqidiy mulohazalarini teran bir ichki madaniyat bilan yozgan edi. Uning «Uch ildiz»ni qo‘lyozmasida o‘qigani va iliq xat yozib yuborgani faqat menga emas, adabiy jamoatchilikka ham yaxshi ta’sir qildi. Shundan keyin roman ustida yana besh-olti oy berilib ishladim, nuqsonlarini baholi qudrat tuzatdim.
Lekin bugungi yuksak talablar nuqtai nazaridan qaraganda, Konstantin Simonov o‘shanda donishmandlarcha ogohlantirib aytgan bir badiiy muammoni o‘zim uchun haligacha ko‘ngildagidek hal eta olmay kelayotganimni sezaman. Bu – hayotimizdagi salbiy hodisalarni va yomon odamlarni butun miqyosi va murakkabligi bilan ichdan ko‘rsatish muammosidir. Aslini olganda, bu muammo hozir butun adabiyotimiz oldida turibdi. So‘nggi davrda ochib tashlangan salbiy hodisalarning miqyosi, fosh bo‘lgan sobiq kazo-kazolarning harakat doirasi hali badiiy obrazlarda bor bo‘yicha ko‘rsatilgan emas.
Shaxsan men dilimga yaqin jozibali insonlarning ruhiga uncha qiynalmay kiraman, ammo yomon odamlarning ichki dunyosidan begonasirayman, ularning ruhiga kirishdan jirkanadigan paytlarim bo‘ladi. Holbuki, yozuvchi ham shifokor kabi kasaldan, murdadan qo‘rqishga haqli emas. Zarur bo‘lganda jarrohlik pichog‘i bilan ularning a’zolarini kesib tahlil qilishga o‘rganadi. Bu ishlar jamiyatni illatlardan poklash uchun qilinadi.
Albatta, adabiyotga nurli qahramonlar juda zarur. Axir haqiqat timsoli bo‘lgan quyosh barchaga barobar nur sochadi-ku. Uning ziyosi butun yer kurrasini qamrab oladi. Yaxshi-yomon hamma joy oftob nuri tufayli o‘zining haqiqiy manzarasini namoyon qiladi.
Yangicha tafakkur ham ijobiy-salbiy barcha hodisalar va personajlarning haqiqiy manzarasini ochib berishga xizmat qilishi kerak. Hozir dunyo bo‘ylab keng tarqalayotgan yangicha tafakkur – inson zotini halokatdan qutqarishga qaratilgandir. Odamzodni omon saqlash vazifasi oliy insonparvarlik ekan, uning alohida zarralari bo‘lgan ijobiy-salbiy xarakterdagi kishilarni yomon muhit ta’siridan va illatlar girdobidan qutqarib olish ham yuksak odamiylikka kiradi.


74






Xulosa

Biz mazkur dissertatsiyaning har bir bob va fasllarini alohida xulosaladik. Va ana shu tuxtamlardan kelib, chiqib qo‘yidagicha umumiy xulosalarga keldik. Ham olim,ham yozuvchi bo‘lish hammaga ham nasib bo‘lavermaydi.Ana shunday yuksak darajadagi unvonga Alisher Navoiy , Mirzo Ulug‘bek , o‘zbek adabiyotining yetuk vakillaridan Abdurauf Fitrat, Oybek, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda sazovor bo‘lgan. Zotan, shoir va yozuvchi bo‘lish, ayniqsa, olim va ijodkor bo‘lish adabiyotning inson ruhiyatiga, uning his - hajoniga ta’sir etuvchi anor suvidek obi hayotni qahramonlar qoniga singdirib, uni keng hayot dengiziga olib kirish demakdir.

Download 109.79 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling