Pedagogika ilmi va amaliyotida ko‘p zamonlardan beri ta’lim tarbiyadan ustuvor sanalib kelinayotganini bo‘lajak hamkasblar talabalik yillarida o‘zlashtirayotgan bilimlari asnosida payqagan bo‘lishlari kerak


Adabiyot, ma’naviyat va mustaqil fikrlash


Download 1.11 Mb.
bet14/71
Sana08.11.2023
Hajmi1.11 Mb.
#1756263
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   71
Bog'liq
AOM 3 KURS majmua

Adabiyot, ma’naviyat va mustaqil fikrlash. Olam sarvari bo‘lgan Odamning Yaratganga xush yoqadigan fazilatlar bilan ziynatlanishi ming-ming yillardan beri ta’lim-tarbiyaning asosi bo‘lib kelgan. Ko‘rinadiki, insonning ma’naviy to‘kislik sari intili-shi – tabiiy jarayon. Shu tabiiy taraqqiyotga tayangan holda fuqa-rolari erkinligini ta’minlash, xalqining ham moddiy, ham ma’naviy to‘kisligiga erishish har qanday mamlakatning kuchli bo‘lishi ga-rovidir. Shu ma’noda, yurtimiz ta’lim-tarbiya tizimida ham inson ma’naviyatining sog‘lomlashuviga, uning yaxshi sifatlar bilan to‘yinishiga birlamchi yumush sifatida yondashish ustuvor ahami-yat kasb eta boshladi.

O‘quv-tarbiya amaliyotida ham muayyan o‘zgarishlar sodir bo‘layotir. Ta’lim kechimi insoniylashdi, mazmuni insonparvar-lashdi. O‘qitish jarayoni oliy maktabga kiruvchi abiturient tay­ yorlashdan barkamol shaxs shakllantirishdek, sog‘lom ma’naviyatli odamni tarbiyalashday keng qamrovli maqsadga yo‘naltirildi. Tarbiyalanuvchilar o‘zgalar tomonidan o‘qitilishi kerak bo‘lgan ta’lim obyektidan o‘qitish va tarbiyalash kechimida o‘zi bevosita faol ishtirok etadigan subyekt darajasiga ko‘tarilmoqda. Ya’ni tar-biyalanuvchi xuddi o‘qituvchi singari dars jarayonining ijrochi-siga aylanib bormoqda. Bugungi pedagogika ilmi va amaliyotida ta’lim-tarbiya tizimining vazifasi o‘quvchidagi ichki imkoniyat-larni uyg‘otib, uni o‘zi o‘qiydigan va o‘zini o‘zi tarbiyalaydigan qilish, bu jarayonda o‘zi tashabbuskor, ehtiyojmand bo‘lishiga eri­ shish lozimligi hamda butun kuchni shunga yo‘naltirish zarurligi tushunib olindi.


Bolani badiiy adabiyotga oshno qilish uchun, avvalo, oilada ota-onaning, ayniqsa onaning o‘zida bunga moyillik kuchli bo‘lishi zarur. Har bir inson ruhiy dunyosining shakllanishida ona muhim o‘rin tutadi, ayni vaqtda, onaga munosabat uning ma’naviy qiyofa-sini belgilovchi asosiy omil ham sanaladi. Ma’lumki, bolalar hami-sha kattalar bilan birga bo‘lishni, ularning atrofida «o‘ralashib» yurishni, ota-ona, bog‘cha opa yoki o‘qituvchining maqtovlarini eshitish yoxud e’tiroflarini his qilib turishni xush ko‘rishadi. Afsus-ki, o‘zbek oilalarining ko‘pchiligida kattalar, ayniqsa, onalarning bolalari bilan o‘ynashga vaqti yo‘q. Ularning bundan «muhim»roq ishlari ko‘p. Aslida har bir onaning oiladagi asosiy vazifasi – bola-sining qiziqishlari, intilishlari, xohishlarini anglash, o‘sib kelayot-gan zurriyodining jismonan sog‘lomligini ta’minlash, uni ma’naviy barkamollik yo‘liga solib qo‘yishdan iborat.


Bolalarni ko‘rkam asar o‘qishga qiziqtirish, badiiy so‘zni tu­ yish, undan ta’sirlanish va zavq ola bilishga yo‘naltirish ularning ko‘ngillarini injalashtiradi, tabiatini tozalaydi. Ko‘pchilik ota-ona-lar, ta’lim-tarbiya ishlari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar, zi-yolilar yosh avlodda badiiy kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni rivoj­ lantirish yo‘lida qayg‘urmoqda.


Ota-onalarni bolalariga kitob o‘qib berishga majbur qilish lozim. Buning uchun maktabda bolalar va ota-onalarning kitob o‘qishiga bag‘ishlangan birgalikdagi majlislarini tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunday majlislarda ota-onalarga far-zandlariga o‘qib berishi lozim bo‘lgan badiiy asarlar ro‘yxatini yozdirish, avvalo, maktab kutubxonasini zaruriy adabiyotlar bi-lan boyitish yoki sotib olish mumkin bo‘lgan joylar yoxud internet sahifalari haqida ma’lumot berish kerak bo‘ladi. Kitoblarning o‘qilish muddatini belgilash va ota-onalarni bundan xabardor qilish zarur. Bolasining ertasi uchun qayg‘urayotgan ota-onalar bu ishlar-ni bajarishadi. Bog‘cha opa yoki o‘qituvchi belgilangan muddatda o‘qilgan badiiy asarlar ustida ishlash darslarini tashkil qilishi, suh-bat asnosida o‘quvchilariga matn mazmunini qayta hikoyalashni emas munosabat bildirishni talab qiluvchi savol-topshiriqlar bilan murojaat qilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.


Bolalarning kompyuterga qiziqishlari baland ekani ayon. O‘qituvchi o‘quvchilardagi shu tabiiy xususiyatdan foydalanishlari kerak. Ya’ni ular o‘qishlari lozim bo‘lgan badiiy asarlarni elek-tron kutubxonalardan topib o‘qishni tavsiya qilishi maqsadga mu-vofiq bo‘ladi. Yoki kompyuter orqali ko‘rilgan multfilm, kinolar bilan ularning kitob variantini solishtirish borasida ham suhbatlar tashkil etish mumkin. Bunday taqqoslash darslarida o‘quvchilar kitobda­ ifodalangan, kino yoki multfilmda aks ettirish aslo mum-kin bo‘lmagan muhim jihatlarni topishga yo‘naltirilishi, buning sabablari haqida o‘ylab ko‘rishga undalishi, qahramonlar shaxsini ochishda kitobda aks ettirilgan baland tuyg‘ular tasviri, iztirob-lar ifodasining qanchalar muhim ekanini anglashga yo‘naltirilishi zarur.


O‘quvchilarni kitob o‘qishga yo‘naltirishning yana bir yo‘li ularni rag‘batlantirishdir. O‘quvchilar ma’lum bir sinfni tamomla-salar ularga maqtov yorliqlari beriladi. Ana shu yorliqlar o‘rniga ta-niqli shoir yoki yozuvchilarning kitoblari sovg‘a qilinsa, foydaliroq bo‘ladi. Qolaversa, taniqli shoir yoki yozuvchilar bilan o‘quvchilar uchrashuvlarini tashkil etish, ular bilan yosh kitobxonlar o‘qigan asarlar yuzasidan suhbatlar uyushtirish ham o‘quvchilarning badiiy so‘zga muhabbatini oshirishi tabiiy.


Xullas, yosh avlod ma’naviy takomilini ta’minlashda kitobdan oqilona foydalanish, buni to‘g‘ri tashkil eta bilish oilada ota-ona­ ning, ta’lim muassasalarida tarbiyachi va o‘qituvchilarning burchidir.


Savol va topshiriqlar:

  1. Mustaqil fikrlash tushunchasiga berilgan quyidagi ta’rifga diqqat qiling: «insonning o‘z oldida turgan muammoni aniq belgi-langan maqsad va vazifalarga muvofiq holda bilimi hamda hayotiy tajribalariga tayanib, o‘z intellektual imkoniyati darajasida turli yo‘l, usul, vositalar yordamida, mustaqil ravishda hal qilishga qa-ratilgan aqliy faoliyatidir». Uni qanday tushunganingizni birorta badiiy matnga tayangan holda asoslab bering. Adabiyot darslarida o‘quvchilarni mustaqil mulohaza yuritishga yo‘naltirish borasida mulohaza yuriting.




  1. Inson tafakkuri mustaqilligi darajasining belgilari – tashab-buskorlik, pishiqlik va tanqidiylik haqida o‘ylab ko‘ring. Ularni o‘z qarashlaringiz asosida, hayotiy yoki badiiy haqiqatlar misolida tahlil qiling.




  1. Quyidagi fikrni o‘qing: «Maqsad, vazifalari o‘zga shaxslar tomonidan belgilab qo‘yilgan, tayyor usul va vositalarga tayangan holda boshqalarning bevosita yordami bilan amalga oshiriladigan jarayonda ishtirok etgan tafakkur fikr qaramligini anglatadi. Mus-taqil tafakkurga ega bo‘lmagan kishilar tayyor qarashlar quliga aylanadilar. Ularning tafakkuri ...o‘sish-rivojlanishdan orqada qoladi. Mustaqil fikrlash rivojlanmagan hollarda kaltabin, aqlan erinchoq, behafsala, loqayd odam shakllanadi. Tafakkurning qa-ramligi, muteligi jamiyat rivojiga, millat taraqqiyotiga to‘siq bo‘lib, alohida odam uchun fojiadir». Undagi kalit so‘zlarni alo-hida ajratib yozing. Har bir so‘zning mazmun-mohiyatini ochib bering. Olingan ko‘chirmadagi har bir jumlani alohida-alohida tahlilga torting. Mustaqil fikrga ega bo‘lmagan fuqarolar jamiya­ tining, alohida shaxsning fojiasi darajasi haqida birgalashib mulo-haza yuriting.




  1. Inson tafakkurining mustaqilligi darajasini o‘lchash mezo-niga e’tibor qiling: «Ma’lum vaqt oralig‘ida mustaqil ravishda ba-jarilgan aqliy ish ko‘lami va sifati». Siz buni qanday tushundingiz? Bo‘lajak adabiyot o‘qituvchisi sifatida o‘quvchilar bilimining mus-taqilligi darajasini nimalarga asoslanib baholash to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. Kursdoshlar o‘zaro muhokama qilib, bir asar misolida qa-rashlaringizni asoslang.




  1. Quyidagi fikrga diqqatingizni qarating: «Ammo adabiy ta’limning o‘ziga xosligi shundaki, unda har bir o‘quvchi o‘z oldiga qo‘yilgan muammoni tegishli maqsad va vazifalarini belgila-gan holda bilimi, hayotiy tajribasiga tayanib turli yo‘l, usul, vosi-talar yordamida mustaqil ravishda hal qilib, faqat o‘zining badiiy haqiqatini chiqarishi mumkin». Bunga nima deysiz? Ona tili yoki matematika darslarida kelinadigan yagona haqiqat-xulosa bilan adabiyot darslarida qabul qilinadigan turfa haqiqatlar bir-biridan mazmunan qanday farq qiladi? Ularning mohiyatida, Sizningcha, nima yotadi? Ko‘chirmaning mazmunini sharhlang.




  1. Italiyalik mutaxassis J. Rodarining: «Agar bolalarni mus-taqil fikrlashga o‘rgatmoqchi bo‘lsak, eng avvalo, ularni ertaklar to‘qishga, sarguzashtlar tuzishga undash kerak. Fikrni faqat yangi, avval uchramagan, tortishuvlarga sabab bo‘ladigan masalalarga sarflash lozim. Zerikish – fikrning dushmani», degan qarashlari­ ga asoslanib buni amaliyotga tatbiq etish yo‘llari haqida o‘ylab ko‘ring. Siz, bo‘lajak adabiyot o‘qituvchisi, mazkur holatni qanday tashkil etgan bo‘lardingiz?




  1. Yuqorida o‘quvchilarga namuna sifatida keltirilgan top-shiriq: «Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar» asari qahramonlari Kumushbibi va Zaynab timsollarini o‘zaro taqqoslash» zamiridagi savol va topshiriqlar ustida Siz ham o‘ylab ko‘ring. O‘z munosa-batingizni bildiring, xulosa chiqaring. Nega shunday xulosaga kel-ganingizni asoslang.




  1. Yuqorida: «Muallim tarbiyalanuvchilarni mantiqiy fikr yuritish usullari bilan tanishtirib borishi; qolipda fikrlashga yo‘l qo‘ymasligi, nafaqat darslik mualliflari, balki o‘rtoqlarining fikr-mulohazalarini takrorlamaslikka, ijodiy izlanishga yetaklashi; o‘quvchilarning individual xususiyatlarini hisobga olib, ularning aqliy imkoniyatlarini ishga sola bilishi; har bir o‘quvchi oldiga o‘ziga xos muammo qo‘ya olishi va uni yechishga yo‘naltirishi; uchraydigan qiyinchiliklarni yengishga odatlantirishi zarur», de-gan fikr bor. Siz buni, bo‘lajak adabiyot o‘qituvchisi sifatida, qan-day tasavvur qilasiz? Muallim zimmasiga qo‘yilayotgan har bir ta­ labni alohida ajratib yozing. So‘ngra ularni tahlilga torting. Amalda qanday bajarish kerakligi haqida birgalashib mulohaza yuriting.




  1. Bo‘limda alohida ta’kidlangan: «O‘quvchining mehnati oson bo‘lishi kerak emas» degan fikrga o‘z munosabatingizni bildiring. Bu haqiqatga qo‘shilasizmi, yo‘qmi? Har ikkala holatda ham fi-kringizni asoslang.

  2. Bo‘limda taqdim etilgan adabiyot darslarida o‘quvchilarni mustaqil mulohaza yuritishga undovchi har bir tavsiya (detal)ni alohida ajratib yozing. Ularni qanday tashkil etish bora-sida o‘qituvchingiz bilan birgalikda fikrlashing.




  1. Bo‘limdagi «Ravshan» dostonidan olingan parchaga diqqat qiling. Undan Zulxumorda mavjud bo‘lgan sifatlarni ajrat-ing. O‘zbek xalqining go‘zallikka qo‘ygan mezonini birma-bir yozing. Sizningcha, ularning qay biri haqiqatga yaqinu qay biri mubolag‘a? Siz, bo‘lajak adabiyot o‘qituvchisi, mazkur matn yuza-sidan o‘quvchilaringizni mustaqil mulohaza yuritishga undaydigan qanday savol va topshiriqlarni tavsiya etgan bo‘lardingiz?




  1. Zamonaviy ta’lim-tarbiya tizimiga xos bo‘lgan:

«O‘quvchidagi ichki imkoniyatlarni uyg‘otib, uni o‘zi o‘qiydigan va o‘zini o‘zi tarbiyalaydigan qilish, bu jarayonda o‘zi tashabbus-kor, ehtiyojmand bo‘lishiga erishish lozimligi hamda butun kuchni shunga yo‘naltirish» tarzidagi vazifalarning mohiyatiga kirishga urinib ko‘ring. Bularni adabiy ta’lim amaliyotida qanday tashkil etish mumkin deb o‘ylaysiz? Fikrlaringizni o‘rtoqlashing.





  1. O‘quvchilarni kitob o‘qishga jalb qilish borasidagi taklif va mulohazalarga diqqat qiling. Ularni yana qanday tavsiyalar bilan boyitgan bo‘lardingiz?




  1. «Mashrab g‘azallarida ilohiy ishq tavsifi» mavzusida tahlil-insho yozing. Har biringizning ishingizni birgalikda muhokama qiling. Xato va kamchiliklari ustida suhbatlashing.





  1. Download 1.11 Mb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   71




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling