Pedagogika kafedrasi


Bolalarning ermak folklor oʻyinlari


Download 1.16 Mb.
bet13/31
Sana28.12.2022
Hajmi1.16 Mb.
#1070218
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   31
8. Bolalarning ermak folklor oʻyinlari.
Bolalar folklori - ogʻzaki ijod namunalari. odatda bolalar yoki ular uchun kattalar tomonidan yaratiladi. Folklor janrining tarkibiy qismi. Oʻzbek Bolalar folklori alla, ertak, ermaklar, tez aytish, topishmoq, bolalar oʻyin qoʻshiqlari, erkalama, masxaralama va boshqalarni oʻz ichiga oladi. Bolalar folklori bolaning tinglashiga, aytib yurishiga, oʻyiniga, qoʻshigʻiga moslangan boʻladi.
Kattalar tomonidan yaratiladigan alla, ovutmachoq va erkalamalar onalar mehr- muhabbati bilan yoʻgʻrilgan boʻlib, ularda goʻdakning istiqboliga oid orzu -umidlar, bola yashayotgan muhit oʻz ifodasini topadi. Bolani belash, oʻtqazish, atak-chechak yurgizish, sakratish, oʻynatish va ovutishlarda “Toy-toy”, “Bordi-bordi” va boshqa ovutmachoqlar aytiladi. Bolalar qoʻshiqlarining koʻplari yil fasllari bilan bogʻliq. “Boychechak”, “Oftob chiqdi olamga”, “Chitti-gul”, “Laylak keldi,yoz boʻldi”,“Qurbaqa”,“Qaldirgʻoch” kabi qoʻshiqlarni bolalar tom boshida, dalalarda, qishloq koʻchalarida aytishadi.
Ular bahor kelishi, yomgʻir yogʻishi, quyoshning olamni isitishi, ilk chechak, birinchi qor kabi fasl va tabiat hodisalari bilan bogʻliq. “Bu bogʻchada olcha”, “Zuv-zuv boragʻon”, “Chamandagul”, “Oq sholi, koʻk sholi” va boshqa qoʻshiqlar turli davrda aytilaveradi. Ularda ovchilik, dehqonchilik, chorvachilik, hunar va san’at bilan bogʻliq mehnat  jarayonlari, kattalar xatti-harakatlariga taqlid aks etadi.
Oʻyinlar ham, qoʻshiqlar ham bolalarning aqliy va jismoniy kamolatga yetishiga yordam beradi, ularda zavq uygʻotadi. Oʻyinlar bolalar folklorining murakkab turi boʻlib, ularda drama va musiqa unsurlari chatishib ketadi. Oʻyinlarni kichik yoshdagi bolalar ”Choriy chambar”, ”Hakkalakam” kabi sanama oʻyinidan, katta bolalar ”Qushim boshi” degan topishmoqdan boshlaydi.
Bolalar bogʻchalari, maktablarda oʻyinlardan keng foydalaniladi. Bolalar folklori yosh avlodni intizomli, jasur, qat’iyatli, qiyinchiliklarni yengishga, oʻrtoqlariga yordam berishga tayyor boʻlish singari yaxshi sifatlarga ega boʻlib oʻsishlariga yordam beradi. Uning ayrim namunalari maktab darsliklari va oʻqish kitoblariga kiritilgan [38].
Oʻzbek xalq madaniyatining real hayot tarzi bilan yoʻgʻrilgan hozirgi oʻzbek bolalar folklor oʻyinlari uzoq zamonlardan beri yashab, shakllanib, har bir davrda oʻziga xos sayqal topib tahrirlarga uchrab, rivojlanib kelayotgan qadimiy, ammo hamisha navqiron san’at turidir. Koʻhna Turon, shu jumladan oʻzbek xalqining ota-bobolari va momolarini tashkil etgan urugʻ va qabilalarining ijtimoiy hayoti, ijtimoiy estetik, etnik dunyo qarashi, milliy xususiyatlari bilan bogʻliq turli etnografik mazmun ma’nolaridagi rang-barang oʻyinlar kishilarning maishiy hayotlari bilan bogʻliq ongli oʻyin harakatlarining ilk ildizlari boʻlib hisoblanadi.
Shu tufayli ular boshlangʻich, sodda elementlaridan murakkab shakllarga oʻsib yetgan uzoq jarayonlar tarixiga ega. Inson dunyoga kelganidan to qabrgacha oʻyinlar bilan mashgʻul boʻladi. Demak, oʻyinlar inson hayotining ajralmas boʻlaklaridandir. Har bir oʻyin shunchaki oddiy xatti -harakatlardan yohud ruhiy holat vaziyatlaridan iborat boʻlmay, ma’lum ritm, ohang, badiiy emotsional soʻz, muayyan syujet va kompazitsion murakkablikdan ham iboratdir. Oʻyinda uni bajaruvchisining kuch-quvvati, aql-idroki, fahm-farosati, topqirligi, zukkoligi, epchilligi ham namoyon boʻladi.
Uzoq va murakkab taraqqiyot bosqichini bosib oʻtgan xalq oʻyini san’atning salmoqli qismini bolalar, shu jumladan kichik va oʻrta yoshdagi bolalar oʻyinlari tashkil etadi. Zero, bolalar ham kattalar kabi mazmun ma’nosi yuksak maroqli, kishiga olam-olam shavqu-zavq beruvchi ayni chogʻda sinovlardan oʻtkazuvchi oʻyinlarsiz yashay olmaydilar, hatto, oʻsib-unib, kamolga erisha olmaydilar.
Darhaqiqat, har qanday bola xilma-xil oʻyinlar bagʻrida inson sifatida shakllanadi, voyaga yetadi. Ayni shu xalq oʻyinlari bolalarning u yoki bu narsa-hodisaga qiziqish e’tiborini shakllantiradi, rivojlantiradi. Jismoniy, axloqiy ma’naviy, estetik, etik tarbiyasini shakllantiradi. Bora-bora mazkur oʻyinlar bagʻrida kamol toptiradi. Shu jihatdan an’anaviy folklor oʻyinlari asrlar davomida xalq pedagogikasining ajralmas qismi sifatida muhim va zarur tarbiya vositalaridan biri boʻlib kelgan. Qanoatli ibora bilan aytganda, oʻyinlar bolalar dunyosining doimiy yoʻldoshi boʻlib, hozirgi kunimizda ham muntazam hamrohlik qilmoqda. Oʻzbek bolalar folklor oʻyinlarining ildizlarini juda qadimdan, ya’ni eramizdan oldingi ming yillardan izlash ma’qul.
Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻatit-turk” kitobi hamda IX asrda yaratilgan didaktik asar ”Irq bitigi” (faol kitobi) va manbalardagi qaydlar, qatlamlarida ham bolalar folklorlari, jumladan bolalar folklor oʻyinlarining izlari bor albatta. An’anaviy xalq bolalar oʻyinlarining faol yashovchanligi, tarbiya bobida asosiy oʻrinlardan birida turishligining boisi nimada? Nima uchun, bolalar hatto, kattalar ham oʻyinlarga oʻch boʻladilar, oʻz hayotlarini oʻyinlarsiz tasavvur qila olmaydilar [21.42].
Buning sababi birinchidan, oʻyinlarning benazir qiziqarli boʻlishi; ikkinchidan, ularning bagʻoyat emotsional-ta’sirchanligi, uchinchidan did-farosatni, tafakkurini, shuningdek, jismoniy kuch-quvatni oshirishga qaratilgan boʻlishligidandir; toʻrtinchidan, yon-atrofdagi voqea- hodisalarni anglash, dunyoni tanish, ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy tarbiyaga alohida ta’sir etishligidandir. Bolalar oʻyinlari, qolaversa umuman oʻyinlarning chuqur milliy, ayni chogʻda, baynalminal xususiyatlarga ega boʻlishliklari, ruhiyatni koʻtarish qalbni zabt etish, oʻta ta’sirchan va hayajonli boʻlishliklarida namoyon boʻladi.
Darhaqiqat, oʻyinlar xususan, folklor oʻyinlari har bir kishiga, jumladan bolaga olam-olam quvonch, shodlik bagʻishlaydi. Harakat va aql-idrokining favqulodda qiziqarli olamiga olib kiradi, uni oʻzligini unutayozib oʻyinga berilishini ta’minlaydi. Tafakkur, did-farosat va aql-idrokni oʻstiradi. Tevarak-atrof, kishilar bilan tanishuvida yordamlashadi. Aqliy va jismoniy kamolot sari yetaklaydi.
Bolalar folklor oʻyinlari ruhi, tabiati, xarakteri, poetikasi, ishtirokchilarning xatti -harakati, shu harakatning mehnat va milliy an’analari bilan turmush kechirish sharoitlari, jugʻrofik yashash oʻrni, iqtisodiy va siyosiy talablaridan shakllanadi. Bolalar oʻyinlari ham, oʻyin san’ati kabi konkretik tarzda mehnat jarayonida yuzaga kelgan.
Demak, oʻyinlarning asosi mehnatdir. Ijodkor esa kattalar va bolalarning oʻzlaridir. Xalqimizning oʻzbekona zukkoligi, topqirligi, ijodkorligi, jangarligi, oqilu-donoligi ana shu san’at turi, ya’ni oʻyinlarida ham namoyon boʻladi. Ayni chogʻda oʻyinlar xalq hayoti, intilishi, kurashi, orzu-umidi, maqsad-niyati, uning falsafasi, dunyoqarashi, etik-estetik did qarashlarining oʻziga xos darajadagi ramziy ifodasi hamdir.
Oʻzbek an’anaviy bolalar folklor oʻyinlarining mavzu-qamrovi, ijro uslublari juda keng. Ijtimoiy hayot kishilar munosabatlarining biron-bir jabhasi yoʻqki, ular oʻyinlar nazariga tushmagan boʻlsin . Boshqacha soʻz bilan aytganda, xalqimiz hayotining biron sohasi boʻlmasinki, oʻyinlarga ”koʻchmagan”, ularda oʻz ifodasini topmagan boʻlsin. Xalqimizning dehqonchilik, chorvachilik, bogʻdorchilik, polizchilik madaniyati, kasb-hunar va ilm-bilim sohasi deysizmi, falsafiy, estetik, axloqiy yohud ta’lim-tarbiya, axloq-odob bobidagi qarashlari deysizmi barchasi an’anaviy oʻyinlarga mavzudir. Xususan oʻzbek bolalar folklor oʻyinlari boshidan–oyoq ma’naviy-ma’rifiy axloqiy tushunchalar bilan yoʻgʻrilgan.

Download 1.16 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   31




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling