Pandemiyaning global iqtisodiyotga ta’siri


Download 43.5 Kb.
Sana02.01.2022
Hajmi43.5 Kb.
#195340
Bog'liq
Pandemiyaning


Pandemiyaning global iqtisodiyotga ta’siri

Koronavirus Covid-19 pandemiyasi ijtimoiy soha hamda iqtisodiyot tarmoqlarini jiddiy sinovdan o‘tkazmoqda. Shu bilan birga, pandemiya davrida “Buyuk yopilish” atamasi bilan kirib kelgan iqtisodiy inqiroz xalqaro xo‘jalik aloqalarida “qiymat zanjirlari”ni uzilishi bilan birga xizmat ko‘rsatish va servis tarmoqlariga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatib Jahon iqtisodiyotining retsessiyasini boshlab berdi[1].

Bu inqirozning o‘ziga xos tomoni shundaki – unda ham talab, ham taklif inqirozi bilan birga tarixdagi eng katta ishsizlik muammosi kuzatilmoqda.

Bunga quyidagi omillar sabab bo‘ldi:

birinchidan, talab inqirozi – jahon aholisining 80%i karantinga tushishi natijasida tovar (asosan uzoq muddatli iste’mol tovarlari) va xizmatlar iste’moli pasayishi;

ikkinchidan, yirik iqtisodiyotlarda yalpi talab tushishi natijasi YaIMning o‘sish sur’atlari 5-10% pasaydi. Goldman Sachs prognozlariga ko‘ra, 2020 yilda AQShda YaIM -6%ga, Xitoy YaIM -9%ga tushishi;

uchinchidan, yirik iqtisodiyotlardagi iqtisodiy muammolar ketidan rivojlanayotgan davlatlarda ham iqtisodiy muammolar kelib chiqa boshladi. Bu muammolar asosan, 2020 yil fevralidan boshlab jahon bozorlarida kuzatilayotgan xomashyolar narxlarining pasayishi, xususan neft narxining oxirgi 18 yillik minimumdan pasayib ketganligi, xomashyo eksportiga asoslangan iqtisodiyotlarga salbiy ta’siri sezilarli bo‘lmoqda (The Economist 2020a; CNN 2020);

to‘rtinchidan, pandemiya sharoitida qo‘llanilayotgan cheklovlar aholi salomatligini himoya qilish bilan bog‘liq xarajatlarni deyarli deyarli barcha davlatlarda oshib ketishiga olib keldi.

O‘zbekiston iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi YaIM joriy yilning 1-choragida 4,1% ga o‘sdi (o‘tgan yilning shu davrida 5,3%). Tashqi savdo aylanmasi 10,2% ga kamaydi[2]. Ammo bu ko‘rsatkichlarda karantin choralarining qo‘llanilishi ta’siri minimal bo‘ldi. Chunki koronavirus birinchi chorak tugashiga ikki hafta qolganida aniqlandi va karantin tadbirlari 16 martdan 6 aprelgacha mamlakat bo‘ylab bosqichma-bosqich joriy etildi.

Agar tashqi savdo aylanmasi yil boshidan buyon Xitoy va Yevropada epidemiya ta’sirida salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, unda barcha savdo ob’yektlarini yopish (oziq-ovqat do‘konlari va bozorlardan tashqari), umumiy ovqatlanish va xizmatlar, mamlakat ichidagi transportda qat’iy cheklovlar va boshqa mamlakatlar bilan avto, havo va temir yo‘l aloqalarining to‘xtatilishi ichki talabning pasayishiga olib keldi.

Ichki talabni qo‘llab-quvvatlash uchun 14 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasini 16% dan 15% ga tushirdi. Bu so‘nggi 5 yil ichida qayta moliyalash stavkasining ilk marta pasaytirilishi bo‘ldi[3].

Birinchi chorakda YaIM o‘sishining pasayishi ham o‘tgan 3 yil mobaynida O‘zbekiston iqtisodiyoti jahon iqtisodiyotiga yanada faol integratsiyalashganini ko‘rsatdi.

So‘nggi yillarda xizmat ko‘rsatish sohasining yuqori ko‘rsatkichlarda o‘sib borishi YaIM tuzilmasidagi ulushini ham oshishiga olib keldi. O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasining hisobotiga ko‘ra, 2019 yil yakunlariga ko‘ra YaIMda xizmatlar 35,5%, sanoat 30%, qishloq xo‘jaligi 28,1%, qurilish 6% ni tashkil etdi[4]. Demak xizmat ko‘rsatish sohasidagi og‘ir vaziyat iqtisodiy o‘sish sur’atlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Iqtisodiy inqirozning aholi bandligiga ta’siri

Xalqaro mehnat tashkilotining 2020 yil 1 chorak yakuni bo‘yicha e’lon qilgan monitoring natijalariga ko‘ra, aprel oyining boshiga kelib Covid-19 pandemiyasi ta’sirida global miqyosda 2,7 mlrd ish o‘rinlarining to‘liq yoki qisman yopilishiga olib keldi, bu esa jahondagi ish bilan band aholining 81 %iga ta’sir qildi[5].

Jahonda kambag‘al aholi soni qariyb 2 baravarga yoki 500 million kishiga ko‘payish xavfi yuzaga kelmoqda.

Bularning natijasida ish o‘rinlari soni qisqarishi, ishlab chiqarish quvvatlarining qisman yoki to‘liq to‘xtalishi, masofadan ishlash tamoyillari joriy etilishi natijasida mehnat unumdorligi pasayishi kuzatilmoqda.

Ayniqsa, turizm, sayyohlik, mehmonxona va transport xizmatlari eng katta yo‘qotishlarga duch keldi. Yo‘qotishlarning hajmini yirik aviakompaniyalarning aksiyalari qiymati 50 foizga pasayganligida ham ko‘rish mumkin.

Iqtisodiy inqirozlar asoratlarini yumshatishda qaysi iqtisodiy siyosat dastaklaridan foydalanish mumkin?

Darhaqiqat, dunyoda qaysi sohani olmaylik, global inqiroz ish o‘rinlarini qisqarishiga keskin ta’sir ko‘rsatmoqda. Aksariyat siyosatchilar postpandemik davrda iqtisodiyotni tiklash bo‘yicha zudlik bilan amalga oshirishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar, ayniqsa, iqtisodiyotning yirik tarmoqlari, hayotiy muhim bo‘lgan sohalar va aholining aksariyat qismi band bo‘lgan tadbirkorlik sohalarini himoya qilish bo‘yicha jiddiy izlanishlar olib borilmoqda.

Nazariy jihatdan iqtisodiy siyosatning roli, tashqi, qarz olish va sug‘urta yetishmovchiligi kabi eksternaliyalardan (tashqi ta’sirdan) holi sharoitda Covid-19ning katta zararli ta’siri faqat qisqa muddatli V shaklidagi retsessiyani keltirib chiqaradi. Bunda ish o‘rinlari va ishlab chiqarish kamayishi bilan YaIM pasayadi. Kasallikning tarqalishini cheklash bo‘yicha chora-tadbirlarga rioya qilish uchun ularning iqtisodiy faoliyati, ammo keyin ishsizlik yoki biznes yopilmasdan, saqlash siyosati tugashi bilan hamma narsa normal holatga qaytadi. Iqtisodiyot bir muncha vaqt yuqoriroq ko‘rsatkichlarga erishishi mumkin. Chunki uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar va xizmatlarga bo‘lgan talab qondirildi.

Ammo amaliyotda Covid-19 uzoq davom etadigan chuqur turg‘unlik va keskin iqtisodiy o‘zgaruvchanlikni keltirib chiqarishi mumkin (Furman 2020). Makroiqtisodiy siyosatning maqsadi ushbu qisqa muddatli V shaklidagi turg‘unlikni replikatsiya qilishga harakat qilish, tashqi talablar va moliyaviy cheklovlarni yumshatish, salbiy zarbalarning ta’sirini kamaytirishga yordam beradigan monetar va fiskal vositalardan foydalanish (Bernanke 2020; Blinder va Zandi 2015; Gali va Gambetti 2009).

So‘nggi empirik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, xususiy iste’mol davlat xarajatlari hisobiga rag‘batlantiriladi va bu dalil mavjud makroiqtisodiy nazariyaga ziddir. Unga ko‘ra davlat xarajatlarining o‘sishi (soliqqa asoslangan) iste’molni kamaytirishi kerak (Bouakez & Rebei, 2003). Vektorli avtoregressiya (VAR)ga asoslangan so‘nggi empirik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, davlat xarajatlarining ko‘payishi xususiy iste’molning sezilarli va doimiy o‘sishiga olib keladi va ular iqtisodiy taraqqiyotga olib keladi (Gali, Lopez-Salido & Valles, 2007; Okubo, 2003; Perotti, 2002).

Agar hukumat xarajatlarni ssudalar bilan moliyalashtirsa, xususiy iste’mol hajmi ham oshishi mumkin. Ammo kelajakda hukumat olingan tashqi qarzlarni so‘ndirib borishi va/yoki soliqlarni oshirishi kerak, shuning uchun bu ijobiy korrelyasiyani uzoq muddatda qo‘llab-quvvatlab bo‘lmaydi.

Shuningdek, xususiy sektor orqali mablag‘larni tarqatish davlat davlat tashkilotlari orqali taqsimlashdan ko‘ra unumliroq. Buni Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida o‘tkazilgan keng miqyosli tadqiqotlarda ko‘rish mumkin[6].

Xususan, Ruminiyadagi yalpi iste’mol va yalpi ichki mahsulot o‘rtasida ijobiy bog‘liqlik borligi aniqlandi. Shu bilan birga, xususiy iste’mol va YaIM o‘rtasidagi bog‘liqlik kuchli, davlat iste’moli va YaIM o‘rtasidagi bog‘liqlik esa kuchsiz ekanligi isbotlandi.

Markaziy va Sharqiy Yevropaning 11 mamlakati uchun ishlab chiqilgan tadqiqotda, Gozgor (2013) faqat Xorvatiya va Sloveniyada moliya va byudjet siyosati uzoq muddatli istiqbolda xususiy iste’molga ta’sir ko‘rsatishini ko‘rsatgan bo‘lsa, boshqa 9 ta davlatida ta’sir kuchi vaqtinchalik bo‘lgan.

Ko‘plab kuzatuvchilar hozirgi kunda eng yaxshi rag‘batlantirish turi bu uy xo‘jaliklarining ayniqsa, pulni sarflash ehtimoli ko‘proq bo‘lgan qatlamiga, ya’ni ish joyi yoki daromadlari yo‘qotgan kam ta’minlanganlar va o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlaganlar uchun deb hisoblaydilar.

2020 yil 10 aprel holatiga jami 51 ta mamlakat tomonidan mehnat bozorini qo‘llab-quvvatlash 74 ta dastur ishlab chiqildi[7].

O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlari orqali jami 312,4 ming kishi ishtirok etgan anonim so‘rovnoma natijalariga asosan fuqarolarning 21 %i vaqtincha ishini yo‘qotgan, 7 %i o‘z hisobidan mehnat ta’tilida, 7 %i haq to‘lanadigan mehnat ta’tilida, 18 %i uyda masofadan turib va 21 %i ishxonaga qatnab ishlayotganligini bildirishgan[8].

Respublikadagi mavjud karantin rejimi tufayli jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlaridan tushumlar 3 barobarga, YaTTlarning qat’iy belgilangan solig‘i bo‘yicha tushumlar 84 foizga kamaygan[9].

Kichik biznes sohalarida ko‘plab ishchilar daromad manbaidan ayirilgani va ishdan bo‘shatilishlari kuzatilmoqda. Bu vaziyatda iqtisodiyotning bir qator tarmoqlari bo‘yicha korxonalar va aholining to‘lov qobiliyatiga jiddiy tahdid soluvchi omillar yuzaga kelmoqda. Xususan, norasmiy sektorda band bo‘lganlar ayniqsa, eng zaif va himoyalanmagan qatlam bo‘lib qoldi.

Krizisning norasmiy sektorda bandlarga salbiy ta’siri

Joriy qilingan karantin choralari ta’sirida eng qattiq zarba bergan sohalarda norasmiy ish band bo‘lgan qariyb 1,6 mlrd nafar ishchilarga jiddiy ta’sir qilgan.

Krizisning birinchi oyida norasmiy ish bilan band aholining taxminan 60 %ida daromadlar pasaygan. Ushbu ko‘rsatkich Afrika va Lotin Amerikasida 81 %ga tushgan.

Aholi tabaqalari kesimida esa 82 % past va o‘rta daromadli qatlam vaqtllari, 28 %i esa yuqori daromad qiladiganlarga to‘g‘ri kelgan. Yuqori daromadli davlatlarda bu ko‘rsatkich 76 %ni tashkil etgan.

Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekistonning byudjeti qanday o‘zgardi?

Xalqaro mehnat tashkiloti kichik biznesda va o‘zini o‘zi band qilgan aholini, ayniqsa, norasmiy iqtisodiyotda ishlayotganlarni himoya qilish uchun shoshilinch va muhim siyosat choralarini ko‘rishga chaqirmoqda[10].

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra bugungi kunda O‘zbekiston mehnat bozorida 13,5 mln kishi band bo‘lib, ulardan 5,7 mln kishi rasmiy va 7,8 mln kishi norasmiy sektorda, shu jumladan, 2,6 mln kishi mehnat migranti sifatida mehnat qilmoqda[11].

Jahon banki tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra Covid-19 pandemiyasi va qo‘llanilgan karantin choralari ta’sirida yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz tufayli, pul o‘tkazmalarining umumiy hajmi 20%ga keskin tushadi[12]. O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari sonidan kelib chiqadigan bo‘lsak bu ko‘rsatkich 500 mingdan ko‘proq kishi koronavirus pandemiyasi ta’sirida doimiy ish joylariga ketolmay qolish ehtimoli yuqori.

Manba: Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari

Aksariyat hollarda norasmiy sektorda bandlar ko‘rsatkichi qishloq joylarida ko‘proq bo‘lishi hududlar kesimida tahlil qilinganda ham ko‘rinib turibdi.

Manba: Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari

O‘zbekistonda davlat tomonidan amalga oshirilayotgan choralarning samarasi

Ko‘rilgan choralar natijasida O‘zbekistonda Covid-19 virusidan zararlanganlar orasida o‘lim darajasi 0,4% ni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda kasallikdan davolanayotganlar ham, kasallikda gumon qilinganlar ham, karantinda saqlanayotganlarning barchasi bepul, davlat byudjeti hisobidan davolanmoqda.

Prezident koronavirusning iqtisodiyotga salbiy ta’siri va global inqirozni yumshatish bo‘yicha Farmon imzoladi

21 apreldan boshlab koronavirus bilan kasallanishlar soni kunlik statistikada tuzalganlar soni kasallanganlar sonidan oshayotganligi qabul qilingan qarorlar va ko‘rilgan choralarning samarali ekanligidan dalolat beradi.

Karantin davrida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi va Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan, 141 ming 800 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanib, ularga 43 milliard 225 million so‘m ish haqi to‘lab berildi.

Ta’kidlash joizki, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – bu yangi ish o‘rinlarini yaratish, bozorda talab va taklifni shakllantirish, pirovardida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun katta imkoniyat va zaxira hisoblanadi.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun qonuniy faoliyat yuritish uchun qulay va sodda huquqiy tizim yaratish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligada 22 va 24 aprel kunlari o‘tkazilgan videoselektor majlislarida[13][14] karantin davrida aholi bandligi va daromadi keskin kamayishini oldini olish bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi:

o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish va qonunchilikda taqiqlanmagan barcha tadbirkorlik shakllariga ruxsat berish (hozirda 85 ta faoliyat turiga ruxsat berilgan);aholi bandligini ta’minlashdagi muhim bo‘lgan servis sohasini rivojlantirish (ovqatlar va tovarlarni uyga yetkazib berish, ko‘chma savdo va xizmatlarni tashkil etib, bu korxonalarning kamida 70 foizini bemalol ishlatsa bo‘ladi);onlayn ishlasa bo‘ladigan sohalarga maksimal imkoniyatlar yaratib berish;tovarlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishni rag‘batlantirish;yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik sub’yektlariga faoliyat yuritish uchun sharoit yaratib berish;uy-joylarni remont qilish hamda avtotransport, maishiy texnika va boshqa tovarlarga kreditlar berishni kengaytirish;qishloq xo‘jaligi kooperativlarini qo‘llab-quvvatlash orqali mavsumiy ishlarga aholini keng jalb qilish;fermer xo‘jaliklari tomonidan dala tomorqalarida ekin ekishga aholiga yordam berish;“oborot”dan chiqqan yerlarni o‘zlashtirib, kooperativlarni tashkil qilish;aholi xonadonlarida issiqxonalarni ishga tushirish;o‘zlashtirilmagan yerlarni uchun sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish orqali yangi maydonlar tashkil etish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish;ijtimoiy xizmat turlarini kengaytirish asosida yangi ish o‘rinlarini yaratish (jamoat joylarini dezinfeksiyalash, qariyalar, nogiron va o‘zgalarning yordamiga muhtoj shaxslarni parvarishlash va boshqalar).

Eng asosiysi, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun faqat xabardor qilish orqali ro‘yxatdan o‘tib ishlash mexanizmini joriy etish bo‘yicha o‘ta dolzarb va muhim bo‘lgan topshiriq berildi. Mazkur topshiriq bilan uzoq vaqt mobaynida norasmiy sektorda band bo‘lgan aholini davlat ro‘yxatiga olish tizimini keskin soddalashtirish, bunda kundalik hunari bilan aholiga maishiy xizmat ko‘rsatayotgan fuqarolardan umuman soliq undirilmasligi belgilandi. Mazkur tashabbus shu kungacha mehnat bozorini rivojlantirish bo‘yicha qilingan eng samarali islohotlardan biri sifatida e’tirof etish lozim.



Karantin davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini markazlashgan holda qo‘llab-quvvatlash

O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’yektlari va mahalla institutini keng jalb qilish amaliyoti ham samarali tashkil etilganini ta’kidlash joiz. Yuzaga kelgan vaziyatda qisqa muddatda barcha kritik resurslarni jamlash va uni markazlashtirilgan holda aholiga samarali tarzda yetkazishda avvalambor eng zaif qatlamlar, ishsiz qolganlar, daromad manbaidan ayrilganlar va boshqa qatlamalar cheklovlarsiz xavfsiz yordam berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Download 43.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling