Aksiomatik metod — ilmiy nazariya tuzish usuli. Bunda uning asosiga ayrim dastlabki qoidalar — aksiomalar qo‘yiladi va nazariyaning qolgan barcha g‘oyalari mana shu aksiomalardan sof mantiqiy yo‘l bilan isbotlash orqali keltirib chiqariladi. Aksiomalardan teoremalarni (umuman, bir formuladan boshqa formulalarni) keltirib chiqarish uchun maxsus qoidalar ta’riflanadi. Binobarin, aksiomatik metodda isbotlash—har biri yo aksioma bo‘lgan, yo oldingi formulalardan ma’lum qoidaga binoan keltirib chiqariladigan formulalarning ma’lum ketma - ketligi. Aksiomatik metod — olingan ilmiy bilimni tizimga solish usullaridan biri.
Tarixiylik va mantiqiylik metodlari.
Tarixiylik — bu o‘rganilayotgan predmet yoki hodisaning paydo bo‘lish, rivojlanish va yemirilish jarayonlari birligini, uning tarixiy taraqqiyot jarayonida boshqa voqealar bilan aloqadorligini nazariy bilishga oid usuldir. Tarixiylik deganda, tadqiq etilayotgan predmet yoki hodisaning konkret sharoitda paydo bo‘lishi, yashashi, rivojlanish va yemirilish yoki yo‘q bo‘lishidan iborat jarayonning tafakkurda ifodalanishi tushuniladi.
Mantiqiylik esa, tarixiylikning tadqiqotchi fikridagi umumlashtirilgan, abstraktlashtirilgan, konkretlashtirilgan, qisqargan, tasodiflardan tozalangan abstraktlikning konkretlik shaklida ifodalanishidir.
Mantiqiylikda tarixiylikning eng zarur va eng asosiy tomonlari, xususiyatlari, qonuniyatlari ifodalanadi. Tarixiylik va mantiqiylik o‘zaro chiambarchas bog‘liq. Lekin tarixiylik — birlamchi, mantiqiylik ikkilamchidir. Buning mazmuni shundaki, avval mavjud bo‘lgan tarixiy hodisalar mantiqiy bilish obyekti sifatida namoyon bo‘lishidadir.
Tadqiqotchi biron bir obyekt ustida izlanishlar olib borganida, ilmiy bilishning bu usullarini to‘g‘ri qo‘llashi lozim. Haqiqatan ham, tadqiq etilayotgan predmet yoki hodisaning real tarixini to‘g‘ri o‘rganib chiqmay turib, uning mohiyatini, istiqboldagi holatini to‘g‘ri ifodalab berib bo‘lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |