Kimning odobi yomonlashsa, nasabi buziladi
Odob – kishining kim ekanligini yaqqol namoyon qiladigan belgidir. Odobsiz kishi insoniylik qiyofasini yo‘qotishi muqarrar. Ming nasl-nasabi ulug‘ bo‘lsa ham, agar uning odob-axloqi yomon bo‘lsa, foyda bermaydi. Chunki, oliy nasabning tagida ham odob-axloq yotadi. Hech qachon nasab boylik bilan o‘lchanmaydi.
Shirin so‘z (qalbni) yumshatadi.
Xalqda “Inson – shirin so‘zning gadosi” degan naql bor. Haqiqatan shirin so‘z inson qalbini yumshatadi, uni g‘azabdan muloyimlikka, qahrdan mehr sari torta boshlaydi. Shirin so‘z bilan qanchadan-qancha urishib qolganlar bir-birlarini kechiradilar. Shu birgina shirin so‘z tufayli yillab amalga oshmay yurgan ishlar bitadi. Shu birgina shirin so‘z tufayli ikki millat bir-biri bilan oshno tutiladi, dushmanlar o‘zaro og‘a-iniga aylanadilar. Demak, shirin so‘zning quvvati kuchli, shirin muomalasi bilan kishi ko‘pgina narsalarga erishar ekan.
Donishmandlardan biri o‘z o‘g‘liga shunday nasihat qildi: “Ey o‘g‘lim, chiroyli so‘zlashni o‘rganganing kabi chiroyli tinglashni ham o‘rgan!”.
Bu yerda donishmand o‘g‘liga odamlar bilan suhbatlashish odobini ta’lim bermoqda. Ana o‘sha odoblarning eng ahamiyatlisi, bu – chiroyli tinglash, boshqalarga quloq solishni o‘rganishdir. Inson suhbat chog‘ida nafaqat gapirish, balki tinglashni ham bilishi kerak. Faqat gapirish, odamlarni o‘z og‘ziga qaratishni xohlash va o‘zgalarni pisand qilmay ularga quloq solmaslik – mutakabbirlik belgisidir. Suhbat chog‘ida kishilar navbat bilan gapirib, boshqalar jim quloq solsalar, bunday majlis manfaatli bo‘ladi. Ushbu nasihat, ayniqsa, ilm tolibilar uchun ahamiyatlidir. Ular o‘z ustozlarini chiroyli tinglashni o‘rgansalar, ilm manfaatli bo‘ladi va darsni yaxshi o‘zlashtiradilar. Albatta, chiroyli tinglay bilish uchun kishidan mutavozelik va sabr-toqat talab etiladi.
Sababsiz kulgi – odobsizlik.
Agar kulgiga biron sabab bo‘lsa, bunday kulgi o‘rinli hisoblanadi. Besabab, har narsaga kulaverish odobsizlikdan boshqa narsa emas. Hayotda har narsa o‘z o‘rnida bo‘lgani ma’qul, shuningdek, kulgi ham. Agar kishi sababsiz kulaveradigan bo‘lsa, avvalo, kishilar o‘rtasida odobsiz, deb sanaladi, shuningdek, uning subuti bo‘lmaydi, obro‘-e’tibori pasayadi. Xullas, o‘rinsiz ko‘p kulish yaxshi emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |