Pedagogik tadqiqotlar metodologiyasi
Intuitsiya va pedagogik tafakkur. Intuitsiya
Download 1.4 Mb.
|
2 5449644085021246148
Intuitsiya va pedagogik tafakkur. Intuitsiya (lot. intuitio – sinchiklab qarayman) – haqiqatni dalil bilan isbotlamasdan, bevosita fahm-farosat bilan anglab olish qobiliyati; fikran ilg‘ab olish yo‘li bilan tajriba doirasidan chiqish, shaxsiy qobiliyati yoki bilib olinmagan aloqalar, qonuniyatlarni jonli shaklda umumlashtirish. Tadqiqotchilarning fikricha, intuitsiyaning hissiy, aqliy va mistik turlari bor. Hissiy intuitsiya deb, aqliy mushohada va boshqa sezgi obrazlariga bog‘liq bo‘lmagan holda tushunchadan oldin keladigan intuitiv sezishga aytiladi. Hodisalarning mohiyatini birdaniga aql bilan ilg‘ab olish aqliy (intellektual) intuitsiya deyiladi (E. Gusserl). Ilohiy qudrat bilan muloqot jarayonida vujudga keladigan mutlaqo ongsiz ilohiy ilhom mistik intuitsiya hisoblanadi (J. Mariten). Intuitsiya – subyektning obyekt bilan bevosita qo‘shilishib ketishi okibatidir (A.Bergson). Psixoanalizda intuitsiya ijodning ongsizlikdagi ilk tamoyili deb talqin etiladi (3.Freyd). SHarq falsafasida intuitsiyani “ilohiy ilhom” yoki “ilohiy zeh” deb atashgan (Ibn Sino). Intuitsiyani o‘rganib, boshqarib ham bo‘lmaydi. U to‘satdan miyaga kelib qoluvchi fikrdir. Inson miyasida ro‘y beruvchi refleksiv jarayonlar shu qadar murakkab zanjirli bog‘lanishlar hosil qiladiki, ba’zan turli sabab-oqibatli zanjirlar tizimidagi halqalar bir-biriga tutashib ketadi. SHunday tutashuv jarayonida inson miyasiga yarq etib yangi fikr kelib qoladi. Ana shu holat intuitsiyaning nerv-fiziologik asosi hisoblanadi. Bu kutilmaganda, behosdan ro‘y berganligi uchun kishilar intuitsiyani ilohiy va g‘ayritabiiy mohiyatga bog‘lab tushuntirishga urinishadi, lekin uning zamirida o‘ziga xos psixik jarayonlar yotadi. Intuitsiya inson miyasida ro‘y beruvchi o‘z-o‘zini sozlash, o‘z-o‘zini muvofiqlash mexanizmi bilan bog‘langan. Miyada muayyan paytda o‘z-o‘zidan ishlash jarayoni sodir bo‘ladi va u o‘z-o‘zicha yangi bilimni ishlab chiqadi. Bu jarayonni ongli nazorat qilmaganligimiz tufayli miyamizga yangi fikr quyilib kelgandek bo‘lib tuyuladi. Aslida bu fikrni miyamiz o‘zo‘zidan hisoblab chiqqan bo‘ladi.
Mushohada, insayt, intuitsiya mashaqqatli ilmiy izlanish, yangi faktlarni topish va ularni ilmiy farazlar, tizimlar, nazariyalar va qonunlarda ratsional, mantiqiy-diskursiv anglab etish bilan bir qatorda, ilmiy ijodning zarur jihatlari, olimning izlanuvchan, jonli, tirishqoq aqlining doimiy hamrohlaridir. Buyuk fizik A. Eynshteyn ilmiy ijodda intuitsiya, faraz, mushohadaning ahamiyatini qayd etgan holda, «Mohiyat e’tibori bilan, faqat intuitsiyagina chinakam qimmatga egadir», deb ko‘rsatib o‘tgan edi. Insonning dunyoni bilish, subyektning obyekt bilan o‘zaro ta’sirga kirishish jarayoni o‘ta murakkab va ziddiyatli jarayondir. U olimdan nafaqat ongli, balki ongsiz faoliyat ko‘rsatishni ham talab etadi. Insonning ong osti sohasining bilish faoliyati intuitiv bilish deb ataladi. Intuitsiya esa – bu bilish obyektining ayni shartlarda boshqa yo‘l bilan asoslab bo‘lmaydigan xossalariga bevosita, nomantiqiy tarzda haqqoniy deb qarashdir. Ilmiy ijodda intuitsiya sezgi va aql-idrok faoliyatiga qarshilik ko‘rsatmaydi, balki bilishning hissiy va ratsional jihatlari bilan uzviy bog‘lanib, ularni to‘ldiradi. Subyektning obyekt borlig‘i qonuniyatlarini, uning xossalari va aloqalarini hissiy va ratsional bilishi ongning ijodiy faolligiga yorqin misol bo‘la oladi. Ammo ongli darajada sodir bo‘luvchi insonning ijodiy jarayoni uning ruhiyatining yanada chuqur – ongsiz va ong osti qatlamlariga ham kirib boradi. Hozirgi zamon ilmiy tasavvurlariga ko‘ra, insonning ongsiz ong osti ruhiy faoliyati sohasi ba’zan ong anglab etmaydigan sezgilar, tasavvurlarni o‘z ichiga oladi. Ong osti sohasi ma’naviy hayotning tush ko‘rish, gipnoz holati, anglanmagan istaklar, tashvishli sezgilar, masalan, inson hayotida ko‘ngilsiz hodisa sodir bo‘lishi arafasidagi tashvishli sezgilarni qamrab oladi. Ruhiyatda ong, ong osti sohasi va ongli narsalarning o‘zaro aloqasi masalalariga psixoanaliz asoschisi Zigmund Freyd katta e’tibor bergan. Uning fikricha, inson ruhiyati uch sohadan: “U”, “Men”, “Mendan Ustun” sohalardan tashkil topgan. “U” – ongsiz mayllarning teran qatlami bo‘lib, unda gedonizm, lazzatlanish prinsipi etakchilik qiladi. “Men” – bu shaxsning ong sohasi, ongsiz soha bilan reallik prinsipi hukm suruvchi tashqi olam o‘rtasida vositachidir. “Mendan Ustun” soha – bu shaxsning ichki ma’naviyati, vijdoni, ta’bir joiz bo‘lsa, shaxsning ichki ijtiomiylashish darajasidir. Z.Freyd eksperimentlar va klinik tadqiqotlar negizida insonning ma’naviy olamida ongsiz narsalar, shu jumladan bilish va ijodiy faollikning rolini asoslab berdi. Ong osti sohasi va intuitsiya ilmiy bilish jarayonida bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Strukturaviy lingvistika sohasidagi yirik mutaxassis, til psixomexanikasi nazariyasining asoschisi Gyustav Giyom bilish jarayonida hodisalarni aniq ko‘rish, ularning mohiyatini teran tushunishda intuitsiya muhim rol o‘ynaydi, deb e’tirof etgan. O‘z ma’ruzalarida Giyom shunday deb qayd etgan: “Intuitiv mexanikada barcha operatsiyalar ongsiz ravishda sodir bo‘ladi. Ongsizlik, intuitsiya – bir xil narsalardir, natijani ko‘rish imkonini beruvchi til strukturalari bilan tasdiqlanuvchi intuitiv mexanika operatsiyalarning samaradorligi bizda o‘zimiz boshqara olmaydigan, kuchi bilimlarimizni oshirishda emas, balki bashorat qilish (luicidite) qobiliyatimizni kuchaytirishda bo‘lgan faoliyat darajasi mavjudligidan dalolat beradi”. Q.Abduraximovning fikricha, ongsizlik vaqt oqimi davomida informatsion fazoning o‘zgarishi, axborotlar oqimidagi kamchiliklarni to‘ldirish, mental strukturalar o‘z-o‘zining tarkib topishini oxiriga etkazishida sodir bo‘ladi. Ilmiy tadqiqot ishida faoliyatning avtomatlashgan, ongli, yarim ongli va ongsiz holatda nazorat qilinadigan komponentlari – ko‘nikma, malaka va odatlar inson bilish faoliyatining anglanmagan komponentlari sifatida kognitiv psixologiya yo‘nalishi o‘rganishi kerak bo‘lgan muammolardan ekanligiga alohida urg‘u berilgan. Bilish jarayonida anglanmagan (implitsit) bilimlarning anglangan (eksplitsit)likka o‘tishi ko‘pincha insayt sifatida talqin qilinadi, boshqa bir tomondan esa, anglanganlikning nazorat qilinishi avtomatik harakatlarga o‘tish bilan uyg‘unlashadi va malakani shakllantiradi. Ongsizlik tuzilishi bilan bog‘liq nuqtai nazar asosiga intuitsiyani kiritish uning asosiy komponentlari va mexanizmlari harakatini yanada aniq va umumlashtirilgan holda aks ettirish imkonini yaratadi. Intuitsiyaning turli modallikdagi axborot oqimlari va ularning o‘tmish, hozirgi vaqt (dolzarb) va potensial holatlarda vujudga kelish darajalari tanlovni universal integrativ mexanizm sifatida ko‘rish mumkinligidan dalolat beradi. Intuitsiya – bu ijodiy faoliyatning ichki, subyektiv tomoni bo‘lib, unda ongsiz komponent bilish faoliyati natijalarini umumlashtirish, birlashtirish, tushunib etishga yo‘naltiriladi. SHu bilan birga, ilmiy ijodda onglilik va ongsizlikning, intuitivning o‘zaro ta’sirini haddan tashqari soddalashtirib yubormaslik kerak, zotan, bu juda murakkab, chalkash va ancha mavhum jarayondir. Download 1.4 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling